10-MAVZU. MANTIQ ILMINING PREDMETI, ASOSIY QONUNLARI. TUSHUNCHA TAFAKKUR SHAKLI SIFATIDA 147
borliqdan uzoqroqda turadi. Lekin, tushuncha predmetning muhim belgilarini
in’ikos qilishi, mohiyatini aks ettirishi bilan hissiy bilish shakllariga nisbatan
borliqni chuqurroq, to‘laroq ifoda etadi.
Tushuncha, hissiy bilish shakllaridan farqli o‘laroq, inson miyasida to‘g‘ridan-
to‘g‘ri aks etmaydi. U ma’lum bir mantiqiy usullardan foydalanilgan holda hosil
qilinadi. Bu usullar taqqoslash, tahlil, sintez, abstraksiyalash, umumlashtirishlardan
iborat.
Taqqoslash yordamida predmetlar o‘zaro solishtirilib, ularning o‘xshash, umumiy
tomonlari va bir-biridan farq qiluvchi individual belgilari aniqlanadi.
Taqqoslash tahlilni taqozo qiladi. CHunki predmetlarni yaxlit holda solishtirib
bo‘lmaydi. Ular u yoki bu xossasiga ko‘ra taqqoslanishi kerak. Buning uchun u
xossalar ajratilishi lozim. Tahlil yordamida predmet fikran uni tashkil qiluvchi
qismlar, tomonlarga ajratilib, har qaysisi alohida o‘rganiladi.
Sintez tahlilga teskari usul bo‘lib, u tahlil davomida ajratilgan qismlar, tomonlarni
fikran birlashtirib, predmetni bir butun holga keltirishdan iborat. Sintez bo‘lmasa
predmet haqida yaxlit fikr hosil qilib bo‘lmaydi. Tahlil va sintez uzviy bog‘liqdir.
Tushuncha hosil qilish uchun predmetning yuqoridagi usullar bilan aniqlangan
umumiy va individual belgilarining muhimlari ajratilishi, nomuhimlari
chetlashtirilishi lozim. Bu esa abstraksiyalash yordamida amalga oshiriladi.
Umumlashtirishda predmetlar ularning ayrim umumiy, muhim xususiyatlariga
ko‘ra sinflarga birlashtiriladi va shu tariqa bitta tushunchada bir jinsli
predmetlarning barchasini fikr qilish imkoniyati yaratiladi.
Tushunchaning shakllanishi so‘z bilan uzviy bog‘liq. Ular o‘rtasidagi aloqadorlik
tafakkur va til o‘rtasidagi bog‘lanishning konkret tarzda namoyon bo‘lishidir.
Tushunchalar so‘z va so‘z birikmalari yordamida ifoda qilinadi. Masalan, «talaba»,
«falsafa fakulteti», «O‘zbekiston milliy universiteti» va shu kabilar so‘zlardan
iborat. Lekin bundan tushuncha va so‘z aynan bir xildir, degan xulosa kelib
chiqmasligi kerak. Bitta tushuncha har xil tillarda, ba’zan bir tilda ham turli xil
so‘zlar bilan ifoda qilinadi. Tilimizdagi omonim va sinonim hodisalari so‘z va
tushunchaning nisbiy mustaqil holda mavjudligidan dalolat beradi.
SHuni ham aytish lozimki, so‘zning ko‘p ma’noga ega bo‘lishi ba’zan fikr yuritish
jarayonida tushunchalarni aralashtirib yuborishga olib keladi. SHuning uchun ham
fan va texnikada ko‘proq terminlardan foydalaniladi. Termin qat’iy bitta
tushunchani ifoda qiluvchi so‘z bo‘lib, muayyan ilmiy bilish sohasida bir xil
ma’noda ishlatiladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi
Tushuncha o‘zining mazmuni va hajmiga ega. Tushunchaning mazmunini unda
fikr qilinayotgan predmetning muhim belgilari to‘g‘risidagi axborot tashkil etadi.
Masalan, «fan» tushunchasining mazmunini fanning muhim belgilari, ya’ni uning
amaliyot bilan aloqada ekanligi, predmetlarning birorta sohasiga oid tushunchalar,
qonunlar, prinsiplar shaklidagi ob’ektiv chin (haqiqiy) bilimlar tizimidan iborat
bo‘lishi, dunyoqarashning shakllanishida ishtirok qilishi va shu kabilar tashkil
qiladi.