8-MAVZU. FALSAFIY ANTROPOLOGIYA (INSON FALSAFASI) 123
«Praksiologiya» (yunon. «praktikos» – «faol») – falsafaning inson faoliyatini o‘rganishga
bag‘ishlangan bo‘limlaridan biri. Faoliyat tushunchasi inson borlig‘ining tabiati va mohiyatini,
uning shaxsiy imkoniyatlari, ijtimoiy aloqalari va munosabatlarini, inson ma’naviy dunyosi va
moddiy amaliyot jabhasini teranroq tushunish imkonini beradi. Inson faoliyati o‘ziga xos
xususiyatga ega bo‘lib, hayvonlar faolligidan butunlay farq qiladi. U individ va umuman jamiyat
borlig‘ining alohida usuli hisoblanadi.
Faoliyatning atributlari. Inson faoliyati o‘ta rang-barangdir. Yuqorida qayd etib o‘tilganidek,
faoliyat turlarini tasniflash uchun asos bo‘lib uning inson tomonidan o‘zgartiriladigan ob’ekt:
tabiat, jamiyat, insonning o‘ziga qaratilganligi xizmat qiladi. Faoliyat atributlari (xossalari)
faoliyatni motivlashtirish va amalga oshirish mexanizmlarini tavsiflaydi. Faoliyat atributlari
orasida, avvalo, sub’ektlilik va moddiylik qayd etiladi.
Sub’ektlilik va moddiylik. Faoliyatning sub’ektliligi shu bilan izohlanadiki, u shaxsning
o‘tmishdagi tajribasi, uning ehtiyojlari va mo‘ljallari, motivlari va maqsadlari, emotsiyalari va
irodasini tavsiflovchi xususiyatlari, bilish qobiliyatlari va hokazolar bilan belgilanadi.
Faoliyatning moddiyligi insondan tashqarida joylashgan va uning qo‘li bilan o‘zgartiriladigan
tabiat va jamiyat kuchlariga qaratilganini anglatadi. Ammo insonning o‘zi, uning o‘z-o‘zini
kamol toptirishi, o‘z-o‘zini tarbiyalashi va shaxs o‘z oldiga qo‘yadigan maqsadlarga erishishga
qaratilgan tegishli harakatlar ham o‘zgartirish faoliyatining predmeti bo‘lishi mumkin. Inson
faoliyati mehnat qurollari yordamida amalga oshiriladi. Uning hayvonlar faolligidan asosiy
farqlaridan biri qurollilik hisoblanadi. «Quruq qo‘l ham, o‘z ixtiyoriga tashlab qo‘yilgan aql ham
katta kuchga ega emas, – degan edi F.Bekon. – Ish qo‘lga ham, aqlga ham kerak bo‘lgan qurollar
va vositalar yordamida bajariladi»
9
.