Samarqand davlat universiteti isoqjon negmatov ijtimoiy ishning etik-professional qadriyatlari



Yüklə 1,06 Mb.
səhifə77/193
tarix20.09.2023
ölçüsü1,06 Mb.
#146084
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   193
Ma’naviy qadriyatlar deganda, inson ma’naviyati va axloqiy qiyofasiga daxldor bo‘lib, jamamiyat a’zolarini tarbiyalashga, ularning ma’naviy barkamol-ligini ta’minlashga xizmat qiladigan qadriyatlar tizimini ifodalovchi tushunchadir. Ma’naviy qadriyatlarga inson tarbiyasi va kamolotida muhim ahamiyatga ega, jamiyat va shaxs ma’naviyatini yuksaltiruvchi, tafakkur rivoji uchun ijobiy ahamiyatli bo‘lgan qadriyat shakllari tushuniladi. Masalan, urf-odatlar, an’analar, Vatanni sevish, o‘z xalqi va millatini hurmat qilish, ota-onasini e’zozlash, tinchlik va totuvlikni saqlash va h.k. Ma’naviy qadriyatlar muayyan sharoitlarda shakllanadi va shu ma’noda milliy muhit ularni yaratish va saralashning asosiy manbayidir. Bu jarayonda etnik qadriyatlarning eng yaxshilari milliy darajaga ko‘tariladi va ular voyaga yetkaziladi hamda jahon miqyosiga olib chiqiladi. Va, aksincha, umum-insoniy qadriyatlar shu millatga mansub har bir kishining boyligiga aylantiriladi. Ma’naviy qadriyatlarni tushunish va ularga munosabat, o‘z millatiga, yurtiga, eliga tegishli qadriyatlarni jamlash, asrab-avaylash jarayonini birlashtiradi, ularda o‘ziga ishonch va hurmatni mustahkamlaydi, o‘z Vatanining istiqboliga katta umid bilan qarashga undaydi. Muayyan millatning o‘z ma’naviy qadriyatlariga munosa-bati qanchalik ehtiyotkor va faol bo‘lsa, shu millatning taraqqiyotida ma’naviy va moddiy omillar uyg‘unligi ta’minlanadi243.
Fanda ma’naviy qadriyatlarning qator funksiyalari bor. Avvalo, ular jamiyat a’zolarini o‘zini o‘zi tarbiyalashga, avlodlardan meros qolgan qadriyatlar va ideallarga munosib bo‘lishga undaydi. Bu jarayonda quyidagi ikki xil holat kuzatiladi:
Birinchi holatda ma’naviy qadriyatlar jamiyat a’zolari tomonidan ongli tarzda yaratiladi, ya’ni odamlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan ma’naviy me’yorlar va mezonlar haqidagi tasavvurlar asosida va ularga mos keladigan qadriyatlarni va ideallarni yaratadilar. Bunday jamiyat a’zolarining ma’naviy faolligini oshiradi, izlash, izla-nish va yaratishga chorlaydi;
Ikkinchi holatda esa, jamiyat a’zolari tomonidan o‘qilgan kitoblar, turli urf-odatlar yoki boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar jarayonida olgan taassurotlari ular-ning ma’naviy qadriyatlarini takomillashtiradi.
Ma’naviy qadriyatlarning shakllanishida har ikki holatning ham ta’siri kuza-tiladi. Ma’naviy qadriyatlar inson faoliyati va ma’naviy-axloqiy kamolotida ikki xil funksiyani bajaradi:
a) u yoki bu darajadagi faol va muttasil ma’naviy-axloqiy intilishlarini shakllantiradi;
b) o‘z ma’naviy-axloqiy xatti-harakatlarini va turli hayotiy vaziyatlarda o‘zla-rini tutishlarini baholash uchun mezon vazifasini o‘taydi.
Ma’naviy qadriyatlar ijtimoiy ong shakllariga mos keladigan madaniy, ma’rifiy, axloqiy, diniy, huquqiy, ilmiy va hokazo turlarga bo‘linadi. Ular insonning aqli, kamoloti, dunyoni bilishning maqsadi, bilimlarimizning haqiqatga mos kelish darajasini aniqlash mezoni yoki biror ideal tarzida ham namoyon bo‘ladi. Ma’naviy qadriyatlarning inson tarbiyasi va jamiyatdagi o‘rniga doir asosiy funksiyasi ham ana shular bilan bog‘liq. Ma’naviy qadriyatlarning yana bir muhim jihati shuki, ularning ba’zilari insoniyat tarixi davomida asta-sekin shakllanadi va takomillashib boradi. Ularning miqdori va sifatining ortishi jamiyat a’zolarining tafakkur darajasi hamda insoniyat taraqqiyoti qanchalik ilgarilaganligini belgilovchi ko‘rsatkich hamdir. Qachonlardir, o‘tmishda ba’zi qadriyatlar ‒ gazeta, radio, TV to‘g‘risida umuman tasavvur bo‘lgan emas. Bunday yangi ma’naviy qadriyatlarlar asrlar o‘tgan sari shakllanib, qadriyatlar qatorini boyitib borgan. Ayni vaqtda, ma’naviy qadriyatlar etnik, milliy, mintaqaviy va umuminsoniy bo‘lishi tabiiydir. Chunki “qadriyat” tushunchasi muayyan vaziyat va sharoitda shakllanadi, jamiyat taraqqiy etgani sari jahonning barcha xalqlariga tegishli, ya’ni umuminsoniy ma’naviy qadriyatlar ko‘payib va takomillashib boraveradi.
Ma’naviy qadriyatlari uzoq tarixiy jarayonda shakllanib, rivojlanib kelgan. Ularni o‘tmishi uch ming yildan ortiq davrni o‘zida mujassamlashtirgan xalqimiz sivilizatsiyasini yaratgan. Bizning ma’naviy qadriyatlarimiz ana shu sivilizatsiyaga uzviy bog‘liq bo‘lib, ular millatimiz shakllangan makon va ona yurtga ehtirom, avlodlar xotirasiga sadoqat, kattalarga hurmat, muomalada mulozamat, hayo, andisha kabi ko‘plab tushunchalarda ifodalanadi. Ma’naviy qadriyatlarimizda jahonning boshqa xalqlariga o‘xshamaydigan urf-odatlar, rasm-rusumlar, marosimlar va an’analar ko‘plab uchraydi.
Insoniyat paydo bo‘lgandan boshlab, bu davr ichida o‘zining turli-tuman va xilma-xil moddiy va ma’naviy ne’matlarini yaratdi. Bu moddiy va ma’naviy ne’matlar umuminsoniy, milliy va shaxsiy qadriyatlar shaklida qaror topdi. Ular xalqlar, millatlar, mamlakatlar ma’naviy taraqqiyotida muhim o‘rin tutib kelmoqda.
Ma’lumki, qadriyatlar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Ular uzoq tarixiy jarayonda shakllanadi, ijtimoiy taraqqiyot qonuniyatlari asosida rivojlanadi, xalq va millatning moddiy-ma’naviy shahodatnomasi sifatida sayqal topadi. “Inson ana shu qadriyatlarni yaratish, idrok etish jarayonida o‘zi ham kamolga yetadi. Ana shunday shakllangan qadriyatlar tizimi o‘zining dunyoviy va diniy xarakteri, moddiy va ma’naviy asoslari, mohiyati bilan jamiyat va inson taraqqiyotiga xizmat qiladi hamda insonni komillikka yetkazuvchi omil vazi-fasini bajaradi. Demak, inson bir tomondan, barcha yaratilgan hamda yaratila-yotgan moddiy va ma’naviy qadriyatlarning ijodkori, bunyodkori sifatida namoyon bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ajdodlar bilan avlodlar vorisiyligini ta’minlovchi ijtimoiy-ma’naviy omilga aylanadi. Bu muntazam davom etadigan dialektik jarayondir”244, ya’ni hayotning mazmunini belgilovchi indikatordir.
Ma’naviy jarayonlarning pirovard maqsadi komil insonni shakllan-tirishdan iborat. Komil insonni shakllantirish hamma davrlar uchun xos bo‘lgan ijtimoiy muammo sanaladi. Bu borada falsafiy tafakkur tarixida rang-barang qarashlar, g‘oyalar, nazariyalar va ta’limotlar mavjud. Jumladan, ma’naviy taraqqiyot bosqichlarining antik davrida Geraklit, Pifagor, Empedokl, Suqrot, Demokrit, Aflotun, Arastu, Epikur kabi faylasuflar insonni barkamol qilib tarbiyalashga doir ko‘plab fikrlarni bayon qilganlar. Bu borada Arastuning qarashlarini alohida qayd etish mumkin.
Arastuning tasnifiga ko‘ra, hayot mazmuniga inson uchun zarur bo‘lgan axloqiy fazilatlarga-jasurlik, dovyuraklik, mo‘tadillik, saxiylik, muloyimlik, to‘g‘rilik, dilkashlik, mehribonlik, adolatparvarlik, salobatlilik, himmatlilik kabilar kiradi. Jumladan, “Olijanoblik ‒ kibr va xorlikning, saxiylik-isrofgarchilik va xasislikning, kamtarlik-uyatchanlik va uyatsizlikning, xayrixohlik-xushomadgo‘ylik va adolatning, haqgo‘ylik-ayyorlik va maqtanchoqlikning, nafrat-hasadgo‘ylik va ichi qoralikning, ehtiyotkorlik-buzuqlik va toshbag‘irlikning o‘rtasidir,”‒ deydi245.
Mashhur alloma Majididdin Xavofiy, yashash uchun ovqatlanurlar, ovqatlanish uchun yashamaslar, degan hikmatni ko‘p takrorlar ekan. Xo‘sh, aslida inson nima uchun yashaydi? Yashashdan maqsad nima? Inson hayotining ma’nosi nimada?
Har bir inson o‘z umri mobaynida ana shu savollarga javob topishga urinadi va hayotining ma’nosini o‘ziga xos tarzda tushunadi. Shu bois u ijtimoiy ish etikasining ancha murakkab tushunchalaridan hisoblanadi.
Avvalo, shuni aytish joizki, hayotning mazmunini yashashdan maqsad degan tushuncha bilan qorishtirib yuborish hollari ko‘p uchraydi. Vaholanki, ularni aynanlashtirish mumkin emas, chunki hayotning maazmuni maqsadga nisbatan juda qamrovli tushuncha, o‘z ichiga o‘nlab, balki yuzlab maqsadlarni oladi, aniqrog‘i, u muayyan maqsadlar tizimidan tashkil topadi. Shu bois kimningdir biror-bir ezgu maqsadi amalga oshmay qolsa, uning hayotini “mazmun va ma’nosiz” deb bo‘lmaydi.
Ba’zan hayot “mazmun va ma’nosiz” kechishi ham mumkin. Bunda kishidagi maqsadlar o‘tkinchi, mayda, yuksak orzu-intilishlardan yiroq, hayvoniy, tuban, hatto yovuz bo‘lishi mumkin. Mazkur kishi – “hayot egasi”ning bunday tabiati jamiyat erishgan axloqiy daraja bilan baholanadi. Zero, kimdir o‘z hayoti ma’nosini qanday yo‘l bilan bo‘lmasin boy-badavlat, to‘kin-sochin yashashda deb tushunadi: harom-xarishning farqiga borib o‘tirmaydi, birovning haqidan qo‘rqmaydi yoki qanday vositalar bilan bo‘lmasin, martabaga erishishni o‘z oldiga hayotiy maqsad qilib qo‘yadi, faqat «yulsam» deydi. Boshqa birov esa qonunni buzmaydi, lekin o‘zgalarga qayishishni xayoliga ham keltirmaydi, hech kim bilan ishi bo‘lmaydi, faqat “o‘z qobig‘ida” yashashni afzal ko‘radi.
Yana bir toifa odamlar borki, ular hayotining mazmun va ma’nosini eng yuksak qadriyatlar bilan bog‘laydilar va jamiyatda yuksak axloq egasi, go‘zallik oshuftasi, e’tiqodi but kimsalar sifatida e’tibor qozonadilar. Ular oliy ideallarga intilib, fidoyilarcha umr kechiradilar. Hayotining mazmun ma’nosini o‘zidan keyin qoldiradigan “ikkinchi umr”da ko‘radilar. Har bir jamiyatning taraqqiy topishi yoki tanazzuli hayotning ma’nosini ana shu tarzda tushunuvchilarning ko‘pligi yoki kamligi natijasida ro‘y beradi, bir so‘z bilan aytganda, bunday tom ma’noda “elim deb, yurtim deb yonib yashaydigan” odamlar yuksak axloqli, demokratik, erkin jamiyatning ustunlaridir.
Bu borada Arastu insonning vazifasi amaliy va axloqiy fazilatga ega bo‘lishdan iboratligini ta’kidlaydi. Shuning uchun u chinakam baxtni anglash ma’naviy yuksak bo‘lgan hamda to‘g‘ri fikrlovchi kishiga taalluqli ekanligini asoslashga harakat qiladi. Boshqa mutafakkirlardan farqli o‘laroq, Arastuning axloqiy va estetik qarashlarida “ma’naviy barkamol inson” iborasini uchratish mumkin. “Ma’naviy barkamol inson” uning fikricha, aql bilan axloqiy fazilat birligiga amal qiladigan kishidir. Bunda axloqiy fazilat insonning qo‘lga kiritgan ma’naviy mulki bo‘lib, uni hayot va jamiyat bilan bog‘lovchi qadriyatdir. Aql esa insonni ijtimoiy hodisa sifatida insoniyligini belgilamaydi, balki axloqiy fazilat insonni belgilaydi,‒ degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.
Sartrning fikriga ko‘ra esa inson, eng avvalo, subyektiv kechinmalar orqali yaralgan loyihadir. Bu loyihagacha hech narsa mavjud emas, aql bovar qiladigan samovotda hech narsa yo‘q; borlig‘ining loyihasi qanaqa bo‘lsa, inson ham shunaqa. Agar mavjud bo‘lish haqiqatan ham mohiyatdan avval tursa, unda inson o‘zining borligi uchun mas’uldir. Shunday qilib, ekzistensiyachilik, birinchi navbatda, har qanday insonning hukmiga uning borligini havola qiladi va mavjudligi uchun to‘liq mas’uliyatni uning o‘ziga yuklaydi.
Bu borada fikr yuritib, Sartr shunday deb yozadi: “Biroq biz insonni mas’uldir, deganimizda, bu ‒ faqat uning o‘z shaxsiyatigagina javobgar, degani emas. U barcha odamlar uchun mas’uldir. Biz, inson o‘zini-o‘zi tanlaydi, degani-mizda, har birimizning o‘zini-o‘zi tanlashini nazarda tutamiz, biroq, shu bilan birga, biz o‘zimizni tanlar ekanmiz, barcha odamlarni tanlaymiz, degan gapni ham aytishni xohlaymiz”.246 Zero, o‘zimizni tanlashimiz, qanday holda bo‘lmasin, biz hech qachon yovuzlikni tanlamaymiz, ayni paytda, bu tanlov tanlovimizning qadriyatini barqaror etishni taqozo qiladi. Bizning tanlovimiz esa ezgulik bo‘lishi shubhasizdir. Lekin, shuni aytish kerakki, hamma uchun ezgulik hisoblanmagan narsaning biz uchun ezgulik bo‘lishi mumkin emas. Bizning mas’uliyatimiz butun insoniyatga taalluqli, taxmin qilganimizdan ancha katta. Biz o‘zimiz uchun ham, hamma uchun ham javobgarmiz va o‘zimiz tanlagan muayyan inson qiyofasini yaratamiz; o‘zimizni tanlash bilan biz umuman insonni tanlaymiz.

Yüklə 1,06 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   73   74   75   76   77   78   79   80   ...   193




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin