Tayanch iboralar. Saltarello — italyan xalq raqsi. Sho’x, quvnoq xarakterga ega. 3/4 yoki 6/8 o’lchovida.
«Fingal g’ori» - Mendelson yaratgan uvertyura. Shotlandiya qirg’oqlari bo’ylab qayiqda qilingan sayohat taassurotlari aks ettirilgan. Uvertyuraning «Gebridlar» degan boshqa nomi ham bor.
«Go’zal Meluzina» - Mendelson yaratgan uvertyura. Meluzina—afsonaviy suv parisi. Nemis romantik adabiyotida keng aks ettirilgan obraz.
Jan Rasin — Buyuk frantsuz yozuvchisi va dramaturgi.
Simfonik orkestr uchun Mendelson qanaqa asarlar yozgan?
«Yoz kechasidagi uyqu» nomli uvertyura haqida gapirib bering.
«Italyancha» va «Shotlandcha» simfoniyalarda nima aks ettirilgan?
Topshiriqlar
Maruza matni asosida konspekt yozing.
Mendelson simfoniyalari va uvertyuralaridan musiqiy mavzular yodlang.
Adabiyotlar.
V.Konen. Istoriya zarubejnoy muziki. Vip.3. M. 1984.
2. V mire muziki . Ejegodnik 1984. M. 1983.
Mavzu: Robert Shuman ijodi.
Reja.
R. Shuman ijodiga xarakteristika. Asarlaridagi obrazlar dunyosi, uslubiga xos xususiyatlar.
R Shumanning musiqiy tanqidchi sifatidagi faoliyati.
Bayoni: Robert Shuman buyuk nemis romantik kompozitori, musiqiy tanqidchi va jamoat arbobidir. Uning ijodi 19 asr jahon musiqa madaniyati cho’qqilaridan biri hisoblanadi. Nemis madaniyatining 1820-40 yillar estetik yo’nalishlari uning musiqasida o’z aksini topdi. Shuman ijodiga xos bo’lgan qarama-qarshiliklarda o’sha davr ijtimoiy hayotining murakkab ziddiyat va qarama-qarshiliklari o’z ifodasini topdi.
Robert Shuman kompozitorlar Veber va Shubertdan keyin kelgan romantik kompozitorlarning ikkinchi avlodiga mansub. Shuman ijodining asosiy mavzusi – insonning ichki dunyosi, his-tuyg’ulari va ruhiy olamini ifodalashdir. Buni kompozitorning : «Inson qalbining eng chuqur qatlamlarini yoritish-ijodkorning asosiy vazifasidir» , - degan so’zlari ham isbotlaydi. Darhaqiqat, tovushlar orqali inson qalbining eng nozik xususiyatlarini mahorat bilan ifodalab berishda Shumanga teng keladigan kompozitorni topish qiyin. Shuningdek, o’z davri ziddiyatlari ongiga kuchli ta’sir o’tkazganligi sababli ko’p asarlarida notinchlik, bezovtalik va isyonkor ruh hukumron. Shopenni hisobga olmaganda zamondosh kompozitorlardan hech birida Shuman asarlariga xos bo’lgan kuchli ehtiros, jo’shqinlik va otashinlik sezilmaydi. Shuman ijodida tabiat manzaralarini aks ettirish ham uning kechinmalari bilan bog’liq. Kompozitor asarlarida tasvirlangan tabiat obrazlari inson his-tuyg’ularini ifodalashga hizmat qiladi. Shuman musiqasi keskin o’zgarish va qarama-qarshiliklarga boy. Noumidlik, tushkunlik kayfiyatidan ko’tarinkilik va zavq-shavqqa, va aksincha kuchli hayajondan sokin o’ychanlik va orzularga berilish kabi bir ruhiy holatdan ikkinchisiga keskin o’tish Shumanning juda ko’p asarlariga xos xususiyatdir.
Shuman asarlarida ifodalash san’ati o’ziga xos va ajoyib. Musiqa ifoda vositalari - kuy, garmoniya va ritm doim jimjimador, antiqa obrazlarning harakati va kayfiyatlarining o’zgaruvchanligiga hizmat qilayotganday tuyiladi. O’ziga xos ifodalash uslubi, yangi obrazlar, yangi shakllar ko’rsatilgan Shuman asarlarini tushunish uchun ularni zo’r diqqat e’tibor bilan eshitish kerak edi. Buning uddasidan chiqolmagan kompozitorning ko’pchilik zamondoshlari Shuman musiqasini anglay olmas, uni tushunarsiz, jumboqlarga to’la deb hisoblar edilar. Faqat 1850-yillardan boshlab Shuman ijodiga qiziqish kuchaydi, asarlari kontsert dastularidan munosib o’rin egalladi va muxlis va ixlosmandlari ko’paydi. Hozirgi kunda Shuman asarlarini yosh ijrochilar ham, yetuk sozandalar ham doim ijro etadilar. Kompozitor merosi namunalari barcha musiqa o’quv yurtlarining o’quv dasturlari va ijrochilik tanlovlari dasturlaridan katta o’rin egallagan. Shuman sermahsul ijodkor bo’lib qisqa ijodiy yo’li davomida juda ko’p asarlar yaratdi. Bitta opera, to’rtta simfoniya, fortepiano va orkestr, skripka va orkestr, violonchel va orkestr uchun kontsertlar, kamer-cholg’u asarlari xor asarlari, yaratdi. 200 dan ortiq qo’shiqlari orasida Geyne she’rlariga yozilgan «Shoir muhabbati» va Shamisso she’rlariga yozilgan «Ayol hayoti va muhabbati», nomli qo’shiq turkumlari katta e’tiborga loyiq. Fortepiano ijrosi uchun yozilgan turli pesalar va ellikka yaqin turli asarlar to’plamlari Shuman ijodining eng muhim va salmoqli qismidir.
Shumanning musiqiy tanqidchi sifatida olib borgan faoliyati ham kata e’tiborga loyiq. Yigirma yoshidanoq u san’atdagi qoloqlik, rasmiyatchilik, mutaassiblik, meshchanlik va filistyorlikka qarshi kurashdi. «Filistyor» so’zi nemischa bo’lib eskilikka berilgan, san’atdagi ijobiy yangiliklarni qabul qilmaydigan qoloq, tor fikrli kishilarni ifodalaydi. Shuman jangovar, isyonkor, hayajonli musiqa asarlari va o’tkir tanqidiy maqolalari bilan musiqa san’atida ilg’or yangiliklarga yo’l ochdi. Musiqiy iste’dodidan tashqari katta adabiy qobilyatlarga ega bo’lgan Shuman 1834-yilda Leyptsig shahrida hamfikr do’stlari bilan birga har hafta chiqadigan «Yangi musiqiy gazeta» nomli jurnalga asos soldi. Bu haftanoma aniq va dolzarb vazifalarni bajarishga hizmat qilishi kerak edi. Musiqa san’atidagi barcha salbiy holatlarga qarshi kurashish, san’atning kelajagi bo’lgan iste’dodli yoshlarni qo’llab quvatlash, musiqiy ijod va ijrochilik san’atining mazmundor bo’lishiga erishish bu vazifalarning asosiylari edi. Musiqiy tanqid ularni bajarishda asosiy vosita bo’lib hizmat qiladi, deb hisoblardi Shuman. Musiqiy tanqidda faqat tahlil bilan shug’ullanish etarli emas. Faqat badiiy sifatlarga ega bo’lgan tanqid tinglovchini qiziqtira oladi va unda taassurot qoldiradi. Zarur natijalarga erishish uchun uning hayoliga filistyorlikka qarshi kurashuvchi «ma’naviy-romantik» ittifoq tuzish lozim, degan fikr keldi. Bu ittifoqning etakchisi etib bibliyadan olingan afsonaviy qo’shiqchi — shoh David tayinlandi. U o’zining ajoyib san’ati bilan o’z xalqi dushmanlari bo’lgan filistimlyanlarni enggan. Uning sharafiga Shuman o’ylab topgan hayoliy ittifoq «David ittifoqi» -- ya’ni nemischa «Davidsbyund» deb ataldi. Ittifoq hayoliy bo’lgani uchun musiqa san’atining tirik vakillari ham, dunyodan o’tganlari ham uning a’zosi bo’lishi mumkin edi. Masalan Motsart kompozitorlar Berlioz, Shopen va boshqalar kabi ittifoq a’zosi ya’ni «Davidsbyundler» edi. Jurnalda chiqadigan tanqidiy maqolalar va feletonlar, dolzarb masalalardagi baxs va munozaralarda tug’iladigan tanqidiy fikrlar ular nomidan e’lon qilinardi. Shuman o’z fikrlarini doim ikki davidsbyundler - Florestan va Evzebiy orqali bildirardi. Ularning xarakteri bir biridan keskin farq qiladi. Florestan mag’rur, qiziqqon. U barcha salbiy holatlar, nuqson va kamchiliklarni keskin tanqid qiladi, o’z fikrlarini his-hayajon bilan ifodalaydi. Evzebiy esa o’ychan, hayollarga berilgan shoirtabiat inson. Barcha masalalarda uning fikri Florestan fikri bilan bir xil. Faqat Evzebiy o’z fikrini vazminlik va salmoq bilan, ba’zan esa kinoyali tarzda ifodalaydi. O’zining ko’p tanqidiy maqolalarini Shuman Florestan va Evzebiyning jonli suhbati shaklida yozgan. Shuni aytish lozimki Florestan va Evzebiy timsolida Shumanning qarama-qarshiliklarga boy xarakteri o’z aksini topdi.
O’n yil davomida (1834-1844) Shuman musiqiy tanqidchi sifatida faoliyat ko’rsatdi va bu soxada ham katta ahamyatga ega bo’lgan meros qoldirdi. Uning Shopen, Shubert va Betxoven ijodi haqidagi maqolalari, Berliozning «Fantastik simfoniyasi» tahlili, o’sha davr fortepiano musiqasi haqidagi materiallari, «Yosh ijodkorlarga maslaxatlar» rukni ostida berilgan aforizmlari hozirgi kunda ham o’zining ilmiy, tarbiyaviy va estetik qimmatini yo’qotgan emas.