Uyg‘otish tokining o‘zgarishida dvigatel rejimida ishlaydigan valda yuklamasi bo‘lmagan sinxron mashina sinxron kompensator deb ataladi. Sinxron kompensator uyg‘otish tokining kattaligiga qarab tarmoqqa reaktiv quvvat berishi yoki tarmoqdan uni qabul qilishi mumkin. Tuzilishi bo‘yicha u turbogeneratorga o‘xshaydi, biroq sinxron kompensator o‘rtacha chastotada (750-1000 ayl/min) da aylanadigan qilib tayyorlanadi. Sinxron kompensator rotori aniq qutbli qilib tayyorlanadi. Stator tuzilishiga ko‘ra turbogenerator statoriga o‘xshash. Sinxron kompensator statorning nominal toki, kuchlanishi va quvvati bilan, rotorning chastotasi va nominal toki bilan hamda nominal rejimdagi yo‘qotishlar bilan xarakterlanadi. Sinxron kompensatorning nominal kuchlanishi unga tegishli elektr tarmog‘ining nominal kuchlanishidan 5 yoki 10% ortiq belgilanadi. Sinxron kompensatorning nominal quvvati nominal kuchlanishda, sovituvchi muhitning nominal parametrlarida uning uzoq vaqt davomida ruxsat etiladigan yuklanishiga qarab aniqlanadi. Sinxron kompensatorlarning nominal quvvati kilovolt-amper hisobida aniqlanadi va asosan quvvatlar qatoriga to‘g‘ri kelishi kerak. Shuning uchun standart bo‘yicha sinxron kompensatorning minimal quvvati 10000 kVA deb belgilangan. Statorning nominal toki nominal quvvat va nominal kuchlanish qiymatlari asosida aniqlanadi. Rotorning nominal toki–tarmoqdagi kuchlanish nominal kuchlanishdan ±5% farq qilib, o‘ta uyg‘otish rejimidagi kompensatorning nominal quvvatini ta’minlovchi tokning eng katta miqdoridir. Sinxron kompensatorlarning nominal sovitish sharoitlarida aktiv quvvatning yo‘qotilishi 1,5-2,5% ga teng. Sinxron kompensatorlar ikki usulda sovitiladi: KS tipidagi kompensatorlar uchun vetilyasiyaning yopiq tizimi bilan havoli bilvosita sovitish (turbogeneratorlarga o‘xshash), KSV kompensatorlari uchun qobiq montaj qilingan gaz sovitgich bilan vodorodli bilvosita sovitish. Kompensatorlarning ikkala turida ham V sinfdagi izolyasiya qo‘llanilgan. Hozirgi elektr yuklanishlar juda katta reaktiv quvvat iste’mol qilishi bilan xarakterlanadi. Reaktiv quvvat iste’mol qilishnig ortishiga birinchi navbatda elektr qurilmalarini keng miqyosda ishlatish sabab bo‘lmoqda, ularda energiyani o‘zgartirish uchun magnit maydonlaridan foydalaniladi (elektr dvigatellar, transformatorlar va hokazo). Simobli ventillar, lyuminessentli yoritish va boshqa o‘zgartirgich qurilmalarining toklari ancha katta reaktiv tashkil etuvchiga ega. SHu sababli elektr tarmoqlari tokning reaktiv tashkil etunchisi bilan yuklanilanadi, buning ta’sirida kuchlanish pasayadi va elektr energiyani uzatish hamda taqsimlashda quvvat yo‘qotishlar katta bo‘ladi. Agar yuklanishlar markaziga sinxron kompensator ulansa, u iste’molchilarga kerak bo‘lgan reaktiv quvvatni generatsiyalab (paydo qilib), elektr stansiyalarni yuklanish bilan ulaydigan liniyalarning reaktiv tok yuklanishini kamaytirish imkoniyatini beradi, bu esa butun tarmoq ishini yaxshilaydi. Bunda sinxron kompensator o‘ta uyg‘otish bilan reaktiv quvvat berish rejimida ishlashi lozim. Sinxron kompensatorlar elektr uzatuvchi podstansiyalarda ham o‘rnatiladi, ular yordamida liniya bo‘ylab kuchlanishni to‘g‘ri taqsimlash va parallel ishlash turg‘unligi ta’minlanadi. Shu bilan birga, elektr uzatkichning ish rejimiga qarab kompensatordan yoki generatsiyalash rejimida yoki reaktiv quvvatni iste’mol qilish rejimida ishlash talab etiladi.