O‘SIMLIKLARNING O‘SISHI O‘sish —o‘simlik hayotining faollik darajasini ko‘rsatuvchi eng muhim jarayonlardan biridir. CHunki bu jarayon o‘simlik tanasidagi barcha fiziologik va biokimyoviy reaksiyalar natijasida sodir bo‘lib, yangidan-yangi hujayralarning, organlarning hosil bo‘lishi va ularning umumiy quruq massasining ortib borishi bilan tavsiflanadi.
O‘simliklarning o‘sishi hayvonlardan farqli ravishda butun ontogenezida davom qiladi va yangidan-yangi organlar hosil bo‘ladi. SHuning uchun yuz yillik va ming yillik daraxtlarda ham yosh, bir necha kunlik organlarning borligini ko‘rish mumkin.
URUG‘LARNING UNISHI. O‘sish asosan urug‘larning unish jarayonida boshlanadi. Urug‘da asosan uchta muxim qism mavjud:
1) urug‘ni qoplab turadigan va uni tashqi sharoitning noqulay omillari ta’siridan saqlaydigan qobiq. 2) boshlang‘ich murtakdan iborat embrional qism (bargcha, ildizcha va poyaning dastlabki qismi); 3)g‘amlab qo‘yiladigan moddalarning to‘planish joyi. Bir pallali o‘simliklarning urug‘ida g‘amlab qo‘yiladigan moddalar asosan endospermida joylashgan bo‘ladi. Endosperm urug‘ning deyarli hammasini to‘ldirib turadigan bir turdagi parenximatik to‘qimadan iborat, murtak esa bir chetga surilgan bo‘ladi.Masalan, bug‘doy donida buni yaxshiko‘rish mumkin. Urug‘ning unishi, suvni shimib olib bo‘rtishi, embrional to‘qimalarning o‘sa boshlashi qobiq yorilishiga bog‘liq. O‘sish jarayonida fermentlar ishtirokida murakkab organik moddalarning (oqsillar, polisaxaridlar, yog‘lar) oddiy moddalarga (aminokislotalar, monosaxaridlar, yog‘ kislotalar va boshqalar) parchalanishi sodir bo‘ladi. Buning hisobiga murtakning o‘sishi boshlanadi.. Murtakdan o‘sib chiqqan urug‘bargchalar va ildizchalar mustaqil oziqlana boshlaydi. Urug‘barglar yer ustiga chiqqandan keyin yashil tusga kiradi (chunki xlorofill hosil bo‘ladi) va havodan oziqlanish boshlanadi. Ildizchalar esa tuproqdan oziqlana boshlaydi.
HUJAYRALARNING O‘SISH FAZALARI. O‘simlikning o‘sishi uni tashkil qiladigan hujayralarning ko‘payishi va o‘sishidan iborat. O‘ o‘simliklarning vegetativ organ hujayralari va gameta xosil qiluvchi hujayralar mitoz yo‘li bilan bo‘linish natijasida har bir hujayradan ikkita hujayra xosil bo‘ladi. Mitoz meristema hujayrasi hayot siklining asosiy bosqichi bo‘lib, bo‘linishiga qobiliyatli barcha hujayralar uchun xos xususiyatdir. Bunday hujayralar ketma-ket interfaza, profaza, metafaza, anafaza va telofaza bosqichlarini o‘taydi. Interfazada yadro tinch tursa-da, unda murakkab biokimyoviy tayyorgarlik boradi. Xromosomalar tarkibiga kiruvchi nuklein kislotalari, gistonlar ikki barobar ortadi. Mitoz uchun zarur energiya materiallari to‘planadi. Interfazada muhim jarayon — xromosomalarning qayta juftlanishi boradi. Mitozniig birinchi fazasi profaza bo‘lib, uyada yadro yiriklashadi. Hujayradagi organoidlar yadrodan uzoqlashadi. Interfazadagi yozilgan xolatdagi xromosoma iplari spirallanib yo‘g‘onlashadi. Profaza oxirida yadro membranasi asosiy plazmaga qo‘shilib ketadi, yadrocha saqlanib qoladi. Nukleoplazma hujayra sitoplazmasiga qo‘shiladi. Profaza oxirida xromosoma iplari aniq va ko‘shqavat bo‘lib ko‘rinadi.
Mitozning keyingi fazasi — metafazada xromosomalarning spirallanishi eng yuqori darajaga etadi va ancha qisqaradi. Ular hujayraning o‘rta qismida bir tekislikda joylashadi va mitoz duki (axromatin duki) hosil bo‘ladi. Duk iplari mikronaychalardan iborat bo‘ladi. Har bir xromosoma mitoz dukiga berkitilgan holda ikkita bo‘lib spirallashgan, bir-biriga parallel joylashgan xromatidlardan iborat bo‘ladi. Sentrosomada mikronaychalardan tashqari xech qanday organoid yo‘q.
Anafaza qisqa davom etadigan faza bo‘lib, xromatidlar hujayraning ikki qutbiga tortiladi. Xromosomalar hujayra qutbiga tortilgandan so‘ng hujayraning o‘rtasida aniq shakllangan plazmatik tuzilma hosil bo‘ladi. Telofaza xromosomalar qutblarga ajralgandan so‘ng boshlanadi. Golji pufakchalari ishtirokida ajratgich parda hosil bo‘la boshlaydi. Golji pufakchalarining membranalari esa yangi xosil bo‘ladigan po‘stning asosini tashkil qiladigan hujayra plastinkasining ikki tomonidagi plazmolemmasi bilan tutashib ketadi. Bo‘linishdan vujudga kelgan ikki yosh hujayra orasida shunday po‘st hosil bo‘lishi sitokenez deyiladi. Telofazada xromosoma spirallari to‘la yozilib, optik mikroskopda ko‘rib bo‘lmaydigan darajada ingichkalashib qoladi. Yadro membranasi hosil bo‘ladi. YAdrochalar ko‘rinadi. Bu yerda xromosomalar bir donadan xromatidga ega bo‘ladi. dastlabki yadro tiklanadi. Umuman, mitoz siklida hosil bo‘lgan ikki yosh hujayralarda ona hujayraning barcha moddalari to‘g‘ri taqsimlangan bo‘ladi. Bo‘linish natijasida vujudga kelgan yosh hujayralar sitoplazma komponentlarining sintezi asosida o‘sa boshlaydi.
Hujayralarning o‘sish sikli (ontogenezi)ham bir qancha fazalardan iborat: 1) embrional; 2) cho‘zilish; 3) differensiallanish; 4) qarish va o‘lish. Embrional o‘sishning boshlangich fazasi hisoblanadi. O‘simliklarning o‘sish nuqtalarida (ildizning o‘sish nutasi — 1, 0 sm, poyasining o‘sish nuqtasi — 4-30 sm) birlamchi meristema embrional to‘qima joylashgan. Bu to‘qimani hosil qiluvchi hujayralar ancha mayda, po‘stlari juda yupqa bo‘lib, o‘rtasida yirik yadroga ega protoplazma bilan to‘lgan bo‘ladi. Vakuolalari bo‘lmaydi. Hujayraning embrional fazasida massaning ko‘payishi asosiy jarayon xisoblanadi. Lekin hujayraning kattaligi deyarli o‘zgarmaydi, chunki yangi hujayra ona hujayra hajmiga etganda darhol bo‘lina boshlaydi. Embrional fazaga o‘sish konuslaridan tashqari, hosil qiluvchi to‘qimalar, poya va ildizning eniga o‘sishini ta’minlovchi meristema to‘qimasining hujayralari xam kiradi. Chunki bu meristema hujayralari ham to‘xtovsiz bo‘linish va yosh hujayralar xosil qilish qobiliyatiga ega. Bu yosh hujayralarning bittasi meristema holida saqlanadi, ikkinchisi esa differensiallanish bosqichiga o‘tadi. Beto‘xtov o‘sadigan organlarda embrional to‘qima hujayralarining bo‘linib turishiga qaramasdan, uning umumiy soni o‘zgarmaydi. Bunday bo‘linishning sababi shundaki, o‘sish nuqtasining ostki qismidagi embrional hujayralar cho‘zilish fazasi deb ataladigan o‘sishning navbatdagi bosqichiga o‘tadi. Bu davrda protoplazmada vakuolalar hosil bo‘ladi va ular qo‘shila borib, hujayralarning ichida bitta katta markaziy vakuola hosil qiladi. Hujayraning umumiy xajmi juda kattalashadi. Hujayradagi protoplazmaning miqdori hamda quruq moddaning og‘irligi ham ortadi. Hujayra po‘stida sellyuloza, gemitsellyuloza va pektin moddalarining ko‘payishi natijasida po‘sti yiriklashadi. Umuman, bu fazada hujayralarning hajmi o‘sish natijasida, bir necha yuz marta oshadi. Bu faza faqat o‘simlik hujayralarida mavjud va u o‘simlikning va organlarining yiriklashishiga asosiy sababchidir. Hujayralarning bunday kattalashishi ularda sintez qilinadigan auksinlarning (Ayniqsa, geteroauksin) ko‘payishiga bog‘liq. Auksinlarning ta’siri bilan oqsillar, sellyulozalar, RNK va boshqa organik moddalarning sintezi faollashadi. Cho‘zilish fazasining oxirida hujayra po‘stida lignin moddasining to‘planishi kuchayadi, fenol birikmalari kabi ingibitorlar va abssiz kislotasi to‘planadi, peroksidaza va ISK oksidazalar faolligi ortadi, auksinlar miqdori kamayadi. Hujayralarning differensiallanishi ular o‘rtasidagi sifatiy yangi belgilarniig hosil bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Xar bir hujayra maxsus vazifani bajaruvchi to‘qimalar guruhiga ajraladi: asosiy parenxima, o‘tkazuvchi, mexanik, qoplovchi va boshqalar. Natijada har bir voyaga etgan hujayra o‘simlik tanasida ma’lum fiziologik yoki boshqa funksiyalarni bajaradi. Hujayralarning qarishi va o‘lishi differensiyalashgan hujayralar ontogenezining oxirgi bosqichi xisoblanadi. Bu jarayon o‘simliklarning qariyotgan barglarida va gul yaproqlarida yaxshi o‘rganilgan. Qariyotgan hujayralar uchun sintetik jarayonlarning susayishi va gidrolitik jarayonlarning faollanishi o‘ziga xos xususiyat xisoblanadi. Natijada oqsillar va RNK miqdorining kamayishi, gidrolitik fermentlarning faollanishi, membrana lipidlari oksidlanishining kuchayishi, sitoplazmada lipid tomchilarining ko‘payishi, boshqa destruktiv jarayonlar kuzatiladi. Qarishning oxirgi bosqichlarida hujayradagi xloroplastlar va xlorofill molekulalari parchalanadi, mitoxondriyalar, yadro va yadrochalar xam o‘zlarining tuzilmaviy shaklini saqlab qololmaydi. Hujayralarga fitogormonlar (auksinlar, sitokininlar, gibberellinlar), organik moddalar kirishining sekinlanishi va etilen, abssiz kislotaning to‘planishi qarish jarayonini yanada tezlashtiradi. Membranalarning tanlab o‘tkazuvchanlik qobiliyatining yo‘qolishi,hujayraning moddalarni yutish va saqlab qolish xususiyatining tamom bo‘lishi o‘lish bilan yakunlanadi.