Muammoning o‘rganilganlik darajasi. Farg‘ona vodiysi afidofaunasini o‘rganish O‘rta Osiyo shiralarini tadqiq etish tarixi bilan bog‘langan.
Hozirga qadar Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlari, madaniy landshaftlari afidofaunasi bo‘yicha bir muncha batafsil ma’lumotlar olingan va e’lon qilingan.
O‘rta Osiyodagi afidologik tadqiqotlarning ibtidosi o‘tgan asrning 1910-1915 yillariga to‘g‘ri keladi. Mazkur jarayonda shiralar boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalari bilan hamohang tarzda o‘rganilgan va u davrda Aphis pomide Geer., Hyalopterus pruni Geof., Dysaphis reaumuri Mordv., Pterochloroides persicae Chol, Myzus persicae Sulz.va boshqa turlar haqida dastlabki ma’lumotlar e’lon qilingan edi (Ahmedov, 1995).
Farg‘ona vodiysi shiralari haqidagi dastlabki ma’lumotlar I.V.Vasilev ishlarida o‘z ifodasini topgan. Bu davrda ayrim shiralarning tur tarkibi bilan bir paytda ularning biologiyasi hamda qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar keltirish haqidagi ma’lumotlar ham izohlab berilgan (Vasilev,1910).
O‘rta Osiyodagi afidologik tadqiqotlarning ikkinchi bosqichi 1920 yillardan boshlanadi. Xuddi shu yilda Turkiston entomologik stansiyasi tashkillanadi va ushbu dargohda V.P.Nevskiyning faoliyati boshlanadi (Nevskiy,1929.).
Natijada mazkur region shiralarini muntazam o‘rganilishiga dastlabki qadam qo‘yiladi. Olimning tadqiqot natijalari 1920-yillarning oxirlarida e’lon qilina boshlandi.
V.P.Nevskiyning “O‘rta Osiyo shiralari” (“Тли Средней Азии”, 1929) nomli monografiyasi 1920 yillardan boshlab muntazam olib borilgan afidologik tadqiqotlarning yakuni va tahlili sanaladi. Unda shiralarni o‘rganish bo‘yicha muallif ishlariga qadar e’lon qilingan ma’lumotlar ham umumlashtirilgan, shuningdek bir qancha fanga no’malum bo‘lgan turlar tavsiflab berilgan. Bu asar hozirda ham muhim ilmiy ahamiyatga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Monografiyada Farg‘ona vodiysida uchrovchi turlar haqida ham ma’lumotlar o‘rin olgan (Aphis craccivora Koch, Aphis gossypii Glov., Aphis pomi De Geer. turlari shular jumlasidandir) (Nevskiy, 1970.).
Afidologiya tarixida keyingi keng qamrovli tadqiqotlar M.N.Narziqulov (1941-1990y) nomi bilan bog‘langan. Muallif o‘z tadqiqotlarini Tojikiston va unga chegaradosh hududlarda olib borgan (Narziqulov, 1990.).
Muallif shiralarning biologik xilma-xilligini o‘rganish bilan bir qatorda mazkur hasharotlarni biologiyasi hamda ekologiyasiga oid, shuningdek afidofaunani shakllanish xususiyatlari haqidagi qator nazariy muammolarni ham chuqur tahlil qilib berdi. M.N.Narziqulov ishlarida 100 dan ortiq fanga no’malum bo‘lgan turlar, 10 dan ortiq urug‘larning tavsifi o‘z ifodasini topgan. Muallifning tadqiqotlarida Farg‘ona vodiysida uchrovchi turlar haqidagi ma’lumotlar ham o‘z ifodasini topgan (Eriosoma lanigerium Hausm., Gobaishia pallida Halid., Pemphigus immunis Buckt., Forda hirsuta Mordv., Slavum lentiscoides Mordv., Callaphis yuglandis va boshqalar) (Narziqulov, 1949.).
O‘zbekiston afidofaunasi Aphis L. urug‘i turlarini xilma xilligi shuningdek ularning biologiyasi A.G.Davletshinaning 1964 yildagi e’lon qilingan “O‘zbekiston faunasi Aphis L. urug‘i shiralari” (Tли рода Aphis L. фауны Узбекистан) monografiyasida batafsil izohlab berilgan (Davletshina,1964).
Farg‘ona vodiysi shiralarini keng qamrovli va rejali o‘rganish 1961 yildan boshlangan, bu davr A.A.Muhammadiev faoliyati bilan bog‘langan. Uning dastlabki dissertatsiya ishi Farg‘ona vodiysi va unga chegaradosh hududlar afidofaunasiga bag‘ishlangan. A.A.Muhammadiev Farg‘ona vodiysi shiralarini tadqiq etish jarayonida Chotqol tizmasining janubiy-sharqiy mintaqalaridan Ferganaphis (Sogdianella) Mukh. urug‘iga mansub shiralarni topadi va tavsiflab beradi (Muhammadiev, 1979.).
Muallifning “Farg‘ona vodiysi shiralari” (“Tли Ферганской долины”) hamda M.H.Ahmedov bilan hammualliflikda e’lon qilingan “O‘rta Osiyo shiralari” (“Жимолостныe тли Средней Азии”) nomli monografiyalarida mazkur hasharotlar bo‘yicha batafsil ilmiy manbalar o‘rin olgan. Ushbu ishda boshqa turlar qatorida Crotqol tizmasidan topilgan fan uchun yangi tur Ferganaphis alticola va uning kenja turi Ferganaphis alticola tschatcalicava boshqa turlar tavsifi berilgan (Muhammadiev, 1979; Muhammadiev, Ahmedov, 1982).
A.A.Muxammadiev va uning shogirdlari Farg‘ona vodiysining tabiiy ekotizimlari afidofaunasi bilan bir qatorda madaniy landshaftlar, turli agrotsenozlar afidokomplekslarini ham batafsil tadqiq etgan (Muxammadiev, 1966.).
O‘rta Osiyoning cho‘l hududlari afidofaunasini O.I.Ivanovskiy tomonidan o‘rganilgan. Uning tadqiqotlari asosan cho‘l mintaqalarida uchrovchi kserofil turlarni o‘rganishga bag‘ishlangan (Ivanovskiy, 1960).
A.A.Kan O‘zbekiston afidofaunasi o‘rganish jarayonida ildiz shiralarini rejali tadqiq etgan. Muallifning izlanishlari asosan Farg‘ona vodiysida olib borilgan (Kan, 1960.).
O‘rta Osiyo, jumladan Farg‘ona vodiysi afidofaunasini rejali tadqiq etishda M.H.Ahmedovning tadqiqotlari ham ma’lum rol o‘ynaydi. Muallif tomonidan 300 ga yaqin turlarni tasnifiy katologi tuzilib, ularning biologiyasi, ekologiyasi borasida keng qamrovli tadqiqotlar olib borilgan va shu bilan bir qatorda faunogenez modeli ishlab chiqilgan. Shuningdek shiralar va ularning ozuqa o‘simliklari o‘rtasidagi bog‘lanish, ya’ni afidofaunogenezni florogenetik aloqasi izohlanib, ilk marotaba shiralarni ozuqa o‘simliklaridan foydalanish xususiyatlari, ularning yashash joylari, populyasiya sur’atlarini o‘zgarishi va boshqarilishi qonuniyatlari izohlab berilgan (Ahmedov, 1995).
M.H.Ahmedovning keyingi izlanishlarida O‘rta Osiyo qurg‘oqchil tog‘ mintaqalari afidid shiralari toksonomiyasi, ekologiyasi va faunogenezi batafsil tahlil etildi (Ahmedov,1994).
M.M.Yunusov tomonidan Markaziy Tyonshon shiralarining tur tarkibi, biologiyasi va ekologiyasini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan. M.X.Axmedov bilan birgalikda fan uchun yangi bo‘lgan Acyrtosiphon Mordv. urug‘ining ayrim tur shiralarini tavsiflab bergan (Yunusov,1996).
Farg‘ona vodiysini texnogen ifloslanishi birmuncha yuqori bo‘lib, ekologik holatni barqarorlashtirish uchun shu jarayonni organizmlarga ta’sirini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Muvofiq ravishda, o‘z davrida K.X.G‘aniev va I.I.Zokirovlar tomonidan texnogen ifloslanishni shiralarning morfologiyasi, biologiyasi va ekologiyasi, hayot sikli shuningdek nafas olish jarayoniga ta’siri batafsil o‘rganilgan. Mualliflarning tadqiqotlari natijalari ilk marta atrof muhitning texnogen ifloslanishini afidoindikatsiya qilish nazariyasi va amaliyotini ishlab chiqilishiga asos bo‘ldi (G‘aniev, 2005; Zokirov, 2006).
Sh.Q.Yuldasheva tomonidan Janubiy Farg‘ona sharoitida yong‘oq shiralarining morfo-biologik va ekologik hususiyatlari keng yoritilgan (Yuldasheva, 2011).
Adabiyotlar tahlilidan ma’lum bo‘ladiki, hozirga qadar Markaziy Farg‘ona tabiiy landshaftlari afidofaunasi maxsus tadqiq etilmagan shu o‘rinda A.A.Muhammadiev va M.H.Ahmedovlarning ayrim ishlarinigina misol tariqasida keltirish mumkin. Jumladan A.A.Muhammadiev (1989) Markaziy Farg‘ona sharoitida shaftoli barg shirasi (Myzus persicae Sulz.) rangining o‘zgaruvchanligini tahlil etgan Ahmedov,1995; Muhammadiev,1989).
Uning talqiniga ko‘ra cho‘l sharoitida bu shira pushti va och yashil rangda uchraydi.
M.H.Ahmedovning Markaziy Farg‘ona afidofaunasini antropogen omil ta’sirida o‘zgarishiga oid maqolasida tabiiy landshaftlarni o‘zgarishi bilan shiralar faunasidagi sifat va son jihatdan o‘zgarishlar keltirilgan (Ahmedov,1994.).
Adabiyotlar tahlilidan ko’rinib turibdiki, Farg’ona hududi entomofaunasi umumiy holda tadqiq etilgan. Biroq ekologik muhit o’zgarishi, tuproq tarkibini buzilishi ayrim zararkunanda turlar faoliyatini keskin o’zgarishiga olib kelmoqda, bu holat hali rejali o’rganilmagan.
Shu maqsadda 2019 - 2021 yillar davomida Janubiy Farg’ona hududida qishloq xo’jalik ekinlarini so’ruvchi, kemiruvchi zararkunandalarini va kasalliklarini o’rganish davomida qator natijalarga erishildi.
Jumladan, janubiy hududida tarqalgan ayrim so’ruvchi zararkunandalarning turlari, biologiyasi, ekologik hususiyatlari, ularning hayotiy shakillari tadqiq etildi. Shuningdek, qishloq xo’jalik ekinlarini jiddiy zarar keltirayotgan turlarning zarar keltirish hususiyatlari bo’yicha ma’lumotlar olindi.