Bevosita xarajatlar deb, mahsulotning ayrim turlari tannarxiga
to‘g‘ri o‘tkaziladigan xarajatlarga aytiladi.
Masalan: texnologik mahsulotlar uchun sarflangan xomashyo va
asosiy materiallar, ishlab chiqarishda band bo‘lgan ishchilarning asosiy
mehnat haqi va boshqalar.
Bilvosita xarajatlar deb, hisobot oyi davomida yig‘ib taqsimlovchi
schyotlarda hisobga olinib, tannarxni kalkulyatsiya qilishda mahsulotning
ayrim turlari tannarxiga biron-bir ko‘rsatkichga mutanosib ravishda
taqsimlash yo‘li bilan qo‘shiladigan xarajatlarga aytiladi.
Mahsulot hajmiga bog‘liqliklar nuqtayi nazaridan xarajatlar
o‘zgaruvchan va shartli doimiy (o‘zgarmaydigan) xarajatlarga bo‘linadi.
Iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra o‘zgaruvchan xarajatlar asosiy xarajatlarga
shartli-doimiy (o‘zgarmaydigan) xarajatlar esa ishlab chiqarishni tashkil
qilish va unga xizmat qilish bilan bog‘liq xarajatlarga tenglashtiriladi.
Xarajatlar tarkibi O‘zbekiston Respublikasida «Mahsulot (ish va
xizmat)larni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda
moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom»da belgilab
qo‘yilgan. Ushbu Nizomga muvofiq xarajatlar ikki guruhga bo‘linib
hisobga olinishi belgilangan:
1) mahsulot tannarxiga kiritiladigan xarajatlar;
2) mahsulot tannarxiga kiritilmaydigan xarajatlar.
Bundan tashqari, moliyaviy faoliyat bo‘yicha hamda favqulodda
xarajatlar alohida hisobga olinadi.