Darsning maqsadi:
a) ta’limiy: Adabiyot fanining nazariy va amaliy asoslarini o’rganish jarayonida o’quvchilarda estetik did,
estetik ong, adabiyotga muhabbat, badiiy tafakkur va tasavvurini kamolga yetkazish va barkamol avlod tarbiyasiga zamin yaratish.
b) tarbiyaviy: Adabiyot fani orqali o’quvchilarga DTS asosida dars berish. Shu bilan bir qatorda milliy va
mumtoz adabiyotimizga milliy iftihor, qadriyat sifatida e’tirof etish va uni hurmat qilishga o’rgatish.
c) rivojlantiruvchi: O’quvchilarni tafakkur va idrokini kengaytirish, ularni mustaqil fikrlashga o’rgatish.
Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi:
kutubxonalardan qiziqarli badiiy kitoblarni topa olish, ulardan foydalanish.
O‘zini-o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi:
doimiy ravishda mustaqil o‘qib-o‘rganish, o‘z-o‘zini rivojlantirish.
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi:
oila, maktab, mahallada bo‘layotgan jarayonlarda faol ishtirok etish.
Milliy va umummadaniy kompetensiya:
vatanni sevish, tengdoshlari va boshqa insonlar bilan xushmuomalada bo‘lish.
Dars uslubi: an’anaviy, noan’anaviy (tagiga chizilsin)
Dars jihozi: Darslik, kompyuter, tarqatma materiallar, ko’rgazmali qurollar...
Darsning borishi:
a) salomlashish
b) navbatchilik hisoboti, sinf tozaligi va davomatni nazorat qilish
c) kirish suhbati, o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirish
O’tgan mavzuni so’rash.
a) individual - tarqatma materiallar, kartochka.
b) Frontal (guruh bilan ishlash)
Yangi mavzu: MIRTEMIR (1910-1978)
Ko‘l-u tog‘lik,
Bog‘-u rog‘lik o‘zbek elim.
Momo yurti,
Bobo yurti, chambilbelim.
Zar-u gavhar — yaltiroq tosh,
nedir olmos,
Sen biz uchun ham non, ham osh,
mangu meros.
O‘quvchining xotirasiga bir o‘qishdayoq mixlanib qoladigan bu quyma satrlar O‘zbekiston xalq shoiri Mirtemir qalamiga mansubdir.
Mirtemir Tursunov 1910-yilda, o‘zi yozganidek, Qoratog‘ etaklarida — Turkiston shahrining Iqon qishlog‘ida tug‘ilgan. Avval bobosi qo‘lida va eski maktabda tahsil olgan. So‘ng Toshkentga kelib, «Almaiy» nomidagi bolalar namuna ish maktabida tarbiya ko‘radi. Samarqanddagi O‘zbekiston Davlat pedagogika akademiyasida o‘qiydi. O‘qishni bitirib maktablarda muallimlik qiladi, nashriyotlarda, Yozuvchilar uyushmasida ishlaydi.
Shoirning birinchi she’ri «Tanburim ovozi» 1926-yili, 16 yoshida e’lon qilinadi. 1928-yili uning «Shu’lalar qo‘ynida» nomli ilk she’riy to‘plami nashr etiladi. Keyin «Zafar», «Qaynashlar», «Tong» to‘plamlari dunyo yuzini ko‘radi.
30-yillarda u juda ko‘p vaqtini tarjimalarga bag‘ishlaydi. A. S. Pushkin, M. Y. Lermontov, N. A. Nekrasov, T. G. Shevchenko she’rlarini, dostonlarini o‘zbekchaga o‘giradi. Umuman tarjima sohasida Mirtemir nihoyatda barakali ijod qilgan. Antik dunyo shoiri Homer, shuningdek, Shota Rustaveli, Henrix Heyne, Tagor, Maxtumquli, Berdaq, Nozim Hikmat she’riy asarlari, «Manas» qirg‘iz xalq eposi, «Qirq qiz» qoraqalpoq xalq dostoni Mirtemir domla zahmatlari tufayli o‘zbek o‘quvchisiga yetib kelgan.
Shoir umri davomida o‘nlab she’rlar va dostonlar to‘plamlarini chop ettirdi. «Bong», «Poytaxt», «O‘ch», «Surat», «Qoraqalpoq daftari», «Tingla, hayot!», «Izlaganim», «Tog‘day tayanchim», «Yodgorlik» kabilar ularning ichida eng mashhurlaridir. Bu to‘plamlaming mundarijasiga qarasangiz, inson hayotining barcha pallalaridagi kechmishlar, tuyg‘ular, taassurot va xotiralar jamuljam bo‘lganini ko‘rasiz. Chunki Mirtemir xoh yirik doston yozsin, xoh sahna asarlari yoki katta-katta asarlarni tarjima qilsin, qat’i nazar, biron kun ham she’r yozishni tark etmagan. Ko‘nglidan kechgan barcha tuyg‘ulari she’rga ko‘chgan. U gohida O‘zbekistonimizning paxtazor dalalarini kezib, mehnatkash dehqonlar bilan tanishib, barchaning bunyodkorlik bilan yashayotganidan ta’sirlanib, zavqqa to‘lib shunday satrlar bitadi:
Shoir umrining oxirida «Yodgorlik» deb nomlangan she’riy to‘plam tayyorladi. Va unga so‘nggi yillardagi eng sara she’rlarini jamlab, o‘zidan keyingi avlodlariga ma’naviy tuhfa qilib qoldirdi. Mirtemir 1978-yil 24-yanvarida 68 yoshida vafot etdi.
Shoirning avlodlarga qoldirgan ijodiy merosi ardoqlanib, to‘rt jildlik «Asarlar»i nashr etildi. Mustaqillik yillari Mirtemir domlaning xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishdagi ulkan xizmatlari taqdirlanib, «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berildi.
Mirtemir she’rlari o‘zbek she’riyatini har jihatdan boyitgan mazmunan teran va badiiy yuksak namunalardir. Ularda tabiat va inson hayotining xilma-xil ko‘rinishlari, taassurot va kechinmalari g‘oyat topqirlik va noziklik bilan aks ettiriladi. Shu ma’noda muxlislar Mirtemirni lirik shoir deb biladilar va qadrlaydilar.
Uning tabiat hodisalarini kuzatish orqali teran falsafiy xulosalar, go‘zal qiyoslar, betakror obrazlar yaratish mahorati XX asrning 50—60-yillarida yozgan «Bulut» va «Shudring» nomli she’rlarida yaqqol seziladi.
Bulut — bu yomg‘ir darakchisi. Osmonda bulut paydo bo‘lishi bilan barchaning xayolidan yomg‘ir yog‘adi degan fikr o‘tadi. Shunga yarasha taraddud va ehtiyot choralari ko‘riladi. Albatta, bemavrid yomg‘ir yog‘sa kayfiyat buziladi, ko‘ngil g‘ash tortadi. Bu, odatda, qop-qora bulut butun osmonni qoplab, kunni tundek qorong‘ilikka chulg‘agan damlarda bo‘ladi. Ammo shoirning qo‘liga qalam tutqizgan bu tabiat hodisasi yorug‘lik, to‘kinlik belgisi. Pag‘a-pag‘a oq bulut odatda bahor faslida yog‘adigan yomg‘irlarni buvalarimiz «obi rahmat» deydilar. Buning ma’nosi shuki, ko‘klam yomg‘iri tabiatni yashnatib, dov-daraxtga, o‘t-o‘langa kuch-qudrat, quvvat ato etadi. Ekilgan ekinlarni barq urib yashnashi, daraxtlarning mo‘l-ko‘l meva berishi uchun qiyg‘os gullashiga sabab bo‘ladi. Bu o‘z navbatida xonadonlarga rizq-u nasiba, to‘kinlik kirishidan belgi. Shuning uchun ham shoir bu bulutni sutga, oqquvlarga, barqutga o‘xshatadi. Uning sharofatidan paydo bo‘lajak qut-baraka, tog‘-tog‘ uyulajak oppoq paxtani orzulab, bulutga murojaat etadi. Momaqaldiroq guldirab, goh to‘lib-toshib sel bo‘lib kelsa-da, yomg‘ir yog‘sin, yog‘may o‘tmasin deydi.
Ko‘k yuzida dam qaldiroq, dam sukut,
Yog‘may o‘tma, pag‘a bulut - oq bulut!
Yog‘ib o‘tsang - tizza bo‘yi o‘t bo‘lur,
O‘t bo‘lur, ham sut bo‘lur, ham qut bo‘lur.
E’tibor bering, qanday quyma satrlar! Shoir «o‘t», «sut», «qut» so‘zlarini marjondek bir qatorga tizib, ham kuchli ma’no, ham yoqimli ohangdoshlikni ta’min etadi. O‘quvchi qalbiga tabiatni sevishdan zavq ola bilishdek go‘zal tuyg‘ulami joylaydi.
Mirtemirning «Shudring» she’ridan ham xuddi shunday zavq tuyadi
kitobxon. E’tiborli tomoni shundaki, sarlavhadan boshqa she’rning biror misrasida shudring so‘zini uchratmaymiz. Shoir faqat tasvir, o‘xshatish, qiyoslash, jonlangan tasavvurlar orqali tabiatning shudring deb nomlangan yana bir bag‘oyat nozik va go‘zal hodisasini aks ettiradi. Bu she’r ham bolalik xotiralari bilan hayotiy kuzatishlarning uyg‘unligi asosiga qurilgan. Lirik qahramon - yosh, balki siz qatori yigitcha, chor atrofda bahoriy iliqlik kezgan nahor pallasi - erta tongda qishlog‘idagi jar ustiga qurilgan osma ko‘priklardan o‘tib, o‘t-o‘lanlari toptalmagan qirlariga oshiqadi. Undagi ko‘katlar bargida, nihollar kurtagida, g‘o‘za yaproqlarida inju-dur-marvarid misol yaltirab, jilvalanib turgan shudringni kuzatadi. Uning jilvalaridan lol bo‘lib, yana boshqa o‘xshatishlar topadi. Xususan, kelinlar taqinchog‘iga, uzuk ko‘zlariga, ko‘zmunchoqqa, qizlarning suzilib turgan ko‘zlariga qiyoslaydi. Va nihoyat juda o‘ziga xos ramzlarga ishora qilib, shunday beqiyos obraz yaratadi.
Yo‘q, bu giryon ko‘zlarning yarqiroq zamzamasi,
Kechasi onam tag‘in yig‘labdi-da chamasi...
Dostları ilə paylaş: |