a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu: XX asrning 70-yillarida o‘zbek adabiyotiga bir qator iste’dodli shoir va yozuvchilar kirib keldilar. Ular orasida Murod Muhammad Do‘st, Erkin A’zamov, Xayriddin Sultonov, Tog‘ay Murod singari nosirlar, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Usmon Azim, Muhammad Rahmon singari shoirlar bor edi. Bu avlod o‘zlaridan avvalgi ijodkorlar boshlab bergan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan holda, adabiyot sahnasiga ko‘proq oddiy odamlar obrazini, ularning orzu-armonlari talqinini olib chiqdilar. M.M.Do‘stning «Bir toychoqning xuni», «Galatepaga qaytish», E. A’zamovning «Otoyining tug‘ilgan yili», «Javob», X.Sultonovning «Yozning yolg‘iz yodgori», «Ko‘ngil ozodadur» nomli asarlari qahramonlari bir qaraganda boshqalardan keskin farq qilmaydigan, har qadamda uchraydigan oddiy odamlar. Ular katta tarixiy o‘zgarishlarga boshchilik qilishmaydi, favqulodda qahramonliklar ko‘rsatib boshqalarga o‘rnak bo‘lishmaydi, hatto suvga cho‘kayotgan biror odamni qutqarib el og‘ziga tushishmaydi ham. Lekin shunisi muhimki, yosh o‘zbek adiblari dunyoning omonligi, jamiki go‘zalligi aynan shu oddiy odamlar tufayli ekanini ko‘rsata oldilar, isbotlay bildilar. Mana shunday novator (yangilik kashf etuvchi, yangi yo‘l ochuvchi) yozuvchilardan biri Tog‘ay Murod bo‘ldi.
Bu yozuvchining tarjimayi holi ham o‘z qahramonlariniki singari oddiyginadir.
U janubiy viloyatlarimizdan bo‘lmish Surxondaryoning Denov tumaniga qarashli Xo‘jasoat qishlog‘ida 1948-yilda tug‘ildi. Qishloqdagi o‘rta maktabda o‘n yil o‘qigach, 1966-1972-yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida ta’lim oldi. Bu fakultet o‘sha yillari ko‘plab yosh iste’dodlarga o‘z ijodiy yo‘lini topishi, jiddiy asarlar yozib dastlabki muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishida muhim maktab rolini o‘ynagan edi. Fakultetdagi qaynoq, nisbatan erkin ijodiy muhit, o‘z davrining yirik shoir-yozuvchilari bilan tez-tez o‘tkazilib turadigan uchrashuv-muloqotlar, yotoqxonalarda to tongga qadar tugamaydigan she’riyat kechalari - bularning bari iste’dod g‘unchalarining tez yetilishi, kamol topishida jiddiy turtki rolini o‘ynardi. Ko‘p mualliflarning respublika matbuotida muntazam qatnashishi ham ayni shu fakultetda o‘qib yurgan yillariga to‘g‘ri kelardi. Tog‘ay Murod ham talabalik paytidayoq o‘nlab hikoyalar yozgan bo‘lsa-da, ularni e’lon qilishga shoshilmas, o‘zidan, bilimlaridan ko‘ngli to‘lmasdi. U iloji boricha ko‘proq o‘qish, bu orqali esa faqat o‘zimizning ijodkorlarnigina emas, balki dunyoning eng zo‘r adiblari tajribalarini ham o‘zlashtirishni istardi.
U, shu niyatdan kelib chiqib, tirikchilikka yetarli maosh beradigan qanday ish taklif qilinsa, o‘sha yerga borib ishlardi. Masalan, 1972—1976-yillarda respublika radiosining «Vatandoshlar» (xorijiy ellarga mo‘ljallangan) tahririyatida xizmat qilgan bo‘lsa, undan keyin «O‘zbekiston fizkulturachisi» gazetasida, 1982-yildan 1985-yilgacha esa «Fan va turmush» jurnalida xizmat qildi. Tog‘ay Murod o‘zining ijodiy rejalariga birovlarning aralashishini, unga ta’sir o‘tkazishga bo‘lgan urinishlarni hecham yoqtirmas, shovqin-suronli davralardan o‘zini olib qochar edi. Butun fikri-zikri o‘qib-o‘rganish, tinimsiz ijodiy mehnat qilish bilan band bo‘lardi. Shu tufayli ham, yozuvchi sifatida xalqqa ancha tanilib qolgan bo‘lishiga qaramay, 1985-1987-yillar ichida Moskvadagi Jahon adabiyoti institutida ham tahsil olib qaytdi.
Tog‘ay Murodni iste’dodli yozuvchi sifatida ko‘rsatgan dastlabki yirik asar 1976-yilda dunyoga keldi. Bu «Yulduzlar mangu yonadi» nomli qissa edi. Mazkur asarda yozuvchining qon-qoniga singib ketgan, ming yillar mobaynida unutilmay, elda ardoqlanib kelayotgan tarixiy qadriyat - kurash, kurashchi polvonlar, ular orasidagi muomala-munosabatlar, ziddiyatli hayotiy muammolar qalamga olindi.