Sharqona ta’lim va tarbiya



Yüklə 33,01 Kb.
səhifə1/2
tarix16.05.2023
ölçüsü33,01 Kb.
#114227
  1   2
Mustqil ish


O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI MUXAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI
TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI

____________________________________Kafedrasi


Pedagogika. Psixologiya Fanidan

Mustaqil ish

Mavzu: SHARQONA TA’LIM VA TARBIYA

Bajardi: 030-19 guruh talabasi


Boynazarov Jalil
Tekshirdi: Zaripova D. A. 
Toshkent 2023-yil

SHARQONA TA’LIM VA TARBIYA
REJA:


1. Sharqona tarbiya uslubining qanchalik mukammal ekanligi.
2. G‘arbning g‘arib madaniyatiga havas qilishmoqda.
3. Shaxsning o’zi xaqidagi obrazi va o’z-o’zini anglashi

Yaqinda Fransiyada o‘tkazilgan bir tadqiqot haqida o‘qib qoldim. Mutaxassislar bu mamlakat farzandlarining ota-onaga munosabati, mehr-oqibat ko‘rsatish darajasini o‘rganishibdi. Natija esa achinarli: so‘rovnomada qatnashganlarning 77 foizi keksayib qolgan ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilish, ularga o‘zi yashab turgan uydan joy berishni istamasligini ochiq bildirgan.

Mana shunday holatlarni ko‘rganda, eshitganda beixtiyor sharqona tarbiya uslubining qanchalik mukammal, hayotiy va sof insoniy fazilatlarga yo‘g‘rilganiga yana bir marotaba amin bo‘laman. Chunki Sharqning aksar xalqlari, xususan, biz o‘zbeklarda bolalar kichikligidanoq kattalarni hurmat qilish, ularning gapiga quloq tutish, gap qaytarmaslik, har bir ishda kattalar bilan maslahatlashib ish ko‘rish ruhida tarbiya topadi. Ota-ona chaqirganda har qanday ishni tashlab, “labbay” deb borish, topshirgan yumushlarini og‘rinmay bajarish, keksayib, yordamga muhtoj bo‘lganida mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, hatto davrada ulardan yuqoriga chiqmaslik, beruxsat so‘zlamaslik, ko‘chada oldilariga tushib yurmaslik yozilmagan qat’iy qoidaga aylangan. Bu ota-onadan qo‘rqishdan emas, balki hurmat, e’zoz, oqibat, nomus, oriyat, g‘urur kabi insoniy fazilatlar ifodasidir.


Ammo bugun o‘zini zamonaviy sanaydigan, hamma ishni ko‘ngil mayliga qarab amalga oshiradigan, farzandiga biroz qat’iyatlilik bilan tarbiya berishni ularning erkini bo‘g‘ish deb tushunadigan, bir so‘z bilan aytganda, G‘arbning g‘arib madaniyatiga havas qilib, ularga xos yashashga, farzandlariga shu ruhda tarbiya berishga intilayotgan oilalar ham yo‘q emas. Keyingi vaqtlarda bu borada ba’zi gap-so‘zlar, hatto muammoli holatlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Emishki, zamonaviy oilalarda kattalar va kichiklarning, ya’ni ota-onalar va farzandlarning murosasi kelishmas emish. Bunga esa ularning yoshi o‘rtasidagi farq, dunyoqarashlarining mos kelmasligi sabab bo‘lar ekan. Ajablanasan kishi, axir bir paytlar mana shu qarashlarni qo‘llab-quvvatlagan G‘arb oilalari bugun “avlodlar to‘qnashuvi” yoki kelishmovchiligining jabrini tortayotganidan xabardormiz-ku. Fransiyalik ko‘pchilik yoshlarning ota-onasi bilan birga yashashga qarshiligi ham mana shu kabi ta’limotlarning oqibati aslida.
Bunday holatlarni farzandini o‘z erkiga tashlab qo‘ygan, tarbiyasiga befarq bo‘lgan, sharqona odob-axloq qoidalarini unga singdira olmagan ayrim oilalarimiz misolida ham ko‘rmoqdamiz.
Yaqinda poytaxtda yashaydigan tanishlarimizdan birinikiga mehmonga bordik. U yashaydigan ko‘p qavatli uyning pastida bir ayol va 20 yoshlardagi qizining baland ovozda janjallashayotgani e’tiborimizni tortdi. Aftidan tanishlari bilan tungi klubga ketmoqchi bo‘layotgan qizni ona ortiga qaytarishga harakat qilar, qiz ham bo‘sh kelmas, onasiga hezlanib, uni haqoratlardi. Xullas, harchand urinmasin, ayol qizini fikridan qaytara olmadi...
Keyin bilsak, qizning ota-onasi vaqtida yaxshi joylarda ishlagan, farzandi nimani xohlasa, muhayyo qilishga, meyoridan ortiq erkalatishga odatlangan ekan. Tabiiyki, ulg‘aygani sari qizning erkaliklari ham ortib boravergan. Endi uni to‘g‘ri yo‘lga sola olmagan ota-ona har kuni janjallashib, er uyni tashlab chiqib ketgan. Ona esa qanchalik dodlamasin, qizi uning gaplariga umuman quloq tutmaydi.
So‘nggi vaqtlarda bunday holatlarga ahyon-ahyonda bo‘lsa-da, duch kelayotganimiz afsuslanarlidir. Ba’zi suhbatlarda ayrim ota-onalar farzandini shu vaqtga qadar hech kimdan kam qilmagani, hatto boshqalardan ortiq yedirib, ortiq kiyintirgani, lekin keksayib, quvvatdan qolganida uning ota-onasiga oqibatsizlik qilayotganini aytib nolishadi. Farzandi tarbiyasiz chiqsa, buni zamon o‘zgarib borayotgani, yoshlardan mehr-oqibat tushunchalari unutilib borayotganiga yo‘yib hasrat qiladiganlar ham yo‘q emas.
To‘g‘ri, yosh va zamon orasidagi farq tufayli kattalar va bolalarning dunyoqarashi, qiziqishi, o‘y-xayollari, hayotga munosabatlari ham turlicha bo‘lishi tabiiy. Ammo tarbiya to‘g‘ri berilsa, bola qalbidagi qadriyatlar, insoniy fazilatlar o‘zgarmay qolaveradi.
Shu boisdan ham ota-ona farzandlari bilan imkoni boricha ko‘proq muloqotda bo‘lishi, ularning qiziqishlari, maqsadlari haqida so‘rab, bu borada dildan maslahatlar berishi, uning qalbidagilarni tushunishi, his eta olishi kerak. Oilada ibratli kitoblar o‘qilishi, yaxshilik va yomonlik, odob va axloq, oqibat va oriyat kabi mavzularda sodda, bolaning ruhiyatiga mos suhbatlar qilinishi lozim. Bolani o‘z vaqtida va yoshiga mos tarzda mehnatga jalb etib borish, qandaydir foydali mashg‘ulotlar bilan band bo‘lishini ta’minlash, halollik, to‘g‘riso‘zlik, mehnatkashlik, mehr-oqibat bobida ularga ibrat namunasi bo‘lmoqliklari kerak. Ota-onaning haddan oshgan erkalatishlaridan taltayib emas, ularning o‘zi uchun jonkuyarligi, fidoyiligidan mehr tuyib ulg‘aygan farzand ertaga barcha narsaning qadriga yetadi. Bu sharqona tarbiyaning eng asosiy jihatlaridan biridir.
Farzandiga ana shunday tarbiya bera olgan ota-onalar va bu tarbiyani olgan farzandlar o‘rtasida har qanday vaziyatda ham mehr-oqibat rishtalari mustahkam saqlanadi. Bunday oilada keksaygan ota-ona boshpanasiz qolib, ko‘chalarda tilanchilik qilmaydi, qariyalar uylarida, yolg‘izlikda bolalarini sog‘inib yashashga mahkum bo‘lmaydi. Aksincha, uyning to‘rida, xonadonning farishtasi bo‘lib, farzandlari, nevara-chevaralari ardog‘ida keksalik gashtini suradi. Huzur-halovatda yashaydi.
Ta`lim va tarbiyaning o'rtasida ochiq-oydin farq bor. Ta`lim, tarbiyaning bir juz`idir. Tarbiya esa ta`limni o'z ichiga oladi, aksincha emas. Demak, tarbiya o'z-o'zidan ta`limga nisbatan komil va keng qamrovlidir. Islomiy tarbiyaning ma`nosi esa jamiyatda har taraflama komil inson shaxsiyatini barpo qilish va albatta, bu tarbiya ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarni o'z ichiga oladi. Bu Ummat.uz yozmoqda.
Zotan, Alloh taolo insoniyatni yer yuzini obod qilish uchun yaratgan. Demak, u o'zining vazifalarini ado etishi uchun har taraflama komil va yetuk bo'lishi kerak. Buning uchun esa bizning dinimiz Islomda barcha ko'rsatma va imkoniyatlar mavjud. Eng asosiysi, inson o'zining oldiga qo'yilgan vazifalarni bajarish asnosida doimiy holda Allohga yuzlanib turishi tarbiyadir.
Yuqorida aytib o'tganimizdek, ta`lim komil tarbiyaning bir juz`idir. U esa aqlni rivojlantiradi va sayqallashtiradi. Natijada u o'z hayotida kerak bo'ladigan ilmu ma`rifatni ashyolar to'g'risidagi turli ma`lumotlarni, kasbiy mahoratini yoki kasb va hunarlarga tegishli bo'lgan fanlarni o'rganadi. Lekin tarbiyaga o'xshab keng qamrovli bo'la olmaydi. Chunki ta`lim insonni ruhiy, aqliy va jismoniy taraflarini birdek qamrab ololmaydi. Shuning uchun ham ta`lim va tarbiya doimo birga bo'lishi talab etiladi. Bu haqiqatni esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadisi shariflari orqali ham bilib olishimiz mumkin.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo Men orqali yuborgan hidoyat va ilmning misoli yerga yoqqan yomg'ir kabidir. Yerning ba`zi joyi yaxshi ekan, suvni qabul qilib, ko'plab nabotot va o'simliklarni o'stiribdi. Uning ba`zi joylari qattiq ekan, suvni tutib qolibdi. Bas, u bilan Alloh odamlarga manfaat beribdi. Ular undan ichibdilar, sug'oribdilar va ekin ekibdilar. Yerning ba`zi joylari silliq ekan. Suv tutmas va ekin ham o'stirmas ekan. Ana o'sha xuddi Allohning dinida faqih bo'lgan kishiga o'xshaydi. Alloh men ila yuborgan narsa unga manfaat beribdi. O'zgalarga o'rgatibdi. Boshqasi o'sha narsaga e`tibor bermagan kishiga o'xshaydi. Yana biri esa, men ila yuborilgan Allohning hidoyatini qabul qilmagan odamga o'xshaydi», dedilar». Ikki Shayx rivoyat qilishgan.
Imom Qurtubiy (r.a) «Nabiy sollallohu alayhi vasallam o'zlari orqali yuborilgan hidoyat va ilmni insonlar bir qo'ltim suvga muhtoj bo'lib turgan holatlarida yuborilgan yomg'irga o'xshatdilar.» Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuborilishlaridan avval insonlar ana shunday muhtoj va nochor holda edilar. Osmondan yoqqan yomg'ir o'lik yerlarni tiriltirganidek diniy ilm va ko'rsatmalar o'lik qalblarni tiriltirdi. So'ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshituvchilarni yomg'ir yoqqan har xil yerlarga o'xshatdilar. Ularning ba`zilarini ilmga amal qiladigan olim hamda muallim, xuddi unumdor yer o'rnida ko'rdilar. Suvni ichadi, o'zi foydalanadi va o'simliklar o'stirib boshqalarga ham foyda keltiradi. Ba`zilari esa zamonasidagi barcha ilmlarni egallaydi, lekin unga amal qilmaydi yoki unga muvofiq hayot kechirmaydi. Boshqalarga esa yetkazadi. Bu kishilar suvni o'zida saqlab qolib odamlar undagi suvdan foydalanayotgan yerga o'xshaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday kishilar to'g'risida: «Mening so'zimni eshitib boshqalarga xuddi shunday holatda yetkazgan kishini Alloh yorlaqasin», deganlar.Yana ba`zilari esa ilmni eshitadi lekin uni yodda saqlab qolmaydi, tafakkur va tadabbur ham qilmaydi. Boshqalarga ham yetkazmaydi. Bularning misoli qattiq silliq, o'ziga hech narsani yuqtirmaydigan, suvni ham qabul qilmaydigan yer kabidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisi shariflarida ta`lim va tarbiyani jamlab keltirdilar va bunda ilmga amal qiluvchi olim va muallimni eng oliy darajaga ko'tardilar. So'ngra, eshitgan narsasini ilm va yaxshilikni qanday eshitgan bo'lsa xuddi shunday holatda boshqalarga yetkazgan olim va muallimni keltirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu ikki toifani ta`lim va tarbiyada ishtirok etganlari uchun madh etdilar. Uchinchi toifani esa mazkur ishlarda ishtirok etmagani uchun qoraladilar. Agar ta`limni tarbiyadan ajratib qo'ysa, ta`lim cho'loq bo'ladi. U holda ta`lim guyoki ma`lumotlar saqlanadigan quticha, idish va yana qandaydir narsaga aylanib qoladi. Natijada esa bu ma`lumotlar jamiyat uchun kerak bo'ladigan komil insonni shaxsiyatini yetishtira olmaydi. Mana shuning uchun barcha ta`lim muassasalarida ma`lum bir yo'nalish bo'yicha ta`lim berish bilan birga tarbiyani ham berib ketish kerak, aks holda qanotsiz qush kabi parvoz qila olmaydi. Qush esa pavoziga qarab turib baholanadi. Bu borada diniy ta`lim berilayotgan muassasalarni alohida zikr qilib o'tish kerak. Zotan, bu ilm ikki dunyoning obodliligiga tegishliir. Qolaversa, bu ilm bandani o'z Robbiga ibodat qilib, bandachiligini izhor qilishni yo'l-yo'riqlarini qonunlarini o'rgatadi. Albatta bu borada ta`lim bilan birgalikda xossatan ruhiy va aqliy tarbiya ishtirok etishi kerak.
Xalqimiz azal-azaldan axloqiy fazilatlarga boy bo’lgan. Ota-bobolarimiz farzand o’stirar ekanlar, ularning xulq-atvorlariga, gap-so’zlariga, kishilar oldida o’zlarini qanday tutishiga, o’z maqsadlarini qanday so’zlar bilan tushuntirishlariga katta ahamiyat berishgan. Ular farzandlarining qo’rslik qilishi, kattalar suhbatiga aralashishi, nojo’ya ishlariga zinhor-bazinhor yo’l qo’ymaganlar. Bu kabilarga farzand tarbiyasining eng muhim tomoni deb qaraganlar. Ammo, ming taassufki, yaqin tariximizda sharqona tarbiya, axloq-odobning ming yillik tajribalaridan «eskilik sarqiti» deb voz kechdik, o’zligimizni unutayozdik.
Sharqona odob ming yillar maboynida islomiy tarbiya qoidalari asosida tarkib topib, takomillashib borganligi tarixdan ma‘lum. Jumladan, Qur‘oni karim oyatlari mazmuni, Payg’ambar alayhissalom hadislari, sharq allomalari va faylasuflarining hikmatomuz kitoblari tarbiyamizning manbai bo’lib xizmat qilgan. Islomiy tarbiya musulmonlar hayotining barcha qirralarini, hatto mayda jihatlarigacha qamrab olgan. U go’daklarni emizishdan tortib, qanday kiyintirishgacha, ovqatlanish odobidan tortib, ko’cha-ko’yda, kattalar oldida o’zini qanday tutish lozimligigacha barcha jihatlarni o’z ichiga olgan. Eng asosiysi, islomiy odob farzandlarning halol, pok, mehnatkash, ilmga intiluvchi, kattalarni, ayniqsa, ota-onani hurmatlash ruhida tarbiyalashni shart qilib qo’ygan. Masalan, Rasululloh hadislarida: «Farzandlaringizni izzat-ikrom qilish bilan birga axloq-odobini ham yaxshilanglar!», «Hech bir ota o’z farzandiga xulqu odobdan buyukroq meros bera olmaydi», deyilgan. Demak, o’tmishda tarbiya berish hammaning vijdoniy burchi deb qaralgan.
O’zbek xalqi o’z madaniyati va ma‘naviyatida komil insonlarni voyaga yetkazishga katta e‘tibor bergan. Buning natijasida asrlar davomida aqlu zakovatga, qomusiy bilim va qobiliyatga ega bo’lgan yuqorida aytib o’tgan allomalarimiz kabi komil insonlar yetishib chiqdi va olamga tanildi.
Bugungi kunda mustaqil davlatimizda milliy tarbiya an‘analari tiklanib, oilaviy hayotimizda muhim mezonga aylanmoqda. Bu esa, o’z navbatida, sobiq sho’ro tarbiya nazariyasida o’rganilishi mumkin bo’lmagan milliy odob, milliy e‘tiqod, iymon-diyonat kabi insonning butun milliy xususiyatiga bevosita bog’liq fazilatlarni yosh avlodning shaxsiy sifatlariga aylantirishni dolzarb vazifa qilib qo’ydi.
Milliy tarbiya O’zbekistonning davlat mustaqilligini mustahkamlash va amalga oshirishga tayyor farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishga xizmat qiladi. Hozirgi davrda ushbu maqsadlarga erishishning o’ziga xos muammolari ham bor. Shulardan biri – milliy tarbiya nazariyasining asosiy qoidalari va ilmiy tushunchalari yaratilmaganligidir. Bularning barchasi O’zbekiston maktablarida milliy istiqlol tarbiyasining mezonlarini ilmiy asoslash zaruratini vujudga keltirmoqda.
Milliy tarbiya mezonlarini belgilashda mustaqil O’zbekistonning ijtimoiy buyurtmasi bo’lmish ijobiy sifatlar: milliy iftixor, vatanparvarlik, millatlararo muloqat madaniyati, milliy odob, vijdoniylik, iymon-e‘tiqod, milliy istiqlol mafkuraviy ongini rivojlantirish zarur. Ularning aksi bo’lgan sifatlar: vatanpurushlik, mahalliychilik, vijdonsizlik, mafkurasizlik kabilarga yoshlarda nafrat uyg’otish darkor. Bu ishlarni bir-biri bilan uzviy bog’lab olib borish o’qituvchi-tarbiyachi va ota-ona tomonidan tarbiyaviy mezon qilib olinishi kerak. Ayniqsa, oilada milliy tarbiyani yoshlarga singdirishda dastlab miliy odobni (avval salomlashish, keyin so’z boshlash, yaxshi va yomonni ajratish, kattalarga hurmat va kichiklarni izzatlash, ustozlarni e‘zozlash kabilarni), milliy g’urur asoslarini (o’zbek millatiga mansubligini anglash, O’zbekiston-Vatanim mening tuyg’usini chuqur anglash), vijdoniylik (andishali bo’lish, rostguylik, yolg’on gapirmaslik, yaxshi va yomon xulqqa o’zining to’g’ri fikrini bildirish) kabilarni tarbiyalash, o’qtirish, ularni axloqiy Nizomga aylantirish milliy tarbiyamizni yanada ravnaq toptiradi va kelajagimizni yuksaltiradi.
Maktabda ta‘lim-tarbiya ishlarining samaradorligi faqat o’qituvchining tayyorgarligi, ma‘naviy qiyofasi va o’z vazifasini qanday bajarishigagina bog’liq bo’lmay, balki bola yashaydigan muhit va oilaning ta‘siriga ham bog’liqdir. Oila bolani axloqiy tarbiyalash, uning ma‘naviy-axloqiy yo’nalishlarini shakllantirishning muhim omilidir.
Oila erkaklar va ayollarning to’la teng huquqligi, oila uchun bab-baravar javobgarligi asosida quriladi. Ota-onalarning o’z hayotlari, turmush tarzlari, bola shaxsida ilmiy dunyoqarash asoslari, ma‘naviy, axloqiy, nafosat, mehnat va boshqa ijtimoiy omillarni shakllantirish maqsadida tizimli ta‘sir ko’rsatish jarayoniga oilaviy tarbiya deyiladi. Oila bola tarbiya oladigan eng birinchi jamoa bo’lib, bola unda axloqiy qoidalar, urf-odatlarni bilib oladi, dastlabki axloqiy tarjriba orttiradi. Ayni paytda oilaviy hayot va oilaviy tarbiya o’zining milliy xususiyatlariga ham ega. Bu esa, o’z navbatida, oilaviy tarbiya usullari va mazmunining umumiy hamda xususiy tomonlari rivojida yaqqol ko’zga tashlanadi.
Har bir inson yoshlikda ona qo’lida tarbiyalanadi. Ona allasi bilan birga bola qalbiga ona muhabbati singadi va onaning erkalatishlari bir umr yodda qoladi, oilada bola yaxshi bilan yomonning farqini ajratishni o’rganadi. Oila tarbiyasi orqali bola ongida umuminsoniy va milliy qadriyatlar, yashashdan maqsad haqida dastlabki tasavvurlar hosil bo’ladi. Oilada shaxsning ijtimoiy-qimmatli fazilatlari o’sa boshlaydi. O’zbekiston sharoitida oilaviy tarbiya mazmuni tashkil etilishiga oid pedagogik omillar mavjudki, bularni hisobga olishga majburdirmiz.
Bola maktabga qadam qo’yganda yaxshi va yomon narsalar haqida o’z tasavvuriga ega bo’ladi. O’qituvchi bolada qanday axloqiy tushunchalar mavjudligini va axloqiy fazilatlar qanday sharoitda shakllanganligini ham bilmog’i kerak. Shuning uchun ham muallim o’quvchilarning ota-onalari bilan aloqa bog’lab, bolani tarbiyalashda ular bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishi darkor. Tarbiyaning samaradorligi ko’pincha oila va maktabning bolaga nisbatan bir xil talab qo’ya bilishiga bog’liq. Shuning uchun ham pedagogik axloqda o’qituvchi bilan ota-onalarning o’zaro munosabatlari, muomalasiga katta e‘tibor beriladi, muallim oila bilan aloqa va hamkorlik qilmasdan turib, bolani axloqiy tarbiyalash vazifasini bajara olmaydi. Chunki maktab oilada shakllangan axloqiy fazilatlarni mustahkamlashi yoki illatlarni yo’qotishi lozim bo’ladi. Maktabda bolaga chuqur bilim, ta‘lim-tarbiya mafkuraviy g’oya, o’zbekona milliy qadriyatlar, xalol mehnat, biror bir kasb-hunarni egallashlari uchun mustahkam poydevor yaratishdek mas‘ul vazifani zamonaviy talab darajasida amalga oshirish lozim. Ularga ta‘lim berishning ilg’or pedagogik texnologiyalar, zamonaviy o’quv-metodik dasturlar asosida bilim berish, o’quv jarayonlarini jahon andozalariga mos didaktik jihatdan ta‘minlab, o’quvchilarning imkoniyatlari va qiziqishlarini tahlil qilish kerak.
O’qituvchi pedagogik jarayonda asosiy figura, yetakchi kishidir. Unga yosh avlodni o’qitish va tarbiyalash vazifasi yuklatilgan. Shuning uchun ham o’qituvchiga, uning axloqiy sifatlariga, xulqiga o’quvchilar bilan muomalasiga nisbatan alohida, yuksak talablar qo’yiladi. Muallim hayotga endigina kirib kelayotgan, barkamol shaxs sifatida shakllanayotgan yoshlarga ta‘lim-tarbiya berib, ularni umuminsoniy va milliy axloq mezonlarini o’zlashtirishini ta‘minlaydi. Shu boisdan ham o’qituvchi bola uchun bir umr idel, ibrat va namuna bo’lib qolishi keark. Afsuski, hamma o’qituvchilar haqida ham shunday deb bo’lmaydi. Kasbiy salohiyati yetarli emas, axloqiy fazilatlarida nuqsonli, o’zining dag’al muomalasi bilan yoshlarning ko’nglini o’qishdan sovitib, dilini o’rinsiz ranjitadiganlar ham uchrab turadi. Bundaylar yoshlar tarbiyasiga, ularning axloqiga salbiy ta‘sir etadilar. Tarbiyaviy ishlarga tuzatish qiyin bo’lgan darajada ziyon yetkazadilar.
Kuzatishlar shuni ko’rsatadiki, yoshlarda kattalarning xatti-harakatlari, axloqiy fazilatlariga tanqidiy munosabatda bo’lish hissi kuchli bo’ladi. Shu jihatdan qaraganda tinch-totuv yashaydiganlarning oilalaridagi bolalar ham shu oilada mavjud bo’lgan axloqiy xislatlar: xushmuoamalalik, odoblilik, kattalarga hurmat, kichiklarga g’amho’rlik qilish, oila a‘zolari o’rtasidagi o’zaro hurmat kabi ijobiy fazilatlardan namuna oladilar.
Pedagog olimlar tadqiqotlarida isbotlanganidek, oilaviy tarbiyaga doir ishlar quyidagi sharoitlarda bajarilsa, tarbiya samaradorligi yanada oshadi:
1. Maktab o’zining barcha ta‘sirlari majmuini oilaviy tarbiya jarayoniga izchil yo’naltirsa;
2. O’qituvchilar jamoasi oila bilan o’zaro hamkorligi davrida o’zlarining etik-pedagogik tarbiyaviy talablarini to’g’ri tashkil etsa;
3. Ta‘lim maskanlaridagi tarbiyaviy jarayonga tashkilotchi ota-onalar uyushtirilsa;
4. O’qituvchilar tomonidan oilaviy tarbiyaga rahbarlik bolalar maktabga kelmasdan oldin boshlansa va bu ish ularning barcha o’quv yillarida davom ettirilsa. Demak, maktab, oila va jamoatchilik hamkorligi bolalar tarbiyasida asosiy hal qiluvchi bo’g’in bo’lib, bunda o’qituvchi-tarbiyachilarning bir maqsadga yo’naltirilgan tarbiyaviy ishlari muammoni ijobiy hal etuvchi omil hisoblanadi.
Oliy maktabda amalga oshiriladigan axloqiy tarbiya jarayonida talabalarning ruhiyatiga, ularning ongiga ta‘sir etiladi. Bu umuminsoniy va milliy axloqning tamoyillari va pedagogik odob qoidalarini har bir bo’lajak o’qituvchining ongiga yetkazish, singdirish demakdir. Talabalarning axloqiy shakllanishi bir-biri bilan uzviy bog’liq ta‘lim-tarbiya ishlarini muntazam va izchil ravishda bajarishni talab etadi. Tarbiyaviy ta‘sir ko’rsatishning aniq va mukammal tizimigina axloqiy tarbiyaning samaradorligini ta‘minlaydi. Tarbiyaviy ishda mukammal tizimning mavjudligi bir xil ishni ortiqcha takrorlayvermaslikka, bo’lajak muallimlarga bir xil talablar qo’yish va yakdillik bilan ta‘sir o’tkazishga imkon beradi.
Axloqiy tarbiya tizimi nima? Tizim, qismlardan tuzilgan bir butun, ya‘ni tartib bilan joylashtirilgan bir-biriga bog’liq qismlardan tuzilgan yaxlit bir narsa, degan ma‘noni bildiradi. Oliy maktabda bo’lajak o’qituvchilarning axloqiy tarbiya tizimini yaratish oliy o’quv yurtida amalga oshirilayotgan barcha tarbiyaviy ishlarning mazmuni va yo’nalishini belgilashga ko’maklashadi. Tarbiyaviy ishlar tizimi turli kurslarning (I, II, III, IV, V) talabalari bilan o’tkaziladigan tadbirlarda izchillik va ketma-ketlikni saqlashga yordam beradi.
Oliy maktab talabalarida axloqiy sifatlar qandaydir biror universal shakl, vosita yoki usul yordamida emas, balki xilma-xil shakllar, vositalar va metodlar, ya‘ni axloqiy tarbiya tizimi natijasida shakllanadi. Tarbiyaviy ishlar tizimi ma‘lum vazifani bajaradigan, tuzilish jihatidan o’zaro bog’liq bo’lgan ko’plab qismlarni o’z ichiga oladi. Tarbiya tizimi barkamol avlodni, yuksak axloqiy fazilatli mutaxassislarni shakllantirish maqsadiga bo’ysundirilgan, o’zaro bir-biriga bog’liq va mos keladigan shakl, usul va vositalarning yaxlit birligidan iborat. Masalan, ta‘lim jarayonida faqat axloqiy tarbiyagina emas, balki aqliy, xuquqiy, iqtisodiy, ekologik, estetik va mehnat tarbiyasi ham amalga oshiriladi.
Har qanday tarbiya tizimining asosiy belgilaridan biri izchillik, ketma-ketlikdir. Oliy maktabda amalga oshiriladigan axloqiy tarbiya tizimi ham ana shu qonuniyatga asoslanadi. Axloqiy tarbiya tizimi bir necha tizimchalardan tuziladi. Umumiy tizimning har bir qismi o’zining ichki tizimiga ham ega bo’ladi. Masalan, oliy maktabda talabalarga beriladigan kasbiy ta‘lim ma‘lum bir tizim asosida tuzilgan bo’lib, u yoshlarga ijtimoiy-gumanitar, psixo-pedagogik, ixtisosiy bilimlar va axloqiy tarbiya berishga xizmat qiladi.
Axloqiy tarbiya guruh murabbiylari, jamoat tashkilotlari, talabalar va professor-o’qituvchilar jamoalari ishida ham tizim bo’lishini talab etadi. Axloqiy tarbiya tizimi talabalarning oliy maktabda ta‘lim olish yillari davomida deyarli o’zgarmaydi. Faqat uning mazmunigina yangilanadi. Tarbiyaning maqsad va vazifalari hamda bu vazifalarni hal etishga yordam beradigan faoliyat turlari, tarbiyaning shakllari va metodlari, turli ichki va tashqi ta‘sirlar natijasida shaxsning kamolga erishish bosqichlari va darajalari axloqiy tarbiya tizimining asosiy qismlari hisoblanadi.
Xullas, axloqiy tarbiya tizimining barcha qismlari talabalarning xilma-xil faoliyati bilan bevosita bog’liq. Bu faoliyat jarayonida talabalar jamoasida ob‘ektiv axloqiy munosabatlar vujudga keladi. Mashg’ulotlar va faoliyat turlarini bajarish natijasida ob‘ektiv munosabatlar talabalarning shaxsiy odob, muomala-munosabatlariga aylanadi va shu jarayonda bo’lajak mutaxassisning axloqiy fazilatlari shakllanadi.
Tarbiya jarayoni o’z-o’zini tarbiyalash bilan mustaxkam bog’langan. O’z-o’zini tarbiyalash kishining o’z shaxsini o’zgartirishga qaratilgan faoliyatidir. O’z-o’zini tarbiyalash to’g’ri tarbiya berish bilan birga sodir bo’ladi va ayni vaqtda to’g’ri tarbiya natijasi hisoblanadi.
O’z-o’zini tarbiyalashning muvaffaqiyatli bo’lishi uchun har bir kishi o’z-o’zini to’g’ri baholay bilishga o’rganishi, hayotda o’zi intilishi lozim bo’lgan idealni aniq tushungan holda o’zidagi ijobiy sifatlarni va mavjud kamchiliklarni ko’ra olishi muhim axamiyatga ega. O’qituvchi va tarbiyachilar, shuningdek ota-onalar bolalarni kichik yoshdan boshlab o’zini o’zi eplash, tuta bilish, odamlar bilan qay yo’sinda muomala qilish, rost so’zlash, kattalarga hurmatda bo’lish, o’zidan kichiklarga mehribonlik ko’rsatish kabilarga o’rgatib, odatlantirib borishlari lozim. Bola o’zini-o’zi tarbiyalamasa, aql-farosatini ishga solmasa, tarbiyadan ko’zlangan natijaga erishib bo’lmaydi. Har bir bola o’zining xulq-atvoriga talabchan bo’lishi va o’zida eng yaxshi insoniy fazilatlarning tarkib topishi uchun astoydil tirishmog’i lozim. Demak, o’z-o’zini tarbiyalash jarayoni –bilish, istak, bajara olish va harakat qilishdan iborat.
O’z-o’ziga, o’z ishiga tanqidiy munosabatda bo’lish o’z-o’zini axloqiy tarbiyalash jarayonida zarur xislatlardan biridir. Bunday xislat o’z-o’zini tarbiyalash uchun kishiga o’z kamchiliklarini aniqlash, ularni bartaraf etish maqsadini o’z oldiga quyishga imkon yaratadi. Kishi o’ziga, o’z xulqi, xatti-harakatlariga nisbatan tanqidiy ko’z bilan qaramasa, o’z-o’zini tarbiyalab bo’lmaydi. Shuning uchun kishida bunday xislatlarni yoshlikdan tarbiyalab o’stirish maqsadga muvofiq.
O’z-o’zini tarbiyalash bolaning doimiy ishi bo’lmog’i va uzluksiz davom etmog’i zarur. Chunki haqiqiy tarbiya bolani o’z kuchi, layoqatlari va qobiliyatlarini ishga solishga undaydi, uning ideallarini, shaxsiy mulohazalarini, e‘tiqodini tarkib toptiradi. Natijada bola shaxsini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tarbiyaviy jarayon o’z-o’zini tarbiyalash jarayoniga aylanadi.
Pedagogik faoliyatning muhim jixatlaridan biri ham o’z-o’zini axloqiy tarbiyalashdir. O’rta Osiyo xalqlarining umuminsoniy va milliy ma‘naviy qadriyatlarida inson o’zligini anglab olishi, o’z odatlari va sifatlarini o’zgartirishga qodir ekanligi ta‘kidlanadi. Kishining o’z shaxsini axloqiy ideallar, axloqiy bilimlar, e‘tiqodlar asosida shakllantirish maqsadiga yo’naltirilgan faoliyati o’z-o’zini axloqiy tarbiyalashdir.
O’z-o’zini axloqiy tarbiyalash bu- kishining ijtimoiy tajribada mavjud bo’lgan va shu jamiyat a‘zolarining ongida mustahkamlanib qolgan axloqiy odatlar va sifatlarni egallab olishga yo’naltirilgan faoliyatidir.
O’z-o’zini axloqiy tarbiyalash har bir shaxsning mehnat jamoalari, ma‘lum bir guruh, kasb egalarining mehnat faoliyatida qatnashishi jarayonida yuz beradi. Maktabda o’qish yillari inson hayotida axloqiy izlanishlar davriga to’g’ri keladi. Bu davrda bolalarni o’z-o’zini tarbiyalashga da‘vat etish samarali bo’ladi. Muallim o’quvchilarning o’z-o’zini axloqiy tarbiyalash ishini tashkil etish, amalga oshirishga da‘vat etar ekan, avvalo uning o’zi o’z shaxsini muntazam takomillashtirish, o’zining axloqiy saviyasini kengaytirib, axloqiy odat va sifatlarini o’stira borishi lozim. O’z-o’zini axloqiy tarbiyalash tajribasiga ega bo’lmagan kishi boshqalarga bu ishni o’rgata olmaydi.
O’z-o’zini tarbiyalash ishini samarali amalga oshirish uchun o’quvchidan quyidagilar talab etiladi:
axloqiy rivojlanish sohasida ergashish, taqlid qilish lozim bo’lgan namunani (idealni) ko’z oldiga aniq keltirish;
o’z-o’zini tarbiyalashning negizi sifatida o’z bilimlarini mustaqil oshirishi uchun bo’sh vaqtga ega bo’lish va undan unumli foylanishni to’g’ri yo’lga qo’yish;
o’z-o’ziga, o’z ishiga tanqidiy munosabatda bo’lish va shu kabilar. Kishi o’ziga, o’z xulqi, xatti-harakatlariga nisbatan tanqidiy ko’z bilan qaramasa, o’z-o’zini tarbiyalab bo’lmaydi. Shuning uchun kishida bunday xislatni yoshlikdan tarbiyalab o’stirish maqsadga muvofiq.
Kishining borliqdagi narsa va hodisalardan, insonlarning xatti-harakatlaridan ta‘sirlanishi natijasida axloqiy-ruhiy tuyg’u, axloqiy-hissiy kechinmalar hosil bo’ladi. Axloqiy his-tuyg’u g’ar kimda turli darajada rivojlangan bo’lib, o’zgaruvchan xususiyatga ega. Ayrim odamlarda hissiyotga beriluvchanlik, o’zini tuta olmaslik holatlari mavjud. O’zini tiya bilish kishining axloqiy madaniyati yuksakligini ko’rsatadi. O’qituvyainig odob madaniyati, axloqiy his-tuyg’ulari o’quvchilarga tarbiyaviy ta‘sir o’tkazishning kuchli vositasidir. U bolalarda axloqiy e‘tiqodni hosil qilish uchun ham juda zarur. Ma‘lumki, kishining xulqi, xatti-harakatlari ko’pincha bilimlardan ko’ra ham hissiyot ta‘sirida sodir bo’ladi. Demak, pedagogik faoliyat uchun o’qituvchi o’z hissiyotini boshqara bilishi, hissiy tuyg’ularni tarbiyalashi muhim ahamiyatga ega. O’qituvchilar va o’quvchilar jamoasida o’zaro bir-birlarini tushunish, o’zaro hurmat va ishonch vaziyati mavjud bo’lishi lozim. Bunday vaziyatni yaratish o’qituvchilar jamoasiga, har bir muallimga bog’liq.
Xulqiy odatlar, axloqiy qarashlar kishining his-tyg’usi bilan chambarchas bog’liq. His-tuyg’ular hushyorlikni oshiradi, oliyjanob insoniy xatti-harakatlarni jonlantiradi va aksincha, muallimning loqaydligi, befarosatligi bolalarda ba‘zi illatlar paydo bo’lishiga olib keladi. Shuning uchun ham, “tepsa, tebranmas”, “dunyoni suv bossa, to’pig’iga kelmaydigan” hissiz kishilarni o’qituvchilik, tarbiyachilik ishiga qo’yish to’g’ri emas. Peedagogika o’quv yurtlariga abuturient tanlashda ham hushyorlik his-tuyg’usi mavjudligini e‘tiborga olish kerak.
O’qituvchining axloqiy his-tuyg’ulari kishi ma‘naviy olamining muhim sohasini tashkil etadi. O’qituvchining axloqiy his-tuyg’ulari uning o’z faoliyatiga, ta‘lim-tarbiya ishiga, pedpgogik jarayonning barcha ishtirokchilari: o’quvchilar, kasbdoshlari, ota-onalarga nisbatan sub‘ektiv axloqiy nuqtai nazarini ifodalaydi.
O’qituvchining axloqiy his-tuyg’ulari shartli ravishda ikki guruhga bo’linadi: birinchisi, muallimning pedagoglik kasbiga, o’z ishiga munoabatidan (o’z kasbidan zavqlanish, g’ururlanish, o’qituvchilik burchi, bolalar tarbiyasi uchun mas‘uliyatni anglashkabilardan) hosil bo’ladigan his-tuyg’ular. (Qarang: V. I. Pisarenko. “Pedagogicheskaya etika”, Minsk, 1977, 117-bet.)
O’z ishiga tanqidiy munosabatda bo’lish, undan g’ururlanish, zavqlanish, o’z qadr-qimmatini anglash kabi his-tuyg’ular o’qituvchining professional-axloqiy qiyofasini ko’rsatadi. Bu ayniqsa, muallimning jamiyatga, davlatga munosabati, O’zbekistonni sevish, unda yashaydigan turli millat va elat vakillariga hurmat, milliy g’urur, pedagoglik burchiga sadoqat kabi his-tuyg’ularda namoyon bo’ladi. O’qituvchining vatanparvarlik his-tuyg’usi o’quvchilarni axloqiy tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega bo’lib, uning o’z Vatani va xalqining taqdiri, kelajagi uchun qayg’urishi, jon kuydurishidan dalolat beradi. O’quvchilar muallimning har bir so’zi, xatti-harakatida O’zbekistonning buyuk kelajagini yaratish uchun jon-dildan harakat qilayotganini his etishlari lozim. Uzoq yillar davom etgan mustamlakachilik siyosati natijasida xalqimizda so’nib qolgan milliy g’ururni qayta uyg’otish, Vatanimizning ozodligi, mustaqilligi, qadrini anglash, yoshlarimiz qalbida undan g’ururlanish his-tuyg’usini ustirish uchun muallimning milliy g’urur-iftixori tarbiyaning bebaho manbai va kuchli vositasi hisoblanadi.
O’qituvchida insonparvarlik, baynalmilalchilik his-tuyg’usi kuchli rivojlangan bo’lishi lozim. Bu tuyg’u O’zbekistonning mustaqillik mafkurasiga mos keladi. O’quvchilarda insonparvarlik, baynalmilalchilik hislarini tarbiyalab ustirish orqali mamlakatimiz xalqlarining tinch, hamjihat bo’lib yashashi va mehnat qilishlariga mustahkam zamin yaratadi. Bunday tuyg’u o’zbek xalqining qadimiy ma‘naviy-axloqiy qadriyatlarining tarkibiy qismi hamdir.
O’qituvchining axloqiy nuqtai nazarini belgilaydigan muhim his-tuyg’ulardan yana biri o’qituvchilik burchini, mas‘uliyatni his etishdir. Bu tuyg’u muallimni bolalarni sidqi dildan, vijdonan sevishga, o’qitish va tarbiyalash ishini halol va ijodiy bajarishga undaydi. Bunday tuyg’u inson shaxsini shakllantiruvchi barcha ijtimoiy-iqtisodiy, hayotiy shart-sharoitlar ta‘sirida hosil bo’ladi. U badiiy asarlarni o’qish, o’rganish va muallimning shaxsiy namunasi ta‘sirida o’quvchilik davridayoq paydo bo’la boshlaydi. Bolalar “muallim-muallim”, “maktab-maktab”, o’ynab, o’qituvchiga taqlid qiladilar, agar topshirilsa, quyi sinf o’quvchilari bilan tarbiyaviy ishlarni bajarishga astoydil urinadilar, intiladilar. Bu keyinchalik pedagoglik kasbini tanlashga ham sabab bo’ladi. Pedagogika o’quv yurtlarining talabalari bilan o’tkazilgan suhbat va yozma ish natijalari bundan dalolat beradi.
Shunday qilib, tarbiyalash, o’z-o’zini tarbiyalash va qayta tarbiyalash jarayonlari o’zaro mustahkam bog’langan bo’lib, inson shaxsini tarkib toptirishning bir butun jarayonida doimo bir-biriga ta‘sir o’tkazadi.
Ijtimoiy normalar, sanksiyalar, rollar ijtimoiy mexanizmlar sifatida shaxs xulq-atvorini malum manoda boshqarib, muvofiqlashtirib turishga yordam beradi. Lekin insonning komilлиgi, uning ahloq — ijtimoiy normalar doirasidagi maqbul xarakati uning o’ziga ham bog’liqdir. Odamning o’z-o’zini anglashi, bilishi va o’z ustida ishlashi avvalo uning diqqati, ongi bevosita o’ziga, o’z ichki imkoniyatlari, qobiliyatlari, hissiy kechinmalariga qaratilishini taqozo etadi. Ya’ni, ijtimoiy xulq-shaxs tomonidan uni o’rab turgan odamlar, ularning xulq-atvorlariga e’tibor berishdan tashqari, o’zining shaxsiy xarakatlari va ularning oqibatlarini muntazam tarzda tahlil qilib borish orqali, rollarni muvofiqlashtirishni ham taqozo etadi.
Shaxsning o’zi, o’z xulq-atvori xususiyatlari, jamiyatdagi mavqyeini tasavvur qilishidan hosil bo’lgan obraz — «Men» — obrazi deb atalib, uning qanchalik adekvatligi va reallikka yaqinligi shaxs barkamolligining mezonlaridan hisoblanadi.
«Men» — obrazining ijtimoiy psixologik ahamiyati shundaki, u shaxs tarbiyasining va tarbiyalanganligining muhim omillaridan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, tarbiya shaxsning o’zi va o’z sifatlari to’g’risidagi tasavvurlarining shakllanishi jarayonidir, deb ta’rif berish mumkin. Demak, har bir inson o’zini, o’zligini qanchalik aniq va to’g’ri bilsa, tasavvur qilolsa, uning jamiyat normalariga zid harakat qilish ehtimoli ham shunchalik kam bo’ladi, ya’ni u tarbiyalangan bo’ladi.
O’z-o’zini anglash, o’zidagi mavjud sifatlarni baholash jarayoni ko’pincha konkret shaxs tomonidan og’ir kechadi, ya’ni, inson tabiati shundayki, u o’zidagi o’sha jamiyat normalariga to’g’ri kelmaydigan, no’maqul sifatlarni anglamaslikka, ularni «yashirishga» harakat qiladi, xattoki, bunday tasavvur va bilimlar ongsizlik sohasiga siqib chiqariladi (avstriyalik olim Z. Freyd nazariyasiga ko’ra). Bu ataylab qilinadigan ish bo’lmay, u har bir shaxsdagi o’z shaxsiyatini o’ziga xos himoya qilish mexanizmidir. Bunday himoya mexanizmi shaxsni ko’pincha turli xil yomon asoratlardan, hissiy kechinmalardan asraydi. Lekin shuni alohida ta’kidlash lozimki, «Men» — obrazining ijobiy yoki salbiyligida yana o’sha shaxsni o’rab turgan tashqi muhit, o’zgalar va ularning munosabati katta rol o’ynaydi. Odam o’zgalarga qarab, go’yoki oynada o’zini ko’rganday tasavvur qiladi. Bu jarayon psixologiyada refleksiya deb ataladi. Uning mohiyati — aynan o’ziga o’xshash odamlar obrazi orqali o’zi to’g’risidagi obrazni shakllantirish, jonlantirishdir. Refleksiya «Men» — obrazi egasining ongiga taalluqli jarayondir. Masalan, ko’chada bir tanishingizni uchratib qoldingiz. Siz tinmay unga o’z yutuqlaringiz va mashg’ulotlaringiz haqida gapirmoqdasiz. Lekin gap bilan bo’lib, uning qayergadir shoshayotganligiga e’tibor bermadingiz. Shu narsani siz uning betoqatlik bilan sizni tinglayotganligidan, hayoli boshqa yerda turganligidan bilib qolasiz va shu orqali ayni shu paytda «mahmadona, laqmaroq» bo’lib qolganingizni sezasiz. Keyingi safar shu o’rtog’ingiz bilan uchrashganda, oldingi xatoga yo’l qo’ymaslik uchun «O’rtoq, shoshmayapsanmi?» deb so’rab ham qo’yasiz. Ana shu ilgarigi refleksiyaning natijasidir. Ya’ni, suhbatdosh o’rniga turib, o’zingizga tashlangan nazar («men unga qanday ko’rinyapman?») — refleksiyadir.
Shaxsning o’zi xaqidagi obrazi va o’z-o’zini anglashi yosh va jinsiy o’ziga xoslikka ega. Masalan, o’ziga nisbatan o’ta qiziquvchanlik, kim ekanligini bilish va anglashga intilish ayniqsa, o’smirlik davrida rivojlanadi. Bu davrda paydo bo’ladigan «kattalik» xissi qizlarda ham, o’smir yigitchalarda ham nafaqat o’ziga, balki o’zgalar bilan bo’ladigan munosabatlarini ham belgilaydi. Qizlardagi «Men» — obrazining yaxshi va ijobiy bo’lishi ko’proq bu obrazning ayollik sifatlarini o’zida mujassam eta olishi, ayollik xislatlarining o’zida ayni paytda mavjudligiga bog’liq bo’lsa, yigitlardagi obraz ko’proq jismonan barkamollik mezonlari bilan nechog’li uyg’un ekanligiga bog’liq bo’ladi. Shuning uchun ham o’smirlikda o’g’il bolalardagi bo’yning pastligi, muskullarning zaifligi va shu asosda qurilgan «Men» — obrazi qator salbiy taassurotlarni keltirib chiqaradi. Qizlarda esa tashqi tarafdan go’zallikka, kelishganlik, odob va ayollarga xos qator boshqa sifatlarning bor — yo’qligiga bog’liq xolda «Men» obrazi mazmunan idrok qilinadi. Qizlarda ham ortiqcha vazn yoki terisida paydo bo’lgan ayrim toshmalar yoki shunga o’xshash fiziologik nuqsonlar kuchli salbiy emosiyalarga sabab bo’lsa-da, baribir, chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar yoki sochlarning o’ziga xos turmagi bu nuqsonlarni bosib ketadigan omillar sifatida qaraladi.
«Men» — obrazi va o’zini-o’zi baholash. «Men» — obrazi asosida ham bir shaxsda o’z-o’ziga nisbatan baholar tizimi shakllanadiki, bu tizim ham obrazga mos tarzda har xil bo’lishi mumkin. O’z-o’ziga nisbatan baho turli sifatlar va shaxsning orttirilgan tajribasi, shu tajriba asosida yotgan yutuqlariga bog’liq holda turlicha bo’lishi mumkin. Ya’ni, ayni biror ish, yutuq yuzasidan ortib ketsa, boshqasi ta’sirida — aksincha, pastlab ketishi mumkin. Bu baho aslida shaxsga boshqalarning real munosabatlariga bog’liq bo’lsa-da, aslida u shaxs ongi tizimidagi mezonlarga, ya’ni, uning o’zi subyektiv tarzda shu munosabatlarni qanchalik qadrlashiga bog’liq tarzda shakllanadi. Masalan, maktabda bir fan o’qituvchisining bolaga nisbatan ijobiy munosabati, doimiy maqtovlari uning o’z-o’ziga bahosini oshirsa, boshqa bir o’qituvchining salbiy munosabati ham bu bahoni pastlatmasligi mumkin. Ya’ni, bu baho ko’proq shaxsning o’ziga bog’liq bo’lib, u subyektiv xarakterga egadir.
O’z-o’ziga baho nafaqat xaqiqatga yaqin (adekvat), to’g’ri bo’lishi, balki u o’ta past yoki yuqori ham bo’lishi mumkin.
O’z-o’ziga bahoning past bo’lishi ko’pincha atrofdagilarning shaxsga nisbatan qo’yayotgan talablarining o’ta ortiqligi, ularni uddalay olmaslik, turli xil e’tirozlarning doimiy tarzda bildirilishi, ishda, o’qishda va muomala jarayonidagi muvaffaqiyatsizliklar oqibatida xosil bo’lishi mumkin. Bunday o’smir yoki katta odam ham, doimo tushkunlik holatiga tushib qolishi, atrofdagilardan chetroqda yurishga harakat qilishi, o’zining kuchi va qobiliyatlariga ishonchsizlik kayfiyatida bo’lishi bilan ajralib turadi va bora-bora shaxsda qator salbiy sifatlar va hatti-xarakatlarning paydo bo’lishiga olib keladi. Xattoki, bunday xolat suisidal harakatlar, ya’ni o’z joniga qasd qilish, real borligidan «qochishga» intilish psixologiyasini ham keltirib chiqarishi mumkin.
O’zi-o’ziga baho o’ta yuqori ham shaxs xulq-atvoriga yaxshi ta’sir ko’rsatmaydi. Chunki, u ham shaxs yutuqlari yoki undagi sifatlarning boshqalar tomonidan sun’iy tarzda bo’rttirilishi, noo’rin maqtovlar, turli qiyinchiliklarni chetlab o’tishga intilish tufayli shakllanadi. Ana shunday sharoitda paydo bo’ladigan psixologik xolat «noadekvatlilik effekti» deb atalib, uning oqibatida shaxs xattoki, mag’lubiyatga uchraganda yoki o’zida nochorlik, uquvsizliklarni sezganda ham buning sababini o’zgalarda deb biladi va shunga o’zini ishontiradi ham (masalan, «xalaqit berdi-da», «falonchi bo’lmaganida» kabi bahonalar ko’payadi). Ya’ni, nimaiki bo’lmasin, aybdor o’zi emas, atrofdagilar, sharoit, taqdir aybdor. Bundaylar xaqida bora-bora odamlar «oyog’i yerdan uzilgan», «manmansiragan», «dimog’dor» kabi sifatlar bilan gapira boshlaydilar. Demak, o’z-o’ziga baho realistik, adekvat, to’g’ri bo’lishi kerak.
Realistik baho shaxsni o’rab turganlar — ota-ona, yaqin qarindoshlar, pedagog va murabbiylar, qo’ni-qo’shni va yaqinlarning o’rinli va asosli baholari, real samimiy munosabatlari mahsuli bo’lib, shaxs ushbu munosabatlarni ilk yoshligidanoq xolis qabul qilishga, o’z vaqtida kerak bo’lsa to’g’rilashga o’rgatilgan bo’ladi. Bunda shaxs uchun etalon, ibratli hisoblangan insonlar guruhi — referent guruhning roli katta bo’ladi. Chunki biz kundalik hayotda hammaning fikri va bahosiga quloq solavermaymiz, biz uchun shunday insonlar mavjudki, ularning hattoki, oddiygina tanbehlari, maslahatlari, hattoki, maqtab turib bergan tanbehlari ham katta ahamiyatga ega. Bunday referent guruh real mavjud bo’lishi (masalan, ota-ona, o’qituvchi, ustoz, yaqin do’stlar), yoki noreal, hayoliy (kitob qahramonlari, sevimli aktyorlar, ideal) bo’lishi mumkin. Shuning uchun yoshlar tarbiyasida yoki real jamoadagi odamlarga maqsadga muvofiq ta’sir yoki tazyiq ko’rsatish kerak bo’lsa, ularning etalon, referent guruhini aniqlash katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’ladi.
Shunday qilib, o’z-o’ziga baho sof ijtimoiy xodisa bo’lib, uning mazmuni va mohiyati shaxsni o’rab turgan jamiyat normalariga, shu jamiyatda qabul qilingan va e’zozlanadigan qadriyatlarga bog’liq bo’ladi. Keng ma’nodagi yirik ijtimoiy jamoalar etalon rolini o’ynashi oqibatida shakllanadigan o’z-o’ziga baho — o’z-o’zini baholashning yuksak darajasi hisoblanadi. Masalan, mustaqillik sharoitida mamlakatimiz yoshlari ongiga milliy qadriyatlarimiz, vatanparvarlik, adolat va mustaqillik mafkurasiga sadoqat xislarining tarbiyalanishi, tabiiy, har bir yosh avlodda o’zligini anglash, o’zi mansub bo’lgan xalq va millat ma’naviyatini qadrlash xislarini tarbiyalamoqda. Bu esa, o’sha yuksak o’z-o’zini anglashning poydevori va muhim shakllantiruvchi mexanizmidir. Demak, o’z-o’zini baholash — o’z-o’zini tarbiyalashning muhim mezonidir. O’z-o’zini tarbiyalash omillari va mexanizmlariga esa, quyidagilar kiradi:
· o’z-o’zi bilan muloqot (o’zini konkret tarbiya obyekti sifatida idrok etish va o’zi bilan muloqotni tashkil etish sifatida);
· o’z-o’zini ishontirish (o’z imkoniyatlari, kuchi va irodasiga ishonish orqali, ijobiy xulq normalariga bo’ysundirish);
· o’z-o’ziga buyruq berish (tig’iz va ekstremal holatlarda o’zini qo’lga olish va maqbul yo’lga o’zini chorlay olish sifati);
· o’z-o’ziga ta’sir yoki autosuggestiya (ijtimoiy normalardan kelib chiqqan holda o’zida ma’qul ustanovkalarni shakllantirish);
· ichki intizom — o’z-o’zini boshqarishning muhim mezoni, har doim har yerda o’zining barcha harakatlarini muntazam ravishda korreksiya qilish va boshqarish uchun zarur sifat.
Yuqoridagi o’z-o’zini boshqarish mexanizmlari orasida psixologik nuqtai nazardan o’z-o’zi bilan amalga oshiriladigan ichki dialog alohida o’rin tutadi. O’z-o’zi bilan dialog — oddiy til bilan aytganda, o’zi bilan o’zi gaplashishdir. Aslida bu qobiliyat bizning boshqalar bilan amalga oshiradigan tashqi dialoglarimiz asosida rivojlanadi, lekin aynan ichki dialog muhim regulyativ rol o’ynaydi. Ye. Klimov bunday dialogning uch bosqichini ko’rsatib o’tadi. 4-jadvalda shaxs ichki dialogining bosqichlari va har bir bosqichga xos bo’lgan belgilar keltirilgan.
Demak, shaxsning qanday sifatlarga ega ekanligi, undagi baholarning obyektivligiga bog’liq tarzda o’z-o’zi bilan muloqatga kirishib, jadvaldagiga muvofiq shaxs o’zini nazorat qila oladi. Shuning uchun ham hayotda shunday kishilar uchraydiki, katta majlisda ishi tanqidga uchrasa ham, o’ziga holis baho berib, kerakli to’g’ri xulosalar chiqara oladi, shunday odamlar ham borki, arzimagan xatolik uchun o’z «ich-etini yeb tashlaydi». Bu o’sha ichki dialogning har kimda har xil ekanligidan darak beruvchi faktlardir.

Yüklə 33,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin