1-§. Ashyolar tushunchasi va turlarga bo'linishi
Rim fuqarolik huquqining markaziy institutlaridan birini va uning
predmetining eng asosiy qismini tashkil etadigan munosabatlar bu ashyoviy
huquqiy munosabatlardir.
Ashyoviy huquqiy munosabatlar fuqarolik huquqining asosiy ob'yektlaridan
biri bo'lib hisoblanadi.
Qadimgi Rim tarixida, ayniqsa uning sinfiy davrida ashyolar tushunchasi
keng ma'noda ishlatilgan. Rim yuristlari, ashyolar - bu tashqi dunyoning moddiy
munosabatlaridan iboratdir hamda o'z ichiga yuridik munosabatlarni va huquqni
ham qamrab oladi, deb ta'riflaganlar.
Ashyoviy-huquqiy munosabatlar erk, xohish, iroda bilan bog'liq bo'lgan,
shaxslar yoki guruhlar o'rtasidagi ashyolarning kimgadir taalluqligini belgilaydigan
va mustahkamlaydigan, o'zgartiradigan holatlar haqidagi umumiy ta'limotdan
iborat bo'lib, shaxslarning ashyolar ustidan hukmronligini va boshqarishligini
ta'minlovchi munosabatlardir.
Ashyolarning turlariga ko'chmas mulklar va ko'chirilishi mumkin bo'lgan,
bo'linadigan va bo'linmaydigan, iste'mol qilinadigan va qilinmaydigan, jinsiy
alomatlarga ega bo'lgan ashyolar va individual ashyolar, oddiy va murakkab
ashyolar, asosiy va mansub ashyolar, fuqarolik munosabatlaridan chiqarilgan va
chiqarilmagan va boshqa ashyolar kiritilgan.
Umuman olganda, Rim tarixchilari va huquqshunoslari ashyolarni ikki
qismga bo'lgan:
1.
Xudo, Olloh huquqi (tabiiy huquq) tomonidan yaratilgan ashyolar;
2.
Xudo, Ollohning yerdagi vakili bo'lgan insonlar huquqi tomonidan vujudga
keltirilgan ashyolar.
Olloh huquqi (tabiiy huquq) tomonidan yaratilgan ashyolar faqat Ollohning
o'ziga ma'lum, nihoyatda kuchli va yuqori bo'lgan, shaxslar unga bo'ysunishi
asosida fuqarolik munosabatlaridan chiqarilgan va huquqiy sohalar bilan tartibga
solinmaydigan sakral huquqlarga aytilgan.
Shu bilan birga Rimliklar qadimdan ashyolarni yana ikki qismga ya'ni sakral
va diniy ashyolarga bo'lganlar.
Sakral ashyolarga xudo, Olloh huquqi (tabiiy huquq) tomonidan berilgan
ashyolar kiritilib, ular ommaviy qarorlar ya'ni Olloh tomonidan qabul qilingan
qarorlar asosida vujudga kelgan, diniy ashyolarga esa xususiy huquq bilan
belgilangan yoki insonning shaxsiy qarori bilan vujudga keladigan munosabatlar
kiritilgan.
Masalan, insonning dafn etilishi va bu joyning muqaddas joyga aylanishi,
insonning erki bilan bog'liq bo'lgan harakatlarni amalga oshirishi tushunilgan.
Inson huquqlari bilan bog'liq munosabatlar yoki ashyolar huquqiy sohalar,
ya'ni Rim davlatining ommaviy huquqi va xususiy huquqlari bilan tartibga
solingan.
Rim huquqida shunday ashyolar bo'lganki, ularning sub'yekti Rim xalqi
bo'lib hisoblangan (rorulus romanus) hamda ular ommaviy huquq bilan tartibga
solingan va ular quyidagilardan iborat bo'lgan:
1. Rim jamiyati a'zolarining barchasi tomonidan umumiy asosda
foydalanilgan ashyolar, ya'ni daryolar, portlar, yo'llar, teatrlar, stadion va
boshqa ommaviy xarakterga ega bo'lgan ashyolar;
2. Davlatga oid bo'lgan maxsus foydalaniladigan ashyolar, davlat xazinasi,
harbiy ob'yektlar, qurol aslahalar va boshqa ashyolardan iborat bo'lib,
ular maxsus huquqiy rejim qo'llanishini taqozo etadi hamda fuqaro
tomonidan foydalanishi chegaralangan huquq ob'yektlaridan iboratdir;
3. Davlatga xos bo'lgan savdo munosabatlarining ob'yektlari, masalan
davlatning yer fondidan tashkil topgan.
Rim huquqida ashyolarni bo'linadigan va bo'linmaydigan turlarga bo'lganlar.
Bo'linmaydigan ashyolar tub mohiyati, xo'jalik maqsadini yo'qotmaydigan,
uni qismlarga bo'lganda ham, o'z jinsini, bahosini yo'qotmaydigan, qismlarga
bo'lingan ashyolarning o'zi ham alohida o'z qiymatini yo'qotmaydigan, lekin
kichik-kichik qismlardan iborat bo'lgan tovarlardan, ammo fuqarolik muomalasida
to'liq asosda qatnashadigan munosabatlardan tashkil topadi.
Masalan, qand, sariyog', asal, non, go'sht, mayiz, yong'oq va boshqalar.
Umumiy mulk huquqi bilan bog'liq munosabatlar umumiy ashyolar
yig'indisidan tashkil topib, ularda huquqga bo'lgan hissa va ob'yektga bo'lgan
hissalar mavjud bo'lgan. Ular o'z navbatida real va ideal hissalarga bo'lingan.
Bu munosabatlar asl ko'rinishida moddiy munosabatlarga o'xshamasligi ham
mumkin, lekin o'sha huquqlarning asosini moddiy ashyolar tashkil etadi.
Ideal hissalar deb, ashyoga qo'shilgan mol-mulk boshqa mulklar bilan
aralashib, o'zining jismini ob'yekt sifatida yo'qotishi yoki boshqa ob'yektlarga
o'tkazishi mumkin. Ana shu ashyoga bo'lgan huquq ichida qaysi shaxs tomonidan
qo'shilgan ashyo bo'lsa, uning qiymati, bahosi yotadi va hissalarga bo'linadi.
Mulk bo'lingan paytda qo'shgan hissasiga qarab ashyoga bo'lgan huquqning
ma'lum bir qismini oladi va uni ulushlarga ajratib, 1|2, 1|3, 1|4 qismlariga qarab o'z
mulkini shu ashyoga qo'shgan shaxs mulkining qiymatini yoki shu qiymatga
asosan mulkdan hissa ajratib oladi.
Ideal hissalar asosida vujudga kelgan ob'yekt umumiy mulk huquqi asosida
bo'lsa, ularning bo'linish va bo'linmasligi muhim ahamiyatga ega bo'lib, ya'ni barpo
qilingan ob'yekt natura asosida bo'linishi, yoki bu ashyo umumiy mulk huquqi
sub'yektlarining biriga o'tkazilgan bo'lsa, qolganlari esa pul tovonlari (yoki
qo'shgan haqini) oladi.
Iste'mol qilinadigan va iste'mol qilinmaydigan ashyolar ulardan foydalanish
maqsadiga qarab farqlanadi. Iste'mol qilinadigan ashyolar iste'mol qilingandan
keyin o'z jinsini, jismini, urug'ini yo'qotadi. Bular oziq-ovqat mahsulotlaridir.
Iste'mol qilinmaydigan ashyolar ulardan foydalangan vaqtda o'z bahosini,
mohiyatini yo'qotmaydigan yoki umuman yo'q bo'lib ketmaydigan ashyolardir.
Masalan, qimmatbaho toshlar, ёqut va zumradlar, brilliantlar, oltin taqinchoqlar va
boshqa qimmatbaho ashyolar kiritiladi.
Jinsiy belgilari va xususiy alomatlari, ya'ni individual xususiyatlari bilan
farq qiladigan ashyolarni ko'pchilik Rim yuristlari almashtiriladigan va
almashtirilishi mumkin bo'lmaydigan ashyolarga ham bo'lgan.
Jinsiy belgilari bilan farq qiladigan ashyolar deganda, foydalanish
maqsadiga qarab, jinsiga qarab, soni, o'lchov birligi, og'irligi, baholariga asosan
farqlanadigan ashyolar tushunilgan, ya'ni har bir ashyoning huquqiy munosabatda
qanday holatda, ya'ni ob'yekt sifatidami yoki jinsiy alomatga ega bo'lgan ashyo
sifatidami (ona qo'y yoki qo'chqor) yoki sonining miqdori (100 ta askar), og'irligi
(10 tonna) nuqtai nazaridan kelib chiqib inobatga olingan.
Individual yoki xususiy alomatga ega bo'lgan ashyolar ma'lum shaxslar,
ustalar, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqiladigan ashyolar, ya'ni individual
shaxsning ish faoliyati statusi bilan, hatto obro'yi, mehnatining sifati,
mahsulotining jahon andozalari asosida ishlab chiqilganligi bilan, umuman
individual shaxsning muayyan xususiyati bilan belgilanadigan ashyolardir. Bunday
ashyolarning o'rniga boshqa ashyolarni ishlatib bo'lmaydi. Masalan, Toshkent
aviasion ishlab chiqarish birlashmasi ko'proq Ukrainadagi aviasiya sohasida
ishlaydigan zavodlar bilan bog'liq. Agar boshqa zavodlardan mahsulot olinsa, eng
yuqori sifatli bo'lgan samolyotlarni ishlab chiqara olmasligi mumkin.
Asosiy ashyolar va mansub bo'lgan ashyolar deb shunday ashyolarga
aytiladiki, asosiy ashyosiz o'z harakatini amalga oshira olmaydigan hamda uning
yuridik holatiga bo'ysunmaydigan ashyolar turkumidan iborat bo'lgan.
Mansub ashyolar asosiy ashyolarning qismi, unga taalluqli yoki uning
hosilasidir. Ular yuridik mustaqil harakatlarni amalga oshira olmaydi, ya'ni asosiy
ashyoga bo'ysunuvchidir.
Hosilalar, foydalarni hal qilishlikda asosiy ashyoga murojaat qilinadi.
Ayniqsa, qonuniy, insofli asosda egallangan mulkni qaytarib olishda, insofli
egallovchi tomonidan jabrlanuvchi da'vo qilgunga qadar, olingan foyda va
daromadlar tasarruf qilingan bo'lsa, uni qaytarib olish mumkin bo'lmagan.
Tabiiy bo'lgan ashyolar ham mavjud bo'lib, bu yerda ashyoning maqsadga
muvofiq ravishda tayinlanishi buzilmasdan, tabiat orqali hosil, daromadlar olish
mumkin. Ya'ni daraxtlardan olingan mevalar, bog'dan olingan hosillar yoki qora
mol, qo'y, echki va boshqa hosil beruvchi hayvonlardan olingan ashyolarga
tushunilgan. Ularning huquqiy holatlari shu ashyolar, ya'ni daraxtlar, bog'lar, qo'y-
qo'zilar, qora mollar kimga tegishli bo'lsa, o'sha shaxsning hukmronligida bo'lib,
shu shaxs tomonidan belgilangan.
Rim huquqida ayniqsa ashyoviy-huquqiy munosabatlarga kirishayotgan
paytda ashyoning huquqiy holati ya'ni fuqarolik oborotidan chiqarilgani yoki
chiqarilmaganligini aniqlab olish lozim. Chunki shunday ashyoviy ob'yektlar
borki, bu ob'yektlar yuzasidan fuqarolik huquqiy munosabatlarga yoki aynan
fuqarolar o'rtasida shartnomalar tuzishlikka yo'l qo'yilmaydi.
Fuqarolik xususiy huquqiy munosabatlarining ob'yektlari xususiy mulk bilan
bog'liq ashyolar bo'lib, ko'pchilik holatlarda fuqarolarning o'rtasida o'zaro hamda
fuqarolar va yuridik shaxslar o'rtasidagi munosabatlar ob'yekti sifatida qo'llaniladi.
Ashyolarning oborotdan chiqarilgan yoki oborotdan chiqarilmaganligiga
qarab ham huquqiy rejim qo'llaniladi.
Oborotdan chiqarilgan ashyolarga davlatning o'ziga xos mulklari, shahar
mulklari, Rim davlatining hududlari va boshqa mulklar kiritilgan. Bu mulklar yoki
ashyolarning boshqa ashyolardan farqi, tabiiy asosda vujudga kelgan hamda
maxsus vazifalarni amalga oshiruvchi mulklardan iboratligidir.
Imperator Yustinian Institusiyalarida ham bu ashyolarga katta e'tibor
qaratilgan. Sinfiy davrda faoliyat ko'rsatgan yuristlar hatto tabiat tomonidan
yaratilgan ashyolarning mavjudligini, ulardan barcha Rim fuqarolari teng asosda
foydalanilishi mumkinligini e'tirof etib, bularni quyidagilardan iboratdir, deb
hisoblaganlar:
- havo qatlami, oqar suvlar, dengizlar va ularning ichidagi jonivorlar va
barcha boshqa boyliklar.
Ommaviy huquq asosida vujudga kelgan ashyolarning egasi butun Rim xalqi
hisoblanib, bularga civitas (shaharlar mulki) daryolar, yo'llar, stadionlar, konsert
zallari, hammomlar va boshqa ashyolar kiritilgan hamda ulardan butun Rim xalqi
foydalangan.
Bulardan tashqari Rim huquqshunoslari e'tiroficha, diniy yoki Olloh, xudo
bilan bog'liq bo'lgan ashyolar mavjud bo'lib, ular fuqarolik huquqiy
munosabatlarining ob'yekti bo'lib hisoblanmagan. Xudo huquqlari xramlar,
masjidlar, diniy munosabatlarni amalga oshirish uchun ishlatiladigan predmetlar,
ashyolar, qilxonalar, alohida shaxslarni ya'ni oliy mansabli magistrlarni, davlat
rahbarlarini, din boshliqlarini, payg'ambarlarni, hurmat qozongan shaxslarni dafn
etadigan joylar ya'ni ular muqaddas deb tanilib, xudoning yerdagi vakillari
tomonidan himoya qilingan.
Dostları ilə paylaş: |