19-mavzu. Moliya-kredit tizimi statistikasi Reja:
1. Moliya statistikasining ko’rsatkichlar tizimi. 2. Davlat moliya statistikasining asosiy ko’rsatkichlari. 3. Bank faoliyati statistikasi. 4. Pul muomalasi statistikasi. 5. Qimmatli qog’ozlar statistikasining asosiy ko’rsatkichlari. 6. Sug’urta statistikasi. 7. Tijorat va byudjet tashkilotlari moliyaviy statistikasining asosiy ko’rsatkichlari. 8. Baho va tariflar statistikasining ko’rsatkichlar tizimi. 9. Baho va tariflar dinamikasini statistik o’rganish. 10. Iste’mol baholar holatini statistik kuzatish. 11. Ishlab chiqarish sohasida baho va tariflar holatini statistik kuzatish.
Mamlakatning iqtisodiy siyosati va xo’jaligining rivojlanishida byudjet-soliq tizimi muhim rol o’ynaydi. Byudjet-soliq siyosati iqtisodiy resurslardan yalpi foydalanishga va yalpi talab darajasiga ta’sir etadi, to’lov balansining holatini, qarzdorlik va iqtisodiy o’sish darajasini belgilaydi.
Mamlakat boyligining taqsimlanishi, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar xarajati, soliqqa tortish va davlat xarajatlari, qarz olish jarayonidagi siyosat, makroiqtisodiyotdagi disbalanslar byudjet kamomadiga bog’liq va u bilan ifodalanadi.
Davlat moliya statistikasi bo’yicha davlat boshqaruv tashkilotlariga quyidagilar kiradi:
- markaziy xukumat;
- region yoki mahalliy darajasidagi tashkilotlar;
- mahalliy tashkilotlar.
Davlat boshqarish tashkilotlar sektoridagi byudjet operatsiyalari juda bo’lmaganda markaziy xukumatni o’z ichiga olib, bu xukumat davlat byudjetini tashkil etadi. Ko’p mamlakatlarda byudjet operatsiyalari bilan region va mahalliy boshqaruv tashkilotlar (organlari) ham shug’ullanadi.
Har bir darajadagi davlat boshqaruv tashkilotlari quyidagi operatsiyalarni bajaradi:
- byudjet operatsiyalari;
- byudjetdan tashqari operatsiyalar;
- ijtimoiy sug’urtalash fondlari mablag’lari bilan bog’liq operatsiyalar.
Byudjet operatsiyalari byudjet orqali amalga oshiriladi. Byudjetdan tashqari operatsiyalar esa majburiy to’lov va badallar orqali olib boriladi. Masalan: yoqilg’iga qo’yilgan maxsus soliq mablag’lari yo’l-transport xo’jaligini saqlab qolish uchun sarflanadi.
Davlat moliya statistikasi jarayonidagi operatsiyalar kassa yoki to’lov printsipi asosida qayd qilinadi. Olingan mablag’lar va to’lovlar kassa printsipi bo’yicha moliyaviy hisob-kitob vaqtiga hisobga olinadi.