So’g’d davlati – bu davlat mil.av. 250 yillarda Baqtriya tarkibidan ajralib chiqadi. Uning hududi hozirgi Qashqadaryo va Zarafshon vohalari, Samarqand, Buxoro va Navoiy viloyatlariga to’g’ri keladi (Ungacha bu hududlar Baqtriya tarkibida bo’lgan). Uning aholisi asosan bog’dorchilik, polizchilik, dehqonchilik, chorvachilik, savdo va hunarmandchilik bilan shug’ullangan. Uning shahar xarobalaridan biri – Afrosiyobdir.
Xorazm – mil.av. 4 asrda bu davlat ahamoniylardan mustaqil davlatga aylanadi. Biroq bu davlatni A.Makedonskiy bosib ololmagan. Shuning uchun bu davlat o’ziga xos an’ana va madaniyatni saqlab qolgan. Uning yodgorliklari – Jonbosqal’a. Qo’yqirilganqal’a, Oybuyirqal’a va Tuproqqal’adir. Tarixchi olimlar Qo’yqirilganqal’adan aylana shaklida qurilgan ibodatxona qoldiqlari topishgan. Astronom olimlar fikricha, bu yerda ulkan rasadxona bo’lgan. Shuningdek,
Oybuyirqal’adan xum sirtiga chekilgan mahalliy yozuv namunalarini topishdi. Qo’yqirilganqal’adan ham ba’zi yozuv namunalari topilgan bo’lib, bu ularda o’zlarining mahalliy yozuvlari bo’lganligidan dalolat beradi. Xorazm davlatining iqtisodiy asosini savdo,sholikorlik, chorvachilik, hunarmandchilik tashkil etgan.
Kushonlar saltanati – mil.av. 140–130 yillarda yuechji qabilari shimoli– sharqdan kelib, Yunon–Baqtriya davlatiga yunonlar zulmidan ozod bo’lishiga yordam berdilar va shu yerda o’rnashib qoldilar. Beshta hokimlik – Guyshuan, Shuanmi, Xisi, Xyumi, Xuanmilarni birlashtirgan Kudzula Qadfiz I bu davlatga asos soladi. Ularning bu yerdagi dastlabki poytaxti Dalvarzintepa (Surxondaryo viloyati) bo’lgan. Keyinchalik Kanishka davrida poytaxt Peshovarga ko’chiriladi. Chunki ular sarhadlarini Hindistongacha kengaytiradi. Kushonlar davrida tangalar oltin, kumush va misdan zarb qilingan. Bu davlat o’sha davrlarning eng taraqqiy etgan davlatlari – Rim, Gretsiya, Xitoy, Eron, Hindiston kabi davlatlar bilan elchilik munosabatlarini yo’lga qo’ydi. Tarixchi olimlar yaqinda Skandinaviya yarim orolidan Kushonlar saltanatiga xos tanga pullarni topishgani bu davlatning boshqa davlatlar bilan savdo va diplomatik munosabatlari mustahkam bo’lganligini anglatadi. Kushonlar saltanatining madaniy yodgorliklariga – Xolchayon, Dalvarzintepa, Dalvarzin, Ayritom, Zartepa va Qoratepalar kiradi. Bu davlatda ijtimoiy sohaning hamma turlari – savdo, hunarmandchilik, zargarlik, me’morchilik (suyak va yog’och o’ymakorlik), hakkoklik (metallga naqsh tushirish), chorvachilik, dehqonchilik yaxshi rivoj topgan. Bu davlat rivojlangan quldorlik davlati bo’lib, feolizm kurtaklari namoyon bo’la boshlagan edi. Kushonlar saltanati eftalitlar tomonidan inqirozga yuz tutdi.
Vatanimiz hududida milodiy 4 asrlardan boshlab feodal munosabatlar tarkib topa boshlaydi. “Feod” yer degan ma’noni anglatib, bu davrlardan boshlab yerga egalik qilishning mavqei ortib boradi. Ilgarilari hunarmandchilik yetakchi bo’lgan bo’lsa, endi yeri bor zamindorlar mulkdor va boy kishilar hisoblangan. Bu davrda “dehqon” degan tushuncha “qishloq hokimi” degan ma’noni anglatgan.Hududimizda zaiflashib borayotgan Qang’ va Kushonlar saltanatidan asta–sekin ilk mustaqil feodal davlatlar ajralib chiqa boshlaydi. Bu davlatlarga Xorazm, So’g’d, Toxariston, Choch va Eloq, Farg’ona kabi hokimliklar kirgan. Bu davlatlar hokimlari So’g’d va Farg’onada– ixshidlar, Toxaristonda–malikshohlar, Xorazmda–xorazmshohlar, Choch va Eloqda– budun va dehqonlar deb atalgan.
Mahalliy davlatlardan tashqari vatanimiz hududida Yettisuv va Sharqiy Turkistondan kelganko’chmanchi chorvadorlarning Xiyoniylar, Sharqiy Sirdaryo va Orol bo’ylari orqali kelgan ko’chmanchi chorvador Kidariylar va Eftalitlar ham o’z ma’lum bir muddat davlatchiligini barpo etgan. Undan tashqari, 5 asrning ikkinchi va 6 asrning birinchi yarmida Oltoy va Janubiy Sibirdagi turklar birlashib, 558 yildan
hududimizga kelib, uni egallaydi. Shu davrdan boshlab Turk hoqonligi davri boshlanadi.
Vatanimiz davlatchiligi tarixida arablardan keyingi davr ham muhim o’rin tutadi. O’rta asrlarda, ya’ni 9 asrlardan boshlab arab xalifaligidan bir qancha mustaqil davlatlar ajralib chiqadi. Bu davlatlarga – Somoniylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, G’aznaviylar, Xorazmshohlar kabilar kiradi. Bu davlatlarning taraqqiyot davri Sharqda uyg’onish davri deb ataladi. Uyg’onish davrida ilm–fan, san’at, adabiyot, me’morchilik, musiqa va san’atning boshqa turlari keng rivoj topdi va bu jarayonlar davlatlar yuksalishiga ijobiy ta’sir qildi.