«Simfonik etyudlar»
«Simfonik etyudlar» Shumanning fortepiano uchun yozgan yetuk asarlaridan biridir. Uni Bax va Betxovenning eng yaxshi asarlari bilan bir qatorga qo’yish mumkin. Boshida kompozitor bu asarni «Florestan va Evzebiyning orkestr ruhidagi etyudlari» deb nomlamoqchi bo’lgan. Bu nom kompozitor fikricha musiqaning simfonik orkestr ijrosiga xos xususiyatini ta’kidlashi, fortepianoda orkestrning ba’zi cholg’ulari ovozi aks ettirilganligini ko’rsatishi kerak edi. Haqiqatdan ham ba’zi epizodlarda skripka, violonchel, klarnet va fagot tembrlarini payqash mumkin. Lekin keyinchalik Shuman asarga «Simfonik etyudlar» degan nom berdiki, bu nom asarning badiiy g’oyasini, yirik shakli va uzluksiz dramatik rivojlanishga intilish borligini aniqroq ko’rsatadi. Shuman o’z kundaligiga bu asar haqida quyidagi so’zlarni yozgan: «Men motam marshi musiqasini asta-sekin rivojlantirib ulug’vor, tantanali yurishga aylantirishni va asarni dramatik jihatdan qiziqarli qilishni hohladim». Darhaqiqat «Simfonik etyudlar» yangi, romantik uslubdagi variaciyalar shakliga misol bo’ladigan har tomonlama yetuk asardir. Unda klassik variaciyalardagi mavzuning o’zgarishi principlaridan farqli ravishda obrazlarning rivojlanishi va o’zgarishiga e’tibor berilgan. Motam marshi ruhidagi bosh mavzu asta-sekin o’n ikki etyud - variaciyalar davomida o’zgarib finalda ulug’vor, g’olibona marshga aylanadi. Lirik xarakterdagi, tokkata, skerco, marsh uslubidagi variaciyalar ketma-ket yangraydi. Sakkizinchi etyudda uzoqdan organ passikaliyalarining sadosi kelayotganday tuyuladi. O’n birinchi etyud lirik xarakterdagi noktyurn va ohirgi o’n ikkinchi etyud tantanali, shodiyona xarakterdagi marshdir. Har bir obraz mahoratli fortepiano ijrochiligi uslubi bilan ifodalab berilgan. Shuning uchun ham asarning «etyudlar» deb atalishi bejiz emas.
Tayanch iboralar.
Miniatyura — Italyancha, Frantsuzcha so’z, kichik musiqiy pesa.
Davidsbyundlerlar – Shuman o’z hayolida tuzgan «David ittifoqi» a’zolari. Ular nemis musiqa san’atidagi qoloqlik, rasmiyatchilik va konservatizmga qarshi kurashganlar.
Arlekin. Kolombina. Pero. Pantalone - italyan xalq teatri qahramonlari. Turli xalq bayramlari va sayillarining doimiy ishtirokchilari. Arlekin – masharaboz. Pero – aktyor. Kolombina – raqqosa. Pantalone – fokuschi chol.
«Kreysleriana» - Shumanning fortepiano uchun yozilgan ishqiy mavzudagi pesalari turkumi. Yozuvchi E.T.A.Gofmanning shu mavzudagi hikoyalari qahramoni Iogann Kreysler nomi turkumga sarlavha qilib olingan.
5. Filistyorlar – musiqa san’atidagi barcha yangiliklarga qarshi bo’lgan, tor manfaatlarni ko’zlovchi qoloq fikrli kishilar.
Dostları ilə paylaş: |