AYLANAYIN
Atrofingda aylanadi to'rt fasl,
Gul aylanar, o'rgiladi qor sendan.
Oy aylanar, yer aylanar muttasil,
Endi o'zim aylanayin, yor, sendan.
Tomirida gulob oqqan guloyim,
Guldek yashnab tur baxtimga, iloyim.
Meni yaxshi ko'rarkanda xudoyim,
Endi o'zim aylanayin, yor, sendan.
O'n oltida oqqush bo'lding shaylanding,
Yigirmada taqdirimga boylanding.
O'ttizingda alangaga aylanding,
Endi o'zim aylanayin, yor, sendan.
Qul podshoga borsa shohning izzati,
Podsho qulga kelsayam shoh himmati.
Neki qilsang o'zgarmaydi qiymati,
Endi o'zim aylanayin, yor, sendan.
Hamma oshiq bugun menda jam bo'ldi,
Ko'zlaringni o'psam ko'zing nam bo'ldi.
Qancha o'psam yana shuncha kam bo'ldi,
Endi o'zim aylanayin, yor, sendan.
Atrofingda aylanadi to'rt fasl,
Gul aylanar, o'rgiladi qor sendan.
Oy aylanar, yer aylanar muttasil,
Endi o'zim aylanayin, yor, sendan.
2006
QANI
Ko'nglimday bo'sh ko'chalar,
Farg'ona, Mashrab qani?
Pul sochgan boyvachchalar,
Devona Mashrab qani?
Kunlar o'tar bema'ni,
Hech kim tushunmas mani.
Ishonib sir aytgani,
Devona Mashrab qani?
Etagin tutay, desam,
Ko'zimga surtay, desam,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Qo'llarin o'pay, desam,
Devona Mashrab qani?
Bitmadim shohbayt hali,
Lekin yo'l yo'q qaytgali,
She'rlarimni aytgali,
Devona Mashrab qani?
To'nimni echay, desam,
Dunyodan kechay, desam,
Birga may ichay, desam,
Devona Mashrab qani?
Baxtimga teng kulfat yo'q,
Do'st yo'q, yor yo'q, ulfat yo'q,
Yuragimda quvvat yo'q,
Devona Mashrab qani?
2006
AZIZ
Kimga sahro aziz, kimga bog' aziz,
Kimga daryo aziz, kimga tog' aziz.
Kimdir hayvonlarni aziz tutmishdir,
Kimga muhtoj bo'lsang, shu ko'proq aziz.
Azizam, dardlaring azizdir menga,
Ginali xatlaring azizdir menga.
Anduh, hasratlaring azizdir menga,
Maktub qatidagi gul-yaproq aziz.
Xudo, aziz qilgin yolg'iz bolamni,
Duosi tinmaydi munis onamning.
Qatim nur yoritib turar olamni -
Onam sochidagi tolim oq aziz.
Yurakda pok tutib mudom niyatni,
Insonlikka chorlab odamiyatni,
Ustozlar quchdilar abadiyatni...
Muhammadlar o'tgan yo'l, so'qmoq aziz.
Shu oyning nurida she'r bitgan bobom,
Shu kunning qo'rida er yetgan bobom,
Ko'klarga termulib, yer ketgan bobom,
Menga shu ko'k aziz, shu tuproq aziz.
2006
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
HURON
Boshim bukib qo'yib o'lim-azasiz,
To'yga borgan o'yinchidek shod hijron.
Yorsiz mazmunsizman, yorsiz mazasiz...
Balki unga begona va yot hijron.
Yer yuzida yulduzdan ko'p bandalar,
Hammasining lablarida handalar.
Nega hadeb bitta odam tanlanar?
Nega faqat meni aylar yod hijron?
Meni xazon qilgudayin shashding bor,
Imkonimdan ming bor uzun dasting bor,
Nima qildim, menda nima qasding bor!
Sen ham go'yo bir odamiy zot, hijron!
Hiyla qilib chiqib bo'lmas yo'lingdan,
Urib qochib ketolmayman qo'lingdan.
Tutquningman, mahkumingman, qulingman,
Osgil meni, otgil meni, sot, hijron!
Toleimga yozilgani qarg'ishday,
Boshqalarga visol oddiy bir ishday...
Men zamondan ortda qolgan darvishday...
Dod dastingdan, dod dastingdan, dod, hijron!
2006
Dostları ilə paylaş: |