Shakllanishi



Yüklə 51,02 Kb.
səhifə2/2
tarix23.01.2023
ölçüsü51,02 Kb.
#80245
1   2
Театр режа

§ 1.2. Teatr san’ati -Turkiston ijtimoiy va madaniy 
hayotining ko‘zgusi sifatida.

O‘zbek xalq teatri uzoq tarixga ega bo‘lishiga qaramay, bu san'at turini yaratish XX asrning 10-yillarida jadidlar zimmasiga tushdi. Toshkent, Samarqand, Qo‘qon teatr havaskorlar truppalari tuzilib, samarali ish olib bordi. Samarqandda Behbudiyga ergashib, Abdulla Badriy (”Juvonmarg”, ”Ahmoq”), Hoji Muin (”Eski maktab–yangi maktab”, ”Ko‘knori”, ”Mazluma xotin”, ”Juvonbolzik qurboni”, ”Boy ila xizmatkor”, ”Qozi ila muallim”), Nusratilla Qudratulla o‘g‘li (”To‘y”, ”Kengash majlisi”), Toshkentda Abdulla Avloniy (”Advokatlik osonmi?”, ”Pinak”, ”Biz va siz”), Abdulla Qodiriy (”Baxtsiz kuyov”), G‘ulom Zafariy (”Baxtsiz shogird”), Farg‘ona vodiysida Hamza Hakimzoda Niyoziy (”Zaharli hayot”, ”Ilm hidoyati”, ”Mulla Normuhammad domlaning kufr xatosi”), Xurshid (”Orif ila Ma’ruf”,”Qora xotin”), nihoyat, Buxoroda Abdurauf Fitrat (”Begijon”, ”Mavludi sharif”, ”Abo Muslim”) kabi adiblarimiz bir qator dramalar yozdilar. 1916-yilgi mardikorlik voealariga bag‘ishlangan dramalar paydo bo‘ldi. Masalan, Hamzaning ”Loshmon fojiasi”, muxtoriyat haqida ”Avtonomiya yoki muxtoriyat”, Fitratning mashhur ”Temur sag‘anasi” dramasi Turkiston muxtoriyatining fojionona qonga botirilishi taassurotlari asosida maydonga kelgan edi6.


Adabiyotimizda mazkur yangi janrlarning dunyo yuzini ko‘rishi jarayoni go‘yat og‘ir kechgan. Behbudiy o‘z ”Padarkuish”ini 2 yil deganda zo‘rg‘a nashr qilishga muvaffaq bo‘ldi. Sahnaga qo‘yilishi uchun yana bir yil ketdi. 1911-yilda yozilgan asar 1914-yildagina sahna yuzini ko‘rdi. Bu davrda Turkistonga tatar teatrlarining tez-tez gastrolga kelishi, Ozarbayjonda ta'lim olgan yoshlarning ozar teatri yangiliklaridan xabardor bo‘lishi, o‘zbek-ozarbayjon madaniy aloqlarining asr boshlaridan izga tushishi o‘zbek professional teatrining tug‘ilishiga tamal toshini qo‘ydi. Garchand o‘zbek teatri 1913-yilda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush” dramasi bilan boshlangan bo‘lsa-da, turk yozuvchisi Shamsiddin Samibekning “Kovai ohangar”, ozarbayjon dramaturglari Husayn Jovidning “Iblis”, “Shayx San'on”, M.Urduboduning “Andalusning so‘nggi kunlari” singari dramalarining sahnalashtirilishi o‘zbek teatrining shakllanishida muhim omillardan biriga aylandi. Milliy teatrimiz tarixida shu narsa ma'lumki, 1913-yili, qariiyb bir vaqtda, Samarqandda Behbudiy, Toshkentda esa Avloniy boshchiligida havaskorlar truppasi paydo bo‘lgan. Toshkentdagi truppa jadidlarning madaniy markazi hisoblangan “Turon” jamiyati qoshida tuzilgani uchun keyinchalik u “Turon” teatr to‘dasi nomini oldi.
1916-yilda bu truppada o‘z faoliyatini boshlagan Mannon Uyg‘ur o‘zbek milliy zamonaviy teatrining shakllanishi va rivojlanishida yetakchi rolni o‘ynadi. So‘z san’atining asosiy turlaridan biri bo‘lgan drama yunoncha so‘z bo‘lib, harakat, amal-faoliyat degan ma’nolarni bildiradi. Pyesa, asosan, sahnada ijro etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, suhbat-dialog shaklida yoziladi. Unga bayon va tasvirlashga xos usullar yot bo‘lganidan, muallif personajlar xatti-arakatini, hodisalarini bevosita tahlil etish imkoniyatiga ega emas7.
Bunday vazifalar dialog yatkchiligida, monolog, remarka va pauzalar yordamida muayyan vaqt ichida ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan qismatlar shaklida amalga oshiriladi. Har bir voqeaga yo‘nalish beriladi. Dramatik asar tanaffuslar bilan ko‘rsatilgani sababli, har qaysi qismi parda deb yuritiladi. Parda ichida ko‘rinishlar bo‘ladi. Drama bir necha ma’noda keladi, keng ma’noda badiiy ijodning mustaqil bir turini-dramaturgiyani anglaatdi. Tor ma’noda tragediya va komediya, ya’ni darama janrini bildiradi. Yana drama harakat-parda-akt ma’nosini ham qamraydi: uch pardali yoki bir pardali pyesa. Estetik tushunchalardan tashqari, keng xalq ommasi drama so‘zini tanglik, mushkullik, g‘am-tashvish ma’nolarida ham qo‘llaydi. Sahna asarlari dramadan tashqari, tragediya va komediya janrlariga bo‘linadi.
Ularning hammasida ham g‘oyani, maqsdani ifodalovchi xarakterlar harakati, faoliyati va o‘zaro aloqasiga kuch bag‘ihslovchi, shu munosabatlarga muayyna shakl, yo‘nalish bag‘ishlovchi vosita dramatik qarama-qarshilikdir. Qarama-qarshilikning hayotiy mazmun va shakli sahna asarlari janrini belgilaydi, ayni vaqtda ulardagi dramatik harakatga kuch bag‘ishlab, uni maqsad sari yo‘naltiradi. Shu sababdan dramatik qarama-qarshilik dramaning poydevorini, doimiy rivojlanuvchi harakatining zaminini tashkil etadi. Qarama-qarshilik o‘ziga xos xususiyatiga ko‘ra sahna asarining butun badiiy to‘qimasiga, g‘oyani ifodalashning bosh usuli-dialogdan tortib, monolog va remarkalargacha singigan, tomir otgan, ularni bir-biriga bog‘lagan bo‘ladi. Sahna asarlarining mohiyatini, pafosini, ta’sirchanligini dramatik harakatning o‘ziga xos shakli hisoblangan dramatizm tashkil qiladi.
Dramatizm qarama-qarshilik negizida, xarakterlar og‘ir, tang va muhskul holatlarga tushgan damlarda yuzaga chiqadi. Shu sababli, u tragediyada targizm, komediyada komizm mohiyatida kechadi. Pafos asarning g‘oyaviylik bilan badiiyligi birligda yuzaga chiquvchi ehtirosli, ta’sirchan ruhidir. Sahna asarlari voqe-hodisalarni keng qamrab olish xususiyatiga ko‘ra epikdramatik mohiyatga ega bo‘lib, faqat sahna hayoti bilan cheklanmaydi. Shuning uchun u epos proza va poeziya-lirika kabi adabiyotning mustaqil turi hisoblanadi. Sahna asari-pyesa suhbat-dialog hamda personajlarning yakka holatdagi so‘zlari-monologlardan tashkil topgani sababli, so‘zlashuv nutqiga yaqin tiradi. Shu bilan birga, sahna asari orqali personajlarni faoliyatda, amalda ruhiy va jismoniy xatti-harakatda ko‘rsatishga tabiiy undovchi, hayajonli, keskin, dramatizmga boy holatlar sodir qiluvchi o‘tkir qarama-qarshi holatlarning yuzaga chiqa borishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Sahna asarlaridagi g‘oyani ifoda qiluvchi obrazlar xarakterini ochuvchi vosita va usul bo‘lgan qarama-qarshilik pyesalarda ikki umumiy ko‘rinishga ega: 1. Dramatik asarlarda qarama-qasrhilik (kolliziya) personajlar o‘rtasidagi kurash tarzida. 2. Qandaydir ziddiyatli holatlarni anglab yetishlari ular ta’sirida turli ruhiy kechinmalarga tushishlari qabilida ham ifodalanishi mumkin. Qarama-qarshilikka xos bunday ikki tipologik umumiy ko‘rinish asardagi g‘oyaviy yaxlitlik va birlik bilan bog‘langan bosh sahnaviy harakatning –qiziqarli, keskin rivojlanib boruvchi dramatik yo‘nalishning ikki xilda ko‘rinishini ta’minlaydi.
Drama qadimiy Gretsiyada, ya’ni Yunonistonda dastlab diniy marosimlarda ijro etiladigan, kuylanadigan asarlar sifatida paydo bo‘ldi. Uzoq va murakkab rivojlanish yo‘llarini bosib o‘tgan yunon dramasi, xususan, uning tragediya janri, o‘z manbalarini afsonaviy xudolar–Zevs bilan Semeli o‘g‘li–mevalar xudosi Dionis azob-uqubatlarini kuylovchi g‘amgin qo‘shiqlardan oldi. Drama Yunonistonda bizning asrimizdan oldingi beshinchi asrda, antik adabiyot davrida, ayniqsa, Esxil, Sofokl, Evripid singari tragediyanavislar ijodida rivoj topdi. Antik dunyo komediyasining paydo bo‘lishi Aristofan nomi bilan bog‘liq. O‘sha davr dramasi, asosan, she’riy shaklda bo‘lib, falsafiy mazmundorligi, obrazlarining g‘oyat azamat va ulug‘vorligi bilan ajralib turishi katta ijtimoiytarbiyaviy rol o‘ynardi. Yunon adabiyoti an’analari italyan hayotiga ansub xusuiyatlar bilan boyidi. To‘ylarda, turli hosil bayramlarida ko‘rsatiladigan komediyalarda niqob maska kiyib qatnashuvchi doimiy personajlar paydo bo‘ldi. Bu davr dramalari yangi komediyalar nomi bilan shuhrat taratdi. Drama Angliya va Ispaniyada keng taraqqiy etdi. Yevropada melodrama(yunoncha “qo‘shiq va drama” so‘zlaridan tashkil topgan bo‘lib, qahramonlari o‘ta hissiyotli, g‘aroyib holatlarda o‘zaro kurashadi. Bunda ijobiy kuchlar albatta g‘olib chiqadi) paydo bo‘ldi. Uning namunalarida dialog va monologlar musiqa jo‘rligida ijro etildi. Rossiyada drama taraqqiyoti XVIII asrdan boshlandi8.
XIX asrdan bu drama g‘oyaviy ijodiy kamolotga, mustaqillikka erishdi. XX asr boshlarigacha o‘zbek xalq dramaturgiyasi asrlar qa’riga singib boruvchi uzoq o‘tmishda og‘zaki pyesalar shaklida hukm surdi. Madaniyatimiz tarixi bilan rivojlanib kelgan bu san’at turi sinkretik aralash mohiyatga molik xalq teatri bilan bir butunlikda, ayniqsa, qiziqchilik va qo‘g‘irchoq taetrlari hamda turli ommaviy sayil-tomoshalar bag‘rida yashadi. Islom mafkurasi o‘z hukmronligi davomida butun o‘rta asrda teatr san’atining rivojlanishiga g‘ov bo‘lib keldi. O‘rta Osiyo Rossiya tomonidan bosib olingach, o‘lkada Yevropaga xos teatr va dramaturgiyaga qiziqish uyg‘otdi. Ayniqsa, XIX ar oxirlarida o‘lkada rus fuqarolarining ko‘payishi Turkiston teatr truppalarining paydo bo‘lishiga, Toshkentda birdan-bir kasbga aylangan birinchi teatrning (1877) tashkil etilihsiga olib keldi.
Yangi teatrga qiziqish uni mahalliy xalq orasida targ‘ib etish bilan qo‘shildi. Iqtisodiy, siyoisy va madaniy hayotdagi o‘zgarishlar ma’rifatparvarlik g‘oyalari bilan maydonga chiqqan jadidlar nuqtai nazaridan yozuvchilar tomonidan yevropacha dramatik asarlarning paydo bo‘lishiga olib keldi: Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush”(1911-1913), pyesasi bu sohadagi birinchi asarlardan hisoblansa, Hamza Hakimzoda Niyoziy qalamiga tegishli “Zaharli hayot”, “Ilm hidoyati” (1916) pyesalari yozma drama namunalari edi. Nusratullo Qudratullaning “To‘y”, Badriyning “Juvonmarg”, Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov” kabi pyesalari o‘sha yillarda nashr qilindi. Hoji Muin Shukrulloning “Mazluma xotin”, “Juvonbozlik qurboni”, kabi pyesalari ham shu turdagi sahna asarlari jumlasidandir. Teatrshunoslarimiz inqilobgacha o‘n beshdan ortiq pyesa nashr qilinganini e’tirof etadilar.
Shu bilan birga ayrim pyesalarda ma’rifatparvarlik g‘oyaalri ma’lum darajada cheklangan insoniy dramalar doirasida, ko‘proq mahalliy kadrlar yetishtirish bilan aloqadorlikda ko‘rindi. Buning ustiga o‘lkada endigina paydo bo‘lgan jaded dramaturgiyasi namunalari orasida yuksak saviyaga ko‘tarilgan, rang-barang, kuchli xarakterlari bilan jalb qiladigan, san’atimizda chuqur iz qoldirgan pyesalar juda oz edi. Lekin dramaturgiyamizdagi bunday namunalar yangicha san’at turi an’analarining boshlanishi sifatida muhim ahamiyatga egadir. O‘ninchi yillarda jadid dramaturgiyasi bilan bir qatorda, keng mehnatkashlar omma tabaqalari hayotini, manfaatini qamragan xalqchil ruhdagi dramaturgiya va teatr gruppalari ham maydonga keldi. Bu sohada Abdulla Avloniy va Hamza Hakimzoda Niyoziy alohida xizmat ko‘rsatdilar. Hamza Hakimzoda Niyoziy “Zaharli hayot” (1915), “Ilm hidoyati”(1916) kabi pyesalari bilan o‘zbek xalqchil dramaturgiyasisini boshlab berdi. Avloniy esa “Advokatlik osonmi?” (1916), “Pinak” singari sahna asarlari bilan bu davr dramaturgiyasi qaror topishiga hissa qo‘shdi. Teatr san’ati misli ko‘rilmagan darajada tez, umumiy rivojlana bordi. Teatr san’ati o‘zining badiiy asosi–dramaturugiyasiz yashay olmasligini hisobga olsak, bu ijod turi yuksalishida ham katta imkoniyatlar yaratilgani oydinlashadi. Hamza, Avloniy, Fitrat, Komil Yashin, G‘ozi Yunus, Cho‘lpon kabi ijodkorlar dramaturgiya sohasini rivojiga munosib hissa qo‘shdilar. Dramaturgiyamiz tarixiga nazar tashlasak, 1940-yillargacha bo‘lga davrda Hamza, Cho‘lpon, Fitrat, G‘afur G‘ulom singari san’atkorlarning sanoqli komediyalari mavjudligini ko‘ramiz. Ustozlarining ijodiy yo‘lini davom ettirgan adiblardan biri Said Ahmad bu janrni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tardi.
Teatr sahnasi - hayot ko‘zgusi. Demakki, sahnaga olib chiqilgan asar voqeasi shu davr va zamonning hayotiy aksidir. Teatr san’ati va tarixini, sahnada ijro qilinayotgan turli davrlar aks ettirilgan sahna asarlarini, spektakllarning g‘oyasi, zamon va zamondoshlar, bugungi kun qahramonlarining siymolarini sahnada namoyon etish borasida har bir aktyorning san’ati va ijro mahorati to‘g‘risidagi fikrlarni bir necha varaqdan iborat bo‘lgan kichik bir kitobchada ifoda etish oson emas.
Teatr sahnasida zamon bilan ham nafas uning yaratuvchisi bo‘lmish zamondoshlarimiz hayoti, taqdiri, iztirobi, quvonch va tashvishlari, tarixiy davrlar, buyuk shaxslar ijodi va hayoti ifoda etilgan sahna asarlarining g‘oyaviyligi va mazmun-mohiyati bilan tomoshabinlarga ibrat maktabi bo‘la oladigan tarbiyaviy ahamiyatga ega badiiy dramatik asarlar aktyorlarning jonli ijrosi orqali hayotiyligini ifoda etadi.
Xorazm viloyati musiqali drama teatrining tarixi 1922 yildan boshlanadi. Xorazm viloyati musiqali dramateatrining tashkil topganiga2022 yil 100 yil to‘ladi.Salkam bir asrga teng teatrtarixiga nazar tashlasak, bu otaxonteatr 1922 yil 22 aprelda Xorazm poytaxti Xiva shahrida Xorazm “Hukumat teatri” sifatida tashkil etildi. Teatrning ijodiy jamoasiga taniqli xalq talantlari mujassamlanib, uning ilk rejissyori Muhammad Sharif Polvonov “Hukumat teatri”da o‘z faoliyatini kichik sahna asarlarini sahnalashtirishdan boshladi. Keyinchalik to‘laqonli dramatik asarlarni sahnalashtiradi va xalq orasida hurmat topa boshlaydi. Hamzaning “Boy ila xizmatchi”, “Xiva inqilobi”, “Tuhmatchilar jazosi”, “Zaharli hayot”, Mannon Uyg‘urning “Farg‘ona fojealari”, “Turkiston tabibi”, G‘ulom Zafariyning “Erk bolalari” kabi pesalar shular jumlasidandir. 1923 yilda Xivada birinchi marta Fotixiy Burnoshning “Zuhra va Tohir” asarini sahnaga qo‘yilishi Xorazm sahna san’atining katta yutug‘i bo‘ldi.
Teatrning ilk ustunlari qatorida Muhammad Yusup Xarratov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), Komiljon Otaniyozov, Qadam Qutliyev, Jumaniyoz Qalantarov, Sharif Olloyorov, Samandar Saraymanov, Umar Qurboniy, Ro‘zmat Yusupov, Saodat Muxtorova, Hayotxon Abdullajanova, G‘ani Jalil kabi fidoyi san’atkorlarni hurmat bilan esga olamiz. 1933 yilda Xorazmning markazi Urganchga ko‘chganligi munosabati bilan teatrning asosiy ijodiy jamoasi ham Xorazmning yangi poytaxti Urganchga ko‘chiriladi va “Xorazm okrug davlat musiqali drama teatri” nomida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, keyinchalik truppaga S.Ho‘jayev, S.Kamolov, K.Rahmonov, V.Fayozov, S.Devonov, B.Devonova, Razzoq Omonov, Ohunjon qiziq Huzurjonov, O‘.G‘oyipova, N.Yusupova,R.Boyjonova, R.Ollaberganov, M.Safoyev, O.Polvonova,R.Xudoyorov, Yusufjon qiziq, Z.Qabulov,S.Musayeva, S.Olimov,R.Abdurahmonova, Tamaraxonim, R.Shokirov, I.Qosimov, A.Turdiyev, M.Otajonov, O.Safoyev, X.Nodirova, Q.Bobojonov va boshqa talantli aktyor va sozandalarni, rejissyor va rassomlarni, teatr tashkilotchilarini kelib qo‘shilishi teatrning yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarilishiga,uning musiqali drama teatriga aylanishiga sabab bo‘ldi.
Ana shunday katta kuch va imkoniyatga ega bo‘lgan teatr jamoasining yildan-yilga repertuari boyib, sahnada yangidan-yangi sahna asarlari namoyish etildi. Jumladan; K.Yashinning “Yondiramiz”, “Nomus va muhabbat”, “Gulsara”, “Tor-mor” N.Safarovning “Uyg‘onish”, Xurshidning A.Navoiy poemasi asosida yaratgan “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” musiqali dramalari, H.H.Niyoziyning “Maysaraning ishi” musiqali komediyasi, Uyg‘unning “Hayot qo‘shig‘i”, “Navbahor”, “Oltinko‘l”, A.Qahhorning “Yangi yer”, “Og‘riq tishlar”, B.Rahmonovning “Yurak sirlari”, “Surmaxon”, O.Yoqubovning “Chin muhabbat”, Izzat Sultonning “Alisher Navoiy”, Oybekning “Qutlug‘ qon”, S.Abdullaning “Muqimiy”, “Tohir va Zuhra”, “Alpomish”, H.Olimjonning “Semurg‘”, Yu.Yusupovning “Oshiq G‘arib va Shohsanam” H.G‘ulomning “Toshbolta oshiq”, M.Karimning “Oy tutilgan tunda”, “M.Ashrafiyning “Dilorom”, Shuhratning “Besh kunlik kuyov” komediyasi, O.Abdullayevning “O‘n uchinchi rais” kabi asarlari teatr repertuaridan munosib o‘rin oldi va tomoshabinlar qalbida muhrlanib qoldi.Teatrda chet el va rus klassik dramaturgiyasining eng yaxshi tarjima asarlaridan K.Gorsining “Malikai Turondot”, N.V.Gogolning “Revizor”,A.S.Pushkinning “Xasis ritsar”, A.N.Ostrovskiyning “Sepsiz qiz”, “Aybsiz aybdorlar”,Molerning “Skapenning nayranglari”,F.Shillerning “Makr va muhabbat”, N.Dumbadzening “Xush kelibsiz”, E.Roblesning “O‘limdan kuchli”, Shekspirning “Gamlet” kabi asarlari sahnalashtirildi9.
1959 yil Muhammadrizo Ogahiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan teatrga Ogahiy nomidagi Xorazm Davlat musiqali drama va komediya teatri nomi beriladi Bu davrda teatrning ijodiy jamoasi malakali kadrlar, iqtidorli ijodkorlar hisobiga o‘sib bordi.
Davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan taniqli faxriy ustoz san’atkorlardan: Xoshim Islomov, Xabib Opponov, Ibodulla Niyozmetov, Ro‘zmat Xudoyorov, Bekjon Otajanov, Qadam Rahimov, San’at Devonov, Madrim Bobojonov, Otamurod Bekchanov, Sultonposhsha Rahimova, Shuhrat Devonov, Salohiddin Kamolov, Rahmatulla Matqurbonov, Odamboy Bobojonov, Xodivoy Nakiyev, Matnazar Niyozmetov, Rahmatulla Matqurbonov, Bikajon Rahimova, Zoya G‘affarova, Orazqilich Tog‘anov, Jumaboy Nurlayev, Po‘lat Matyoqubovlarning teatr san’atini rivojlantirishda xizmatlarini hurmat bilan xotirlaymiz. 
1991 yilning 2 noyabrkunidagi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Viloyatlardagi teatrlarning yubileylarini o‘tkazilishi to‘g‘risida”gi 277-son Qaroriga asosan Xorazm viloyati musiqali drama teatrining 70 yillik yubileyi tantanali va ko‘tarinki ruhda keng nishonlandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan keyingi yillar davomida Ogahiy nomidagi Xorazm viloyat musiqali drama va komediya teatrining repertuarida ham turli mavzulardagi, istiqlolimizni targ‘ib va tarannum qiluvchi zamon ruhiga mos voqealar aks ettirilgan, milliy urf-odatlarimiz, vatanparvarlik, mehr-muhabbat, insoniy tuyg‘ular singdirilgan tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan asarlarni sahnalashtirilishi teatr faoliyatini yanada yuksalishiga sabab bo‘ldi.Jumladan: A.Navoiyning “Layli va Majnun”, X.Rasulning “Tili asalim”, “Dilbar yuraklar”, Yu.Yunusovning “Oshiq G‘arib va Shohsanam”, Q.Matrizayevning “Mahtumquli” musiqali dramalari, “Bugunning shum bolasi”, “Oltin topgan qullar” komediyalari, K.Avazning “Avesto mehr farzandi”, “Shoh bo‘ldi ishq ichinda” “So‘ngan umidlar”, “Feruz”, ”Dilbandi Xiva” tarixiy dramalari, A.Nesinning “Jonginam jonimni ol”, E.Samandarovning “Jaloliddin Manguberdi”, “Arab Muhammadxon”, J.Puareni “Aldagani xotin yaxshi”, G‘.G‘ulomning “Xasan Kayfiy”, J.Mahmudning “Tamg‘a” “Eshmat tajang uylanarmish”, B.Nushichning “Chirog‘imni kim yoqadi”, E.Vohidning “Ikkinchi tumor”, E.Xushvaqtovning “Chimildiq”, N.Salayevning “Yurakdagi jarohat”, “To‘maris”, M.Asadullaning “Mening nafsim balodur”, N.Salayevning “Ximmat” kabi spektakllar sahnalashtirildi.
Mustaqilligimizning 28 yilligi davomida O‘zbekiston teatr san’atini targ‘ib etishda xalqimizga samarali va fidoyi xizmat qilgan, ijodiy barkamol teatr xodimlari munosib taqdirlanib kelmoqdalar. Jumladan: O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi unvoni bilan Otaxon Allaberganov, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti unvoni bilan taniqli san’atkorlardan Bikajon Rahimova, Gulora Rahimova, Shirin Romazonova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan aktyorlardan Bekchon Otajonov, Xajixon Artiqov, Odamboy Bobojonov, Shuxrat Devonov, Baxtiyor Omonboyev, Orazkilich Toganov, Jumabay Nurlayev, Komilbay Tojiboyevlar, taqdirlandilar.
Teatrimizning ijodiy jamoasi keyingi yillarda bir qadar yashardi. Bu esa o‘z navbatida teatrga bugungi yoshlar didiga mos, qiziqishlari va dunyoqarashlaridan xabardor zamonaviy ijodiy salohiyatga ega bastakor va dramaturglarni jalb etishni talab qiladi. Teatrda Respublika va mahalliy dramaturglar bilan hamkorlikda ijodiy izlanishlar olib borilmoqda. Ana shu izlanishlar mahsuli sifatida teatrda Yu.Yunusovning “Oshiq G‘arib va Shoxsanam” (musiqali drama, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), E.Usmonovning “Orzumdagi kelin” (komediya, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), N.Xoshimovning “Razolat qurbonlari” (fojea, sahnalashtiruvchi rejissyor O.Abdullayev), S.Xamroyevning “Gumroh” (drama, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), zamon qahramoni mavzusidagi asarlardan R.Muhammadjonovning “Oydin” (drama, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Otajonov) G.Qurbonovaning “Oshiqlar” (musiqali komediya, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Yuldashev), “Bog‘bon” (musiqali psixologik drama, sahnalashtiruvchi rejissyor Q.Yaqubov), E.Samandarovning “Sulton Jaloliddin”(tarixiy drama, sahnalashtiruvchi rejissyor J.Sotiboldiyev), Abdulla Qodiriyning “Toshpo‘lat tajang nima deydi” xajviy xikoyalari asosida M.Muhammadaminova inssenirovkasi “Anvoyi tashvish” (satirik komediya, sahnalashtiruvchi rejissyor A.Otajonov) Qurbon Muhammadrizoning “Mahtumquli” (tarixiy musiqali drama, sahnalashtiruvchi rejissyorlar X.Artiqov, O.Abdullayev) kabi sahnalashtirilgan spektakllar tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan teatrlarga bo‘lgan e’tibor vayaratilayotgan shart-sharoitlardan ruhlangan teatr jamoasi qisqa muddatda katta natijalarga erishdi. Teatrning ijodiy jamoasi 2014 yilda “Debyut-2014” Respublika teatrlarining ko‘rik-festivalida dramaturgiya yo‘nalishi bo‘yicha rejissyor A.Yuldoshev tomonidan sahnalashtirilgan G.Qurbonovaning “Palaxmon toshi” musiqali komediyasi bilan ishtirok etdi va Diplom bilan taqdirlandi. 2018 yilda esa rejissyor J.Sotiboldiyev tomonidan sahnalashtirilgan E.Samandarovning “Sulton Jaloliddin” tarixiy drama bilan “Debyut-2018” Respublika teatrlarining ko‘rik-festivalida ishtirok etib, Diplom bilan taqdirlanib, fahrli o‘rinlarga sazovor bo‘ldilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017 yil 15 oktabr kuni Xorazm viloyati musiqali drama teatriga tashrif buyurib, teatrning ta’mirlash ishlari bilan tanishdi va teatr direktori D.Ibragimova bilan teatr san’atini yanada rivojlantirish mavzusida suhbat o‘tkazdi.
2018 yil 23-24 aprel kunlari Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Xorazm viloyati musiqali drama teatriga ham tashrif buyurdilar. 2018 yilning 24 aprel kuni Xorazm viloyati musiqali drama teatrida ikki davlat prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuxammedov tashrifiga bag‘ishlangan “Do‘stlik” konserti dasturida Turkmaniston va O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari, folklor ansambllari ishtirokida ikki xalqning betakror san’ati namoyish etildi. Ushbu ma’lumotlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati tomonidan yoritib borildi.
Teatrimiz 2019 yil 27-30 aprel kunlari Turkiya davlatining Adana shahrida o‘tkazilgan Sabanji teatrining 21-Xalqaro festivalida Erkin Samandarovning “Sulton Jaloliddin” tarixiy spektakli bilan ishtirok etdi va turk tomoshabinlari, teatr ixlosmandlari e’tiborini qozondi. Xorazm teatri Turksoy madaniyat Xalqaro festival tashkilotchilari tomonidan estalik sovg‘alar va do‘stona tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Ikki davlat teatrlari o‘rtasida do‘stona hamkorliklar tashkil etildi. 
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda to‘liq erkin ijod muhiti hamda san’at va madaniyatning barcha turlarini rivojlantirishga shart-sharoitlar yaratildi. E’tiborli tomoni shundaki, teatr rahbari D.Ibragimova tomonidan ayniqsa yoshlarga keng yo‘l ochib berilgan bo‘lib, ularning ijod qilishlari uchun zarur bo‘lgan barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Natijada, teatrning ijodiy truppasi tomonidan ijodiy jarayon yanada jonlanib, sahnada yoshlar tarixiy, milliy, zamon qahramonlari qiyofalarida gavdalana boshladi.
2019 yilning 10-16 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasining 28 yilligiga bag‘ishlangan O‘zbekiston teatrlarining “Seni kuylaymiz zamondosh” V-Respublika ko‘rik-festivali Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bo‘lib o‘tdi. “Seni kuylaymiz zamondosh” ko‘rik-festivalida Xorazm viloyati musiqali drama teatri ham zamon qaxramoni mavzusidagi G.Qurbonovaning “Bog‘bon” psixologik dramasi bilan ishtirok etdi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirliklari tomonidan “Fahriy yorliq”, “Tashakkurnoma”lar hamda estalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
2019 yilning 29 iyun - 4 iyul kunlarida Ozarbayjon Respublikasining Baku va Sheki shaharlarida o‘tkazilgan “Ipak yo‘li” X Xalqaro festivalida ishtirok etgan teatrning kichik bir ijodiy guruhi tomonidan Xorazm milliy klassik sahna asarlaridan Oshiq G‘arib va Shohsanam ariyalari ijro etildi va festival doirasida o‘tkazilgan tadbirda munosib taqdirlandi.
Teatrning ijodiy jamoasi 2019 yilning 10–15 oktabr kunlari Kozog‘iston Respublikasining Aktau shahrida qozoq milliy adabiyoti namayondasi, xalq yozuvchisi Abish Kekilboyevning 80 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan “ABISh ALEMI” I Xalqaro teatr festivalida ishtirok etib, milliy klassik asarlaridan Yu.Yusupovning “Oshiq G‘arib va Shoxsanam” musiqali dramasini 12 oktabr kuni Mangistau viloyati Aktau shahar N.Janturin nomli musiqali drama teatrida 500 dan oshiq tomoshabinlarga namoyish etildi vafestival ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi. Ushbu spektakl festival xay’ati tomonidan munosib baholandi va “Diplom” hamda estalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan joriy yilda “Teatr tomoshalari xaftaligi” doirasida namoyish etilgan dekoratsiyalar ko‘rgazmasi tanlovida teatr rasomi O‘.Alimova ishlagan sahna dekoratsiyalari uchun “Eng yaxshi spektakl dekoratsiyalari” nominatsiyasi bo‘yicha Xorazm viloyati musiqali drama teatri II-darajali Diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, teatrda ko‘p yillardan buyon ishlayotgan teatrning sahnalashtiruvchi rejissyori A.Yuldashevning o‘z kasbiga fidoyiligi, ijodiy faoliyati xukumat rahbariyati tomonidan yuqori baholanib “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.Teatrning ijodiy xodimlari, balet artistlari joriy yilning 13-16 sentabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan Xalqaro “Raqs sehri”IV festivalida ham faol ishtirok etdilar. Ushbu festivalda teatrning balet artistlaridan Qodirova Muborak “Eng ko‘p muxlislar olqishiga sazovor bo‘lgan raqs ijrochisi”, Jumaniyozov Jamshid “Eng yaxshi xorijiy raqsi erkak ijrochisi” nominatsiyalarini oldilar10.
Xorazm viloyati musiqali drama teatri ijodiy jamoasining yangi spektakllar bilan chet el Xalqaro festivallarida, gastrol safarlarda, “Debyut”, “Seni kuylaymiz zamondosh” Respublika teatrlari ko‘rik-festivallarida faol ishtirok etishi, teatrning yuksalish yo‘lidagi muhim va dadil qadamlaridir. Mamlakatimiz rahbariyati teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy va jahon talablariga to‘la javob beradigan teatr uskunalari bilan jihozlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Oldimizga qo‘yilgan o‘zbek halqi tomosha san’atini yanada rivojlantirish, ommalashtirish, teatr san’atini takomillashtirishkabi vazifalarni amalga oshirishteatrimizning ijodiy, oliy maqsadlari sirasiga kiradi. Sahnadagi tomoshadan tomoshabin madaniy va ma’naviy xordiq chiqarishi, o‘ziga kerakli xulosa va ibrat olishi, ularni kayfiyatini ko‘tarib, shodlik baxsh etish – bu teatr jamoasining asosiy burchi va ijodiy faoliyatidagi oliy maqsadidir.


1 Tursunboyev S. “Xorijiy teatr tarixi” , T., 2005. -b 56.

2 Qodirov M. “O’zbek teatri an’analari”, T.,1976. -b 23.



3 O'zbek milliy akademik dramma teatrining Vikipediya sahifasi. 02.06.2022.

4 Muqimiy teatrining Vikipediya sahifasi. 02.03.2022.

5 Qo‘qon teatri Vikipediya sahifasi.03.05.2022

6 G ‘afur G‘ulom. Mukammal asarlar to‘plami. 11-tom, Toshkent, 1989. -b 56.

7 Normatov U. Ufqlarning chin oshig'i. T.: 2008. -b 89.

8 Шарафиддинов О. Ижодни англаш бахти. - Т., Шарқ, 2004. -b 87.

9 Yo‘ldoshev Q. Yoniq so‘z. –T.: «Yangi asr avlodi», 2006. -b 45.

10 Tursunboyev S. “O’zbek teatri tarixi”, T., 2007;

Yüklə 51,02 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin