Oila va oilaviy munosabatlar borasidagi qarashlar (4)
Kaykovus qalamiga mansub Qobusnoma asari (1082-1083 yillarda yozilgan) Sharq xalqlari orasida ma’lum va mashhurdir. Qobusnomada qator ibratli va hayotiy pand nasihatlar bilan birgalikda "ishq va uning odatlari zikrida", "xotin olmoq zikrida" ham qimmatli ma’lumotlar berilgan.
"Ey farzand, to kishining ta’bi latif bo’lmaguncha oshiq bo’lmag’usidir, nedinkim ishq beshak ta’bi latiflikdan paydo bo’lur. Har narsaki ta’bi latiflikdan paydo bo’lsa, ul beshak latif bo’lur". Bu yerda insonning qalbi toza, pok va axloqan yuksak bo’lsa, uning ko’ngli, sifat va fazilatlari ham, hissiy kechinmalari ham sof va chiroyli bo’lishiga ishora qilingan. "Bas, agar oshiq bo’lsang shundoq kishiga bo’lgilki, ul ma’shuqalikka loyiq bo’lsin". Bunda bo’lg’usi er-xotinning nikohigacha davrda bir-birini ko’rib-bilib, sinab ma’shuqaning oqila, orasta, tejamkor, saranjom-sarishta, bola tarbiyasini, uy-ro’zg’or ishlarini o’rniga qo’yadigan kamtarin va eriga sadoqatli bo’lishi nazarda tutiladi. Ey farzand, agar xotin olmoq tilasang, o’z hurmatingni yaxshi saqlagil. Garchi mol aziz bo’lsa ham xotin va farzandingdan darig’ tutma. Ammo xotinni pok dil, farzandni farmonbardor va mehribon tutgil bu ish sening qo’lingdadir. Bu o’rinda xotinga xos munosabatda bo’lish erning ixtiyorida ekanligi ogohlantirilgan. Xotin talab qilsang, xotinni molini talab qilmagil, xotin pok nixod (toza tabiat va pok dil) bo’lsin. Kadbonu (uy bekasi va ishchan xotin)eriga do’st bo’lgay. Hayolig’, taqvador, tili qisqa, molni yaxshi saqlaguvchi bo’lsin. Debdurlarki, yaxshi xotin erning va umrning rohati bo’lur. Bunda esa bo’lg’usi turmush o’rtog’ini tanlashda erning oldidagi mas’uliyat va latif xotin bo’lishga xos fazilatlar bayon qilingan. Agar sen xotiningga rashklik qilmasang, u senga samimiyat bilan munosabatda bo’lur. U senga ota-onang va farzandlaringdin ham mushfiqroq bo’lur va senga undin do’stroq kishi topilmas. Agar unga g’ayrroq (rashk, qizg’anish) ko’rguzsang, senga ming dushmandin dushmanroq bo’lur va begona dushmandin hazar qilsa bo’lur, lekin undin hazar qilib bo’lmas. Bunda er-xotinning o’zaro munosabatlarini ziddiyatlarning shakllanishiga olib keluvchi sabablar va omillar haqida gap boradi.