Sifat so’z turkumi va uning o’rganilishi tarixi. Umumiy xususiyatlari Narsaning belgisini bildirib, qanday? qanaqa? qaysi? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladigan so‘zlar turkumi sifat deyiladi. Sifat asosan otga bog‘lanadi va uning belgisini aniqlaydi. Masalan: oq ko‘ylak, kuzgi ekin, aqlli qiz, yumshoq non, o‘rtancha o‘g‘il. Bunda belgi bildiruvchi so‘z sifatlovchi, uni boshqarib kelgan ot esa sifatlanmish deyiladi.
Sifat bog‘lanib kelgan ot turli so‘z o‘zgartuvchi qo‘shimchalar bilan qo‘llanish mumkin, lekin sifat o‘zgarmaydi: ko‘k qalam, ko‘k qalamning, ko‘k qalamdan kabi. Sifat gapda asosan a) sifatlovchi-aniqlovchi vazifasini bajaradi: Bir ozdan so‘ng yoqimlishamol esa boshladi; b) kesim bo‘lib keladi: Osmon tiniq. Sifat ba’zan fe’lga bog‘lanib, harakatning belgisini bildirishi mumkin. Bunday holda sifat ravish kabi gapda hol vazifasini bajaradi: U do‘stining yuragida kechayotgan tuyg‘ularni yaxshi tushunardi. 2-§. Sifatning ma’no turlari. Sifatlar ma’no jihatdan quyidagi turlarga bo‘linadi:
xususiyat bildiruvchi sifatlar: kamtarin, sho‘x, ziqna, sodda, yo‘rg‘a, mehribon;
2) holat bildiruvchi sifatlar: keksa, badavlat, iliq, tinch, salqin, ochiq, xursand; 3) shakl- ko‘rinish bildiruvchi sifatlar: gavdali, novcha, qiyshiq, yassi; 4) rang - tus bildiruvchi sifatlar: oq, qora, qizil, pushti; 5) hajm – o‘lchov bildiruvchi sifatlar: keng, tor, uzun, yaqin, katta, og‘ir; 6) maza - ta’m bildiruvchi sifatlar: nordon, achchiq, bemaza, shirin; 7) hid bildiruvchi sifatlar: muattar, xushbo‘y, badbo‘y; 8) o‘rin va paytga munosabat bildiruvchi sifatlar: kechki, tonggi, kuzgi, bahorgi. 3-§. Asliy va nisbiy sifat. Sifatlar ma’no jihatdan bir-biridan farqlanadi. Ba’zi bir guruh sifatlar bevosita belgi ifodalash xususiyatiga ega bo‘lsa, boshqalarida belgi tushunchasi ma’lum bir narsaning boshqa narsaga munosabati asosida anglashiladi. Shunga ko‘ra ularni asliy va
nisbiy sifatlarga ajratish mumkin.
1. Narsaning belgisini bevosita ifodalaydigan, belgini darajalab ko‘rsata oladigan sifat asliy sifat deyiladi. Masalan: yaxshi, katta, uzun, qisqa, oq, qora, semiz, kamtar kabi tub so‘zlar asliy sifatlardir.
2. Narsa belgisini o‘rin yoki paytga nisbatlash, boshqa narsaga o‘xshatish, chog‘ishtirish kabi ma’nolar vositasida ifodalaydigan sifat nisbiy sifat deyiladi. nisbiy sifatlar affikslar orqali yasalgan sifatlardan tashkil topadi. Ular ma’no jihatdan a) belgini biror narsaga nisbat berish bilan ifodalaydi: g‘ayratli yigit, chiroyli surat, devoriy gazeta, ko‘rpalik mato; b) belgini o‘rin va paytga nisbatlaydi: toshkentlik kishi, yerdagi olma, kuzgi shamol; d) belgini narsaning xususiyat, holatga nisbatlaydi: ko‘ngilchan odam,chopqir ot, tirishqoq talaba.
4-§.Sifat darajalari. Belgining oddiy darajaga ko‘ra nisbatlab, farqlanishi sifat darajalari deyiladi. Sifat darajalarining quyidagi turlari bor:
Oddiy daraja. Bir narsa belgisining boshqa narsa belgisiga nisbatlanmay ifodalanishi oddiy daraja deyiladi. Bunday sifatlar daraja bildiruvchi affikslarga ega bo‘lmaydi. Masalan: yorug‘, yaxshi, og‘ir, chaqqon, yumshoq, baland, to‘g‘ri. Qiyosiy daraja belgining oddiy darajaga nisbatan ortiq yoki kam ekanligini qiyoslab ko‘rsatadi. Qiyosiy darajadagi sifat asosan -roq affiksi bilan shakllanadi: kattaroq, kichikroq, ko‘kroq, balandroq, mazaliroq, achchiqroq. Qiyosiy daraja, odatda, ikkita narsa, hodisa, voqea yoki holat ishtirokida hosil bo‘ladi. Bunda qiyoslanayotgan narsalarning belgisi … -ga nisbatan (qaraganda) … -roq yoki … -dan (ko‘ra) … -roq qolipi asosida voqelanadi: Bugungi shamol kechagiga qaraganda kuchliroq.Tut terakdan pastroq. Asal shakardan ko‘ra shirinroq.
Qiyoslash ma’nosi chiqish yoki jo‘nalish kelishigidagi ot + ko‘ra, nisbatan, qaraganda so‘zlaridan biri hamda oddiy darajadagi sifat birligi orqali ham ifodalanishi mumkin: Alisher boshqa bolalarga qaraganda zehnli, mehnatsevar chiqdi. Ba’zan bunday ma’no –roq ko‘rsatkichili sifatning yakka o‘zi orqali ham hosil bo‘lishi mumkin: Qalbdan aytilgan tashakkurdan qimmatliroq mukofot bo‘lmaydi.