2-§. Nikoh tushunchasi
Rim jamiyatida nikoh orqaligina oila vujudga kelgan.
Mashhur yurist Modestin nikohga tushuncha berar ekan, uni quyidagicha
ta'riflaydi: «Nikoh er va xotin o'rtasidagi xudo va insoniyat huquqlariga asoslanib
butun umr bo'yicha tuziladigan, hamda o'ziga oid munosabatlarni muddatsiz
amalga oshiradigan ittifoqdir».
Albatta, Modestin fikrlarini cum manu (oilada erning ustunligi tan
olinadigan) asosda tuzilgan nikohlarga taalluqliroq, deb aytishimiz mumkin, lekin
ota hukmronligi instituti er-xotinning tengligini hech qachon e'tirof etmagan,
chunki turmushga chiqqan xotin doimo oila boshqaruvchisi homiyligiga o'tgan.
Rim huquqi o'zining rivojlanish tarixida ikki xil nikohni tan olgan, ya'ni
qonuniy nikohni va nikohning konkubinat (noqonuniy) usulini.
Qonuniy nikoh deganda ius conubii (qonuniy nikohga kirish huquqi) asosida
vujudga kelgan va tug'ilgan farzandlar Rim davlatining fuqarosi bo'lib
hisoblanadigan va otasining o'z bolalariga bo'lgan hukmronligini, hokimiyatini
ta'minlab bera oladigan munosabatlarga tushunilgan.
Konkubinat usuliga, ya'ni qonuniy nikohga kirish huquqiga ega bo'lmagan
shaxslar tomonidan, lekin qonun tomonidan ruxsat etilgan doimiy ravishdagi birga
yashash faoliyatiga tushunilgan.
Konkubinat bu haqiqiy nikoh bo'lmasa ham, ba'zi bir huquqlar asosida,
ulardan tug'ilgan farzandlar ota hukmronligiga, hokimiyatiga taalluqli bo'lmagan
holda o'z munosabatlarini amalga oshirganlar.
Respublikanlar davrida Rim oilasining monagamiya xarakteriga ega
ekanligini bilsalar ham, erkaklar uchun xotinlaridan tashqari yana bir xotin bilan
konkubinat usulida yashashga ijozat berildi. Lekin eri bor xotin kishi konkubinat
usulida boshqa shaxs bilan yashashligi ma'lum bo'lib qolsa, er kishi o'z xotinini
o'ldirish huquqiga ega bo'lgan.
Rim huquqida konkubinat usulidagi birga yashash faoliyatiga yo'l
qo'yilganligi sababi birinchidan, ba'zan qullar, peregrinlar va boshqa kambag'al
bo'lgan shaxslar nikohga kirisha olmaganlar, chunki ularning nikoh tuzishlari
uchun mablag'i, uy-joyi ham bo'lmagan.
Ikkinchi sababi, Rim davlati o'z hududlarini kengaytirish va hukmronligini
kuchaytirish nuqtai nazaridan juda ko'p urushlar olib borganligi natijasida erkaklar
ko'plab qirilib ketgan. Ularning o'rnini to'ldirish uchun konkubinat usuliga yo'l
qo'yilgan.
Rim davlatida oila qurish masalasida qonunlar qabul qilingan, ayniqsa yangi
eramizning 1 asrida ikkita qonun qabul qilinib, ularda erkaklar 25 yoshdan 60
yoshgacha, ayollar 20 yoshdan 50 yoshgacha turmush qurishlari yoki erkaklar
uylanishlari shart qilib qo'yilgan edi. Nikohda bo'lmagan shaxslarning mulkiy
huquqlari chegaralangan, ya'ni bu qonunlarga binoan ular vasiyatnoma asosida
meros olish huquqidan mahrum qilingan. Faqatgina agar meros qoldiruvchi shaxs
farzandlarga ega bo'lmasa, qoldirilgan merosning yarmini olishligi mumkin edi.
Hatto er kishiga bir bola, xotin kishiga uch boladan to'g'ri kelmasa,
ozodlikka chiqqan, qo'yib yuborilgan xotinlar to'rt bolaga ega bo'lmasa, ular
«farzandlari yo'q bolasizlar» deb atalgan.
Konkubinat usulida yashovchilarning jamiyat huquqiy normalari yoki odat
normalari, yashash qoidalari orqali huquqlari chegaralangan. Shuning uchun
oilaning asosini nikoh tashkil etgan.
Imperator Yustinian davriga qadar nikoh shakllari ikki xil shaklda amalga
oshirilgan:
Cum manu mariti oilada erning hukmronligini ta'minlan-ganligi asosidagi;
Sine manu mariti ozod bo'lgan nikoh sifatida ya'ni xotinning hukmronligini
ta'minlash asosidagi nikoh shakllari mavjud bo'lgan.
Cum manu mariti asosida tuzilgan nikohda turmushga chiqqan xotin erining
hukmronligiga, qaramligiga o'tgan, agar eri oila boshlig'iga qaram bo'lsa, xotin oila
boshqaruvchisi qaramligiga, hokimiyati ostiga o'tgan.
Sine manu (sine manu) xuddi konkubinat, ya'ni nikohdan o'tmasdan yashash
huquqiga o'xshasa ham, lekin xotin kishi Rim oilasini vujudga keltirgan hamda
bolalariga ega bo'lib ularni tarbiyalash maqsadi borligi bilan farq qilgan.
Nikohga kirishish uchun shartlar qo'yilgan va bular quyidagilardan iboratdir:
1.
Nikohga kiruvchi shaxslarning umumiy roziligi bo'lishi lozim edi. Agar
ular uy boshqaruvchisi hokimiyati ostida yashab kelayotgan bo'lsalar, uy
boshqaruvchisining ham roziligi olingan bo'lishi hamda u rozi bo'lmagan
taqdirda uning ustidan magistratga arz qilib, uning rozilik berishi uchun
majbur qilish lozimligi;
2.
Nikoh yoshiga yetishlik. Qizlar uchun 12 yosh, o'g'il bolalar uchun 14
yosh balog'at yoshi hisoblangan. Jinsiy balog'atga yetishlik deganda, bola
tug'ish qabiliyatini hamda umr bo'yi birga yashayman, bizlarning tuzgan
bu ittifoqimiz nikoh muqaddas narsa degan ma'nolarni hech qachon
hayolidan chiqarmagan holda umrni davom ettirishga tushunilgan;
3.
Er yoki xotindan birining nikohi hali ajratilmagan yoki uzilmagan bo'lsa,
ya'ni boshqa shaxs bilan nikoh munosabatlari hali davom etayotgan bo'lsa
uni uzishlik;
4.
Nikohga kirishuvchi shaxslar qonuniy asosda nikohga kirish huquqiga
ega bo'lishlari shartlarining mavjudligi talab etilgan.
Rim davlatida imperator Yustinian boshqaruv davriga qadar chet el
fuqarolari bilan Rim fuqarolari nikohga kirisha olmaganlar. Chunki chet el
fuqarolari qonuniy asosda nikohga kirish huquqiga ega bo'lmaganlar. Hatto ularni
nikohdan o'tkazmaslik masalasiga siyosiy nuqtai nazardan yondashib, chet el
fuqarolarini Rim oilasiga aralashtirmaslik hamda Rim davlati fuqaroligini
bermaslikni ko'zlab ish yuritganlar.
Qadimgi Rim tarixida nikohga kirishish marosimlarining har xil turlari
qo'llanilgan.
Ularning birinchi turi kelin-kuyovga maxsus tayyorlangan nonni (yoki
shirinlikni) birga yeyishlik. Qolgan qismini esa Yupiterga sadaqa tariqasida olib
kelish tartibida o'tkazilib, to'yda jreslar va boshqa shaxslar bilan bir qatorda 10 ta
guvohlar ham qatnashganlar.
Ikkinchi turi plebeylar marosimi, ya'ni tarozibon va simob tayoqchasi bilan
bog'liq bo'lib, unda er-xotinning ota-onasi hamda 5 ta guvohlar qatnashib ilgaridan
o'rnatilgan so'zlarni va luqmalarni takrorlashi majburiy edi.
Kuyov turmushga chiqayotgan kelindan «Men uchun haqiqiy xotin, ya'ni
materfamilias bo'lishga qodirmisan» deb so'ragan. Bo'lajak xotin esa «Sen
qayerdasan, Gay, o'sha joydan meni ham topasan», degan ifodalarni qaytargan
hamda kuyov qizning otasiga misdan qilingan quymani qalin deb topshirar edi. Bu
marosimlar sinfiy davrlarning oxirigacha saqlanib keldi.
Uchinchidan, hech qanday marosimlarsiz, XII Jadval qonunlarida
ko'rsatilganidek, xotin kishi o'z taqdirini er kishi bilan bog'lashni razm qilgan ekan,
ular nikohdan o'tadilar va er hokimiyati ostida to'liq qolib ketmaslikni e'tiborga
olib, u bir yilda uch kecha va uch kunduz boshqa joyda yashab kelishligi lozim
bo'lgan va natijada er hukmronligining mustahkamliligini bo'shashtirgan yoki bir
yillik xotinga egalik qilish huquqi uzilgan.
Bu marosimlardan yoki amalga oshirilayotgan harakatlardan ko'rinib
turibdiki, hamma holatlarda nikoh munosabatlarini o'rnatishga qaratilmasdan, er
kishiga (manus) hokimiyat yoki «musht» berishlikni, ya'ni xotin kishi ustidan
erning hukmronligini o'rnatish maqsadidan kelib chiqqan.
Imperator Kanuley qonunlariga (445 yillar) asosan patrisiy va plebeylar
o'rtasida, Rim fuqarolari bilan aktrisalar, fohishalar hamda qo'shmachilar nikoh
tuzishlariga ruxsat berilmagan, ya'ni nikoh tuzish ma'n etilgan.
Rim davlatida nikohning tugatilishi asoslari, er-xotindan birining vafot etishi
bilan, er yoki xotindan birining ozodlik holatlarini yo'qotilishi asosida yoki sud
tomonidan og'ir jazoga tortilishi, jismoniy va ruhiy tomondan «aqli noraso» deb,
topilgan bo'lsa va ajralishlik munosabatlarining ro'yobga chiqishi bilan nikoh
tugatilgan deb hisoblangan.
Rim davlatining sinfiy davrida nikohdan ajratish erkin bo'lib, er va xotinning
birgalikdagi roziligi, o'z hoxishlariga binoan ajratiladi. Undan tashqari bir tarafning
o'z istagi bilan ham ajratilgan.
Mutloq monarxiya davriga kelib nikohdan ajratish ancha murakkablikka ega
bo'ldi. Imperator Yustinian tomonidan qabul qilingan qonunlarga asosan, ikki
tarafning roziligi asosida tuzilgan nikohdan ajratish ma'n etildi. Lekin bir
tomonlama erkni izhor qilish natijasida nikohdan ajralishga qat'iy sabablar, ya'ni er
va xotinning bir-biriga xoinligi, bevafoligi, er yoki xotinning hayotiga suiqasd
uyushtirish yoki og'ir ayb bilan bog'liq bo'lgan harakatlarni amalga oshirgan
bo'lsalar, katta jarimani to'lab nikohdan ajralishga rozilik berilgan.
Nikohdan ajralish usullaridan yana biri, er va xotin tomonidan ayb
harakatlari bo'lmagan taqdirda ham, birining jinsiy aloqaga layoqatsizligi hamda
diniy vakillar bilan butunlay monastirga o'tish ixtiyorini bergan bo'lsa, bunday
holatlarda ham nikohdan ajralish mumkin edi.
Gay Institusiyada ko'rsatilganidek, nikohdan hech qachon er va xotinning
jahli chiqqan paytida ajratilishi mumkin emas. O'z eridan ajragan xotin beva
«xafachilik» yilini o'tkazib yangi erga chiqishligi mumkin bo'lgan, lekin ahloq,
odob normalari talab etilgan hamda oldingi eridan homilador bo'lgan bo'lsa, 6 oy
ichida farzand ko'rishligi lozim bo'lgan va bu munosabatlar xotin kishining sofdil
ya'ni boshqa shaxslar bilan aloqada bo'lmaganligini ko'rsatgan hamda u 18 oydan
keyin nikohga chiqa olgan. Eri o'lgan bo'lsa ikki yil o'tgandan keyin nikohga
chiqishi mumkin bo'lgan. Yangi erga chiqqan xotin bolalarining manfaatini
o'ylagan holda yangi oilaga oldingi eridan qolgan mulklarini o'tkazmaslik,
bermaslik lozim bo'lgan.
Dostları ilə paylaş: |