Soliqlar va soliqqa tortish fanidan oquvuslubiy majmua
2. Umumdavlat va mahalliy soliqlar hamda boshqa majburiy to‘lovlar, soddalashtirilgan soliq tizimiga o‘tgan yuridik va jismoniy shaxslar. Iqtisodiy adabiyotlarda yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘indisi soliqlar tizimi deb tushuniladi. Soliq kodeksining 17-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida soliqlar va yig’imlar amal qiladi hamda ular O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan joriy etiladi va bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlar hamda mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar amal qiladi.
Umumdavlat soliqlari va boshqa majburiy to‘lovlar tarkibiga quyidagilar kiradi:
1) foyda solig‘i;
2) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
3) qo‘shilgan qiymat solig‘i;
4) aksiz solig‘i;
5) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
6) suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq.
7) ijtimoiy soliq
Umumdavlat soliqlari har yili O‘zbekiston Republikasi Prezidentining keyingi moliya yili uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va davlat budjeti prognozi to‘g‘risidagi maxsus qarori asosida belgilangan normativlar bo‘yicha tegishli mahalliy budjetlar o‘rtasida taqsimlanadi.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarga quyidagilar kiradi:
1) mol-mulk solig‘i;
2) yer solig‘i;
3) ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im;
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘lovchisi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligi hujjatlariga muvofiq, mulkchilik shaklidan qat’iy nazar yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Mol-mulk solig‘i va yer solig‘i O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga binoan joriy etiladi va uning butun hududida undiriladi.
Ushbu soliqlar stavkalarining miqdori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
Ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘imlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat hokimiyati organlari, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari kengashlari tomonidan joriy etiladi. Ushbu soliqlar va yig‘imlar stavkalarining eng yuqori miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida ayrim mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni umumiy, qat’iy stavkalarda belgilashi mumkin.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar stavkalari soliq to‘lovchilarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va uning quyi organlari tomonidan belgilangan tartibda etkaziladi.
Soliq kodeksining 18-moddasi, maxsus soliq rejimlari, deb nomlanadi.
Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonun hujjatlarida yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.
Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llashni nazarda tutishi mumkin.
Yuridik shaxslar tomonidan budjet bilan hisob-kitoblar hisobi budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlar hisobi hisobvaraqlarida mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar har bir turi bo‘yicha yuritiladi.
Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanishi, mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi uchun javobgarlik soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lovchilar zimmasiga yuklanadi.
Mahalliy soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lanishining tasdig‘i bo‘lib amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq bank muassasasi yoki vakolatli organ bergan hujjat hisoblanadi.
Soliqlarning umumdavlat (respublika) va mahalliy soliqlarga bo‘linishi hukumat idoralarining respublika hukumati va mahalliy hukumatlarga bo‘linishi asosida kelib chiqadi. Har bir hokimiyat idoralari o‘zlarining bajaradigan muhim vazifalaridan kelib chiqib, o‘z budjetiga va uni ta‘minlaydigan soliqlarga va boshqa majburiy to‘lovlarga ega bo‘lishi kerak. Respublika hukumati umumdavlat miqyosida katta vazifalarni, jumladan, sog‘liqni saqlash, maorif, fan, mudofaa, xavfsizlikni saqlash, aholini ijtimoiy himoyasini tashkil etish va boshqa bir qator shu kabi strategik vazifalarni bajaradi. Shuning uchun uning budjeti ham soliqlari ham salmoqli bo‘lishni talab etadi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, yuridik shaxslarning foydasidan olinadigan soliq, yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, jismoniy shaxslar daromadidan olingan soliqlar respublika budjetiga tushadi. Umumdavlat soliqlarining muhim xususiyati shundaki, respublika budjetiga tushadigan soliqlardan mahalliy budjetlarni boshqarib borish uchun ajratma sifatida tushushi mumkin. Bordi-yu, ajratma etmasa subventsiya yoki subsidiya beriladi. Umumdavlat va mahalliy soliqlar yagona mohiyatga ega bo‘lib, ular budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar hisoblanadi.
Mahalliy soliqlar hukumatlar bajaradigan vazifalariga qarab belgilanib, ularga doimiy va to‘liq biriktirib beriladi. Mahalliy xokimiyat organlari asosan fuqarolarga yaqin bo‘lganligidan ularga ijtimoiy masalalarni, jumladan, maktab, sog‘liqni saqlash, madaniyat, maorif, shahar va qishloqlar obodonchiligi kabi vazifalarni bajaradi. Lekin bu soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ularning budjet xarajatlarining 30-40 foizini qoplaydi, xolos.
Shuning uchun ham mahaliy budjetlar daromadlarini ko‘paytirish eng dolzarb masalalardan hisoblanadi. Mahalliy soliqlarning muhim xususiyati shundaki ular faqat shu hududning budjetiga tushadi va ulardan boshqa budjetlarga ajratmalar berilmaydi.
Mahalliy budjetlarning soliq va boshqa majburiy to‘lovlari kam bo‘lganligidan bu budjetlarning daromadlar va xarajatlarini barqarorlashtirish (balanslashtirish) ancha murakkabdir. Bu masalani echishda umumdavlat soliqlaridan ajratmalar beriladi. (masalan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan, aksiz solig‘idan va boshqalar).
O‘zbekiston soliq tizimida soddalashtirilgan (ixchamlashtirilgan) soliq tizimiga o‘tgan yuridik va jismoniy shaxslar ham mavjud bo‘lib, ular quyidagi soliqlarni to‘laydilar:
1) Mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi to‘lanishini nazarda tutuvchi soliq solish tizimi qo‘llanilishi mumkin. Aksiz solig‘i to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarayotgan, shuningdek foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshirayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar Soliq kodeksida (350-modda) belgilangan tartibda aksiz solig‘i va yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar to‘laganlari taqdirda yagona soliq to‘lovi ularga tatbiq etilmaydi. Yagona soliq to‘lovi to‘lovchilarda import qilinadigan tovarlar bo‘yicha aksiz solig‘ini va qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash majburiyati ham saqlanib qoladi.
2) Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i (tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilish bundan mustasno), suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa‘ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar, yer solig‘i, boshqa mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar (mol-mulk solig‘i, ayrim turdagi tovarlar bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im bundan mustasno) o‘rniga budjetga 2007 yil 1 yanvarga qadar yalpi daromad solig‘i to‘lar edilar. 2007 yil 1 yanvardan boshlab esa savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari yalpi daromad va mol-mulk soliqlarning o‘rniga soliq solishning boshqa tizimini tanlash huquqisiz yagona soliq to‘lovini to‘lash rejimiga o‘tkazildi.
3) Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari aksiz solig‘ini va tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) import qilganlik uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini istisno etganda, amaldagi barcha umumdavlat va mahalliy soliqlar hamda yig‘imlar o‘rniga o‘zi etishtiradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotini ishlab chiqarish va qayta ishlash bo‘yicha yagona yer solig‘ini to‘laydilar. Yagona yer solig‘ini to‘lash tartibi va stavkalari har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
4) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha soliq solishning o‘zi belgilagan stavkalar bo‘yicha soliqning qat’iy belgilangan summasini to‘lashni nazarda tutuvchi alohida tartibini belgilashi mumkin.
5) Konchilik sanoati tarmoqlarining ayrim korxonalari uchun qo‘shimcha foyda solig‘i to‘lanishini nazarda tutadigan foydaning bir qismiga soliq solishning alohida tartibi joriy etilishi mumkin. Qo‘shimcha foyda solig‘i to‘lovchilar, uni to‘lash tartibi va soliq stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
6) Lotereyalarlarni tashkil etish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar foyda solig‘i, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq o‘rniga yalpi tushumdan yagona soliq to‘lovini to‘laydilar. Yalpi tushumdan yagona soliq to‘lovi stavkalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida belgilanadi.
O‘zbekiston soliq tizimida amalda bo‘lgan soliqlarni ob‘ekti va iqtisodiy mohiyati bo‘yicha bir necha guruhlarga ajratib o‘rganish mumkin.
Soliqlar soliqqa tortish ob‘ektiga qarab to‘rt guruhga bo‘linadi:
Oborotdan olinadigan soliqlar
Daromaddan olinadigan soliqlar
Mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlar
Yer maydoniga qarab olinadigan soliqlar.
Oborotdan olinadigan soliqlarga qo‘shilgan qiymat solig‘i, aksiz solig‘i, bojxona boji va yer qa‘ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliqlar kiradi. Lekin oborot (aylanma) tushunchasi bizning qonunchiligimiz bo‘yicha ilgaridek mahsulot realizatsiyasi oborotidan emas, balki mahsulotlarni yuklab yuborgan qiymat bilan o‘lchanadi. Yalpi tushumdan olinadigan yagona soliq to‘lovi ham oborotdan olinadigan soliqlarga kiradi.
Daromaddan olinadigan soliqlarga yuridik shaxslarning foydasiga solinadigan soliq, jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq, ixtisoslashtirilgan ulgurji savdo korxonalarining yalpi daromadidan olinadigan soliqlari kiradi.
Mol-mulk qiymatidan olinadigan soliqlarga mol-mulk solig‘i kiradi.
Yer maydonlaridan olinadigan soliqlarga qishloq xo‘jalik tovar ishlab chiqaruvchilarning yagona yer solig‘i va yuridik (noqishloq xo‘jalik) va jismoniy shaxslarning yer soliqlarini kiritish mumkin.