Yer qobig‘idagi seziy miqdori 3,7 gr/tonna deb baholangan. Seziy Yer sayyorasida asosan juda tarqoq holda tarqalgan bo‘lib, faqat ayrim seziyli minerallarda (asosan pollutsitda) oz miqdorda yig‘ilgan xolos. Shuningdek, kaliyli minerallarda ham seziy miqdori nisbatan sezilarli bo‘ladi. Rubidiy singari, seziy ham magmatik jinslar shakllanishining so‘nggi bosqichida to‘planish tendensiyasiga ega va pegmatitlarda seziy konsentratsiyasi eng maksimal darajaga yetadi. Granit pegmatitlarda seziyning o‘rtacha miqdori 0,01% ni tashkil qiladi, pollutsit mineraliga ega bo‘lgan ayrim alohida pegmatitlarda esa seziy miqdori 0,4% gacha yetishi mumkin. Dengiz suvidagi seziy miqdori taxminan 0,5 mkg/l atrofida bo‘ladi.
Seziy yumshoq metall bo‘lib, erish harorati nisbatan past bo‘lgan uchun, odatda, xona haroratida erishga yaqin turgan yarim suyuq holda bo‘ladi (Seziyning erish harorati 28,6 ℃). Moos shkalasiga ko‘ra seziyning qattiqlik ko‘rsatkichi 0,2 ga teng.
Metall seziy tashqi ko‘rinishi oltinga o‘xshash, lekin yanada yarqiroq tusga ega bo‘ladi. Erigan holatda esa u kumush rangiga kiradi va bu juda harakatchan suyuqlikka aylanadi. Suyuq seziy yorug‘likni yaxshi akslantiradi. Seziy bug‘lari esa yashil-moviy rangda bo‘ladi. Bu element boshqa ishqoriy metallar bilan oson eruvchan qotishmalar hosil qiladi. Seziyning kaliy va natriy bilan qotishmalari −78℃ darajadayoq eriydi.
Kimyoviy xossalari
Seziy elementi metallar ichida kimyoviy jihatdan eng faoli hisoblanadi (metallar ichida seziydan ham barqarori bu – fransiy elementi bo‘lib, lekin u radioaktiv modda hisoblanadi va tabiatda uchramaydi). Seziy kuchli qaytaruvchi (tiklovchi) sanaladi. Havoda bu element darhol alanga oladi va oksidlanib, CsO2 hosil qiladi. Agar muhitda kislorod miqdori kam bo‘lsa, yoki, harorat juda sovuq bo‘lsa, seziyning havoga chiqishidan oddiy oksidi Cs2O hosil bo‘ladi:
4Cs+O2→2Cs2O
Seziyning suv bilan ta’sirlashuvidan esa seziy gidroksidi hosil bo‘ladi va jarayonda vodorod ajralib chiqadi. Reaksiyada portlash yuz beradi:
2Cs+2H2O→2CsOH + H2
Seziy muz bilan (hatto −120℃ haroratda ham), oddiy spirtlar bilan, galogenoorganik birikmalar bilan, og‘ir metallarning galogenidlari bilan, kislotalar va quruq muz bilan ham reaksiyaga kirishadi. Seziy elementning faolligi uning yuqori darajadagi manfiy elektrokimyoviy potensiali bilan birga, shuningdek, erish va qaynash haroratlarining ham ancha past ekani bilan ham uzviy bog‘liqdir.
Seziy tuzlari suvda va qator organik eritmalarda favqulodda oson eriydi va perxloratlarda nisbatan qiyin eriydi. Nisbatan faol metall bo‘lishiga qaramay, litiydan farqli o‘laroq, seziy oddiy sharoitlarda azot bilan reaksiyaga kirishmaydi va kuchli qizdirilganda ham seziy azotli birikmalar hosil qilmaydi.