2018 yilda tabiiy pardozbop tosh konlaridan jami 209,0 mln.m3 marmar, granit, gabbro va boshqalar qazib olingan. Bu 2017 yilga (131,5 mln.m3) nisbatan 37 % ga ortganligini ko‘rsatadi.
2018 yilda tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 155 ta korxona tomonidan 4,5 mln.m.kv dan ortiq marmar, granit, gabbro va boshqalardan plitalar, me’moriy mahsulotlar (yo‘l va yo‘lak bordyurlari, arxitekturaviy mahsulotlar va boshqalar) ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amalga oshirilgan yirik investitsiya loyihalarning ishga tushirilishi natijasida respublika hududida tabiiy pardozbop toshlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan 200 dan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda.
2019-2021 yillarda tabiiy pardozbop toshlarni (marmar, granit, gabbro va boshqalar) qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Natijada yillik ishlab chiqarish quvvati qariyb 3,0 mln. metr kvadratni tashkil etadi.
Yirik loyihalar Toshkent ("Best Stone Service" MChJ - 60 ming kvadrat metr), Jizzax ("Granit Hill" MChJ - 50 ming kvadrat metr), Surxondaryo ("Comfort inert service" MChJ - 300 ming kvadrat metr), Navoiy ("Marmarobod" MCHJ - 1,2 mln.kvadrat metr, "Faridbek Zafarbek" MChJ - 100 ming kvadrat metr, "TRADE PRODUCTION INTERNATIONAL" MChJ QK - 250 ming kvadrat metr, "GAZGAN STONE" MChJ - 180 ming kvadrat metr, "STONE STANDART GROUP" MChJ - 40 ming kvadrat metr) viloyatlarida amalga oshiriladi.
Tosh materiallar quyidagicha klassifikasiyalanadi: zichligiga ko'ra – og'ir (zichligi 1800 kg/m3 dan ziyod) va yengil (zichligi 1800 kg/m3 dan kam) materiallar; siqilishga chidamlilik chegarasiga ko'ra – 4-1000 markaga ajratiladi; shu bilan birga, yengil tosh materiallarning markasi 200 gacha bo'ladi; og'ir tosh materiallarning markasi 100 dan boshlanadi va ancha yuqori bo'ladi; sovuqqa chidamlilik darajasiga ko'ra – Mrz 10 markadan Mrz 300 markagacha ajratiladi. Shu bilan birga, yengil tosh materiallarning markasi Mrz 10 dan Mrz 25 gacha bo'ladi.Qurilish obyektlarida mutlaqo ishlov berilmagan, dag'al ishlangan va sirti puxta silliqlangan tabiiy tosh materiallar qo'llaniladi.