Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika ka
Bahouddin Naqshband Muhammad ibn Muhammad Fazl Buxoriy – Bahouddin Naqshband hijriy 718 (milodiy 1318) yilda Buxoro shahriga yaqin Ko‘shki Hinduvon (qasri Orifon) qishlog‘ida tug‘iladi. Naqshband uning laqabi bo‘lib, ota kasbi - kimxobboflik bilan shug‘ullanganligi uchun berilgan bo‘lsa kerak.
Muhammadning bobosi so‘fiylar bilan yaqindan munosabatda bo‘lganligi uchun ham, unda tasavvuf ilmiga qiziqish bolalikdan paydo bo‘ladi va shu yo‘lda tarbiyat topadi.
Muhammad ibn Muhammad tariqat sulukiga oid ilk saboqlarni SHayx Hoja Muhammad Boboyi Samosiy va Sayyid Amir Kuloldan oladi. Ammo Hazrat Hoja Bahouddin Hoja Abdulholiq G‘ijduvoniyni o‘ziga ustoz bilib, uning yo‘lini qabul qiladi.
Bahouddin Naqshband haqidagi “Maqolot”larda uning Sayyid Kulol bilan bir qatorda, Orif Dekkironiy, Kusam SHayx va Xalil otalardan ham tasavvuf ta’limoti bo‘yicha saboq olganligi qayd qilingan.
Muhammad ibn Muhammad Fazl Buxoriy ikki marta haj qiladi. Haj safaridan Buxoroga qaytgach, butun umrini shu erda o‘tkazadi. Amir Kulolning vasiyatiga ko‘ra uning xalifasi bo‘lib qoladi. Bahouddin Naqshband hijriy 791 (milodiy 1389) yilda vafot etib, qasri Orifon qishlog‘ida dafn etiladi.
Uning muridlaridan eng mashhurlari Hoja Alouddin Attor va Hoja Muhammad Porsodir.
Bahouddin Naqshband va’z va pand-nasihatlarni o‘z ichiga olgan “Hayotnoma” nomli she’riy to‘plam va tasavvufga oid “Dalil al-oshiqin” nomli kitob yozgan. Biroq mazkur asarlar bugungi kunga qadar topilgan emas.
Bahouddin Naqshband Naqshbandiya tariqatining asoschisidir.
Bahouddin Naqshband ta’limoti uning hayotlik chog‘idayoq Movarounnahrda faqat shahar hunarmandlari orasidagina emas, balki ko‘chmanchi turkiy qabilalar orasida ham keng tarqalgan.
Naqshbandiya tariqati Islom dinidagi sunniylik yo‘nalishi g‘oyalariga asoslangan bo‘lib, uning ma’naviy silsilasi bir tomondan, Abu Bakr Siddiq (632-634 yillar) hamda ikkinchi tomondan, Ali ibn Abu Tolibga borib taqaladigan 12 tariqatning biri sanaladi. Bu silsila “Silsilat az-zahab” (“Oltin silsila”) deb nomlanadi. Tariqat ma’naviy jihatdan Abu Bakr, jismoniy jihatdan esa Ali ibn Abu Tolib orqali payg‘ambar Muhammad Alayhis-salom faoliyati negizida shakllangan.
Xulosa qilib aytganda, Naqshbandiya tariqati ikki muhim tariqat: Abdulxoliq G‘ijduvoniy hamda Ahmad YAssaviylarning yo‘lini birlashtirdi va hayotga moslashtirdi.
Naqshbandiya suluki (Xudoga yaqinlashish yo‘li) o‘n bitta axloqiy qoidani ishlab chiqdi va amaliyotga tadbiq etdi.
So‘fiyning poklanish va xudoga etishish darajasi ma’naviy murabbiy-shayx, murshid yoki pir tomonidan amalga oshiriladi.
Va nihoyat, murshid bilan murid o‘rtasidagi ma’naviy-ruhiy aloqaning paydo bo‘lishi muridning kamolotga etishganligini ko‘rsatadi va murshid muridga o‘z hirqasini echib beradi. Bu yo‘l muroqaba, mushohada, musohaba kabi uch bosqichdan iborat bo‘ladi. Naqshbandiya sulukiga kirgan inson o‘zini ham ruhan, ham jismonan chiniqtirishi, ma’naviy poklashi va qalbga sayqal berishi lozim.
Demak, Naqshbandiya tariqatining asosini insonning ham ruhan, ham jismonan poklanishi tashkil etib, bu jarayon hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bugungi kunda yosh avlodni etuk inson etib tarbiyalashda Naqshbandiya tariqatining axloqiy tizimi, yo‘l va usullari qo‘l keladi. Zero, aqliy, axloqiy, jismoniy kamol topgan shaxsni shakllantirishda mazkur tariqat g‘oyalari muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Haqiqiy so‘fiylik tarkidunyochilik g‘oyasini ilgari surmaydi, u insonni ma’naviy poklanishga yo‘llaydi. Lekin ba’zi johil va nodon kishilar (hatto din peshvolari ham) insonning ruhan xudo bilan birlashishi, “Anal haq”lik, ya’ni “Men xudoman” degan ifodaning mohiyatini tushunmasdan, ularni ta’qib etdilar. Aslini olganda, so‘fiylik - bu muruvvat, saxovat, mehnat, qanoat va diyonatdir. Ular inson xulqida mavjud bo‘lgan illatlarga qarshi kurashuvchilardir. So‘fiylar hayotni qabohat va razolatdan tozalash yo‘lida har bir insonning ma’naviy jihatdan pok bo‘lishini ta’minlash uchun kurashganlar.
Xulosa qilib aytganda, Islom er yuzida keng tarqalgan dinlardan bo‘lib, u musulmon madaniyatining tarkib topishida muhim rol o‘ynadi. Islom ta’limotining muqaddas kitobi - “Qur’on”da ilgari surilgan xulq-odob, turmush tarziga oid qarashlar musulmonlar axloqiy tarbiyasining shakllanishiga asos bo‘lib xizmat qildi. Barcha musulmon mamlakatlarida “Qur’on”ning sharhlovchilari tomonidan shariat qonun-qoidalari, axloqiy talablarini targ‘ib etilishi keyinchalik musulmon adabiyotida axloqiy-didaktik mazmundagi asarlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi.
Islom barcha musulmon mamlakatlarida bo‘lgani kabi Xuroson va Movarounnahrda ham asosiy din hisoblanadi. SHuning uchun xalq hayotida Islom ta’limotida ifodalangan xulq-odob qoidalari mohiyatini chuqur o‘rganish asosida yosh avlodda ma’naviy-axloqiy xislatlarni tarbiyalash maqsadga muvofiqdir.