Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi “soliqlar va soliqqa tort
7. Hisob-kitoblarni taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi. Yuridik shaxslar quyidagilarni bajarishi shart hisoblanadi:
1) soliq davri tugaganidan so‘ng o‘ttiz kun ichida davlat soliq xizmati organlariga daromadlar olgan jismoniy shaxslar to‘g‘risida (asosiy ish joyi bo‘yicha daromadlar olgan jismoniy shaxslardan tashqari) belgilangan shaklda ma‘lumotnoma taqdim etishi shart, unda quyidagilar aks ettiriladi:
- soliq to‘lovchining – jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami;
- soliq to‘lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, doimiy yashash joyi manzili;
- o‘tgan soliq davri yakunlari bo‘yicha daromadlarning umumiy summasi va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan umumiy summasi;
- soliq agentining identifikatsiya raqami;
- soliq agentining nomi, joylashgan eri (pochta manzili);
2) yilning har choragida, hisobot davridan keyingi oyning 25-kuniga qadar, yil yakunlari bo‘yicha esa yillik moliya hisobotini taqdim etish muddatida davlat soliq xizmati organlariga hisoblangan va amalda to‘langan daromadlar summalari hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni belgilangan shaklda taqdim etishi shart.
Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliq to‘lov manbaida ushlab qolinganda soliq jamg‘arib boriladigan tizimda qatnashuvchi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga belgilangan tartibda hisoblab yozilgan badallar chegirilgan holda quyidagi muddatlarda to‘lanadi:
a) daromad to‘lovchi yuridik shaxslar tomonidan, ushlab qolingan soliq summasi shu maqsadlarda pul mablag‘lari olish uchun bankka hujjatlar taqdim etish bilan bir vaqtda budjetga o‘tkaziladi;
b) to‘lovni natura holida yoki mahsulotni realizatsiya qilishdan, ishlar bajarish yoxud xizmat ko‘rsatishdan tushgan tushumdan to‘lovchi yuridik shaxslar tomonidan, ushlab qolingan soliq summasi to‘lov amalga oshirilgan oy tugaganidan keyin besh kun ichida budjetga o‘tkaziladi.
Bankda hisobraqamiga ega bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqni to‘lash sanasi soliq to‘lovchi hisobraqamidan mablag‘lar hisobdan chiqarilgan kun, boshqalar, shu jumladan jismoniy shaxslar uchun esa - mablag‘lar kredit muassasasining kassasiga o‘tkazilgan kun hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning hisob-kitob varag‘idan soliq summasi jismoniy shaxs tomonidan to‘langanda, to‘lov sanasi jismoniy shaxs hisobraqamidagi mablag‘lar hisobdan chiqarilgan kun hisoblanadi.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqarilgan jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqni to‘lash to‘lov xabarnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak. Jismoniy shaxslarning daromadiga solinadigan soliqning yil mobaynida to‘lab borilgan summalari tegishli hisobot yili uchun soliq to‘lovchiga hisoblab chiqarilgan soliq hisobiga o‘tkaziladi.
Deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlarga O’zbekiston Respublikasi rezidentlarining quyidagi daromadlari kiradi:
- mulkiy daromadlar, agar bu daromadlarga to’lov manbaida soliq solinmagan bo’lsa;
- fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;
- asosiy bo’lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlar;
- ikki yoki undan ko’p manbadan olingan soliq solinadigan daromadlar;
- O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar;
- soliq agentlari bo’lmagan manbalardan olingan daromadlar.
Agar soliq to’lovchining asosiy bo’lmagan ish joyidan olgan daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i uning arizasiga ko’ra belgilangan eng yuqori stavka qo’llanilgan holda ushlab qolingan bo’lsa, daromadlar to’g’risida deklaratsiya taqdim etilmaydi.
O’zbekiston Respublikasi rezidentiga aylangan chet ellik jismoniy shaxs, mazkur moddaning birinchi va ikkinchi qismlari qoidalaridan qat’i nazar, Soliq Kodeksning 192-moddasida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda daromadlari to’g’risida deklaratsiya taqdim etadi.
Fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik va ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromadlar oluvchi jismoniy shaxslar bunday faoliyatni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro’yxatidan o’tmagan holda amalga oshirish huquqiga ega.
Fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik va ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi olayotgan jismoniy shaxs daromadlar olish bilan bog’liq daromadlar va xarajatlar hisobini yuritishi shart hamda u ijodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog’liq, haqiqatda qilingan va hujjatlar bilan tasdiqlangan xarajatlarni daromaddan chegirish huquqiga ega, biroq chegirma olingan jami daromad summasining 30 foizidan ko’p bo’lmasligi kerak.
Ijodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bog’liq xarajatlarga quyidagilar kiradi:
- fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish va ulardan foydalanish uchun zarur materiallar olishga doir xarajatlar;
- faqat fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratish, nashr qilish, ijro etish yoki ulardan boshqacha tarzda foydalanish maqsadida foydalaniladigan bino va mol-mulk ijarasiga doir xarajatlar.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiya soliq to’lovchining olingan yillik daromadi to’g’risidagi yozma arizasidan iborat bo’ladi.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyasiga asosiy ish joyi bo’yicha to’langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining ushlab qolingan summalari to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan shakldagi ma’lumotnoma ilova qilinadi.
Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiya shakli O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda unda quyidagi ma’lumotlar ko’rsatilishi kerak:
- soliq to’lovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug’ilgan yili, jinsi, fuqaroligi, doimiy yashash joyi manzili;
- soliq to’lovchining identifikatsiya raqami;
- soliq solinishi lozim bo’lgan daromadlar turlarga ajratib ko’rsatilgan holda olingan jami yillik daromad (bir martalik operatsiyalardan hamda mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlarni deklaratsiya qilish uchun faqat ushbu operatsiyalarning o’zidan olish mo’ljallanayotgan daromad aks ettiriladi);
- daromadlarning manbalari;
- daromad olish bilan bog’liq xarajatlar, majburiy to’lovlar, chiqimlar va ajratmalarning summalari;
- jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq bo’yicha imtiyozlar;
- hisoblab chiqarilgan soliq summasi;
- haqiqatda to’langan soliq summasi.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyada jismoniy shaxslarning jami yillik daromadini deklaratsiya qilish bilan bog’liq boshqa ma’lumotlar ham ko’rsatilishi mumkin.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiya pochta orqali buyurtma xat shaklida, shuningdek elektron shakldagi axborot tarzida taqdim etilishi mumkin.
Jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiya blankalari soliq to’lovchilarga davlat soliq xizmati organlari tomonidan bepul beriladi.
Jismoniy shaxs taqdim etgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyada to’lanishi lozim bo’lgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i summasining kamayishiga olib keluvchi xatolar aniqlangan taqdirda, jismoniy shaxs deklaratsiyaga zarur o’zgarishlar kiritishi shart.
Agar jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyani o’zgartirish haqidagi ariza jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lash muddati tugaguniga qadar berilsa, soliq to’lovchi Soliq Kodeksda belgilangan javobgarlikdan ozod qilinadi.
Agar jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyani o’zgartirish haqidagi ariza jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lash muddati tugaganidan keyin, biroq xatolar davlat soliq xizmati organi tomonidan aniqlanguniga qadar berilsa, soliq to’lovchi soliqning etishmayotgan summasini hamda unga tegishli penyani to’lagan taqdirda, javobgarlikdan ozod etiladi.
Jismoniy shaxs davlat soliq xizmati organining taqdim etilgan jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to’g’risidagi deklaratsiyada aniqlangan xatolik to’g’risidagi bildirishnomasini olgan kun davlat soliq xizmati organi tomonidan xatolik aniqlangan kun deb hisoblanadi.
Soliq to’lovchilar Soliq Kodeksning 189-moddasida ko’rsatilgan daromadlar bo’yicha jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyani, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga hisobot yilidan keyingi yilning 1 aprelidan kechiktirmay taqdim etadi.
Deklaratsiya qilinishi shart bo’lmagan daromadlarni olgan soliq to’lovchilar doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga jami yillik daromadlari to’g’risidagi deklaratsiyani ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasi rezidenti bo’lgan chet ellik jismoniy shaxs o’tgan soliq davri uchun daromadlar to’g’risida joriy yilning 1 apreligacha deklaratsiya taqdim etadi.
Chet ellik jismoniy shaxs — O’zbekiston Respublikasining rezidenti ushbu bobda belgilangan tartibga muvofiq soliq solinishi lozim bo’lgan daromad keltirayotgan faoliyatini kalendar yili ichida tugatgan va O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketayotgan bo’lsa, uning O’zbekiston Respublikasi hududida turgan vaqtda joriy soliq davrida haqiqatda olgan daromadlari to’g’risidagi deklaratsiya mazkur jismoniy shaxs O’zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketishidan bir oy avval taqdim etilishi lozim. Agar chet ellik jismoniy shaxs — O’zbekiston Respublikasining rezidenti joriy yilning 1 fevraliga qadar doimiy yashash uchun xorijga chiqib ketayotgan bo’lsa, joriy yil uchun daromadlar bo’yicha deklaratsiya taqdim etilmaydi.
Taqdim etish tartibi yuqorida belgilangan daromadlar to’g’risidagi deklaratsiya bo’yicha hisoblab chiqarilgan jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqni to’lash deklaratsiya topshirilgan paytdan e’tiboran o’n besh kun ichida amalga oshiriladi.
Grant olgan jismoniy shaxs daromadlar to’g’risidagi deklaratsiyani topshirayotganda grant bo’yicha olingan daromad summasini, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i miqdorini, shuningdek O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo’yicha organning tegishli xulosasini ko’rsatadi.
Mol-mulkini ijaraga berishdan daromad olayotgan jismoniy shaxs, agar ushbu daromadlarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining to’lov manbaida soliq solinmasa, belgilangan muddatlarda jami yillik daromad to’g’risida deklaratsiya taqdim etish bilan bir qatorda ijaradan daromadlar paydo bo’lgan kundan e’tiboran birinchi oy tugaganidan keyin besh kunlik muddatda dastlabki tarzdagi deklaratsiya ham taqdim etadi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan daromadlar olish tugagan taqdirda jismoniy shaxs doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organini bu haqda yozma shaklda xabardor etadi.
Agar soliq to’lovchi daromadlar to’g’risidagi deklaratsiyani taqdim etmagan bo’lsa, shuningdek oldin taqdim etilgan deklaratsiyada noto’g’ri ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i summasini o’zidagi mavjud axborot asosida eng yuqori stavka bo’yicha hisoblashga va to’lanishi lozim bo’lgan, hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i summasi to’g’risida soliq to’lovchiga o’n kunlik muddat ichida to’lov xabarnomasini topshirishga haqli. Soliq to’lovchi tomonidan jami yillik daromadi to’g’risida deklaratsiya yoki to’g’rilangan deklaratsiya taqdim etilgan taqdirda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining yakuniy summasi ushbu deklaratsiya hisobga olingan holda aniqlanadi.
Jismoniy shaxslar — O’zbekiston Respublikasining rezidentlari daromadlar to’g’risidagi deklaratsiyaning ma’lumotlari asosida hisoblab chiqarilgan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini o’tgan soliq davridan keyingi yilning 1 iyunidan kechiktirmay to’laydilar.
Jismoniy shaxslar — O’zbekiston Respublikasining rezidentlari hisoblab chiqarilgan daromad solig’ini xorijiy davlatda joylashgan bank hisobvarag’idan chet el valyutasida to’lashi mumkin. Bunda jismoniy shaxslardan olinadigan, milliy valyutada ifodalangan soliq jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i to’langan sanada O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo’yicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqiladi.
Mol-mulkni ijaraga berishdan daromadlar oladigan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini taqdim etilgan dastlabki deklaratsiya asosida har oyda daromad olingan oydan keyingi oyning beshinchi kunigacha to’laydilar. Yil tugagach, jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqning yillik summasi haqiqatda olingan daromad bo’yicha hisoblab chiqariladi. Bu summa bilan yil mobaynida to’langan summalar o’rtasidagi farq kelgusi yilning 1 iyunidan kechiktirmay soliq to’lovchidan undirilishi yoki unga qaytarilishi kerak.
Jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliq to’langan sana quyidagilardir:
- yuridik shaxslar yoki jismoniy shaxslar tomonidan bankdagi hisobvarag’idan to’langani taqdirda — ularning bankdagi hisobvarag’idan mablag’lar hisobdan chiqarilgan kun;
- jismoniy shaxslar tomonidan naqd pul mablag’lari kiritilgan taqdirda — bank kassasiga mablag’lar to’langan sana.
Davlat soliq xizmati organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lash to’lov xabarnomasida ko’rsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.