“Umumiy pedagogika” fani o’quv rejada 2 kursning 3-4-semestrlarida har biri mustaqil fan sifatida o’qitiladi.
Mazkur fan – Falsafa tarixi va nazariyasi, G’oyalar falsafasi, Aksiologiya, Umumiy psixologiya, Yosh va pedagogik psixologiya, Yosh psixologiyasi va gigiyenasi, O’zbekiston tarixi, Jahon xalqlar tarixi, O’zbek adabiyoti, Milliy g’oya va ma’naviyat asoslari, Ma’naviyatshunoslik, Jahon dinlar tarixi, Informatika va axborot texnologiyalari, Etika, Estetika, Madaniyatshunoslik va o’qitish metodikasi kabi fanlar bilan uzviy aloqada o’rganiladi.
“Pedagogik mahorat” fani o’quv rejada 3 kursning 5- yoki 6-semestrlarida o’qitiladi.
Mazkur fan – Pedagogika nazariyasi va tarixi, Pedagogik texnologiya, Ijtimoiy pedagogika, Yosh va pedagogik psixologiya, fanlarni o’qitish metodikasi, Mantiq, Etika, Estetika, O’zbekiston tarixi, Maktab gigiyenasi va fiziologiyasi kabi fanlar bilan uzviy aloqada o’rganiladi.
Fanning ta’lim sohasidagi o’rni
Har bir jamiyatning taraqqiyoti va istiqboli ta’lim tizimining jadal rivojlanishi, ijtimoiy hayot, ishlab chiqarish bilan o’zaro muvofiq kelishi, jahon ta’limining eng yuqori natijalariga tenglasha olishi, davr talablariga javob berishi va mavjud subyektiv ehtiyojlarni qay darajada qondira olishiga bevosita bog’liq. Ta’lim tizimida ro’y berayotgan tub o’zgarishlar, o’qitish mazmunining tobora yangi g’oya va qarashlar bilan boyib borayotganligi, yosh avlod intellektual salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi yangi texnologiyalarning yaratilayotganligi, ta’lim oluvchilarda yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish, ularni “ommaviy madaniyat” ta’sirida himoyalash zaruriyatining yuzaga kelayotganligi “Pedagogika nazariyasi va amaliyoti” fani imkoniyatlaridan samarali foydalanish natijalariga ham bog’liq. Shunga ko’ra ushbu fan asosiy ixtisoslik fanlaridan biri bo’lib, malakali pedagog kadrlar tayyorlash tizimining muhim bo’g’ini hisoblanadi.
Respublika uzluksiz ta’lim tizimida jamiyat tomonidan berilayotgan barkamol shaxs va malakali mutaxassisni tayyorlashdek ijtimoiy vazifa muvaffaqiyatini ta’minlashda o’qituvchi (pedagog) kadrlarning o’rni va roli beqiyos. Ta’limning turli yo’nalishlari bo’yicha malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularda eng yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirish uzluksiz ta’lim tizimi bosqichlarida faoliyat yuritayotgan o’qituvchi (pedagog)larning zimmalariga mas’uliyatli vazifalarni yuklaydi. Bunday vazifalar sirasiga ta’lim jarayonini modernizasiyalash, takomillashtirish, uni jahon ta’limi standartlariga ko’tarish alohida ahamiyat kasb etadi. Ta’limiy islohotlar dasturlarida belgilab berilgan vazifalarni bajarish uchun o’quv muassasalarida faoliyat olib borayotgan o’qituvchi (pedagog)larning o’zlari yuqori darajada kasbiy malaka va pedagogik mahoratga ega bo’la olishlari zarur. Shunga ko’ra “Pedagogik mahorat” fani asosiy ixtisoslik fanlaridan biri bo’lib, oliy ta’lim tizimida muhim o’rin tutadi.