2 -MAVZU: O‘SIMLIK HUJAYRASINING FIZIOLOGIYASI. O‘SIMLIK HUJAYRASINING STRUKTURAVIY TUZILISHI
Reja: Hujayra to‘g‘risidagi ta’limot.
Hujayraning tuzilishi.Hujayra tuzilmalari va ularning funksiyalari.
Hujayraning organik va mineral tarkibi.
Fitonsid va fitoaleksinlarni o‘simlik hayotidagi o‘rni.
O‘simlik hujayrasining o‘tkazuvchanligi.
Tayanch iboralar: Hujayra, parenxima, prozenxima, to‘qima, po‘st, sitoplazma, vakuola, yadro, plastidlar, mitaxondriya, ribasoma, peroksisoma, endoplazmatik to‘r, memberana, lipidlar, oqsil, DNK, RNK, golji apparati, leykoplast, xloraplast, xromoplast, organik modda, noorganik modda,mineral e’lementlar,oqsil, fibrilyar, globulyar, denaturatsiya, peptid, polipeptid, albuminlar, romoproteid, lipoproteid, metalloproteid, glikoproteid, nukleoproteid, aminokislotalar, DNK, RNK, fitonsid, fitoaleksin.
1.Hujayra to‘g‘risidagi ta’limot Butun o‘simliklarning asosiy tuzilma birligini hujayralar tashkil etadi. Chunki modda almashinuvi deb ataluvchi assimilyasiya va dissimilyasiya jarayonlari hujayradagina sodir bo‘ladi. Ana shu ikkala jarayonning birligi tiriklik deb ataluvchi materiyaning harakat shaklini belgilaydi. YAshil o‘simliklar har xil organlar yig‘indisidan iborat bo‘lib, bu organlar o‘z navbatida to‘qimalar va hujayralar birlashmasidan tuzilgan. Yuksak tuzilishga ega bo‘lgan har bir o‘simlik organizmi murakkab tizim sifatida bir-biri bilan uzviy ravishda aloqada bo‘lgan organlar va funksiyalar yig‘indisidan iboratdir. Bu birlikning asosini hujayralar tashkil etadi. Dastlab 1665 yilda ingliz olimi Robert Guk o‘simliklar tuzilishini o‘rganish uchun o‘zi takomillashtirgan mikroskopdan foydalandi va po‘kak tuzilishini o‘rganish natijasida birinchi marta hujayra atamasini taklif etdi. XUII asrning oxirida mikroskopni yanada takomillashtirgan gollandiyalik olim Anton Levenguk va italiyalik olim M.Malpigilar iflos suv tomchilarini kuzatish natijasida o‘simlik xususiyatidagi bir hujayrali organizmlarni birinchi bo‘lib ko‘rdilar. Hujayra tuzilishini o‘rgangan Robert Broun 1831 yilda o‘simlik hujayrasida yadro borligini aniqladi va bu yadro barcha tirik hujayralarning zaruriy qismi ekanligini taxmin qildi.
Organizmlarning hujayraviy tuzilishi to‘g‘risidagi ta’limotning rivojlanishida rus botanik olimi P.F.Goryaninovning (1796-1865) ishlari ham katta rol o‘ynaydi. Uniig 1834 yilda yozgan “Tabiat tizimi” nomli asarida asosan jonli tabiatning hujayraviy tuzilishi haqidagi ta’limotni ilgari surdi, barcha hayvon va o‘simliklar bir xil qonuniyat asosida, hujayralar yig‘indisidan tuzilishini ko‘rsatdi.
Hujayra nazariyasini umumiy biologik nazariya sifatida 1839 yil nemis olimlari botanik Mattias SHleyden va zoolog Teodor SHvann yangi va yuqori pog‘onaga ko‘tardilar. 1840 yilda esa chex olimi YA.Purkene birinchi marta protoplazma atamasini taklif etdi. Mamlakatimizda o‘n ming marta kattalashtiruvchi elektron mikroskopning yaratilishi (1940 yilda A.A Lebedev raxbarligida) hujayra organoidlari va ularning ultratuzilmasini o‘rganishda yangi davrni boshlab berdi.