Boshlang’ich ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilishning keng tarqalgan
metodlaridan biri guruhlashdir. Statistikada guruhlash deb to’plam birliklarini eng muhim
belgilari bo’yicha bir xil guruh va guruhchalarga ajratib o’rganishga aytiladi.
Guruhlash metodi statistikada ko’p yillardan (XVIII asr) beri qo’llanib kelinmoqda. Bu
metodni qo’llashdan maqsad, to’plam birliklarini qanday bir bo’laklarga bo’lish emas,
balki faqat shu hodisaga xos xususiyatlarni ochib berish, undagi mavjud tendentsiya va
qonuniyatni baholash, miqdor o’zgarishlardan sifat o’zgarishlarga, sifat o’zgarishlardan
miqdor o’zgarishlarga o’tish jarayonlarini aniqlash va baholashdir.
Guruhlash metodi oldida o’rganilayotgan to’plam
birliklarini tiplarga ajratish,
hodisalar o’rtasidagi bog’lanishlarni va to’plam tuzilishini o’rganish vazifalari ham
turadi. Bu vazifalar guruhlashning uch (tipologik,
analitik, tuzilmaviy) turidan
foydalanish orqali hal qilinadi.
Aholini jinsi bo’yicha
guruhlarga ajratish, sinflarga bo’lish, mulkni davlat va
shaxsiy mulkka bo’lish va boshqalar tipologik guruhlashga misol bo’la oladi. Bu
misollardan ko’rinib
turibdiki, o’rganilayotgan to’plamning turli xildagi birliklari
tipologik guruhlash yordamida sifat jihatdan bir xil guruhlarga, ya’ni tiplarga ajratiladi.
Analitik guruhlashdan maqsad hodisalar o’rtasidagi bog’liqlikni o’rganishdir. Masalan,
chakana savdo do’konlarida muomala xarajatlari hajmi rentabellik darajasi o’rtasidagi
bog’liqlikni o’rganish uchun do’konlarni muomala xarajati hajmi bo’yicha
guruhlarga
ajratib har bir guruh uchun rentabellik darajasini hisoblaymiz. Agarda muomala
xarajatlari oshib borishi bilan rentabellik
darajasi oshib borsa, ular o’rtasida to’g’ri
bog’lanish mavjud, aksincha bo’lsa, teskari bog’lanish mavjud bo’ladi.
Amaliyotda shunday qiyin va murakkab hodisalar uchraydiki, ularni chuqur o’rganish
uchun ikki va undan ortiq belgilar bo’yicha guruhlarga
ajratish maqsadga muvofiq
bo’ladi. Statistikada bunday guruhlash kombinatsion guruhlash metodi deb yuritiladi.
Guruhlashni amalga oshirish uchun dastlab guruhlash belgisini aniqlab olish muhimdir.
Iqtisodiy fanlardagi nazariy holatlar va aniq tekshirishning vazifalariga tayangan holda,
guruhlashni amalga oshirishda mavjud belgilardan eng hal qiluvchisi tanlanadi. Hal
qiluvchi belgi bo’lib, o’rganilayotgan ob’ektni har tomonlama va aniq xarakterlovchi,
uning o’ziga xos holat va xususiyatlarini tanlashda yordam beruvchi belgilarga aytiladi.
Masalan, savdo
korxonalari turli belgilar, savdo zalining maydoni,
xodimlar soni va
hokazolar bilan tasniflanishi mumkin. Lekin savdo korxonalari faoliyati (ish hajmi)ni
baholashda tovar oboroti hajmi hal qiluvchi belgi hisoblanadi, chunki savdoning asosiy
maqsadi tovar sotishdan iboratdir.
Dostları ilə paylaş: