Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort
7. Aksiz solig’ining xorijiy davlatlarda undirishning ijobiy tajribalarini o’zlashtirish masalalari. Hozirgi vaqtda aksiz solig’i xorijiy mamlakatlarning davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda muhim o’rin egallaydi. Evropa mamlakatlarida egri soliqlarning roli AQSh, Yaponiya, Kanada va Avstraliyaga qaraganda yuqoridir. Evropa mamlakatlarida jami soliq tushumlarining hajmida egri soliqlarning salmog’i 40 foizdan yuqori bo’lib, ayrim mamlakatlarda 50 foizni tashkil etadi. Mazkur ko’rsatkich 50 foizdan yuqori bo’lgan mamlakatlar guruhiga Meksika, Turkiya va Koreya kiradi. AQSh, Yaponiya, Kanada va Avstraliyada esa ushbu ko’rsatkich 25-30 foizni tashkil qiladi46.
Evropa Ittifoqiga a’zo bo’lgan mamlakatlarda soliq tushumlarining tarkibida egri soliqlarni yuqori salmoqga ega ekanligining asosiy sabablaridan biri, bu mamlakatlarda soliq stavkalarini umumlashtirilganligi va soliqqa tortish bazasini o’zaro uyg’unlashtirilganligi hisoblanadi. Bu masalaning O’zbekiston Respublikasi uchun amaliy ahamiyatga ega ekanligi shundaki, mamlakatimiz tovar oborotining sezilarli qismi Rossiya Federatsiyasi, Ukraina va Qozog’iston Respublikalariga to’g’ri keladi. Hozirga qadar mazkur mamlakatlar o’rtasida aksiz solig’i stavkalarini umumlashtirish va soliqqa tortish bazasini uyg’unlashtirish masalasi hal qilinmagan. Bu esa, ushbu mamlakatlar o’rtasidagi o’zaro tashqi savdo munosabatlarini rivojlantirishga to’sqinlik qiladi.
Endi bevosita savolning mohiyatini yoritadigan bo’lsak, aksiz solig’i xorijiy davlatlarda keng qo’llanilib, uning amal qilish mexanizmi va soliq tizimidagi ahamiyati turli davlatlarda turlichadir. Aksiz solig’i davlat soliq siyosatining asosiy qismlaridan biri bo’lib, davlat byudjeti daromadlarini shakllantirishda asosiy manbalardan biridir.
Masalan, Italiyada aksiz soliqlari egri soliqlar ichida fiskallik ahamiyati jihatidan ikkinchi o’rinda turadi. Aksizli daromadlarning asosiy qismini neft va neft mahsulotlari hamda tamaki mahsulotlaridan tushumlar ta’minlaydi. O’xshash holat bir qator MDH davlatlarida ham kuzatiladi. Jumladan, egri soliqlar ichida aksiz soliqlarining ulushi Qirg’izistonda 32 foizgacha, Tojikistonda esa 34 foizgacha o’sgan47.
Federativ davlat tuzilishiga ega mamlakatlarda aksizli daromadlar, soliq qonunchiligiga ko’ra, federal byudjetga yo’naltiriladi. Masalan, Germaniyada federal byudjet tushumlari iste’mol talabidagi mahsulotlar (benzin va boshqa neft yoqilg’ilari - 5.6 foiz, tamaki - 3.1 foiz, vino va aroq mahsulotlari - 0.8 foiz va boshqalar)ga solinadigan soliqlar (aksizlar) hisobiga shakllanadi. Spirtli aroq mahsulotlariga solinadigan soliqlardan (pivoga solinadigan soliqdan tashqari, ushbu soliq to’lig’icha Erlar byudjetiga o’tkaziladi) tushumlar to’lig’icha federal byudjetga o’tkaziladi48. 1994 yilda Germaniya davlat byudjeti daromadlarining asosiy qismi: mineral yoqilg’i (31,8 mlrd. marka), kofe (2 mlrd. marka), tamaki mahsulotlariga (15,5 mlrd. marka) solinadigan aksizlar hisobiga shakllangan49. AQSh davlat byudjeti daromadlarida aksizlar salmog’i quyidagi jadvalda keltiriladi (6.3-jadvalga qarang).