Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika kafedrasi


Ta’lim mazmunini belgilovchi me’yoriy hujjatlar



Yüklə 4,36 Mb.
səhifə51/204
tarix27.12.2023
ölçüsü4,36 Mb.
#199562
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   204
Samarqand davlat universiteti pedagogika fakulteti pedagogika ka

Ta’lim mazmunini belgilovchi me’yoriy hujjatlar. Ilmiy pedagogik adabiyotlarda ta’lim mazmunini shakllantirishning quyidagi uch bosqichi ko’rsatiladi:

  1. umumiy nazariy bosqich;

  2. o’quv bosqichi;

  3. o’quv materialini o’zlashtirish bosqichi, ya’ni, ta’lim mazmunining o’quv rejasi, o’quv dasturi va darsliklar kabi me’yoriy hujjatlarda o’z ifodasini topishi.

Umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi mazmuni davlat ta’lim standarti, o’quv rejalari mazmunida namoyon bo’ladi.
Davlat ta’lim standarti. Ta’lim mazmunining rivojlanishida ko’zga tashlanayotgan zamonaviy tendensiyalaridan biri uni standartlashtirish (davlat miqyosida yagona qoidalar va talablar o’rnatilishi) hisoblanadi. Standartlashtirishda quyidagi ikki omil muhim ahamiyatga ega:

  1. turli ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlarning umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar bilimlar hajmining bir xillik darajasini ta’minlovchi mamlakatda yagona pedagogik muhitni yaratish zarurligi;

  2. O’zbekistonning jahon hamjamiyati tizimiga kirishi natijasida xalqaro ta’lim amaliyotida umumiy o’rta va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi mazmunini rivojlanishi tendensiyalarining hisobga olinishi.

Davlat ta’lim standarti:

  1. ta’lim olish shaklidan qat’iy nazar bitiruvchilar erishishlari kerak bo’lgan ta’lim darajasini belgilovchi asosiy hujjat;

  2. o’quv fani bo’yicha yakuniy ta’limning yakuniy natijalarini belgilovchi asosiy hujjat;

  3. ta’lim dasturlari mazmunining minimumi, o’quvchilar tomonidan bajariladigan o’quv ishlarining maksimal hajmi, shuningdek, bitiruvchilarning tayyorgarlik darajalariga qo’yiluvchi talablarni belgilaydi.

O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni bilan bir qatorda ta’lim standarti asosiy me’yoriy hujjat hisoblanadi. «Standart» ingliz tilidan tarjima qilinganda «me’yor», «namuna», «andoza», «model» ma’nolarini anglatadi. Standart yordamida respublika miqyosidagi turli ta’lim muassasalarida ta’limning barqarorlik darajasini ta’minlashga erishiladi, o’quv ishlari normativlari moslashtiriladi, o’quvchilarning bilimlarini baholash mezonlari ishlab chiqiladi. O’quvchi davlat tomonidan belgilangan ta’lim standarti bilan cheklanishlari mumkin, yoki bilimlarni yanada chuqurroq egallab olish maqsadida mustaqil shug’ullanish imkoniyatiga ega. Uning uchun qiyin bo’lgan yoki qiziqarli bo’lmagan fanni o’rganishda o’quvchiga standartga kiritilgan normativ minimum bilan cheklanish imkoniyati beriladi.
Ushbu holatda o’quvchi o’ziga mos keladigan ta’lim yo’lini anglagan holda va mustaqil tanlab, o’z qiziqishlari, istagi, qobiliyatlari va intilishlarini amalga oshirishga imkoniyatga ega bo’ladi. Shakli va mazmuni bo’yicha tushunarli ifoda etilgan standart talablari oldindan o’quvchilarga va ularning ota-onalariga yetkaziladi.
Davlat ta’lim standartlarini yaratish bo’yicha ishlar O’zbekiston Respublikasining “Ta’lim to’g’risida”gi Qonunini (1992 yil) qabul qilingandan keyin boshlandi. Mazkur hujjatning 6-bandida jahon ta’limi amaliyoti me’yorlariga mos keluvchi davlat ta’lim standartlarini yaratish zarurligi ta’kidlab o’tiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisning IX sessiyasida (1997 yil) O’zbekiston Respublikasining yangi tahriridagi “Ta’lim to’g’risida”gi Qonuni qabul qilingandan so’ng ta’lim dasturlari yangi avlodi yaratildi. Jahon amaliyoti tajribasi asosida yaratilgan ta’lim standartlari har bir fan bo’yicha o’zlashtirilishi zarur bo’lgan bilimlarning minimal darajasini belgilashga imkon berdi.
Davlat ta’lim standartlari tarkibiy tuzilishiga ko’ra quyidagilardan iboratdir:
1.Ta’limning yangi yoki aniqlashtirilgan maqsadlari, fanning o’rganish obyektlari va asosiy mazmunli yo’nalishlari ko’zda tutiladigan o’quv fanining umumiy ta’rifi.
2.O’quv fanining mazmuni, tayanch (invariant) darajasini tasvirlash.
3.Ta’limning majburiy natijalarini ifodalash, ya’ni o’quvchilarning o’quv tayyorgarliklari zarur bo’lgan minimal darajasiga talablar.
4. Bilim, ko’nikma va malakalarga qo’yiluvchi talablar, bu ularning majburiy tayyorgarliklari darajasining “o’lchamidir”, ya’ni, tekshirish ishlari, testlar va alohida topshiriqlarni bajarishlariga qarab o’quvchilar tomonidan talablarning majburiy darajasiga erishilganligi haqida fikr yuritish mumkin bo’ladi.
O’quv rejalari quyidagilardan iborat: tayanch, namunaviy va maktab o’quv rejasi.
Umumiy o’rta hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (akademik lisey va kasb-hunar kollejlari) uchun tayanch o’quv rejasi davlat ta’lim standartining tashkiliy qismi hisoblangan asosiy me’yoriy hujjat bo’lib, u namunaviy va amaliy o’quv rejalarini ishlab chiqish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Tayanch o’quv rejasi davlat ta’lim standarti tarkibiy qismi sifatida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Maktab, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarining namunaviy o’quv rejalari tayanch o’quv rejasi asosida tuziladi va O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirliklari tomonidan tasdiqlanadi. Bu reja uzoq muddatga mo’ljallab tuziladi va uning asosida mavjud sharoitlarni hisobga olib ishchi o’quv rejalari ishlab chiqiladi.
O’quv rejasime’yoriy hujjat hisoblanib quyidagilarni belgilaydi:

  • o’quv yili, chorak (semestr)lar va ta’tillarning davomiyligi;

  • ushbu ta’lim muassasasida o’rganiladigan o’quv fanlari tartibi;

  • o’qish yillari bo’yicha fanlarni taqsimlash;

  • har bir fan bo’yicha yaxlit ta’lim davri va har bir sinf (kurs)da fanlarni o’rganishga ajratilgan soatlar hajmi;

  • har bir fanni o’rganishga ajratilgan haftalik soatlar hajmi;

  • praktikumlar, ishlab chiqarish va pedagogik amaliyotlar hamda shu kabilarning davomiyligi.

O’quv rejasida, yana shuningdek, aniq bir o’quv muassasi xususiyatlarini aks ettiruvchi, o’quvchilarning erkin tanlovi bo’yicha fakultativ va majburiy mashg’ulotlar aks ettiriladi.
O’quv dasturi – muayyan o’quv fani bo’yicha bilim, ko’nikma va malakalar mazmuni, umumiy vaqtni muhim bilimlarni o’rganilishi bo’yicha taqsimlash, mavzularning ketma-ketligini belgilash hamda ularning o’rganilish darajasini yorituvchi me’yoriy hujjat.
Dasturda o’quv materialining ta’limning har bir yili va har bir sinf, kurs bo’yicha taqsimlanishi tuzilishi asoslab berilgan. Dasturda ko’rsatilgan bilim, malaka va ko’nikmalarni o’quvchilar tomonidan to’la o’zlashtirilishi o’qitish jarayoni muvaffaqiyatliligi va samaraliligi mezonlaridan biri hisoblanadi.
O’quv dasturlari namunaviy, ishchi va mualliflik bo’lishi mumkin.
Namunaviy o’quv dasturi u yoki bu ta’lim sohasiga nisbatan davlat ta’lim standartlari talablari asosida ishlab chiqiladi. O’quv dasturlari quyidagilardan iborat bo’ladi:

  • ushbu fanni o’rganish maqsadlari, o’quvchilarning bilim va malakalariga asosiy talablar, o’qitish tavsiya etiladigan shakl va metodlari haqidagi tushuntirish xati;

  • o’rganilayotgan materialning tematik mazmuni;

  • kursning alohida savollarini o’rganishga o’qituvchi sarflaydigan taxminiy soatlari hajmi;

  • dunyoqarashni shakllantiruvchi asosiy savollari ro’yxati;

  • fanlararo va kurslararo bog’liqlikni amalga oshirish bo’yicha ko’rsatmalar;

  • o’quv uskunalari va ko’rgazmali qo’llanmalar ro’yxati;

  • tavsiya etiladigan adabiyotlar.

Namunaviy o’quv dasturlari Xalq ta’limi hamda Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirliklari tomonidan tasdiqlanadi, tavsiyanoma xususiyatiga ega bo’ladi. Namunaviy dastur asosida maktab, akademik lisey pedagogik kengashi tomnidan ishchi o’quv dasturlari ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Namunaviy dasturdan farqli ravishda ishchi dasturda regional komponenti ta’riflanadi, o’quv jarayonini metodik, informasion, texnik ta’minlash imkoniyati, o’quvchilarning tayyorgarligi darajasi hisobga olinadi.
Mualliflik o’quv dasturlari davlat standarti talablarini hisobga olgan holda o’quv fanini qurilishi boshqacha mantiqidan iborat bo’lishi, u yoki bu nazariyalarni o’rganishga mualliflik yondashuvi, o’rganilayotgan hodisa va jarayonlarga nisbatan mualliflik nuqtai nazarini aks ettirishi lozim. Bunday dasturlar ushbu fan sohasida pedagog, psixolog, metodistlarning tashqi resenziyalariga ega bo’lishi kerak va ular mavjud bo’lganida maktab, akademik lisey hamda kasb-hunar kollejlarining Pedagogik Kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Mualliflik o’quv dasturlari o’quvchilarning erkin tanlovi bo’yicha (majburiy va fakultativ) kurslar tashkil etishda keng foydalaniladi.
O’quv fani ta’lim muassasalarida o’quvchilarning yosh, idrok etish imkoniyatlariga muvofiq ularga muayyan fan sohasi bo’yicha umumiy yoki mutaxassislik bilimlarini berish, ko’nikma va malakalarni shakllantirishni ta’minlovchi manbadir.
O’quv fanining mazmuni har bir pedagog tomonidan ixtiyoriy belgilanmaydi, balki ijtimoiy hodisa sifatida ta’limning tarixiy rivojlanishi davomida ishlab chiqiladi. O’rta maktab, akademik lisey va kasb-hunar kolleji o’quv fanlarini ilmiy bilimning umumiy tuzilishiga mos ravishda shakllantirish kerak deb hisoblovchi nuqtai nazar eng keng tarqalgan va tan olingan hisoblanadi.
Ta’lim mazmuni va o’quv dasturlari o’quv adabiyotlarida loyihalashtiriladi. Bunday adabiyotlar sirasiga darsliklar va o’quv qo’llanmalari kiradi.
O’quv adabiyotlari orasida darslik alohida o’rin tutadi. Darslik muayyan o’quv fani bo’yicha ta’lim maqsadi, o’quv dasturi va didaktik talablarga muvofiq belgilangan ilmiy bilimlari to’g’risidagi ma’lumotlarni beruvchi manba bo’lib, u mazmuni va tuzilishiga ko’ra fan bo’yicha yaratilgan o’quv dasturiga mos keladi. Namunaviy o’quv dasturlari asosida yaratilgan darsliklar maqsadga muvofiq holda Respublika Xalq ta’limi, Oliy va o’rta maxsus ta’lim Vazirliklari tomonidan barcha maktablar, akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari uchun tavsiya etiladi. G’oyaviy va metodik jihatdan mukammal bo’lgan darslik ta’lim mazmuniga qo’yiladigan barcha talablarga javob bera olishi, o’quvchilar uchun qiziqarli, iloji boricha qisqa, tushunarli, ko’rgazmalilik nuqati nazaridan estetik xususiyatga ega bo’lishi kerak.
Darslik bir vaqtning o’zida ham barqaror, ham qulay tarkibiy tuzilmaga ega bo’lishi kerak. Darslik barqarorligiga ko’ra mustahkam asosga ega, mobilligiga ko’ra ega asosiy tuzilmaga dahl etmagan holda yangi bilimlarni tezlikda kiritish imkoniyatini namoyon etadi. Ularga qo’yiladigan talablar turli-tuman va qarama-qarshi bo’lib, mukammal darsliklarning yetishmovchiligi doimo his etiladi. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda muqobil, parallel darsliklar nashr etiladi, shu sababli o’qituvchilar va o’quvchilar ular orasidan eng yaxshilarini tanlab olish imkoniyatiga egalar.
Darslik o’quvchilarning ta’lim jarayonida ongli ravishda va faol ishtirok etishlari, o’quv materialini to’la o’zlashtirishlarini ta’minlashi kerak. Ana shu masalalarni hal etish yo’lida darsliklar quyidagi vazifalarni bajaradi:

  1. motivasion vazifa - bu vazifa o’quvchilarni ushbu fanni o’rganishga yo’naltiradigan, ularda ishga pozitiv munosabati va qiziqishini shakllantiruvchi rag’bat (sabab)larni hosil qilishdan iborat;

  2. axborot vazifasi o’quvchilarga axborotlarni yetkazish, samarali usullar yordamida ularning bilimlari hajmini kengaytirishga imkon beradi;

  3. nazorat-tuzatish (mashq qilish) vazifasi – ta’lim jarayoni, uning natijalarini tekshirish, o’quvchilarda o’zini baholash va tuzatish layoqati hamda zarur bo’lgan ko’nikma, malakalarni shakllantirish uchun o’rganish mashqlarini tavsiya etishni nazarda tutadi.

  4. muvofiqlashtirish vazifasi material ustida ishlash jarayonida ta’limning boshqa vositalari (xaritalar, ko’rgazmali materiallar, diapozitiv va boshqalar)ni jalb etishni ifodalaydi;

  5. rivojlantiruvchi –tarbiyalovchi vazifasi darslik mazmunining o’quvchilarga ma’naviy-axloqiy ta’sir ko’rsatishi, kitoblar bilan ishlash jarayonida ulardan mehnatsevarlik, faol fikrlash, ijodiy qobiliyat kabi sifatlarni shakllantirishdan iborat;

  6. o’qitish vazifasi darslik bilan ishlashda mustaqil bilim olish uchun zarur bo’lgan konpekt yozish, umumlashtirish, asosiysini ajratib ko’rsatish, mantiqiy eslab qolish kabi malaka va ko’nikmalarni rivojlantirishga yordam berishida ko’zga tashlanadi.

Ta’lim mazmuni o’quv materiali darajasida darsliklar bilan bir qatorda turli xil o’quv qo’llanmalari: adabiyot va tarix xrestomatiyalari, spravochniklar, matematika, fizika, ximiya bo’yicha masalalar to’plamlari, georafiya, biologiya bo’yicha atlaslar, til bo’yicha mashqlar to’plamlari va boshqalarda ochib beriladi. O’quv qo’llanmalari darslikning ba’zi tomonlarini kengaytiradi va aniq masalalarni hal etish maqsadiga ega bo’ladi (axborot, mashq qilish, tekshirish).


6-Mavzu:TA’LIM METODI VA VOSITALARI
Reja:
1.O’qitish metodlari haqida tushuncha
2.O’qitish metodlariga qo’yiladigan pedagogik talablar
3.Ta’lim jarayonining shakllari, dars tiplari va tuzilishi

Keng ma’noda metod yunoncha "Metodost" so’zidan olingan bo’lib, "yo’l", "usul", ”ish uslubi” degan ma’noni anglatadi. Qo’llaniladigan (o’qitish) "metod" - termini kishilarning o’z oldiga qo’ygan maqsadlariga erishish, ma’lum ob’yektni o’zlashtirish borasidagi nazariy va amaliy faoliyatlari usullarini anglatadi. O’qitish metodi deganda ta’lim jarayonida o’qituvchi va o’quvchilarning kutilgan maqsadga erishishga qaratilgan birgalikdagi usullari tushuniladi.


Ba`zi didaktik metodistlar ta`lim metodlarini o`quvchilarni bilmaslikdan bilishga borish yo`li, ayrim olimlar esa, ularni o`qituvchi va o`quvchi faoliyatini o`zaro bog’lovchi metodlar, deb qarashadi. Ta`lim metodlarini o`quv ishlari majmui, shuningdek, ta`lim mazmuni shaklida qarash g’oyasi ham bor. Bu qarashlarning qay biri asosida ta`lim metodlarining mohiyati, o`quv-tarbiya jarayonidagi funksiyalarini batafsilroq tasavvur etish mumkin? Didaktikada hali ham eng munozarali muammolardan biri ta`lim metodlari tasnifi masalasidir.
Ularni ta`lim manbalari, didaktik vazifalar, mantiqiy fikrlash shakllariga qarab tasnif etish moyilligi mavjud. Ta`lim metodlarini tasnif etishda shu yo`nalishlardan qay biri ma`qul? Yoki ta’lim metodlarini tasnif etishning boshqa mezonlari ham mavjudmi? Adabiyotlarda «o`qitish metodlari», «o`qish metodlari» kabi terminlar qo`llanadi. Shunday bo`lgach, «ta`lim metodlari» iborasini ishlatishga ehtiyoj bormi? Metod termini yunonchadan tarjima qilinganda ma`lum bir maqsadga erishish yo`li, faoliyat usuli ma`nolarini anglatadi. Ta`lim metodi deganda ta`lim jarayonida o`qituvchi va o`quvchilarning kutilgan maqsadga erishishga qaratilgan hamkorlikdagi faoliyat usullari tushuniladi. Ularga ko`ra ta`lim mazmunini o`zlashtirishga mos faoliyat tanlanadi.
Ta`lim metodlari o`quv-tarbiya jarayonining tarkibiy qismi bo`lib, ularsiz ta`lim maqsadi, vazifalarini amalga oshirish, o`quv materiallari mazmunini o`zlashtirish mumkin emas.
Ta`lim metodlari ham o`quv materiali mazmuniga, binobarin, bolalarning ma`lumoti, taraqiyoti, tarbiyasiga, shuningdek, o`qitish, o`qish faoliyatlarining bir-biriga kirishuvi va shu asosda o`zaro ta`sirning yuzaga chiqishiga yo`nalgan. Ta`lim metodi vositasida o`qituvchi va o`quvchining faoliyati o`zaro muvofiqlashadi. Ta`lim metodi-o`qituvchi va o`quvchilarning ma`lumot mazmuniga yo`nalgan faoliyatini tartibga solish yo`lidir. Ta`lim metodlari tarkiban o`qitish metodlari va o`qish metodlaridan iborat.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturida: "Zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuterlashtirish va kompyuterlar tarmoqlari negizida ta’lim jarayonini axborot bilan ta’minlash rivojlanib boradi. Ta’lim jarayonida ommaviy axborot vositalarining maqsadi oshib boradi, televideniya va radioning ta’lim dasturlari intellektuallashuvi ta’minlanadi", deb ta’kidlangan.
Amaliy fazilatlar va amaliy san’at (kasb - hunar)lar va ularni bajarishga odatlantirish masalaga kelganda, bu odatda ikki yo’l bilan hosil qilinadi: bularda birinchisi - qanoatbaxsh so’zlar, chorlovchi, ilhomlantiruvchi so’zlar yordamida odat hosil qilinadi, malakalar vujudga keltiriladi, odamdagi g’ayrat, qasd-intilish-harakatga aylantiriladi.
Ikkinchi (usul) yo’l - majbur etish yo’li, bu usul gapga ko’nmovchi qaysar shaharliklar va boshqa sahroyi xalqlarga nisbatan ishtiladi. Chunki ular o’z istaklaricha so’z bilan g’ayratga kirishadiganlardan emas, deb ta’kidlagan A.H.Forobiy.

Yüklə 4,36 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   47   48   49   50   51   52   53   54   ...   204




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin