Mayda masshtabli xaritalarda viloyatlar, yirik mintaqalar – о‘lkalar yoki butun mamlakatning tuproq qoplami aks ettirilgan bо‘ladi. Ulardan yer fondlarini hisobga olib borish (tuproq – geografik rayonlashtirish va h.k)uchun foydalaniladi.
О‘rta masshtabli xaritalar asosan yig‘ma va umumlashgan tarzda bо‘ladi; ular agrotuproq rayonlashtirishni о‘z ichiga oladi va rejalashtiruvchi hamda yuqori tashkilotlarga mо‘ljallangan bо‘ladi.
Mukammal (batafsil) xaritalar – ilmiy tadqiqot muassasalari (tajriba maydonlari, institutilar va boshqalar)ning tajribalar uchun belgilangan ekin maydonlari uchun tuziladi. Ular asosida xо‘jaliklarda ayrim maydonlarning zahini qochirish va sug‘orish, bog‘lar va tokzorlar barpo qilish, tajriba va nav sinash maydonlarini tashkil etish kabilar loyihalanadi.
Yirik masshtabli xaritalar. Bunda masshtab tanlash (1:50000 yoki 1:10000) tekshirilayotgan hududning relyefi, tuproq qoplamining murakkabligi va xо‘jalikning yо‘nalishiga bog‘liq. О‘zbekistonning paxtachilik xо‘jaliklarida odatda, relyefi tekisroq bо‘lgan sharoitda 1:10000 (1 sm da 100 m) masshtabli tuproq xaritalari tuziladi.
2010 yili “Yergeodezkadastr” Davlat Qo’mitasining topshirig’iga binoan ushbu qo’mita tasarrufidagi “Tuproqshunoslik va agrokimyo” ilmiy tadqiqot davlat instituti olimlari tomonidan respublikamizda birinchi marta “O’zbekiston Respublikasi tuproq qoplamlari atlasi” yaratildi. Atlasni nashrga tayyorlash va nashr etish “Kartografiya” ilmiy ishlab chiqarish davlat korxonasi xodimlari tomonidan amalga oshirildi. Atlasning qog’oz bichimi 70x100 sm.
Kartalar 1:350 000; 1:400 000; 1:600 000; 1:750 000; 1:800 000; 1:2 000 000; 1:2 500 000; 1:4 000 000 masshtablarda tuzilgan. Atlasda Qoraqalpog’iston Respublikasi, barcha viloyatlar va O’zbekistonning tuproq xaritalari berilgan. Shuningdek, atlasda respublikamizning tuproq-geografik va geomorfologik rayonlashtirish xaritalari berilgan. Tuproq xaritalarida sifatli rang (fon) usuli bilan balandlik mintaqasi tuproqlari beshta guruhga, ya’ni, och qo’ng’ir, jigarrang, to’q tusli bo’z, tipik bo’z va och tusli bo’z tuproqlar mintaqasiga ajratib tasvirlangan. Cho’l zonasi tuproqpari esa ikkita guruhga, ya’ni mo’tadil subboreal, issiq va iliq subtropik kichik cho’l zonasiga ajratib tasvirlangan. Kartografik tasvirlash usullari va grafik vositalar yordamida respublika Yer fondining hozirgi paytdagi qoplamlari aniq tasvirlangan.