4-§.Sifat darajalari. Belgining oddiy darajaga ko‘ra nisbatlab, farqlanishi sifat darajalari deyiladi. Sifat darajalarining quyidagi turlari bor:
Oddiy daraja. Bir narsa belgisining boshqa narsa belgisiga nisbatlanmay ifodalanishi oddiy daraja deyiladi. Bunday sifatlar daraja bildiruvchi affikslarga ega bo‘lmaydi. Masalan: yorug‘, yaxshi, og‘ir, chaqqon, yumshoq, baland, to‘g‘ri.
Qiyosiy daraja belgining oddiy darajaga nisbatan ortiq yoki kam ekanligini qiyoslab ko‘rsatadi. Qiyosiy darajadagi sifat asosan -roq affiksi bilan shakllanadi: kattaroq, kichikroq, ko‘kroq, balandroq, mazaliroq, achchiqroq.
Qiyosiy daraja, odatda, ikkita narsa, hodisa, voqea yoki holat ishtirokida hosil bo‘ladi. Bunda qiyoslanayotgan narsalarning belgisi … -ga nisbatan (qaraganda) … -roq yoki … -dan (ko‘ra) … -roq qolipi asosida voqelanadi: Bugungi shamol kechagiga qaraganda kuchliroq.Tut terakdan pastroq. Asal shakardan ko‘ra shirinroq.
Qiyoslash ma’nosi chiqish yoki jo‘nalish kelishigidagi ot + ko‘ra, nisbatan, qaraganda so‘zlaridan biri hamda oddiy darajadagi sifat birligi orqali ham ifodalanishi mumkin: Alisher boshqa bolalarga qaraganda zehnli, mehnatsevar chiqdi.
Ba’zan bunday ma’no –roq ko‘rsatkichili sifatning yakka o‘zi orqali ham hosil bo‘lishi mumkin: Qalbdan aytilgan tashakkurdan qimmatliroq mukofot bo‘lmaydi.
Orttirma daraja belgining oddiy darajadan ortiq, yuqori ekanligini ifodalaydi. Orttirma daraja quyidagicha usullar vositasida hosil bo‘ladi:
1.Fonetik usul: a) sifatning bosh qismi va oddiy darajadagi shaklning maxsus takrori orqali: ko‘m-ko‘k, dum-dumaloq, yam-yashil, oppa-oson, teppa-teng; b) sifat tarkibidagi unlini cho‘ziq talaffuz qilish orqali: baaland, achchiq.
2.Leksik usul: a) sifat oldidan eng, juda, g‘oyat, g‘oyatda, nihoyatda, behad, biram, tim, naq, cheksiz kabi so‘zlarni keltirish orqali: juda go‘zal, behad xursand, nihoyatda baland, g‘oyat minnatdor, biram yoqimli, o‘ta g‘irrom, o‘lgiday ziqna, naqadar ulug‘vor, tim qorong‘u; b) turg‘un birikmalarni sifat oldidan keltirish orqali: xaddan ziyod achchiq, haddan tashqari maroqli, bahosi yo‘q juvon; v) takroriy sifatlarni ot oldidan keltirish orqali: baland-baland imoratlar, zo‘r-zo‘r yigitlar, hashamatli-hashamatli binolar, shirin-shirin orzular.
Bulardan tashqari, shirindan shirin, uzindan uzoq kabi morfologik ko‘rsatkichlar ishtirokida ham orttirma daraja hosil qilinishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |