2020-yil 1-yarim yilligida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 84,8 trillion so‘m (prognoz — 104 trillion so‘m) yoki o‘tgan yil mos davriga nisbatan 87,2 foizni tashkil etdi.
Xarajatlarni optimallashtirish natijasida markazlashgan mablag‘lar hisobiga investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,4 foizga, aholi mablag‘lari esa — 25,7 foizga qisqaradi.
Shuningdek, tarkibiy islohotlarni ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmalarini yaratish qismi bo‘yicha davom ettirish va markazlashgan investitsiyalardan foydalanishni ko‘paytirish maqsadida quyidagilar taklif etiladi:
a) qisqa muddatli chora-tadbirlar:
asosiy kapitalga investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi (barcha moliyalashtirish manbalari hisobiga) 216,8 trillion so‘mni, shundan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar — 6,7 milliard dollar, davlat kafolati ostidagi xorijiy investitsiyalar va kreditlar — 2,4 milliard dollarni tashkil etishi prognozlashtirilmoqda;
206 ta yangi yirik ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirish (Sho‘rtan GKK tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish, “Navoiyazot” AJ negizida ammiak va karbamid ishlab chiqarish, Taxiatosh IESda 230 — 280 MVt quvvatdagi 2-bug‘-gaz qurilmasini ishga tushirish);
O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki davlat kafolati ostidagi tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yangi imzolanadigan kelishuvlarga o‘rnatiladigan yillik limitlar doirasida budjetni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, ichimlik suvi ta’minoti va oqava, infratuzilma va yo‘l qurilishi, energetika va boshqa sohalardagi loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarining moliyaviy mablag‘larini jalb qilish;
420 million dollar miqdoridagi grant mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish;
2021 — 2027-yillar uchun YI-O‘zbekiston hamkorligi yangi indikativ dasturini ishlab chiqish, mazkur dastur doirasida “koronavirusning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish”ni yaqin yillar uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab qo‘yish;
xorijiy investorlarga ko‘zda tutilgan imtiyozlar tizimini mahalliy investorlarga qo‘llash orqali ularni rag‘batlantirish;
quyidagilarga investitsiya loyihalarini monitoring qilishning to‘liq va uzluksiz 3 bosqichli tizimini joriy etish:
tarmoq (soha) va butun iqtisodiyot rivoji uchun loyihani amalga oshirishning maqsadga muvofiqligi, ustuvorligi va ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligi baholanishini ta’minlagan holda investitsiya davridan oldin (loyihaning TIAni tasdiqlashdan oldin) takliflarni tayyorlash;
investitsiya davri uchun monitoringni amalga oshirish (zayom, qarz shartnomalari imzolangan davrdan boshlab loyihani foydalanishga topshirgunga qadar);
loyiha foydalanishga topshirilgandan so‘ng, undan foydalanish davrida (ekspluatatsiya) belgilangan natijalarga erishish jarayonini monitoring qilish;
iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda davlat xususiy sherikchiligi asosida tarmoq rivojlanish dasturlarini ishlab chiqish;
tuman (shahar) markazlarini sifatli oqava suv tizimlari bilan ta’minlashni inobatga olgan holda Ichimlik suvi ta’minoti va oqava suv tizimlarining rivojlanish dasturlari va konsepsiyalarini qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish;
umumta’lim maktablarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun energotejamkorlik, 24 o‘quv o‘rnigacha sig‘imli va boshqa talablarni inobatga olgan holda namunaviy loyihalarni ishlab chiqish;
tarmoq va hududlarni rivojlanish sur’atlarini ta’minlash maqsadida xomashyodan — tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirini o‘zida mujassamlashtirgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida takliflar tayyorlash (birinchi navbatda, teri, ipak va qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga hamda “OKMK” AJ va “O‘zeltexsanoat” uyushmasida misni chuqur qayta ishlashga e’tibor qaratish lozim).
Yuqoridagi chora-tadbirlar bilan birga quyidagilarni amalga oshirish taklif etiladi:
Davlat budjeti daromadlarini prognozlash parametrlarida foydalanish maqsadida soliq va bojxona ma’muriyatchiligida yangi axborot tizimlarini (onlayn KKM, elektron hisobvaraqa, dala hovli va turar joyni ijarasi, o‘zini o‘zi band qilish, alkogol mahsulotlarni markirovkalash ) joriy etishni kuchaytirish;
qurilish sohasidagi manzilli ishlar hisobidan soliq to‘lovchilarning soliq tushumlar to‘liqligini ta’minlash, shuningdek, ish haqi fondini kamaytirish va ishchilar sonini yashirish faktlarining oldini olish;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan plastik kartalarni qabul qilish, kassa mashinalarida nazorat cheklarini berish, shuningdek, soliqdan qochishning boshqa yashirin holatlari yuzasidan nazoratni kuchaytirish.
b) 2021-yilda qo‘llash yuzasidan chora-tadbirlar:
kambag‘allikni kamaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini ta’minlash yuzasidan “Davlat investitsiyalarini boshqarish” (PIMA — Public Investment Management Assessment) tomonidan olingan baholash natijalarini hisobga olgan holda 2021-yildan boshlab investitsiya loyihalarini tanlab olishning mezonlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
birinchi navbatda, yuqori kumulyativ samara ko‘rsatadigan (sanoat korxonalari, qishloq ho‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va aholini hududlarda yuqori taqsimlanish darajasini inobatga olib) infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish yuzasidan budjet mablag‘larini samarali va oqilona taqsimlash maqsadida budjet resurslarini qayta yo‘naltirish;
tarmoq va hududlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdagi salohiyatidan kelib chiqib, ustuvor yo‘nalishlarni inobatga olgan holda, 2025-yilga qadar mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash;
5 ta hududda “Loyihalar fabrikasi” mexanizmini amaliyotga joriy etish (Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida);
ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini inobatga olgan holda, 2030-yilgacha mo‘ljallangan avtomobil yo‘llarini kompleks rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
qishloq xo‘jaligi sohasining qayta shakllanishi va rivojlanishini inobatga olgan holda, 2030-yilgacha mo‘ljallangan irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish;
2030-yilgacha mo‘ljallangan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish obyektlarini kompleks rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish;
aholi yashash massivlarini qurish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali tuman (shahar) markazlarida urbanizatsiya jarayonini rivojlantirish, shuningdek, shahar va unga tutash tumanlar orasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish;
chet el kapitali ishtirokidagi korxonalarning daromadini mamlakat hududlariga qayta investitsiya kiritishga jalb qilish;
mavjud va barpo etilayotgan maydonlardan oqilona va samarali foydalanishni inobatga olgan holda, qurilish me’yorlari va qoidalarini zamonaviy talablarga (xalqaro standartlarga) moslashtirish.