2-mavzu. AKT rivojlanishining iqtisodiy qonunlari. Hududlarda yaratilgan sharoitlar raqamli iqtisodiyotning inklyuzivligini ta’minlash uchun juda muhim. "Raqamli imkoniyatlar" nafaqat markazda, balki viloyatlarda ham mavjud bo‘lishini ta’minlash uchun ushbu imkoniyatlar ko‘lami va dinamikasini ko‘rib chiqish muhim ahamiyatga ega.
Raqamlashtirish odamlar va tovarlarning bir joydan ikkinchi joyga yetkazilishi uchun ketadagan xarajatlarni kamaytirishi mumkin. Bu esa ishchilar va korxonalar uchun joylashuvning ahamiyatini kamaytiradi. Natijada, mintaqalardagi texnologik taraqqiyot xizmatlardan foydalanish sifati va imkoniyatlarini yaxshilashi, fuqarolarning mamlakat hayotidagi jarayonlardagi ishtirokini faollashtirishi, tadbirkorlik va mahalliy mehnat bozorlarini rivojlantirishi mumkin.
AKT kompaniyalar ichida axborotni boshqarishni yaxshilashda ko‘mak beradi. Ular tranzaksiya xarajatlarini kamaytirishi va biznesdan biznesga (B2B) va biznesdan iste’molchiga (B2C) operatsiyalari uchun tranzaksiyalarning tezligi va ishonchliligini oshirishi mumkin.
Yaponiya qishloq joylarda iqtisodiyotni rivojlantirishning muqobil siyosati sifatida masofadan turib ishlashni tatbiq etgan yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Agar 2017-yilda Yaponiya kompaniyalarining 13,9 foizi o‘z xodimlariga masofadan ishlashga ruxsat bergan bo‘lsa, 2021-yilda bu ko‘rsatkich 51,9 foizga yetdi.
Prognozlashtirish va makro iqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari O‘zbekiston hududlarida AKTning rivojlanganlik holatini baholash maqsadida ITU metodologiyasiga muvofiq AKTning rivojlanish indeksi asosida mintaqalar reytingini tuzdi. Hisoblash uchun asos sifatida AKTning rivojlanish indeksi tanlandi. IDI 3 guruhga ajratilgan (AKTga ulanish imkoniyati, AKTdan foydalanish darajasi va AKTdan foydalanish uchun ko‘nikmalar) 11 ko‘rsatkichni jamlagan holda hisoblanadi. Indeks 2015-2021-yillar uchun hisoblangan.
Asosiy natijalar: O‘zbekiston bo‘yicha indeksning o‘rtacha qiymati 2015-yildagi 6,04 dan 2021-yilda 6,96 ga ko‘tarildi.
2021-yilda kuchli uchlikka Toshkent shahri (indeks qiymati 9,28), Navoiy (7,41) va Buxoro (7,06) viloyatlari kirdi.
O‘rganish davrida indeksning eng katta o‘sishi Xorazm (+1,20), Qashqadaryo (+1,18), Namangan (+1,15) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+1,12) qayd etildi.