Soliqlar va soliqqa tortish fanidan oquvuslubiy majmua
3. To‘g‘ri va egri soliqlarning tarkibi va ularning budjet daromadlaridagi ahamiyati. Iqtisodiy mohiyatiga qarab soliqlar egri va to‘g‘ri soliqlarga yoki bevosita va bilvosita soliqlarga bo‘linadi. To‘g‘ri soliqlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq to‘lovchilarning o‘zi to‘laydi, ya‘ni soliqni huquqiy to‘lovchisi ham, haqiqiy to‘lovchisi ham bitta shaxs bo‘ladi. To‘g‘ri soliq yukini boshqalar zimmasiga yuklatish holati bu yerda bo‘lmaydi. Bu soliqlar tarkibiga barcha daromaddan to‘lanadigan soliqlar va mol-mulk (resurs) soliqlari kiradi.
To‘g‘ri soliqlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromaddan soliq to‘langanligi uchun soliqlar stavkasining kamaytirilishi korxonalar daromadining ko‘p qismini ularga qoldirib, investitsiya faoliyatini kengaytirish imkonini yaratib, bozor iqtisodiyotini rivojlantiradi. Bu soliqlarning stavkalari oshirilsa, korxonalarning moliyaviy imkoniyatlari kamaya boradi va oxir-oqibatda mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi. Demak, bu guruh tarkibiga kiruvchi soliqlarning stavkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy rivojlanish bilan bevosita bog‘liqdir. Egri soliqlarni huquqiy to‘lovchilari mahsulot (ish, xizmatni) yuklab yuboruvchilar hisoblanadi. Lekin, soliq og‘irligini haqiqatdan ham budjetga to‘lovchilari tovar (ish, xizmat)ni iste’mol qiluvchilardir, ya‘ni egri soliqlarning barchasi bevosita iste’molchilar zimmasiga tushadi. Bu soliqlar tovar (ish, xizmat) qiymati ustiga qo‘shimcha ravishda qo‘yiladi. Egri soliqlarning ijobiy tomoni shundaki, ular respublikada ishlab chiqarilgan tovarlarni respublikadan tashqariga chiqib ketishini chegaralaydi, mamlakat ichida tovarlarning serob bo‘lishiga yordam beradi hamda inflyatsiya darajasini (muomaladagi ortiqcha pul massasini) birmuncha jilovlab turadi. Egri soliqlar stavkasining asosli ravishda oshirilishi korxonalar faoliyatining moliyaviy yakuniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta‘sir etmaydi, ya‘ni investitsion faoliyatini qisqartirmaydi. Ammo soliq stavkasi ilmiy asoslanmasdan oshirib yuborilsa bunday holatda korxonalar o‘z tovarlarini sotish qiyinchiligiga duch kelishlari mumkin.
Jahon soliq amaliyotida Davlat budjeti daromadlari tarkibida to‘g‘ri va egri soliqlarning nisbatiga qarab u yoki bu mamlakat iqtisodiyotining rivojlanganlik darajasiga baho berish mumkin. Masalan AQShda budjet daromadlari tarkibida to‘g‘ri soliqlar salmog‘ining 90 foizga yaqin bo‘lishi bu mamlakat iqtisodiyotining yuqori darajada rivojlanganligidan darak beradi.
Quyidagi 1.1-jadvalda O‘zbekiston Respublikasi budjet amaliyotida to‘g‘ri soliqlarning tarkibi va undagi o‘zgarishlar ko‘rib chiqilgan.