Suv tanqisligining fiziologik jarayonlarga ta'siri. O'simliklarga suv yetishmasligi ularda boradigan barcha fiziologik jarayonlarga, xususan suvning surilishiga, ildiz bosimiga, urug'larning o'sishiga, ustitsalar harakatiga, transpiratsiyaga, fotosintezga, nafas olishga, fermentlarning faolligiga mineral moddalarning nisbatiga va boshqalarga salbiy ta'sir qiladi.
O'simliklarga suv yetishmasligiga xarakterli hol bu uning to'qimalarida ertalab suvning nisbatan ko'proq bo'lishi va kesilgan poyalardan hujayra va to'qimalari shirasining ajralmasligidir.
Suv yetishmagan sharoitda o'sgan o'simliklar hosildorligida, mevalarining ta'mida, yog'ochligining qattiqligida, tolalarining mustahkamligida salbiy o'zgarishlar kuzatiladi. Shuningdek urug'larning unishi va o'sish energiyasi hamda uning suv bilan ta'minlanganligi o'rtasida ham ma'lum bir bog'lanish mavjud. Ammo, har xil o'simliklar urug'ining unishi uchun uning turiga qarab har xil miqdorda suv kerak bo'ladi.
Suv yetishmasligining o'simliklarga birlamchi ta'siri, bu uning hujayralaridagi erkin suv miqdorining kamayib ketishidir. Ushbu hol o'z navbatida sitoplazmadagi oqsillar qobig'iga ta'sir qiladi va oqsil fermentlar funksiyasining o'zgarishiga olib keladi. Xususan sintezlovchi fermentlarning faolligi kamayib, gidrolizlovchi fermentlarning faolligi ortadi. Masalan, proteoliz fermentlarining ta'siri natijasida hujayradagi kichik molekulyar moddalarning miqdori oshib ketadi. Shuningdek polisaxaridlarning parchalanishidan eruvchan qandlarning miqdori ortadi. Lekin suv yetishmasligida barglardagi oqsillar miqdori kamaysada, uning urug'dagi miqdori ortadi.
Suv yetishmasligi barg hujayralaridagi ribonukleaza fermentining faolligining pasayishiga va RNK miqdorining kamayishiga olib keladi. Shuningdek suv yetishmasligida sitoplazmada poliribosamalar kompleksining emirilishi ro’y beradi. Bu esa o'z navbatida hujayralarda boradigan oqsillar sintezining buzilishiga olib keladi.
Erkin suv miqdorining kamayishi natijasida esa vakuolalar shirasining kontsentratsiyasi ortadi va u quyuq gelni eslatadi. Shuningdek ionlarning hujayradan ko'plab chiqishi natijasida ularning hujayradagi tarkibi va nisbati o'zgaradi.
Suv yetishmasligining boshlang'ich davrida fotosintez jarayonining qisman kuchayishi kuzatiladi, lekin fotosintezning umumiy jarayoni pasayadi. Bunga quyidagi hollar sababchi bo'lishi mumkin.
Barg og'izchalarining yopilishi tufayli CO2 ning yetishmasligi.
Xlorofillar biosintezining buzilishi.
Fotofosforirlanish va elektronlar tashiluvining buzilishi.
CO2 ning qaytarilish va fotokimyoviy jarayonlardagi o'zgarishi.
Xloroplastlar tuzilishidagi o'zgarish.
Barglarda sintez bo'lgan assimilyatlarning ulardan chiqishini to'xtashi.
Fotosintez jarayoni jadalligining pasayishi natijasida fotosintetik fosforirlanishda hosil bo'ladigan ATF miqdori kamayadi.
Suv yetishmasligi barglarning nafas olish jarayoni jadalligiga ularning yoshiga qarab har xil ta'sir qilishi mumkin. Masalan yosh barglarda xuddi fotofosforlanish mahsulotlari kabi, nafas olish jadalligi ham kamayadi. Yetuk barglarda esa bunday o'zgarish kam kuzatiladi, lekin nafas olish koeffisienti 1< bo'ladi. Suv tanqisligida transpirasiya miqdori kamaysa, o'simlik qizib ketadi. Buning natijasida fiziologik jarayonlar salbiy tomonga o'zgarib o'simlik nobud bo'lishi mumkin. Ko'pincha bu taqchillik 5-10% atrofida kuzatiladi va o'simliklarga chuqur zarar keltirmaydi. Tuproqda suv miqdori kamayganda ham o'simlikda suv muvozanati kuchlirok buziladi. Barglar so'lishi ham mumkin.
O'simliklardagi suv taqchilligi quyidagi formula bilan aniqlanishi mumkin:
M
D = (1– -----) ·100
M1
D- suv taqchilligi;
M- barg kesmalarining suvga solinganigacha og'irligi (g);
M1- barg kesmalarining bir soat davomida suvda saqlanganidan keyingi og'irligi.
O'simliklarning vaqtinchalik yoki uzoq vaqtgacha bo'lishi mumkin. Vaqtinchalik so'lish kun juda issiq va quruq bo'lganda kuzatiladi. Bunda suv muvozanati buziladi, ammo kechqurun transpirasiya pasayib suv muvozanatlashadi. Vaqtincha so'lish hosildorlikni pasaytiradi, chunki fotosintez eng kichik qiymatga ega bo'ladi. Agar tuproqda suv miqdori kamaysa, so'lish uzoq vaqt davom etadi. Bunda suv yetishmasligi kechasi ham tiklanmaydi, o'simlik ko'proq zararlanadi. Kechasi tiklanmagan suv miqdori qoldik defisit deyiladi. Ayrim hollarda bunday o'simliklar qurib qolib nobud bo'lishi ham mumkin.
O'simliklarning so'lishi generativ organlarga ayniqsa kuchli salbiy ta'sir etadi va buning natijasida gullar, mevalar to'kilib hosildorlik pasayadi. Suv taqchilligi turli xil o'simliklarga har xil ta'sir etadi. Masalan kartoshka o'z tanasidagi suvni 1/3 qismini yo'qotsa ham, so'lish kuzatilmaydi. Soyaparvar o'simliklarning 13-15% suv yo'qotishi ularning darhol so'lishiga olib keladi.
6– MAVZU: FOTOSINTEZ FIZIOLOGIYASI
Reja:
Barg fotosintetik organ.
Barg pigmentlari va ularning xususiyatlari.
Fotosintezning yorug`lik reaktsiyalari.
Dostları ilə paylaş: |