Shaxsga yo‘naltirilgan ta’limning kuchi


Pedagogik ta’limning ahamiyati



Yüklə 40,47 Kb.
səhifə2/4
tarix20.09.2023
ölçüsü40,47 Kb.
#145473
1   2   3   4
2-ma\'ruza

Pedagogik ta’limning ahamiyati
Ilm-fan va ta’lim — aynan shular mamlakatning raqobatbardoshligi, uning innovatsion rivojlanishini ta’minlovchi inson kapitalini yaratishi lozim. Bizning kelajagimiz ham shunga bog‘liq.
Shunisi aniqki, innovatsion rivojlanishning drayverlari bo‘lishga qodir mutaxassislar paydo bo‘lishi uchun, hech bo‘lmaganda, xalqaro talablarga javob beruvchi universitet ta’limi bo‘lishi lozim. Bunga erishishimizga esa hali ko‘p qovun pishig‘i bor.
Faraz qilaylik, biz shunday oliy ta’lim tizimini yaratdik. Biroq yangi muammoga duch kelamiz: maktab bitiruvchilarining ko‘pi u yerlarda tahsil ololmaydilar. Sababi esa maktablar ta’limining sifatidir.
Biroq bolalar maktabga ham o‘z-o‘zidan kelib qolmaydi. Maktabgacha ta’lim vazirligi bolalarni maktabga tayyorlash jarayonida ularga zamonaviy bilimlarni o‘rgatishi va tahliliy fikrlashga tayyorlashi lozim. Prezidentimiz aytganidek, «agar biz 10 yil davomida maktabgacha ta’lim-maktab-oliy ta’lim muassasasi tizimida ishlasak, jamiyatimizda ko‘zlari chaqnab, kelajakka ishonch bilan boquvchi va hech kimdan qo‘rqmaydigan insonlar paydo bo‘ladi».
Aynan shu insonlar mamlakatimizni ilg‘or mamlakatlar qatoriga kiritishga qodir yoshlardir.
Agar maktabgacha ta’lim, o‘rta, oliy va undan keyingi ta’limni isloh qilmas ekanmiz, rivojlangan innovatsion iqtisod ham bo‘lmaydi. Muhimi shuki, sekin qadamlar bilan o‘zgarishlarga erishib bo‘lmaydi. «Sekin yursang, uzoqqa borasan» maqoli bu holatda amal qilmaydi.
Aynan shu sababdan pedagogik ta’lim tizimidagi islohotlar juda muhim hisoblanadi. Vaqt buni bizga allaqachon isbotlagan. 2017 yilda mavjud pedagogika universitetlariga qo‘shimcha sifatida 15 ta OTMda pedagogik mutaxassislik bo‘yicha qo‘shimcha sirtqi bo‘limlar ochildi. Joriy yildan yana besh hududda ham yangi pedagogik institutlar ochilmoqda. 2018−2019 yillarda xalq ta’limi sohasida bir qator muhim hujjatlar, avvalambor, 2030 yilgacha xalq ta’limi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi qabul qilingan.
Pedagogik ta’limni isloh qilish nega shu qadar muhim? O‘qituvchi shaxsi har qanday ta’lim tizimida markaziy bo‘g‘in hisoblanadi. U asosiy rol o‘ynovchi shaxsdir: o‘qituvchi qanday bo‘lsa, o‘quvchilar ham (ularning bilim, ko‘nikmalari, qabul qilishlari) shunday bo‘ladi. Demak, davlat iqtisodiyoti ham shunga qarab shakllanadi. Ulardan qay biri OTMga kirishi yoki jamiyatimizda bir necha yildan keyin kelajakka ishonch bilan boquvchi yuqori ma’lumotli va hech narsadan qo‘rqmaydigan avlod paydo bo‘lishi ham aynan ularga bog‘liqdir.
Hech kim o‘qituvchining maktabdagi roli haqida e’tiroz bildirmaydi go‘yo. Biroq buni tan olishning o‘zi yetarli emas. Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha xalq ta’limi tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonida konsepsiyaning asosiy maqsadi sifatida «umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari»ni aniqlash belgilangan.
E’tiborlisi shuki, bu tizimli islohotdir. So‘nggi paytlarda bu tushuncha urfga kirmoqda. Hamma tizimni o‘zgartirish kerak deb bong uradi, biroq buning zamirida nima borligini hech kim tushuntirib bera olmaydi. Tizimli islohot, tizimli yondashuv, tizimli tahlil tushunchalarini har qanday ilmiy yoki publisistik maqolada, dissertatsiyalarda uchratish mumkin, aslida esa mualliflar u haqida aniq tushunchaga ega bo‘lmay, uni kompleks yondashuv bilan adashtiradilar.
Tizimli yondashuv qandaydir tushunchaga tizim (bizning misolda — ta’lim tizimi), ya’ni o‘zaro tartib va bog‘liqliklar bir butunlikni hosil qiluvchi elementlar jamlanmasi sifatida qarashni nazarda tutadi. Murakkab tizimlarda bu elementlar birinchi darajadagi kichik tizimni, ular esa, o‘z navbatida, ikkinchi darajali kichik tizimni hosil qiladi va hokazo. Elementlar, kichik tizimlar, ular orasidagi nisbat va aloqalar murakkab iyerarxiyani hosil qiladi.
Dinamik tizimlarda ularning holati, elementlar miqdori, iyerarxiyasi ular orasidagi munosabatlar kabi harakatda bo‘lib, o‘zgarishi mumkin va bu tahlil qilishni murakkablashtiradi. Ta’lim tizimi esa, har qanday ijtimoiy voqelik kabi dinamik voqelikdir. Maqolaning boshida ta’kidlanganidek, tizimli yondashuvda yadro, hal qiluvchi bo‘g‘in, matritsani, butun tizim ishlashi nimaga bog‘liqligi va oxir-oqibat, uning samaradorligini aniqlash juda muhimdir.
Bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashda asosiy vazifa — talaba va o‘qituvchilar hozirgi bog‘cha va maktab yoshidagi bolalar ulg‘ayganida qanday dunyoda yashashlarini tushunishlari kerak. Ta’lim sohasida qanday strategiyalarni ilgari surishimiz ham shunga bog‘liq.
Bu nihoyatda muhim. Biz kimsasiz orolda hayot kechirib, u yerda alohida mamlakat barpo qilayotganimiz yo‘q. Tizimli yondashuvdan gap ochgan ekanmiz, aytish joizki, har qanday mamlakat muayyan muhitda mavjud bo‘ladi, muhit va tizim orasida (xalqaro maydon, tabiat) esa ularga ta’sir qiluvchi turli o‘zaro jarayonlar yuz beradi.
Amerikalik jamiyatshunos, siyosatchi va faylasuf, zamonamizning yorqin mutafakkirlaridan biri, dunyo-tizim nazariyasining muallifi Immanuil Vallerstaynning ta’kidlashicha, ko‘plab siyosatchilar o‘z mamlakatlari jahon tizimining bir qismi ekanligini unutib qo‘yib, qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ymoqdalar. Bu tizim qanday rivojlanayotganini inobatga olmay, ishonch bilan ushbu mamlakatlarning o‘tmishi yoki kelajagi haqida biror nima deyish mumkin emas.
Bugun biz SPOD-dunyodan (Steady — barqaror; Predictable — oldindan aytib bo‘ladigan; Ordinary — oddiy; Definite — aniq) VUCA-dunyoга (Volatility — o‘zgaruvchanlik; Uncertainty — noaniqlik; Complexity — murakkablik; Ambiguity — mujmallik) o‘tayotganimiz haqida ko‘p aytilmoqda. Bizni kelajakdan turib o‘ziga chorlovchi dunyo zamonaviy ta’lim oldiga vazifalar qo‘yadi va uning yo‘nalishlarini aniqlaydi.
Ko‘pchilik maktab bolalari va talabalarga umumiy bilimlarni emas (fundamental fanlar sohasidagi mutaxassislar boshqa masala), balki yangi dunyoda qo‘llaniluvchi bilim, ko‘nikma va malaka berish lozim. Shunda bu bilimlar noaniqlik va beqarorlik hukm surgan sharoitda ham tashuvchisining moslashuvchanligi, ham moliyaviy sermahsullik jihatidan samarali bo‘ladi. Shuningdek, shu nuqtayi nazardan, bizda nimalar mavjudligi va nimalar qilishimiz lozimligiga ham baho berishimiz lozim.

Yüklə 40,47 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin