§. Xalqaro iqtisodiy aloqalar-valyuta munosabatlarining asosi sifatida
Xususiy shaxslar, firmalar, banklaming valyuta va pul bozoridagi xalqaro hisob-kitoblar, kredit va valyuta operatsiyalarini amalga oshirish maqsadidagi kundalik aloqalarini o’z ichiga oladi. Valyuta munosabatlarining ba’zi bir elementlari kadimiy Rimda veksellar asosida va bir mamlakat savdogarining pulini ikkinchi bir mamlakat savdogariga almashtirib berish zaminida vujudga kelgan. Valyuta munosabatlarining rivojlanishining keyingi bosqichi kadimiy Lionda va boshqa G’arbiy Evropa mamlakatlarida o’tkaziladigan tratta operatsiyalarining rivojlanishi hisoblanadi. Ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishi, jahon bozorining barpo bo’lishi, xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashuvi va jahon xo’jalik tizimining rivojlanishi xalqaro valyuta munosabatlari rivojlanishining asosidir. Valyuta munosabatlari xalqaro iqtisodiy munosabatlarning bir bo’lagi hisoblanib, uning holati milliy va jahon iqtisodining rivojlanish darajasiga, siyosiy axvolga, mamlakatning iqtisodiy potentsialiga, uning jahondagi mavqeiga va boshqa omillarga bog’liq bo’ladi.
Xalqaro munosabatlar sharoitida kapitalning aylanish jarayonida pul kapitalining milliy pul ko’rinishidan xorijiy valyuta ko’rinishiga o’tish jarayoni yuzaga keladi.
§. Valyuta tizimi va uning asosiy elementlari
Valyuta tizimi davlatlararo bitim yoki milliy qonunlarga muvofiq valyuta munosabatlarini tashkil qilish va boshqarish shakllarini o’z ichiga oladi. Valyuta tizimining quyidagi turlari mavjud. Bular - milliy, jahon va xalqaro (mintaqaviy) valyuta tizimlaridir.
Sanoat rivojlangan davlatlar iqtisodiyotlari o’rtasidagi integratsiyaning chuqurlashuvi sharoitida valyuta tizimi jahon xo’jalik aloqalarida muhim va mustaqil o’rin tuta boshlayapti. Valyuta tizimi mamlakatning iqtisodiy holatiga bevosita ta’sir etadi (ya’ni ishlab chiqarish omillari, sur’atlariga, narxga, ish haqiga va boshqalarga).
Milliy, jahon va xalqaro (mintaqaviy) valyuta tizimlari tushunchalari bir- biridan farqlanadi.
Milliy valyuta tizimi - tarixan yuzaga kelgan bo’lib, aloxida_ olingan davlatning valyuta munosabatlarini qonun asosida tashkil qilish va boshqarish munosabatlarini o’z ichiga oladi. Milliy valyuta tizimining elementlari bo’lib, milliy valyuta, valyuta rezervlari hajmi va tarkibi, valyuta pariteti va milliy valyuta kursi, valyutani konvertirlash shartlari, mamlakat valyuta munosabatlarini boshqaruvchi milliy mahkamalar va tashkilotlar statusi, valyuta va oltin milliy bozorlarining faoliyat yuritish shartlari, valyuta nazorati, valyutaviy cheklanishlarning bor-yo’qligi qoidalarini, xalqaro kredit vositalarini milliy pul aylanishida qo’llash qoidalari va boshqalar hisoblanadi. Milliy valyuta tizimi mamlakat pul tizimining asosiy qismini tashkil qiladi.
Mintaqaviy valyuta tizimi elementlari tegishli shartnoma shartlari asosida aniqlanadi.
Jahon valyuta tizimi quyidagi elementlarini, ya’ni xalqaro to’lov vositalarining ma’lum bir yig’indisi, valyuta kurslari va valyuta pariteti, konvertirlash shartlari, xalqaro hisob-kitob shakllari, xalqaro valyuta va oltin bozorlari rejimi, xalqaro va milliy bank tashkilotlari, xalqaro kredit vositalarini muomalada qo’llash qoidalarini, valyutaviy cheklashlarni davlatlararo boshqarish usullari va boshqalarni o’z ichiga oladi.
Xalqaro va mintaqaviy valyuta tizimlarining asosi bo’lib xalqaro mehnat taqsimoti, tashqi savdo hisoblanadi.
Jahon Valyuta tizimi o’z ichiga valyuta instrumentlari (vositalari)ning amal qilishini ta’minlovchi xalqaro kredit - moliya muassasalari va xalqaro bitim va davlat huquqiy normalari komplekslarni o’z ichiga oladi.
Mintaqaviy valyuta tizimi rivojlangan davlatlarning jahon valyuta tizimi chegarasida tashkil etiladi. Masalan, Evropa valyuta tizimi - EVT bir qator Evropa davlatlarining valyuta sohasidagi tashkiliy-iqtisodiy munosabatlari shakli sifatida namoyon bo’ladi va faoliyat ko’rsatadi.
Valyuta mexanizmi samaradorligi, davlatning va xalqaro valyuta-moliya muassasalarining valyuta, pul va oltin bozorlariga aralashish darajasi iqtisodiy o’sish, davlatning tashqi iqtisodiy strategiyasiga ta’sir etadi.
Valyuta tizimi ahamiyatining o’sishi rivojlangan mamlakatlarning milliy va mahalliy doirada valyuta sohasida davlat monopolistik boshqaruvining yangi usuli va vositalarini izlashga majbur etmokda.
Jahon valyuta tizimi (JVT) va uning evolyutsiyasi.
Rivojlangan davlatlarning valyuta tizimi nafaqat ular o’rtasidagi pul hisob- kitob munosabatlarini, balki ichki pul muomalasining katta qismini ham o’z ichiga oladi. JVT oltin standartga asoslangan tizimdan asta-sekin maqsadli boshqariladigan, qog’oz-kredit pullariga asoslanadigan tizimga aylandi. Shu bilan birgalikda uning rivojlanishi (o’n yilliklar farqi bilan) milliy pul tizimining rivojlanish bosqichlarini takrorlaydi. Ichki iqtisodiyotda pul tizimi oltin tanga standartidan oltin quyma (zolotoslitkovoy) va oltindeviz, undan kredit-qog’oz pul muomalasiga o’tdi va oxirgi bosqichda ko’proq e’tibor kredit vositalariga qaratiladigan bo’ldi.
Jahon miqyosida bu holat keyinroq va maxsus shakllarda namoyon bo’ldi. Bunda oltin-tanga standarti mutlaqo bo’lmagan, oltin quyma standarti asrlar davomida mavjud bo’lgan; oltin bilan bir qatorda yordamchi kredit pullari veksel, chek va boshqa ko’rinishida rivojlangan. Ammo XX asr boshiga kelib, bu tizim xalqaro iqtisodiyot munosabatlarning yangi shakliga javob bermay qoldi. Bu davrning eng asosiy belgilaridan biri kapitalni eksport qilish - JVT ning yangi oltin standart shakllari bilan qarama-qarshilikka uchradi. Bundan tashqari, oltin zahiralari sifatida tez rivojlanib borayotgan davlatlar xazinasida to’plana bordi. Shuning uchun ham davlatlar o’rtasida yangi boshqariladigan valyuta tizimi zarur edi. 30- yillarning ikkinchi yarmida oltin standart shakllari o’rniga qog’oz-kredit pul muomalasi keldi. U davlatga emissiya mexanizmidan iqtisodiyotni boshqarish vositasi sifatida foydalanish imkonini berardi.
Jahon valyuta tizimi rivojlanishining muhim bosqichi Ikkinchi Jahon urushidan keyin boshlandi.
Ikkinchi Jahon urushi oltin zahiralarining yangi taqsimotiga olib keldi:
barcha davlatlarning deyarli 4/5 oltin zahiralari AQShda to’plandi. Dollarning JVTda etakchi o’rindaligi, oltindeviz standartining oltin dollar shaklini olganligidan dalolat berardi.
Bu holat rasmiy ravishda 1944 yil iyulda Brettonvudsdagi (AQSh) BMT Konferentsiyasida tasdiqlangandi. Unda urushdan keyingi Jahon valyuta tizimiga asos solindi.
JVTining tashkiliy va faoliyat tamoyillari quyidagilar qilib belgilandi: oltin JVTining asosi sifatida tan olindi;
dollar va funt-sterlingga xalqaro hisob-kitoblarda va chet el valyuta zaxiralarida asosiy o’rin berildi va ularni oltin o’rniga taqdim etilish mumkinligi tasdiqlandi; dollarga nisbatan barcha mamlakat valyutalarining kat’iy pariteti o’rnatildi, dollar orqali esa - oltinning va chet el valyutalarining bir-biriga nisbatan bahosi aniqlanadigan bo’ldi;
valyuta kursining dollar paritetiga nisbatan tebranishi = 1 % darajasida
belgilandi;
JVT ni boshqarish maqsadida Xalqaro Valyuta Fondi (XVF) va Xalqaro rivojlanish va taraqqiyot banki (XRTB) tashkil etildi;
valyutaviy cheklanish tizimi bekor qilinib, milliy valyuta konvertatsiyasi tiklandi.
Bu shaklda tuzilgan Ikkinchi Jahon urushidan keyingi JVT xalqaro valyuta- moliya munosabatlaridagi tartibsizlikni yo’qotishga imkon berdi.
Ammo Brettonvuds tizimining qarama-qarshiligi - tartibsiz bozor (oltinstandart) va boshqariladigan dollar tizimi bo’yicha ish yuritish quyidagilarga olib keldi:
o’zgarmas oltin narxi va narxi o’suvchi tovar va xizmatlar orasida farq yuzaga kelishiga;
AQShdan ko’p miqdordagi kapitalning boshqa davlatlarga oqib ketishiga (1957-1971 yillarda 54,2 mlrd. dollar miqdorida to’g’ri investitsiyalar tarzida AQShdan boshqa davlatlarga oqib o’tgan);
chet ellardagi katta harbiy xarajatlarga;
AQShning to’lov balansi defitsitli bo’lishiga (uning miqdori 1953-1972 yillarda - 69 mlrd. dollarni tashkil qilgan);
dollarning real kursi va uning oltin pariteti orasida uzulishning bo’lishiga va boshqalar.
Bundan tashqari, 60-yillarning ikkinchi yarmida G’arbiy Evropa va Yaponiya AQShdan o’z oltin zahiralari va eksport hajmi bo’yicha ikki baravar oshib ketdi. Natijada xatto oltindeviz standarti tayanadigan umumiqtisodiy asos o’z umrini tugatdi. Oltindollar standartining buzilishi valyuta bozorlarida dollarning «tushushi» va «valyuta isitmasi» degan iboralar tarzida o’z aksini topdi.
Shuning uchun 1970 yilda XVF chegarasida maxsus hisob va to’lov birligi (SDR) kiritildi va u a’zo - davlatlarning valyuta zahiralarini to’ldirish uchun mo’ljallangandi. SDR jahon pulining bir qator funktsiyalarini bajaradigan bo’ldi. U XVF a’zolarining kvotalariga proportsional tarzda taqsimlanadi, shuning uchun uning asosiy qismi (2/3 dan 3/4 gacha) rivojlangan davlatlarga, 1/4 qismi rivojlanayotganlariga to’g’ri keladi. SDR ning boshlang’ich kursi AQSh dollarining rasmiy oltin miqdoriga tenglashtirilgan. Keyinchalik uning qobiliyati 16 valyuta savati bo’yicha, hozirda esa 5 asosiy milliy valyutalar bo’yicha aniqlanadi. SDR JVTning asosiy zahira vositasiga aylanmokda.
Bu sharoitda AQSh ikki marta dollar devalvatsiyasini o’tkazdi. Bular 1971 va 1973 yillarda. Natijada oltinning rasmiy kursi troya untsiyasi 42,22 dollargacha qilib belgilab berildi. Bu davrda ko’pchilik rivojlangan davlatlar o’z valyuta kursini ma’lum darajada ushlab turish (dollarga nisbatan) majburiyatlaridan voz kechib, «suzuvchi» kurs rejimiga o’tishdi. 1973 yildan oltin - maxsus oltin va tovar birjalaridagi narx asosida sotiladigan va sotib olinadigan bo’ldi. Oltin narxi JVTga bevosita ta’sir o’tkazmaydigan bo’ldi.
Bu sharoitda xalqaro valyuta munosabatlarini qayta tashkil qilish muammosi vujudga keldi. 1976 yil yanvarda XVFning Vaktli Qo’mitasi XVF Ustaviga bir qator o’zgarishlarni kiritdi. Bu o’zgarishlar XVT i faoliyatini rasmiy ravishda qayta taqsimlashni bildirardi (Yamayya kelishuvi, 1976-1978 yy.). Valyuta munosabatlari mexanizmidagi o’zgarishlar 1978 yil 1 apreldan kuchga kirdi va quyidagilardan tarkib topgandi:
oltinning rasmiy narxi bekor qilindi (XVFning mavjud oltin zahirasining 33 foizining 1/6 qismini ochiq auktsionlarda sotish va yana 1/6 qismini a’zo davlatlarga tarqatish yo’li bilan hisobdan chiqarishgandi);
SDR JVTning asosiy rezerv aktiviga rasmiy ravishda aylantirildi.
Valyuta kurslarining «suzuvchi» tizimi qonunlashtirildi. A’zo - davlatlar o’z valyuta paritetini SDR yoki boshqa chet el valyutasida ifodalay olishi mumkin edi (ammo oltinda emas).
Xalqaro valyuta boshqarish sohasi kengaytirildi. Buning uchun XVF qoshida iqtisodiy siyosatni muvofiqlashtirish bo’yicha a’zo-davlatlar vazirlari darajasida qo’mita tashkil etildi.
Tashkil topgan valyuta tizimi ko’p jihatdan 70-yillardagi jahon xo’jaligining o’zgargan sharoitlariga javob berardi.