Soliqlar va soliqqa tortish


Mol-mulk solig‘i stavka­lari, soliqdan imtiyoz­lar



Yüklə 0,94 Mb.
səhifə47/251
tarix16.02.2023
ölçüsü0,94 Mb.
#84509
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   251
Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort

3.Mol-mulk solig‘i stavka­lari, soliqdan imtiyoz­lar. Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining stavkalari har yili keyingi moliya yil uchun tasdiqlanadigan asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida belgilanadi. 2017 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i stavkasi quyidagi miqdorlarda belgilangan.
7.2-jadval
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i stavkalari56

T/r

To‘lovchilar

Soliq solinadigan bazaga nisbatan %larda soliq stavkasi

1.

Yuridik shaxslar

5

2.

O‘zi ishlab chiqargan tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportining erkin almashtiriladigan valyutadagi hissasi quyidagi miqdorlarni tashkil etadigan eksportchi korxonalar uchun:




sotishning umumiy hajmida 15 foizdan 30 foizgacha

belgilangan stavka 30%ga pasaytiriladi

sotishning umumiy hajmida 30 foiz va undan yuqori

belgilangan stavka 50%ga pasaytiriladi

Izoh: Me‘yoriy muddatlarda o‘rnatilmagan uskunalar uchun mol-mulk solig‘i ikki baravar miqdorda to‘lanadi.

Eksport mahsulot ishlab chiqaradigan va uni mustaqil ravishda sotadigan yoki ixtisoslashgan tashqi savdo birlashmalari va firmalari orqali sotadigan vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, kontsernlar, uyushmalar va kompaniyalarning tarkibiy bo‘linmalari hisoblangan korxonalar uchun sotishning umumiy xajmida o‘zi ishlab chiqargan mahsulot (ish, xizmatlar) ning eksportdagi ulushiga bog‘liq holda mol-mulk solig‘ining tabaqalashtirilgan stavkalari belgilangan.


Mahsulotini eksport qiluvchi korxonalarga berilgan imtiyoz savdo-vositachi korxonalarga, shuningdek, erkin almashtiriladigan valyutaga xom-ashyo tovarlari – paxta tolasi, ip gazlama, lint, neft, neft mahsulotlari, gaz kondentsati, rangli va qora metallarni eksport qiladigan ishlab chiqarish korxonalariga tadbiq etilmaydi.
Soliq stavkasi mol-mulkning qayta baholash natijasidagi qoldiq narxiga qo‘llaniladi. Qayta baholash maqsadida korxonalarning asosiy vositalari deganda quyidagilar tushuniladi:
- o‘zining asosiy vositalari;
- o‘rnatiladigan uskunalar;
- tugallanmagan qurilish ob‘ektlari;
- uzoq muddatga ijaraga olinadigan, shu jumladan uzoq muddatli lizing bo‘yicha olingan asosiy vositalar.
Asosiy vositalar qiymati har yili 1 fevralga qadar asosiy vositalarning 1 yanvar holatiga qarab qayta baholanadi. Qayta baholash chog‘ida korxona mutaxassis ekspertlarini jalb qiladi.
Yer uchastkalari va tabiatdan foydalanish ob‘ektlarining qiymati qayta baholanmaydi.
Amaldagi soliq qonunchiligiga ko‘ra quyidagi yuridik shaxslarning mol-mulkiga soliq solinmaydi:
a) notijorat tashkilotlarning mol-mulkiga (tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan mol-mulkdan tashqari).
Soliqqa tortish maqsadida notijorat tashkilotlar deganda quyidagilar tushuniladi:

  • faqat davlat budjeti mablag‘lari hisobiga moliyalanadigan, tasdiqlangan smetalar doirasida xarajatlarni qoplashga budjetdan dotatsiyalar oladigan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar;

  • xayriya birlashmalar, uyushmalar va jamg‘armalar, xalqaro tashkilotlar, diniy birlashmalar va boshqa tashkilotlar:

Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq solinadigan baza quyidagilarning o’rtacha yillik qoldiq qiymatiga (o’rtacha yillik qiymatiga) kamaytiriladi:
1) kommunal xo’jaligi ob’ektlarining. Kommunal xo’jaligi ob’ektlariga quyidagilar kiradi: vodoprovod tarmoqlari (suv chiqarish inshootlari bilan), kanalizatsiya tarmoqlari (tozalash inshootlari bilan), gaz va issiqlikni taqsimlash tarmoqlari (ulardagi inshootlar bilan), kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun qozonxonalar (shu jumladan asbob-uskunalar);
2) madaniyat va san’at, ta’lim, sog’liqni saqlash, jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta’minot sohasiga kiradigan ijtimoiy-madaniy soha ob’ektlarining;
3) sug’orish va kollektor-drenaj tarmoqlari ob’ektlarining;
4) tabiatni muhofaza qilish va sanitariya-tozalash maqsadlari, yong’in xavfsizligi uchun foydalaniladigan ob’ektlarning. Ob’ektlarni tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash maqsadlari va yong’in xavfsizligi uchun foydalaniladigan ob’ektlarga kiritish tegishli tabiatni muhofaza qilish yoki davlat yong’in nazorati organining ma’lumotnomasi asosida amalga oshiriladi;
5) umumiy foydalanishdagi temir yo’llar va avtomobil yo’llari, magistral truboprovodlar, aloqa va elektr uzatish liniyalarining, shuningdek ushbu ob’ektlarning ajralmas texnologik qismi bo’lgan inshootlarning;
6) konservatsiya qilinishi to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan asosiy ishlab chiqarish fondlarining;
7) soliq to’lovchining balansida bo’lgan hamda tadbirkorlik faoliyatida foydalanilmayotgan, fuqaro muhofazasi va safarbarlik ahamiyatiga molik ob’ektlarning;
8) shahar va shahar atrofidagi yo’nalishlarda yo’lovchilar tashiydigan shahar yo’lovchilar transporti tashkilotlari transport vositalarining (avtobuslar, tramvaylar, trolleybuslar, metropoliten poezdlari);
9) tuzilgan shartnomalarga muvofiq yuridik shaxsning buyurtmasi bo’yicha ishlar bajarish uchun kasanachilarga bepul foydalanishga berilgan asbob-uskunalarning (foydalanish davriga);
10) telekommunikatsiyalar tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlari tizimi texnik vositalarining;
11) ko’pi bilan o’n yil davomida ishlatib kelinayotgan mashina va asbob-uskunalarning.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:
1) sog’liqni saqlash, jismoniy tarbiya hamda ijtimoiy ta’minot, ta’lim, madaniyat va san’at tashkilotlari;
2) uy-joy-kommunal xo’jaligi va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xo’jaligi korxonalari. Uy-joy-kommunal va boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xo’jaliklari jumlasiga uy-joy fondini bevosita boshqarish, saqlash hamda undan foydalanishni amalga oshiruvchi tashkilotlar, sanitariya tozalash va yig’ishtirish, obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish, shaharlar hamda shaharchalarni tashqi yoritish, vodoprovod suv olish inshootlaridan, taqsimlanadigan tarmoqlardan (tozalovchi inshootlari bilan) foydalanish va suvni taqsimlash, kanalizatsiya tarmoqlaridan foydalanish (tozalash inshootlari bilan), gaz taqsimlanadigan tarmoqlardan foydalanish hamda gazni taqsimlash, qozonxona, issiqlik taqsimlanadigan tarmoqlardan foydalanish va kommunal-maishiy ehtiyojlarga hamda aholiga issiqlikni taqsimlashni bevosita amalga oshiruvchi tashkilotlar, xizmat binolarining xo’jalik boshqarmalari, o’t o’chirish komandalari, uy-joy-kommunal xo’jaligining xo’jalik boshqarmalari, uy-joy-kommunal xo’jaligi va shahar xo’jaligining umumfuqaroviy ahamiyatga molik boshqa korxonalari kiradi;
3) yangi tashkil etilgan korxonalar — davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran ikki yil mobaynida. Mazkur imtiyoz qayta tashkil etilgan yuridik shaxslar negizida tashkil etilgan korxonalarga, shuningdek boshqa korxonalar hududida shu korxonalardan ijaraga olingan asbob-uskunalardan foydalangan holda o’z faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslarga nisbatan qo’llanilmaydi;
4) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini — yuridik shaxslarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organ ixtiyoriy tugatish to’g’risida qabul qilingan qaror haqida xabardor qilingan kundan e’tiboran. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili to’xtatilgan va faoliyat qayta tiklangan taqdirda, ushbu imtiyoz qo’llanilmaydi hamda soliq summasi imtiyoz qo’llanilgan butun davr uchun to’liq miqdorda undiriladi.
4. Soliq hisobini taqdim etish va hisoblangan so­liq summasini budjetga to‘lash muddatlari. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish Soliq Kodeks 267-moddasining birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda soliq to’lovchi — O’zbekiston Respublikasining rezidenti tomonidan amalga oshiriladi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning hisob-kitobi soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga yilda bir marta, yillik moliyaviy hisobot topshiriladigan muddatda taqdim etiladi. Agar ko’chmas mulk soliq to’lovchining soliq bo’yicha hisobga olish joyida joylashmagan bo’lsa, hisob-kitob ko’chmas mulk joylashgan erdagi davlat soliq xizmati organlariga taqdim etiladi.
Soliq davri mobaynida soliq to’lovchilar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo’yicha joriy to’lovlar to’laydilar.
Joriy to’lovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq to’lovchilar joriy soliq davrining 10 yanvarigacha, yangi tashkil qilinganlari esa davlat ro’yxatidan o’tkazilgan sanadan e’tiboran o’ttiz kundan kechiktirmay, davlat soliq xizmati organlariga mo’ljallanayotgan soliq solinadigan bazadan (tegishli yil uchun mol-mulkning o’rtacha yillik qoldiq qiymatidan (o’rtacha yillik qiymatidan) va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblangan joriy soliq davri uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to’g’risidagi ma’lumotnomani taqdim etadilar. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo’yicha majburiyatlari soliq davrida yuzaga kelgan soliq to’lovchilar yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to’g’risidagi ma’lumotnomani soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan e’tiboran o’ttiz kundan kechiktirmay taqdim etadilar.
Yil mobaynida yagona soliq to’lovini to’lashga o’tayotgan umumbelgilangan soliqlarni to’lovchilar — mikrofirmalar va kichik korxonalar umumbelgilangan soliqlar ular tomonidan to’langan davr uchun yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning hisob-kitobini yagona soliq to’lovini to’lashga o’tilayotgan oyning 10-sanasidan kechiktirmay taqdim etadi.
Joriy to’lovlar quyidagicha to’lanadi:
- mikrofirmalar va kichik korxonalar tomonidan — yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq yillik summasining to’rtdan bir qismi miqdorida yilning har choragi uchinchi oyining 25-kunidan kechiktirmay;
- mikrofirmalar va kichik korxonalar jumlasiga kirmaydigan soliq to’lovchilar tomonidan — yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq yillik summasining o’n ikkidan bir qismi miqdorida har oyning 10-kunidan kechiktirmay.
Soliq davri mobaynida mo’ljallanayotgan soliq solinadigan baza o’zgargan taqdirda soliq to’lovchi yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi to’g’risida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun joriy to’lovlarga yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning o’zgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
Soliq davrida to’lanishi lozim bo’lgan yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi joriy to’lovlar hisobga olingan holda, hisob-kitobni taqdim etish muddatidan kechiktirmay byudjetga o’tkaziladi.
Soliq davrida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq bo’yicha joriy to’lovlar summasi hisob-kitobga ko’ra byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan soliq summasiga nisbatan 10 foizdan ortiq kamaytirilgan taqdirda, davlat soliq xizmati organi joriy to’lovlarni yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning haqiqiy summasidan kelib chiqib, penya hisoblagan holda qaytadan hisoblab chiqadi.
O’zbekiston Respublikasining norezidentlari bo’yicha yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish soliq solinadigan bazadan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda davlat soliq xizmati organlari tomonidan quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
O’zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan O’zbekiston Respublikasining norezidenti doimiy muassasaning soliq bo’yicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organiga soliq solinadigan mavjud mol-mulk to’g’risidagi ma’lumotnomani hisobot yilidan keyingi yilning 25 yanvaridan kechiktirmay taqdim etishi shart. Taqdim etilgan ma’lumotnoma asosida davlat soliq xizmati organi yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi hisob-kitobini o’n kun ichida amalga oshiradi va to’lov xabarnomasini yozib beradi;
O’zbekiston Respublikasining ko’chmas mulkka ega bo’lgan norezidentlariga ko’chmas mulk joylashgan erdagi O’zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari soliq to’lovchining yoki ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organning ma’lumotlari asosida to’lov xabarnomasini yozib beradi.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq O’zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan yilda bir marta, soliq hisoboti davridan keyingi yilning 15 fevralidan kechiktirmay to’lanishi kerak.

Yüklə 0,94 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   251




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin