O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh., 2018-yil 31-dekabr, 1066-son
2-ilova
O‘zbekiston Respublikasi Qonuni
Aholi bandligi to‘g‘risida Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 28-aprelda qabul qilingan
Senat tomonidan 2020-yil 7-avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar 1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi Ushbu Qonunning maqsadi aholi bandligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Aholi bandligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Aholi bandligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining aholi bandligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
Ushbu Qonunning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi chet ellik fuqarolarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek mazkur Qonunning 17-bobiga muvofiq mehnat faoliyatiga jalb etiladigan chet ellik fuqarolarga nisbatan tatbiq etiladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari — ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan va ish topishda qiynalayotgan hamda mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar;
band bo‘lmagan aholi (band bo‘lmagan shaxslar) — haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan shaxslar;
“Bandlik xizmati” axborot tizimi — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining mehnat organlariga murojaat etgan jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilgan xizmatlarni hisobga olish uchun mo‘ljallangan elektron axborot tizimi;
Bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari milliy bazasi — O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksiga kiruvchi bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning axborot bazasi;