Tabiiy fanlar fakulteti geografiya va iqtisodiy bilim asoslari k-hozir.org
2. Tropik nam va mavsumiy nam о‘rmon oblasti Mazkur oblast barcha materiklarda tarqalgan bо‘lib, mintaqaning deyarli yarmini ishg‘ol etgan. U asosan Markaziy Amerika, kо‘proq Janubiy Amerika, Kongo daryo havzasi va Gvineya qо‘ltig‘i sohillari, Hindiston va Hindi-Xitoy yarim orollarni qamragan. Tuproq qoplamida: 1) yomg‘irli tropik о‘rmonlarning qizil – sariq ferralit tuproqli; 2) mavsumiy nam (musson) tropik о‘rmonlar va baland bо‘yli о‘tli savannalarning qizil tuproqli zonalariga ajratiladi.
Ferralitlanish jarayoni tuproq massasi minerallarining chuqur о‘zgarishi tufayli sodir bо‘ladi. Temirning gidroiksidlanishi tufayli tuproq qizil va sariq tus oladi.
Qizil – sariq tuproqlar yil va sutka mobaynida havo harorati 25-27 0С, yillik yog‘in miqdori 2500 mm va undan kо‘p bо‘lgan, yuqori mahsuldor doimiy yashil nam – tropik о‘rmonlar ostida vujudga keladi. Yillik tuproqqa tushadigan о‘simlik mahsulotlari – opad miqdori juda yuqori bо‘lib, 250-400 s/ga ni tashkil etadi. Opad tarkibidagi organik moddalarning katta qismi tezda minerallashadi hamda ularning ma’lum qismi yana moddalarning biologik aylanma harakatida ishtirok etadi. Qizil – sariq tuproqlarda gumus miqdori qatlamining qalinligi 10-15 sm, gumus miqdori unchalik kо‘p emas – 4-5 %, tuproq muhiti ishqorli (pH ‹ 5) bо‘ladi.
Qizil ferralit tuproqlar deyarli о‘sha issiqlik sharoitida, ammo yog‘in miqdori biroz kam (1300-1800 mm) hamda yilning qurg‘oqchil mavsumi 3-4 oy davomiyligi yaqqol namoyon bо‘lgan, baland bо‘yli о‘tli savannalar va mavsumiy nam о‘rmonlar ostida shakllanadi. Bunda temir oksidining ta’siri tufayli tuproqning qizil rangi kuchayadi. Relyefning tuproq – grunt suvlari yer yuzasiga yaqin joylarida temir birikmalari akkumulyatsiyasi va tuproq qatlami hamda turli qalinlikdagi gruntning temir va allyuminiy oksidlariga tо‘yinishiga qulay sharoit yaratiladi. Nam holatida bu tuproq pichoq bilan yaxshi kesiladi, qurigandan sо‘ng tezda qotadi va g‘ishtga о‘xshab qoladi. Shu tufayli uni 1807 yilda birinchi bо‘lib ta’riflagan ingliz geologi F.Byukenen bu hosilani laterit (lotincha ,,later” – g‘isht) deb atagan. Shuni qayd etish lozimki, ferralit va lateritlashish jarayonlarining rivojlanishi uchun nafaqat nam tropik iqlimning gidrotermik sharoiti, balki shu bilan birga uzoq vaqt (geologik jihatdan) ham zarur bо‘ladi. Shuning uchun ferralit nurash pо‘stining vujudga kelishi qadimiy bо‘lib, Yer sharining tо‘rtlamchi davr muzlanishiga uchramagan va u bilan bog‘liq tarzda yer yuzasining ,,yosharmagan” hududlari uchun xosdir.
Qizil ferralit tuproqlarning gumus qatlami qalinligi 30-40 sm, gumus miqdori esa 4 % gacha bо‘ladi.
Tropik nam va mavsumiy nam о‘rmon oblastining ohak, mergel va asosiy tog‘ jinslarida tо‘q – qizil о‘rmon tropik tuproqlar ham uchraydi. Ular unchalik katta maydonlarni egallamagan bо‘lsada, odatda margalit yoki ferralit – margalit (lotincha ,,margo” – mergel) tuproqlar deb ataladi. Daryo vodiylari (Amazonka, Kongo va boshqa daryolar havzalarida) va keng pastqamliklarda gleyli, allyuvial va botqoq tuproqlar ham tarqalgan.