Statistik tasniflashning mohiyati va ahamiyati
Tasniflash va guruhlash statistik to‘plamlar tuzish va ularni chegaralash bilan uzviy bog‘langan bo‘lib, ommaviy hodisa va jarayonlarni o‘rganish hamda statistik axborotlarni yaratishning muhim qurolidir. Bu usul statistik kuzatish natijasida olingan besanoq, tarqoq, tasodifiyot girdobida o‘ralashib qolgan hom boshlang‘ich materiallar asosida ixcham bir-biri bilan uzviy bog‘langan, ma’lum tartib qoidalarga, qonuniyatlarga bo‘ysungan, tuzilmaviy shakllarga ega to‘plamlar barpo etish imkonini beradi. Statistikada tasniflash deganda o‘rganilayotgan narsalar va hodisalarni tartiblash maqsadida ularning tabiati, o‘xshashlik va farqlovchi xususiyatlariga qarab ma’lum qismlarga, guruhlarga, sinflarga, turkumlarga, turlarga taqsimlash tushuniladi. Taqsimlash asosi qilib olingan belgi yoki belgilar to‘dasi tasniflash belgisi, ularning har bir sohibi tasniflash birligi deb ataladi. Statistik tasniflash hamma sohalarda qo‘llaniladi va turlicha nomlar bilan yuritiladi. Sotsial-iqtisodiy statistikada ijtimoiy-iqtisodiy tasniflashlar tizimi ishlab chiqilgan, ularning milliy va xalqaro standartlari ham mavjud. Iqtisodiy tasniflashlarni EHM yordamida amalga oshirish uchun tasniflagichlar yaratilgan. Statistikada tasniflagich deb ma’lum tasniflashga muvofiq kodlar bilan nishonlangan obyektlarning (iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlari, korxonalar, faoliyat turlari, tovar va xizmatlar, budjet daromadlari va xarajatlari, kasb-hunarlar, asosiy fondlar va h. k.) tartiblashtirilgan ro‘yxati (sanoqnomasi) yuritiladi. Kod - bu tasniflash guruhlari va obyektlarini belgilash uchun qabul qilingan shartli nishon yoki alomatlar to‘plami. U obyekt nomi o‘rnini bosadi va uni identifikatsiyalash (tasniflashdagi o‘rnini, qaysi tavsif guruhiga mansubligini aniqlash) vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Hodisa va obyektlarni ma’lum sinf va guruhlarga mansubligini belgilash uchun tasniflagich uchun batafsil yo‘riqnoma va lug‘atlar tuziladi. Nomenklaturada tasniflagichga qo‘shimchalar kiritiladi va u har taraflama batafsillashtiriladi. Nomeklatura - bu obyektlar va ularning guruhlarini standart shakldagi ro‘yxatidir (sanoqnomasi). Masalan, tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasida tashqi savdo obyekti bo‘ladigan tovar va xizmatlar ularning guruhlari va turlari bo‘yicha batafsil nomma-nom ko‘rsatiladi. Tasniflash – bu o‘rganilayotgan hodisalarni tartiblash maqsadida ularning muhim belgilariga qarab guruhlarga, turkumlarga va hokazolarga ajratishdir. Tasniflagich - bu ma’lum tasniflashga muvofiq kodlar bilan nishonlangan obyektlarning tartiblashtirilgan ro‘yxatidir. Tasniflash odatda atributiv belgilar asosida tuziladi va barqarorlik xislatiga ega bo‘lib, uzoq muddat davomida xizmat qiladi. U faset yoki ieriarxik (pog‘onamapog‘ona) usuli yoki ikkala usul birikmasi yordamida barpo etiladi. Shu jihatdan tasniflagichlarni faset yoki ieriarxik tuuilma turlariga ajratish mumkin. Faset - (fr. Facette) so‘zi lug‘aviy jihatdan biror narsaning, masalan geometrik shakl, oyna va hokazo qirrasini anglatadi. Tasniflashda bu so‘z ro‘yxat, ma’lum tartibda nomma-nom sanash ma’noga ega. Har bir faset tasniflash obyektlarini bir belgi asosida ketma-ketlik tartibida sanab chiqish yo‘li bilan tuziladi. Faset shaklida tuzilgan tasniflashga dunyo mamlakatlarini xalqaro standart tasniflanishi misol bo‘la oladi. Unda butun dunyo mamlakatlari uch fasetda - 1) bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar; 2) bozor iqtisodiyoti rivojlanayotgan mamlakatlar va 3) bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan mamlakatlar iqtisodiy rivojlanish darajasiga qarab ro‘yxati beriladi. Tasniflashning ierarxik (pog‘onama-pog‘ona) tuzilmaviy usulida obyektlar majmuasi bir-biriga bo‘ysungan tasnif guruhlariga ma’lum ketma-ketlikda taqsimlanadi. Dastlab ular bir belgi asosida yirik guruhlarga, keyin ikkinchi belgi asosida har bir yoki ayrim yirik guruh doirasida kichik guruhlarga, so‘ngra ularning chegarasida sinflarga, va shu tartibda turlicha darajali qismlarga ajratiladi. Natijada tasniflash obyekti batafsil tavsiflana boradi. Iqtisodiy tasniflashlar tizimi statistik axborotlarni tartiblash, tahlil qilish, saqlash va samarali izlashning muhim vositasidir. Qo‘llanish uchun majburiy hisoblanadigan asosiy tasniflashlar standart kuchiga ega. Ular odatda statistika tashkilotlari tomonidan axborot iste’molchilari bilan kelishgan holda yaratiladi va xalqaro darajada garmonizatsiyalash (uyg‘unlashtirish) predmeti hisoblanadi. O‘zbekiston davlat statistikasida quyidagi asosiy iqtisodiy tasniflagichlar qo‘llanadi: tovar va xizmatlar, iqtisodiy faoliyat turlari, korxona va tashkilotlar, xalq xo‘jaligi tarmoqlari, boshqaruv hujjatlari, davlat boshqaruv tashkilotlarining belgilari, budjet daromadlari va xarajatlari, mulk shakllari, tashkiliy-huquqiy shakllar, ma’muriy-hududiy bo‘linmalar obyektlari, mahsulotlarni (xizmatlar, ishlar) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish xarajatlari, asosiy aktivlar (fondlar) va boshqa narsalarning tasniflagichlari. Eskirib qolgan tasniflagichlar yangi sharoitga moslashtirilib xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqilmoqda, yangilari esa yaratilmoqda.