10-MAVZU. MANTIQ ILMINING PREDMETI, ASOSIY QONUNLARI. TUSHUNCHA TAFAKKUR SHAKLI SIFATIDA 148
Tushunchaning hajmi esa, unda fikr qilinayotgan predmetlar yig‘indisini aks
ettiradi. Masalan, yuqorida misol qilib keltirilgan «fan» tushunchasining hajmi
mavjud barcha fanlarni: matematika, fizika, mantiq va hokazolarni o‘zida qamrab
oladi.
Tushunchaning mazmuni va hajmi uzviy bog‘liq bo‘lib, u tushunchaning mazmuni
va hajmi o‘rtasidagi teskari nisbat qonuni yordamida ifodalanadi. Bu qonunga
muvofiq tushunchaning hajmi kengaytirilsa, mazmuni torayadi va aksincha, hajmi
toraytirilsa, mazmuni kengayadi. Masalan, «fan» tushunchasining mazmuniga
«mantiq»qa oid bo‘lish belgisini qo‘shish bilan hajm jihatidan undan torroq
bo‘lgan «mantiq fani» tushunchasiga o‘tiladi.
«Fan» tushunchasining hajmini kengaytirish bilan mazmun jihatidan unga nisbatan
torroq bo‘lgan «ijtimoiy ong shakli» tushunchasi hosil qilinadi. Bunda faqat fanga
xos bo‘lib, boshqa ijtimoiy ong shakllarida, masalan, huquqiy ongda bo‘lmagan
spetsifik belgilar tushuncha mazmunidan chiqarib tashlanadi.
Bu qonun tushunchalar bilan olib boriladigan qator mantiqiy amallar asosida
yotadi.
Tushunchaning turlari
Mantiqda tushunchalar mazmuni va hajmi bo‘yicha bir qancha turlarga
bo‘linadilar. Xususan, hajmiga ko‘ra yakka va umumiy tushunchalar farq qilinadi.
YAkka tushunchaning hajmida bitta predmet fikr qilinadi. Masalan, «Mars
planetasi», «O‘zMU asosiy kutubxonasi» va shu kabilar yakka tushunchalardir.
Umumiy tushunchalar predmetlar guruhini aks ettiradi. «Planeta», «Kutubxona»
tushunchalari umumiy tushunchalar hisoblanadi. Umumiy tushunchalar aks
ettiruvchi predmetlarning miqdori chegaralangan va chegaralanmagan bo‘lishi
mumkin. Masalan, «kimyoviy element» tushunchasida fikr qilinayotgan predmetlar
soni chegaralangan. «YUlduz» tushunchasi hajmini tashkil qiluvchi predmetlar
soni esa cheksiz.
Fikr yuritish jarayonida ayiruvchi va to‘plovchi tushunchalarni farq qilish ham
muhim ahamiyatga ega. Ayiruvchi tushuncha shunday umumiy tushunchaki, u aks
ettiruvchi belgilar berilgan sinfning har bir predmetiga xosdir. To‘plovchi
tushuncha ham umumiy tushuncha bo‘lib,u aks ettirgan belgilar shu umumiylikni
tashkil etuvchi har bir predmetga taaluqli bo‘lmaydi. Masalan, “konferensiya” –
to‘plovchi, “konferensiya ishtirokchisi” – ayiruvchi.
Mazmuni bo‘yicha tushunchalar, avvalambor, abstrakt va konkret tushunchalarga
bo‘linadi. Konkret tushunchalarda predmet o‘zining belgilari bilan birgalikda fikr
qilinadi. Abstrakt tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib
olinib, alohida aks ettiriladi. Masalan, «Inson», «Tabiat» tushunchalari – konkret
tushunchalar, «Qahramonlik» (insonga xos xususiyatni aks ettiradi), «Go‘zallik»
(borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) tushunchalari abstrakt
tushunchalardir.
Mazmuni bo‘yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham ajratish
mumkin. Nisbatsiz tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud bo‘lgan
predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», «Badiiy asar» ana shunday tushunchalardir.