Sport salomatlik garovi



Yüklə 30,8 Kb.
tarix21.05.2023
ölçüsü30,8 Kb.
#118580
Sport salomatlik garovi


Mavzu: “Sport – salomatlik garovi”

Sport nafaqat insonlar balki bugun jamiyat kamolotida muhim omil hisoblanadi. Insoniyat tarixiga nazar tashlasak har bir takomil darajasiga yetgan sivilizatsiyalar mazkur takomil darajasining asosiy omillaridan biri ushbu jamiyatda jismoniy tarbiya va sportga katta etibor qaratilganligini ko‘rishimiz mumkin.


Sport deganda tor ma’noda shaxsiy musobaqa faoliyati tushunilsa, keng ma’noda shaxsiy musobaqa faoliyati asosida kelib chiqadigan maxsus tayyorgarlik hamda uning norma va yutuqlari tushuniladi.
Sport inson o‘z-o‘zini tarbiyalashi uchun etakchi omillardan biri sifatida talqin etiladi. Sportdagi ko‘rsatkichlarning o‘sish me’yoriga qarab sportchi nafaqat jismoniy, balki ruhiy, aqliy, axloqiy, ma’naviy va vatanparvarlik nuqtai nazaridan tarbiya jarayoniga kirib boradi. Bu borada sportning ahamiyati nihoyatda kattadir. Sport bilan shug‘ullanish yoki sport o‘yinlarini tomosha qilish jarayonida jamiyat qadriyatlari shaxs qadriyatlariga aylanib boradi. Sport bilan doimiy shug‘ullanish orqali insonda shaxs belgilari, tashabbuskorlik, kurashchanlik, chidamlilik sifatlari rivojlanadi. Jismoniy mashqlar vositalari orqali shaxs ijtimoiylashuvining ijobiy tomonlari bilan birgalikda salbiy tomonlari ham vujudga kelishi mumkin. Medallar, shon-shuhrat ketidan quvish uchun har qanday vositalardan foydalanish sportchida shafqatsizlik, zo‘rlik kabi salbiy jihatlar paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Inson jismoniy mashqlarni doimiy ravishda rejali asosda bajarib borishni odatga aylantirsa va shunga amal qilsa, katta boyligi hisoblangan sog‘lig‘ini yo‘qotmaydi, aksincha, uni tiklaydi. Bu haqda A.Shopengauer o‘zining “Hayotiy donishmandlik aforizmlari” nomli kitobida shunday yozadi: “Bizning baxtimizning 10 dan 9 qismi sog‘ligimiz bilan bog‘liq. Sog‘liq bo‘lsa, hamma narsa bo‘ladi. Usiz hech qanday katta farovonlik ham rohat bag‘ishlamaydi. Hatto aql sifati ham kasallik holati natijasida kamayadi.” Faylasuf ta’kidlagan baxtga - sog‘liqqa erishish uchun albatta jismoniy mashqlarni bajarib yurish maqsadga muvofiqdir. O‘z tabiatiga ko‘ra sport insonparvardir. U shaxsning organizmi va ruhiyatining o‘rganilmagan imkoniyatlarini ochib berishga yordam beradi.
Sportchi sport bilan shug‘ulanishni boshlashi bilanoq g‘alaba nashidasi va mag‘lubiyat azobini tatib ko‘rishni boshlaydi. Barcha birdek bu jarayondan ijobiy o‘ta olmasligini sport sohasida yaxshi o‘rganib chiqishgan. Sportning mashaqqatlariga chidab, keyingi bosqichga qolgan yoshlar mahoratlarini oshirib, yangi ijtimoiy munosabatlar darajasiga o‘tadilar. Sport to‘garaklari yoki sport maktablariga kelgan yoshlar yangi ijtimoiy muhitga tushib qoladi. Yangi murabbiylar, yangi jamoa, hakamlar, yangicha mashg‘ulotlar uchun hamkorlar bularning hammasi shaxs ijtimoiylashuvining yangi jihatlari hisoblanadi. Sport orqali dastlabki ijtimoiylashuvda shaxsning psixofizik va axloqiy sifatlari tarbiyalanadi. Bunda oila, maktab bilan birga jismoniy tarbiya va sport ijtimoiy institutlari aktiv ishtirok etadi. Ijtimoiylashuv jarayonida oilada ota-ona, aka-uka va qarindoshlar, maktabda o‘qituvchilar, sport to‘garaklari hamda sport maktablarida ustozlar, murabbiylar muhim ahamiyat kasb etadi. Ularning shaxsiy sifatlarini bola o‘ziga singdirishga, ularga o‘xshashga, ulardan o‘rnak olishga harakat qilishi tabiiy holdir. Shaxs sport bilan shug‘ullana turib ijtimoiy ma’suliyatni esdan chiqarmasligi kerak.
Sport (ing. sport – o‘yin) jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi, jismoniy tarbiya vositasi va usuli, jismoniy mashqlarning turli majmualari bo‘yicha musobaqalar tashkil etish, tayyorlash va o‘tkazish tizimidir.
“O‘zining rivojlanish jarayonida sport shunday yuqori cho‘qqilarga ko‘tarildiki, ko‘rsatilgan natijani yoki bir sportchining boshqasidan ustunligini ob’ektiv baholash va aniq belgilash borgan sari murakkablashib bormoqda. Sportning har bir turida muayyan qoidalar mavjud bo‘lib, ularga mos ravishda sportchilar harakatlanadilar, sport kurashi olib boriladi, harakatga baho beriladi, natija va g‘olib aniqlanadi.” Sport bu hech bir odamni befarq qoldirmaydigan ijtimoiy hodisadir. Shu bilan birga sport bu imkoniyatlarning eng yuqori chegarasida natijalarni namoyon qilishga sport kurashida g‘oliblikka halol va pok yo‘l bilan intilishdir. “Har bir odam oxirgi bo‘lishni xohlamaydi va hech bo‘lmaganda uchinchi o‘rinni egallashga intiladi. Bu barcha kishilarning tabiatiga xosdir. Shuning uchun ham Yapon xalqining madaniyati musobaqada bir kishining ikkinchisining ustidan musobaqadagi ustunligi bilan haqorat qilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Shu tufayli ular mashqlar bilan yakka tartibda shug‘ullanishni afzal ko‘radilar”.
Qadimgi yunon olimi Platon o‘zining “Davlat” asarida odam ruh kiritilgan tanadir, ruh va tanadan iborat bo‘lgan odamzod ikki olamga mansubdir, deb yozgan. Ko‘hna yunonliklar tasavvurida, har taraflama mukammallik, faqatgina ma’budlar va afsonaviy qahramonlargagina xos bo‘lgan. Buning timsoli sifatida afsonaviy Geraklning o‘n ikki qahramonligini keltirish mumkin. Gerakl mo‘jizaviy, ammo vayronkor kuchga ega turli mahluqlarni yengadi. O‘zi yugurishda ohudan ham o‘zib keta oladi, kamondan bexato o‘q uzadi, har qanday pahlavonning kurashda yelkasini yerga tekkizadi. Shu bilan birga u san’at ixlosmandi hamdir. U kifora (yun. olg‘usi) chalishni o‘rgangan, haykaltaroshlikka qiziqqan. Bu o‘sha davr kishilarning ham beqiyos jismoniy kuchning o‘zigina inson mukammalligi mezoni bo‘la olmasligi to‘g‘risidagi tasavvurlariga yorqin misoldir. Shuning uchun afsonaviy yunon qahramonlari Gerakl, Appolon, Odisseylarning mukammal tana tuzilishlari, kuchga to‘la mushaklari, ya’ni jism go‘zalligi bilan zavqlanishgan. Ularning ma’naviy qiyofalarini yanada jozibaliroq ifodalashgan.
Aleksandr Makedonskiy o‘z askarlarini tanlab olish jarayonida ularning aqliy qobiliyatlari bilan birga qo‘rqmaslik, jasoratlilik, epchillik va chaqqonlik kabi jismoniy sifatlariga ham katta e’tibor bergan. Bu jarayonni lashkarlarning har birini yovvoyi hayvonlar bilan yuzlashtirish orqali tekshirib ko‘rganligi haqida Alisher Navoiyning Saddi Iskandariy asarida ma’lumotlar uchratish mumkin. Shu sababdan inson komilligi namoyishi olimpiya sport o‘yinlarining asosiy g‘oyasi bo‘lganligi tasodifiy emas. Ilk umum ellin oliy bayramlarida sport maydonlaridagi kuchlilik, chaqqonlik, epchillik bo‘yicha musobaqalar tomoshagohlarida musiqa, she’riyat tanlovlariga ulanib ketgan. Olimpiya o‘yinlari stadiondagi yugurish yo‘lakchalariga, kurash gilamlariga chiqadigan, otchoparda aravalar poygasida qatnashadigan bevosita sportchilar bilan birga faylasuflar, musiqachilar, shoirlar, haykaltaroshlar, rassomlar ham ishtirok etishgan.
Mashhur tarixchi Geradot bu yerga Afinadan yayov kelganligi haqida ma’lumotlar bor. Matematik Pifagor umumellin sport musobaqalarida musht jangida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. “Tibbiyotning otasi” Gippokrat ko‘zga ko‘ringan ellin kurashchisi va mashhur chavondoz edi. Faylasuf Aflotun o‘z davrining eng kuchli gimnastikachilaridan biri ekanligi bilan ham tanilgan, Olimpiadalar o‘rtasida har ikki yilda bir marta dengiz ilohi Poseydon sharafiga o‘tkaziladigan mashhur Istma o‘yinlarida kurash bo‘yicha musobaqalarda g‘olib chiqqan.
Aflotun tomonidan falsafada birinchi marta inson komilligi masalasining qo‘yilishiga ham olimpia sport o‘yinlari turtki bo‘lgan. Chunki, uning o‘zi bu musobaqalarning insonni kamol toptirishdagi ahamiyatining bevosita shohidi edi.
Ko‘hna Yunonistonda umumiy ta’lim otasi hisoblangan Isokrat (mil. avv. 436-338 yillar) yoshlarni tarbiyalashda sport mashqlarini bajarish va musobaqalashish tizimi va falsafani uzviy bog‘lash zarurligini ta’kidlaydi. “Bizdan ancha ilgari yashagan odamlarning ba’zilari hayotning barcha jabhalari bilan bog‘liq bo‘lgan san’at turlari ko‘pligini, ammo ular orasida jism va ruh tarbiyasi bilan shug‘ullanadiganlari yo‘qligini anglagan holda bizga bu ikki fanni ob’ekti inson jismi bo‘lgan petodribika (uning bir qismi gimnastikadir), ikkinchisi inson ruhi bilan shug‘ullanadigan falsafani vasiyat qilib qoldiradilar. Bu ikki fan bir-biriga muvofiq, o‘zaro bog‘liq va mutanosibdir. Ustozlar ular yordamida inson qalbini oliyjanobroq, jismini esa mukammalroq qiladilar”. Bu tarixiy ma’lumotlar sport va falsafaning bir-biriga chambarchas bog‘liqligi hamda ularning mohiyat va mazmun jihatdan yaqinligini anglatadi. Ular doim bir-birini boyitib, to‘ldirib kelgan va kelmoqda. Manbalardan ma’lumki, mashhur faylasuflarimizdan biri Aflotun ham o‘z asarlarini yozayotganda sport va jismoniy tarbiya masalalariga alohida to‘xtalib o‘tadi. Ya’ni, komil insonni tarbiyalashda va uni shakllantirishda ruh va jism tushunchalari muhim omil ekanligini ta’kidlaydi va buni dalillar asosida isbotlab beradi. Falsafa o‘zining ilmiy mazmunini ma’rifat, ma’naviyat ayniqsa, sportsiz boyita olmaydi va ma’lum ma’noda ularsiz shakllana ololmaydi ham.
O‘zbekiston tarixida sportning rivojiga e’tibor bersak, ming yillar osha shakllanib kelgan qadimiy madaniyatning bir ko‘rini-shidir. Jismoniy tarbiya va sportning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri aniq ifodalangan milliy xarakterdagi ag‘darish, ko‘pkari, poyga, kurash kabi xalq o‘yinlarining borligidir. Bu sport turlarining hammasi qadim zamonlarda paydo bo‘lgan, taraqqiyotning har bir tarixiy bosqichida turli ijtimoiy vazifani bajargan. Turli tumanlarda yashovchi ayrim urug‘larning alohida jismoniy mashq va o‘yinlari mavjud bo‘lib, mazkur turlari muntazam rivojlanish tarixiga ega.
O‘zbekiston zaminidan topilgan arxeologik ashyolar va bizgacha etib kelgan qadimgi qo‘lyozmalar bu yerda yashagan xalqlar turmush tarzida jismoniy mashqlar muhim o‘rin egallaganidan dalolat beradi. Qadim zamonlardan jismoniy tarbiya sohasi jamoa zimmasiga ma’lum majburiyatlar yuklagan. Yosh qiz va yigitlar hayotida kerak bo‘ladigan epchillik, chidamlilik, chaqqonlik, jasurlik va qat’iylik kabi qobiliyatlarga ega bo‘lishlari lozim bo‘lgan. Ajdodlarimiz yigitlarning harbiy-jismoniy tayyorgarligiga katta e’tibor berganlar, shuning natijasida qurollangan otliq askarlar jangda yaxshi harakat qila olganlar. Ular tezlik bilan chopib kelayotgan ot ustida mohirona yoy otganlar, qilich va uzun nayzalarni mohirlik bilan ishlatganlar, epchilik bilan egardan sakrab tushganlar va unga sakrab chiqa olganlar. Bundan tashqari otliq askarlar qilichbozlik va suzishni yaxshi bilishlari shart bo‘lgan. O‘rta Osiyoda feodalizm kuchayib ketganligi sababli o‘smir bolalar qadimiy spartakliklarday soqchilik xizmatiga o‘rgatilgan. Mil. av IV-I asrlarga mansub Qoratog‘ (Navoiy viloyati)dagi Sarmishsoy rasmlarida musobaqalashayotgan kishilar tasvirlari, qadimgi Baqtriya (O‘zbekiston jan.)da yasalgan sopol idish parchasidagi ikki kurashchining aks ettirilgani ana shunday arxeologik ashyolardandir. Yillar o‘tgan sayin qadim Turonda hayot tarzidan kelib chiqqan holda jismoniy mashqlar ham rivojlanib borgan. Masalan, ovchilarda merganlik, chorvadorlarda chavandozlik, baliqchilarda suzish, harbiylarda qilichbozlik kabi sport turlari rivojlangan. Uch ming yillik tarixga ega “Avesto”da bizga shunday kamyoblik baxsh aylagilki, navqiron va kuchli yorlar topaylik. Toki ulardan hushyor va sog‘lom farzandlar dunyoga kelsin” deya ta’kidlangani shu davrlardanoq insoniyatning jismoniy mashqlar yordamida sog‘lom avlodni tarbiyalashiga katta e’tibor qaratganidan dalolat beradi. “Avesto” kitobida yoshlarning jismoniy chiniqishlari uchun hayotda kerak bo‘ladigan mashqlar bajarganliklarini, ya’ni yoshlikdan otda yurish, ovchilikda kerak bo‘ladigan mashqlarni bajarish va boshqa jismoniy mashqlar bilan shug‘ul-lantirilganligini ko‘rsatib o‘tilgan.
O‘zbek xalqining qahramonlik eposi «Alpomish» dostonida kurash, merganlik va chavandozlik musobaqalariga katta o‘rin berilgan. Dostonda yozilishicha, qizlar Alpomishdek oldilariga qo‘yilgan shartni bajargan yigitlarnigina kuyovlikka loyiq ko‘rishgan. Sug‘diyona va Baqtriya davlatlari mavjud bo‘lgan davrlarda miloddan oldingi IV-I asr O‘rta Osiyoda yashagan xalqlar orasida epchil dorbozlar juda mashhur bo‘lgan. Epchil, jismoniy jihatdan juda chiniqqan dorbozlar, chig‘iriqli simbozlar Yunoniston, Vizantiya va Eron kabi mamlakatlarga borib, o‘zlarining ajoyib va xatarli o‘yinlarini qiziqchi va masxarabozlarning o‘tkir satira va kulgi bilan sug‘orilgan turli sahnalarni va kishi aqli bovar qilmaydigan pahlavonlarining o‘yinlarini ko‘z-ko‘z qilganlar.
VIII-X asrlarda yashab ijod etgan faylasuflarimiz ham jismoniy tarbiya haqida yozib qoldirishgan. Jumladan, Abu Nasr Faroboiyning “Fozil odamlar shahri”, Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarlarida o‘rta asrlarga xos jismoniy mashqlar haqida ma’lumotlar berilgan. Ibn Sino “Tib qonunlari” asarining birinchi kitobida jismoniy mashg‘ulotni kishining yoshiga, sog‘-salomatligiga va kasalligiga qarab, turlicha shakl va usullarda o‘tkazish kerakligini ta’kidlaydi. Ibn Sino jismoniy tarbiya to‘g‘risida fikr yuritar ekan, uni tashkil etishda kishilarning turli yoshi va jinsini ham hisobga olish kerakligiga alohida e’tibor qaratadi. Ibn Sino har qaysi yosh davrning o‘z individual xususiyati bo‘lishligini gapirib, bu davrni doimo o‘zgarishda, rivojlanishda deb biladi. Bu o‘rinda u bola hamisha to‘xtovsiz va sekin-asta o‘sib boradi, degan fikrni ta’kidlaydi, shuning uchun, deydi u, - bolaning o‘sishdan to‘xtashi va o‘z kamolotida orqaga qarab ketishi mumkin emas. Bu fikri bilan Ibn Sino bolalarni doimo o‘stirib borish g‘oyasini qattiq himoya qiladi. Ayniqsa, bolalik, o‘smirlik, yigitlik va qarilik chog‘larida kishi jismoniy mashg‘ulotga turlicha munosabatda bo‘lishi kerakligi masalasini ko‘tarib chig‘ishi Ibn Sinoning odam anatomiyasi va fiziologiyasini mukammal bilganligidan, kishi organizmining doimo taraqqiy etib borishini ilmiy asosda tushunganligidan dalolat beradi.
IX-X asrlar Somoniylar davlati davrida askarlarning urushga jismoniy tayyorlash nazariyasi ishlab chiqilgan. Saroy ahli uchun yozilgan “Oynoma”da berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, somoniylar davrida zodagonlarning bolalari 6 yoshgacha ota-onalarining uyida yashar, 7 yoshga etgandan keyin davlat tarbiyasiga o‘tkazilib, hukmdor ixtiyorida bo‘lgan maxsus maktabga joylashtiriladi va 19 yoshga etgunga qadar ana shu maktabda ilmiy va jismoniy jihatdan tahsil ko‘rganlar. O‘z bilimi va bahodirligi bo‘lgan kishilar maktabda murabbiylik vazifasini o‘taganlar. Somoniylar maktabida bolalarni jismoniy tarbiyalashga alohida ahamiyat berilar edi. Ular sovuqqa, ochlikka, chanqoqlikka, og‘riqqa chidamli bo‘lish, tez yugurish, uzoqga sakrash, otga chaqqon minish, kamon va o‘q-yoy otish, qilichbozlik, mo‘ljallash, sezgir bo‘lish, kurashish, jang usullarini yaxshi bilishi talab qilinadi.
IX-X asrda yashab o‘tgan buyuk shoir va kuragi erga tegmagan polvon xorazmlik Pahlavon Mahmuddir. O‘z davrida Hindiston, Eron, Turon zaminida kurashning keng ko‘lamda tarqalishiga katta hissa qo‘shgan. O‘rta asrlarda yaratilgan Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarida barkamollikdagi jismoniy etuklikning o‘rniga alohida ahamiyat berilgan. Asarda voyaga etayotgan hukmdorga ma’naviy etuklik bilan bir qatorda jismoniy etuklik ham muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib o‘tish bilan bir qatorda jismoniy mashqlarning nomlarini, o‘tkazish joylarini, o‘tkazish vositalari bayon etilgan. Jismoniy mashqlar insonning yoshiga qarab belgilanishi bilan bir qatorda ot bilan bajariladigan mashqlardan kamon, qilich bilan bajariladigan mashqlar ko‘rsatilgan XIV-XV asrlarda Amir Temur va temuriylar davrida ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishning barcha sohalarida bo‘lgani kabi jismoniy tarbiya va harbiy mahoratni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Bu davrda kurash, qilichbozlik, shatranj (shaxmat) kabi turlar bo‘yicha muntazam ravishda musobaqalar o‘tkazilib turilgan. Sharofiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi asarlarida o‘sha davrdagi musobaqalar va ularning qatnashchilari qalamga olingan. E’tiborlisi, musobaqa g‘oliblari kurashchilar – pahlavon, qilichbozlar – bahodir, shatranjchilar – oliya kabi unvonlar va katta mukofotlar bilan sharaflanganlar.
O‘rta asrning oxirlarida bahodirlarning qurol ishlatish san’ati bo‘yicha musobaqalari keng tarqalgan. Bu o‘yinlarga voqiflar rahbarlik qilar edi. Ular bahodirlar orasida o‘yinlar boshlanishidan bir oy ilgari sport salaflari tomonidan saylanar edi. Voqiflarning vazifalari musobaqa joyini tanlashdan, musobaqalarda g‘olib chiqqanlarga mukofotlar berishdan iborat bo‘lgan. Asosiy mukofot sifatida tulpor otlar, qimmatbaho sarpolar, pul mukofotlari berilar edi. Ko‘pincha navbatdagi o‘yinlargacha bo‘lgan davr ana shu g‘olibning nomi bilan atalar edi.
XVIII-XIX asrlarda milliylik xususiyati yorqin ifodalangan jismoniy tarbiya tizimlari yuzaga kela boshladi. Ulardan nemis jismoniy tarbiya tizimi – Guni-Muts (1759-1838), Vits (1763-1836) va Yan (1778-1852); shved jismoniy tarbiya tizimi – Ling (1776-1839); chex jismoniy tarbiya tizimi – Tirsh (1832-1884); daniya jismoniy tarbiya tizimi – Naxtegall (1777-1847); fransuz jismoniy tarbiya tizimi – F.Amoros (1770-1847) va boshqalar tomonidan yaratilgan jismoniy tarbiya tizimlaridir.
Turkiston podsho Rossiyasi tomonidan bosib olinganidan so‘ng evropa xalqlari o‘rtasida ommalashgan sport turlari o‘lkaga kirib kela boshladi. 1882 va 1894-yillarda Toshkent va Samarqandda chavandozlar jamiyatlari tashkil topdi. 1895-yil Toshkentda havaskor velosipedchilar jamiyati tuzildi. 1900-yil velosiped sporti havaskorlari va professional velosipedchilar musobaqalarini o‘tkazish uchun Toshkentda qurilgan maydonda velopoygalar tashkil qilindi. 1903-yil Toshkentda birinchi tennis korti ishga tushdi. 1904-yil esa gimnastika va jismoniy mashqlar havaskorlari jamiyati tuzilib, 1905-yildan bolalar o‘rtasida yugurish, sakrash, koptok irqitish kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Bu Toshkentda sportning yengil atletika turi rivojlanishiga zamin yaratdi. 1908-yil Toshkent sirkida taniqli kurashchi va mahalliy polvonlar ishtirokida fransuzcha kurash (oz. yunon-rum kurashi) bo‘yicha chempionat o‘tkazildi (bu musobaqa o‘zbek kurashiga birmuncha o‘xshash sportning shu turi rivojlanishida alohida rol o‘ynadi). 1910-yil Toshkentdagi harbiylar markaziy binosida gimnastika, qilichbozlik maktabi ochilib, unda (asosan, rus zobitlari o‘rtasida) shu sport turlari bo‘yicha mashqlar, musobaqalar o‘tkazilib turildi. Ishchilarning dastlabki sport to‘garaklari 1910-yil Toshkentda harbiy okrug shtabi bosmaxonasi matbaachilari tomonidan tashkil etildi. Ularda gimnastika, yengil atletika va boshqa sport turlari bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borilgan. 1912-yil Qo‘qonda, keyinchalik Farg‘ona, Toshkent va Andijonda futbol jamoalari tuzildi. Turkistonda eng yirik hisoblangan sport havaskorlari jamiyati (1913-yil tashkil topgan)ning futbol, yengil atletika va laun-tennis bo‘limlari bor edi. 1915-yil Toshkentda gimnastika o‘qituvchilari kursi ochildi. Suv sporti bilan shug‘ullanuvchilar uchun dastlabki sun’iy havzalar barpo qilindi. Umuman olganda, XX asr boshlarida sport jamiyatlari va to‘garaklari Turkistonga ko‘chib kelgan rus va evropalik fuqarolarga xizmat qilgan. Keng xalq ommasi uchun mo‘ljallangan sport inshootlari amalda yo‘q edi.
Sport musobaqalarida asosan rus va yevropalik fuqarolar ishtirok etganlar. Sobiq Ittifoq davrida ham bu an’ana davom etib, xalq an’analariga, milliy o‘yinlariga bo‘lgan e’tibor juda susayib ketdi.
Shuning uchun ham ko‘p musobaqalar, ko‘rik tanlovlar ommaviy tus olmas, tomoshabinlar kam yig‘ilar edi. Keng xalq ommasi uchun mo‘ljallangan sport inshootlari amalda yo‘q edi. Jismoniy tarbiya va sport mashqlari hamda musobaqalari harbiy o‘quv yurtlari, gimnaziya, sport klublari bazasidagi sport zallari va maydonchalarida o‘tkazilardi.
Bugungi kunda O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng sport sohasi nafaqat mamlakatni dunyoga tanitish balki xalqimizning sog‘lig‘ini mustaxkamlash, sog‘lom avlodni tarbiyalashning asosiy mezoni sifatida katta e’tibor berildi. Millatning kelajagi masalasi doimo jamiyat tarbiyalayotgan keyingi avlodning qanday kamol topishiga bo‘g‘liq bo‘lib kelgan. Shu sababli mamlakatimizda ham jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish keyingi avlodni har tomonlama sog‘lom qilib tarbiyalashga davlat oldidagi muhim vazifa bo‘lib kelmoqda.
Yüklə 30,8 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin