Bronxial astma – infeksion-allergik kasallik bo‘lib, vaqti-vaqti bilan avj olib, yillar davomida surunkali kechadi. Sababi: odam organizmining qandaydir allergenga, ya’ni allergiyani yuzaga keltiradigan moddaga sezuvchanligining ortishi. Masalan, hayvon junining changi, gul changi, bo‘yoq, kerosin, benzin hidi, shuningdek, ba‘zi taomlar (tuxum, baliq, ikra, xurmo, apelsin, yong‘oq va hokazo) ga allergik moyillik.
Organizmning allergiyaga moyilligi bilan birgalikda stafilakokk, pnevmokokk kabi mikroblar va viruslar yuqishi natijasida nafas olish a‘zolarining tez-tez yallig‘lanishi (bronxit, pnevmoniya) kasalliklari bronxial astmaning yuzaga kelishiga qulay sharoit tug`diradi. Shuning uchun ham u infeksion-allergik kasallik deb nomlangan.
Belgilari:kasallik surunkali davom etib, vaqti-vaqti bilan xuruj qiladi. Xuruj ko‘pincha kechasi paydo bo‘ladi, birdaniga bemorning nafasi qisadi, nafas chiqarishi qiyinlashadi, u hushtak chalgandek xirillab qiyinchilik bilan nafas chiqaradi. Nafas chiqarishini osonlashtirish uchun bemor tik turib qo‘llarini stolga, deraza supachasiga tiraydi. Auskultatsiyada o‘pkadan hushtakli g‘ijillashga o‘xshash xirillash eshitiladi. Xuruj paytida tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa bemorning hayoti xavf ostida qoladi.
Tibbiy yordam: xuruj paytida bemorga quyidagicha tibbiy yordam ko‘rsatilishi kerak:
1. Bemor baland yostiqqa yarim o‘tirgan holda suyab qo‘yiladi. Uning tugmalari bo‘shatiladi. Xonaga toza havo kiritish chorasi ko‘riladi.
2. Qo‘l-oyoqlariga gorchitsali issiq vanna qilinadi;
3. O’ng ko‘kragiga, kuraklari o‘rtasi va ostiga gorchichnik qo`yiladi;
4. Burniga astmopent, fenotiral, albutiral, ventalin, salmoteral, barmoteral, vintit, ditek kabi aerozollar (bittasi) sepiladi (purkaladi).
5. Iloji bo`lsa, namlangan kislorod hidlatiladi.
6. Adrenalin 0,1 % 0,5-1 ml, platifillin 1 ml teri ostiga (bittasi).
Oila sharoitida yuqoridagi tibbiy yordamni ko‘rsatish imkoni bo‘lmasa, bemor tezlik bilan shifoxonaning allergologiya yoki pulmonologiya bo‘limiga yuboriladi.
Bronxial astma kasalligi bo`lgan bemor poliklinikaning allergolog yoki terapevt shifokori nazoratida muntazam ravishda davolanib turishi kerak.