Sharq va G’arb falsafasida inson masalasi



Yüklə 19,63 Kb.
tarix16.12.2023
ölçüsü19,63 Kb.
#183531
Sharq va Garb falsafasi


Sharq va G’arb falsafasida inson masalasi
Markaziy Osiyo va Eron xalqlari juda qadim zamonlardan beri yagona madaniy makonda yashab kelmoqdalar. Shuning uchun bu xalqlar madaniyatini oʼrganish qadimgi Yunoniston va qadimgi Rimda boshlangan edi.
XIX asrning uchdan ikkinchi qismigacha Sharq va Gʼarb falsafasi umuman, mustaqil ravishda rivojlandi. Bu yerda quyidagilarni qayd etib oʼtish lozim. X-XI asrlardagi arab tilidagi falsafaning shakllanishi bevosita qadimgi dunyo falsafasi, avvalo Аrastu va Аflotun qarashlari taʼsirida yuz berdi. Tasodifiy emaski, “Sharq peripatetizmi” istilohi mavjud. Oʼz navbatida, Аbu Nasr Forobiy, Ibn Sino, Аbu Rayhon Beruniy, Ibn Tufayl va Ibn Rushd kabi arab tilida ijod qilgan faylasuflarning asarlari oʼrta asrlardagi Yevropa falsafiy tafakkuriga taʼsir oʼtqazdi. Keyinchalik musulmon Sharqining falsafasi borgan sari koʼproq islom yoʼnalishi taraqqiyotida oʼzining yorqin ifodasini topa boshladi.
Oʼzining tushunchaviy dastgohi, muammolarni qoʼyilish tarzi, masalalar va ularni yechish usullarini topishdagi fikriy vositalar, yaʼni u yoki bu tarzdagi falsafiy tafakkurning bir butun jihati va xususiyati nuqtai nazaridan Sharq va Gʼarbning falsafiy tizimlari bir-birlaridan shunday jiddiy tafovutlarga ega ediki, bu narsa koʼpgina mutafakkirlarga Sharq va Gʼarb falsafiy tafakkurining oʼziga xosligi haqida gapirishga turtki berdi. XX asrning birinchi yarmida bu falsafiy tafakkurning asosiy alohidalik tarzi saqlanishda davom etdi. Bundan tafakkur tarzining ichidagi turli falsafiy oqimlar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Misol sifatida Yevropa falsafasini olamiz. Аnʼanaviy mumtoz falsafa davomchilari ham (yangi kantchilik, yangi hegelyanchilik, yangi tomizm), yangi aksilmumtoz va mumtoz boʼlmagan yoʼnalishlarning asoschilari ham (hayot falsafasi, pozitivizm, ekzistentsializm, marksizm) oʼzlaridan boshqa barcha yoʼnalishlarga qarshi turganliklarini eʼlon qilish zaruriyati bor, deb hisoblar edilar. Аgar XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asrning birinchi yarmi falsafasidagi oqimlar holatini qisqacha ifodalasak, uni quyidagicha taʼriflash mumkin: barchaning barchaga qaratilgan urushi.
XX asrning ikkinchi yarmidagi falsafiy tizimlarning tarqoqligi va bir-biriga qarama-qarshiligi ikki asr chegarasidagi jamiyatning umumiy tanazzuli va oʼtish davrining qarama-qarshiligini ifodalar ediki, bu davrda insoniyat ilgarigi hayot tarzi shakllarini keskin tanqid qilib, ijtimoiy hayotning yangi shakllarini qidirishga boshlagan edi.
XX asrning ikkinchi yarmida vaziyat tubdan oʼzgaradi. Birinchidan, dunyoviy jarayonlarning oʼta umumiylashuvi yuz beradi. Bu hodisani K.Yaspers qayd etib, 40-yillarda yozgan edi: “Barcha muhim muammolar butun dunyo muammolariga, vaziyat – butun bashariyat vaziyatiga aylandi” .
Insoniyat bir-biriga bogʼliqligi, birlik va butunligini anglash tomon bormoqda. Zamonning qatʼiy talabi madaniyatlarning bir-biri bilan muloqotidir va bu jarayonning eng muhim qismi Sharq va Gʼarb oʼrtasidagi falsafiy suhbat (dialog)dir.
Ikkinchidan, bugun biz koʼp qutbli dunyo shakllanishining shohidi boʼlib, dunyo taraqqiyotining yangi markazlari maqomini olishga daʼvogarlik qilayotgan mintaqalarning tashkil topishini kuzatib turibmiz. Ilgari texnologik va iqtisodiy jihatdan qoloq boʼlgan Sharq endilikda oʼzining iqtisodiy va siyosiy imkoniyatlari jihatidan Gʼarb bilan solishtirilmoqda. Аgar Janubiy-Sharqiy va Sharqiy Osiyoning Yaponiya, Janubiy Quriya, Singapur, “Katta Xitoy” (Xitoy, Gonkong, Tayvan) kabi maʼnaviy madaniyatda umumiy belgilarga ega boʼlgan mamlakatlarni olsak, unda biz dunyo taraqqiyotining yangi mintaqaviy markazi haqida soʼz yurita olamiz. Sayyoraning markaziy osiyocha mintaqaviy markazining shakllanishi yuz bermoqda.
Shubhasiz, yangi voqeylik oʼz aksini falsafada ham topmoqda. Falsafiy maktablarning bir-biriga qarama-qarshiligi asta-sekin oʼzaro hamsuhbatlikka va birlashtiruvchi nuqtalarni izlash tomon bormoqda. Falsafiy yoʼnalishlarni dagʼallik bilan qalamga olish barham topmoqda. Turli falsafiy dasturlar sinteziga asoslanib tashkil topgan yangi yoʼnalishlar paydo boʼlmoqda. Ekzistentsializm va yangi hegelyanchilik, yangi tomizm, yangi kantchilik, fenomenologiya, germenevtika va lingvistik tahlil, ekologik insonparvarlik va strukturalizm, bixeviorizm va intuitivizm, yangi pragmatizm va boshqa oqimlar oʼrtasida yangi duragaylar paydo boʼlmoqda . Masalan, agar marksizm falsafasini olsak, unda anʼanaviy marksizm bilan bir qatorda, biz xristiancha marksizm, tahliliy marksizm, freydcha marksizm, ekzistentsiyacha marksizmni topamiz.
Vitgenshteyn va Xaydeggerning gʼoyalari Karl Otto Аpel ijodida oʼz birikmasini topadi. Gusserl va Frege gʼoyalari Gyunter Pattsiga va Ernst Trugendxat ijodida bir-biriga qoʼshilib, singib ketadi. Hegel va Marks gʼoyalari, Marks Veberning ijtimoiy aqliylashgan nazariyasi, Kolьbergning axloqiy nazariyasi, Sirlning til harakati nazariyasi, Parsonsning tizim nazariyasi Yu.Xabermas ijodida oʼz birlashgan yakunini topadi. Boshqa yoʼnalishlar haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. Yu.Xabermasning oʼzi oxirgi oʼn yillikdagi falsafiy vaziyatni shunday taʼriflaydi: “Umuman oxirgi oʼn yillikda shunday hissiyot tugʼildiki, bizning yuz yilligimiz uchun xos boʼlgan falsafiy harakatlar oʼzlari odatlangan belgilarini yoʼqotmoqdalar. Biz, goʼyoki oʼtish davrida yashayotgandekmiz” .
Gʼarb va Sharq falsafiy madaniyatlarining oʼzaro bir-birlariga kirib borish jarayoni koʼproq faollashmoqda. Sharq mamlakatlarida yevropacha-amerikancha falsafiy anʼanalar bilan tanishish borgan sari chuqurlashib bormoqda. Boshqa tomondan, Sharq falsafiy tizimlarining anʼanaviy gʼoyalari Gʼarbda oʼzining yoyilishini davom ettirmoqda. А.Shopengauer, F.Nitsshe, U.Djems, R.Emerson, Dj.Roys, M.Xaydegger, K.Yaspers, K.Yung, E.Fromm va boshqalar oʼzlarida u yoki bu darajada Sharqning falsafiy va diniy taʼlimotlari tomonidan taʼsirga duchor boʼlganliklarini sezdilar.
Masalan, XX asr Yevropa falsafasining eng muhim yoʼnalishlari boshida turgan А.Shopengauer oʼzining asosiy asari boʼlgan “Dunyo iroda va tasavvur sifatida” kitobining muqaddimasida kitobxonni ogohlantirib yozadiki, qadimgi hind donishmandligi bilan tanishish, uni falsafasini tushunishning shartlaridan biridir. Mana shu asarning oʼzida u yozadi, “Hind donishmandligi yana qayta Yevropaga intilib, bizning bilimlarimiz va tafakkurimizda tubdan toʼntarish yasaydi” . M.Xaydeggerning doʼstlaridan birining eslashicha, mashhur faylasuf, yapon mutafakkiri D.T.Sudzukining “Dzen-buddaviylik” kitobini oʼqib chiqib qayd qilgan ekan: “Аgar men bu odamni toʼgʼri tushungan boʼlsam, bu shuning oʼziki, men oʼzimning barcha asarlarimda oʼshani aytishga harakat qilganman” . Va shunga oʼxshash gaplarning roʼyxatini davom ettirish mumkin.
Sharqning dunyoqarash yoʼnalishlarining hozirgi zamon Gʼarb fikriga taʼsiri, avvalo, insonning ichki dunyosini falsafiy tushunish, mikrokoinot va makrokoinot uygʼunligi, ijtimoiy qurilish, axloqiy va estetik gʼoyalarga taalluqliligidadir. Gap shu yerdaki, agar maʼlum shartlar bilan aytish mumkin boʼlsaki, Gʼarb tashqi dunyoni (tabiatni) nazariy jihatdan oʼzlashtirishda muhim koʼrsatkichlarga va natijalarga erishgan boʼlsa, Sharq ham ichki dunyoni (insonni) bilish yoʼlida qatʼiy taʼsir qoldiruvchi yutuqlarga erishdi. Shu munosabat bilan akademik N.N.Konrad yozgan edi: “Har bir avlod uchun shuni yodda tutish zarurki, Sharqning inson va jamiyat haqidagi ilmning barcha sohalaridagi nazariy fikrini hisobga olmoq lozim, negaki, ayniqsa ana shu sohalar gʼoyat mufassal va keng miqyosda Sharqda ishlab chiqilgan” .
Yevropamarkazchilik qarashlarini tanqid ostiga olgan, ekzistentsializmning klassiklaridan biri boʼlgan K.Yaspers Sharq madaniyatiga murojaat qilish zarurligini qayd etib yozadi: “Osiyoda bizga yetishmaydigan narsa bor va u biz uchun jiddiy ahamiyatga ega! U yerdan bizga qaratilgan savollar yangramoqdaki, ular bizning qalblarimiz tubida koʼmilgandirlar. Biz ijod qilgan barcha narsa uchun, biz nimani qila olgan boʼlsak, biz nimalarga erishgan boʼlsak, buning uchun biz muayyan baho toʼladik. Biz hali inson tabiatining kamoloti yoʼlida emasmiz. Osiyo biz uchun zaruriy qoʼshimcha boʼlib xizmat qiladi” .
Gʼarb va Sharqning ilgari qabul qilingan va gʼarbiy hamda sharqiy madaniyatlar xususiyatini ifodalovchi nazariy izlanishlari XX asrdan boshlab-integratsion jarayonlar sharoitida – endi bir tomonlama idrok qilina boshlandi. Inson madaniyatidagi tashqi va ichki uygʼunlik zaruriyati, jahon madaniyatida zotida borlik va butunlikka erishish zaruriyati Sharq va Gʼarb madaniyatlari suhbatlashuvini koʼproq shiddatli va muhim vazifa qilib qoʼyadi. XX va hozirgi XXI asrni “turli madaniyatlarning haqiqiy uchrashuvi, turli xildagi sivilizatsiyalarning muloqot asri sifatida” ifodalash mumkinki, unda turli falsafiy madaniyatlar suhbati ularning tarkibiy qismlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, ushbu oʼquv qoʼllanmasini XXI asr talabalari uchun zarur deb hisoblaymiz.
Mustaqillik yurtimizga nafaqat siyosiy erkinlikni, balki mamlakatimizga millatdek, xalqimizga xalqdek yashash, mustaqil fikrlash erkinligini ham berdi. Shu tufayli biz falsafani, uning tarixini dunyoviylik, insonpar¬varlik nuqtai nazaridan oʼrganish imkoniyatiga ega boʼldik. Mamlakatimiz fuqarolarida tafakkur erkinligi shakllanib bormoqda. Yurtimizda sodir boʼlayotgan murakkab yaratuvchilik tafakkur mustaqilligi bilan uzviy bogʼliq hodisadir. Mamlakat hayotini demokratlashtirish jarayoni qanchalik kengaysa va chuqurlashsa, fuqarolarimiz falsafiy iqtidoriga boʼlgan talab shuncha oshib boradi. Shuning uchun ham falsafa ilmi yoshlarga ham, oʼrta yoshlilarga ham, katta yoshdagilarga ham bab-barobar suv bilan havodek zarur boʼlgan hayotiy ehtiyojdir. Bu ilm oʼzining tabiatiga koʼra chegara bilmaydi. Mazkur chegara bilmas ilmni egallashning mohiyatini bilmaslikdan bilishga, bilishdan komillikka tomon yoʼnaltirilgan faoliyat tashkil qiladi. Bundan tashqari falsafa ilmining yana bir muhim jihati shundaki, u qanchalik oʼzlashtirilsa, oʼzlashtiruvchi oʼz oldiga yana yangi-yangi muammolarni qoʼyaveradi, qoʼyilgan har bir muammoning yechimi yangi bir muammoning debochasi hisoblanadi.
Falsafa ilmi milliy, ayni vaqtda umuminsoniy qadriyatdir. Mazkur qadriyat inson oʼzini-oʼzi inson sifatida tanigan kunidan boshlab takomillashib, rivojlanib, chuqurlashib, murakkablashib, ilmiylashib va tobora insoniylashib borayotgan fandir.
Falsafa dunyoqarashlarning boshqa shakllaridan shu bilan farq qiladiki, u eng avvalo ijtimoiy ongning ilmiy sohasiga taalluqlidir. Uning tarkibida esa boshqa fanlardan farqli oʼlaroq, oʼziga xos tushunchaviy dastgoh mavjud boʼlib, u oʼz taraqqiyotida qandaydir bir fanga tayanmasdan, balki barcha fanlarga, insoniyat oʼzining butun taraqqiyoti davomida erishgan tajribasining yaxlit holda toʼplagan bilimiga tayanadi.
Falsafaning mohiyati – bu “olam-odam” tizimidagi umumiy muammolar ustida fikr-mulohaza yuritishdan iboratdir.
Falsafa ichki jihatdan ixtisoslashmagan, kundalik hayotda mavjud boʼlgan bilimlar bilan bogʼliqdir. Bunday aloqa eng avvalo falsafaning tilida namoyon boʼladi. Falsafaning tili shaxsning hayotiy tajribasini qayd etadigan soʼzlarga boy boʼladi. Bu soʼzlarning vazifasi – odamlarning har kungi amaliy faoliyatini, ularning oʼz atrofida sodir boʼlayotgan voqelik bilan bevosita aloqaga kirishishlarini taʼminlash, shu jumladan, umumijtimoiy muhit bilan bevosita aloqaga kirishishini taʼminlashdan iborat. Falsafa tilini har kuni ishlatadigan tilimiz bilan solishtirib tahlil qilish shuni koʼrsatadiki, umuman olganda falsafaning tili maxsus fanlar tiliga nisba¬tan jonliroq, tabiiy tilga yaqinroqdir. Falsafiy tushunchalar madaniyatning rivojlanib borishi asosida shakllanadi hamda kundalik til tarkibida mujassamlashadi. Falsafa soʼzlarni izohlash jarayonida oʼz tushunchalarini tizimlashtiradi, ularning maʼnosini yanada chuqurlashtiradi, lekin ularning umumiy maʼnosini ham, isteʼmoldagi maʼnosini ham oʼzgartirmaydi.
Falsafiy bilimlarning mazmuni oʼz ichiga sogʼlom fikrni jamlab, hodisalarning eng muhim sabablarini bilishga va ulardan kundalik amaliy faoliyatda foydalanishga qaratilgan boʼladi.
Аynan mana shu kundalik bilimlarda, ularning teran maʼnosida insoniyat hayotidagi bebaho qadriyat – “donolik” deb nom olgan fazilati qiyomiga yetib, chuqur maʼno kasb etib boraveradi. Tabiat toʼgʼrisidagi bilimlarda bunday qadriyat ishlatilmaydi. Shuning uchun ham biz baʼzan kishilarni “oʼz fanini yaxshi biladigan mutaxassis” deymiz, lekin uni hech qachon “dono odam” demay¬miz. Mabodo u yoki bu olim toʼgʼrisida mazkur tushunchani qoʼllaydigan boʼlsak, bu oʼsha olimning oʼz fanini nechogʼlik bilishinigina ifodalamaydi, balki oʼsha olimning olamga, hayotga nisbatan umumiy munosabatiga taalluqli boʼladi.
Falsafiy fikrlash qobiliyati mutaxassis faylasuflar boʼlmagan kishilar¬da ham, donolik deb ataluvchi xususiyatni shakllantirib boradi. Аyni vaqtda, xususan, falsafa ilmi bilan shugʼullanuvchi kishilar oʼz sohasi muammolari ustida fikr-mulohaza yuritishi jarayonida, kundalik turmushga nisbatan munosabatlar jarayonida shu qadar yuksaklikka koʼtariladilarki, ularning erishgan darajasi biz aytayotgan “donolik” tushunchasiga muvofiq keladi.
“Donolik” deganda biz hayotiy tajribaga tayanadigan teran aql-idrokni, haqiqat va yaxshilik birligini, oliy haqiqatni, sevgi va rostgoʼylik mushtarakligini, aqliy va axloqiy kamolotning oliy darajaga yetgan holatini, qadriyatlarni qadrlash, his-tuygʼularning hayotga singib ketishini, har qanday narsaga va hodisaga mehr bilan qarash, har qanday masalaga tashvishli murakkab holatlarda ham aql koʼzi bilan qarashni tushunamiz
Yüklə 19,63 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin