Yaxshi rivojlanishi uchun, ular oʻsish davrida 2-3 marta oziqlantiriladi. Dastlabki oziqlantirish boshlangʻich oʻsish davrining boshlarida amalga oshirilib, bunda gektariga sof holda 20-25 kg azot, 35-40 kg fosfor, 15-20 kg kaliy beriladi. Kuzda oktabr oyining oʻrtalarida koʻchatlar kovlab olinadi. Odatda 1 gektarlik koʻchatzordan oʻrtacha 60 ming, ayrim hollarda 70-75 ming tagacha koʻchat olish mumkin. Tok koʻchatlarini issiqxonalarda yashil qalamchalaridan koʻpaytirish. Issiqxonalar bir yillik pishgan novdalardan tayyorlangan hamda yashil qalamchalaridan yaxshi rivojlangan tok koʻchatlarini yetishtirish imkonini beradi. Bu yoʻl bilan, ayniqsa, qish oylarida ishchi kuchidan, yer va suvdan unumli va tejamli foydalanishga, maydon birligi hisobiga, shuningdek, qalamchalarni qisqa oraliqda ekish bilan maydon birligi hisobiga 3-4 marta koʻp koʻchat yetishtirishga imkon yaratiladi. Issiqxonalarda tok koʻchatlarini yetishtirishda issiqxona tuprogʻining fizik xususiyatlari, unumdorligi katta ahamiyatga ega. Bunda 2:1:1 nisbatda tayyorlangan chirigan goʻng kukuni, donador tuproq hamda qumdan iborat sunʼiy aralashma yaxshi natija beradi. Ekishdan oldin aralashma namga toʻydiriladi. Qalamchalar may oyida gullagunga qadar tayyorlanadi. Qalamchalarni ertalab soat 5-6 dan 10 gacha tayyorlagan maʼqul. Qalamcha olish va ularni ekishgacha boʻlgan davr bir sutkadan oshmasligi lozim. Qalamcha olinadigan novdaning ayrim barglari va uchki qismi olib tashlanadi. Qalamchalar novdaning oʻrta qismidan, asosan ikki koʻzli qilib olinadi, barglari yarmigacha qisqartiriladi. Ildiz yaxshi rivojlanishi uchun qalamchalar oʻstiruvchi moddalar, masalan, indolilsirka kislotasining eritmasi (50mg/l) bilan ishlanadi. Eritmadagi qalamchalar 8-10 soatdan soʻng olinib chayiladi va ildiz oldirish uchun usti polietilen plyonka bilan yopilgan issiqxona (tuman qurilmasiga) ekiladi. Qalamchalar ekiladigan joyning 17-20 sm qatlami teng miqdorda solingan chirigan mayda goʻng va qum aralashmasidan, ustki 5 sm li qatlami esa yirik qumdan iborat boʻlishi lozim. Qalamchalar qator oraligʻini 20-25 sm, qator boʻylab 8-10 sm va chuqurligini 2-3 sm qilib ekiladi. Qalamchalar ekilgach, 18-20 kun davomida substrat namligi 85-90% darajada saqlab turilishi lozim. Havo namligi suv zarrachalaridan iborat tuman hosil qilish moslamalari orqali 85-90% darajada ushlab turilishi kerak. Qalamchalarda 6-8 kunda ildiz, 20-25 kunda novdalar rivojlana boshlaydi. Qalamchalarning rivojlanishini jadallashtirish maqsadida, ular ekilganidan keyin bir oy oʻtgach, mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantiriladi. Bunda unumdor tuproq aralashmasining har bir kvadrat metri hisobiga ammiakli selitra (8 g.), donador superfosfat (15 g), kaliyli oʻgʻit (5-7 g) solinadi. 15-20 kundan keyin ikkinchi marta oziqlantirilib, bunda ammiakli selitradan 20-25 g kaliyli oʻgʻitdan 10-15 g beriladi. Oʻsish davrida ikkitagacha novda qoldiriladi. Avgust oyida issiqxona ustidagi plyonkalar olib tashlanadi, substrat (aralashma) namligi 60-70% gacha kamaytiriladi. Bu koʻchatlarning chiniqishiga yordam beradi. Koʻchatlar oktabr oxiri noyabr oʻrtalarida qazib olinadi, saralanadi, ekish uchun saqlanadi. 1 gektar issiqxonadan 220-300 ming dona sifatli koʻchat olish mumkin.
Yer tanlash. Oʻzbekistonning tuproq-iqlimi sharoitlari barcha hududlarda uzumning turli muddatlarda pishadigan navlarini yetishtirish imkonini beradi. Tokzor uchun ochiq, yorugʻlik yaxshi tushadigan, unumdor va suv bilan yaxshi taʼminlangan yerlar ajratilgani maʼqul. Shuningdek, gʻalla, paxta, shakarqamish, zigʻir, kanop kabi oʻsimliklar uchun noqulay hisoblangan qumli va toshloq yerlar, togʻ va togʻoldi yonbagʻirlari ham tok oʻstirish uchun qulay hisoblanadi. Togʻli va adirli zonalarning qiyaligi 100 gacha boʻlgan yerlaridan tok oʻstirishda unumli foydalanish mumkin. Tok uchun kuchli shoʻrlangan, yer osti suvlari 1 m dan yuqori, pastqam yerlar yaroqsiz hisoblanadi. Tokning oʻsishi, mahsuldorligi, hosilning sifati koʻp jihatdan tuproq xarakteri va xususiyatlariga bogʻliq. Oʻzbekistonda boʻz va oʻtloq-boʻz, oʻtloq tuproqlar tok oʻstirish uchun qulay hisoblanadi. Tuproq qatlami 50-60 sm dan kam boʻlmagan tosh-shagʻalli yerlarda ham sifatli hosil yetishtirish mumkin. Tokzor uchun yer tanlashda shamol yoʻnalishi va davriyligiga ham ahamiyat berish zarur.
Yerni tok ekishga tayyorlashda bir qator tashkiliy va agrotexnika tadbirlar (yerni begona oʻtlardan va boshqa oʻsimlik qoldiqlaridan tozalash, yerni tekislash, organik va mineral oʻgʻitlar solish, sugʻorish shaxobchalarini belgilash kabilar) amalga oshiriladi. Begona oʻtlardan tozalash uchun yer 20-25 sm chuqurlikda haydalib, ildiz qoldiqlaridan tozalanadi. Buning uchun plugli borona va kultivatorlardan foydalaniladi. Eski bogʻ, tokzor, butazorlardan boʻshagan yerlarga 2-3 yil dukkakli va dukkakli-boshoqli ekinlar (noʻxat, loviya, soya, beda, javdar va boshqalar) aralashmasi ekiladi. Ularning koʻpchiligi kuzda yashil oʻgʻit sifatida haydab yuborilishi ham mumkin. Tokchilikda, asosan oqimni va shamolni tartibga soluvchi himoya daraxtlaridan foydalaniladi. Birinchisi, asosan togʻ va togʻ oldi zonalarida qoʻllanilib, bunda 3-5 qator butasimon oʻsimliklar (olcha, smorodina, malina, tol va boshqalar) 1x0,5 m oraliqda ekiladi. Kvartallar hududi boʻylab shamolni tartibga soluvchi himoya daraxtlari (bir qator yongʻoq 6 m. oralikda, 2-3 qator terak, oʻrik, olcha 1-2,0 m oraliqda) ekiladi. Himoya daraxtzorlar oʻrtasidagi oraliq tekis maydonlarda 500-1000 m, togʻli joylarda 200-300 m boʻlishi lozim. Ular tokzorlardan 10 m. uzoqlikda joylashtiriladi. Tok ekishdan oldin yerga organik va mineral oʻgʻitlar solinib, chuqur haydaladi. Ayniqsa, “plantaj plugi” bilan tup- roq qatlamini chuqur agʻdarib (60-70 sm) haydash tuproqning fizikaviy va kimyoviy xossalarini, havo, suv, issiqlik meʼyorlarini, oʻsimlikning oziq moddalarni oʻzlashtirish xususiyatlarini yaxshilaydi, tuproqdagi mikroorganizmlar faoliyatini kuchaytiradi, tuproqning suv oʻtkazuvchanlik va nam saqlash qobiliyatini tartibga soladi, begona oʻtlarning unuvchanligini yoʻqotadi va h.k. “Plantaj”dan oldin har gektar yer hisobiga 30-40 t chirigan goʻng, 500-600 kg superfosfat yoki ammofos, 90-100 kg kaliy solinadi.
Ekish. Tok baland tanali (1,5-2 m) qilib oʻstirilganda, ularning qator oraligʻi sugʻoriladigan yerlarda 3,5-4 m, lalmi va shartli sugʻoriladigan yerlarda 3 m, tuplar oraligʻini kuchli oʻsuvchi xoʻraki va kishmishbop navlar uchun 2,5-3 m, oʻrtacha va sust oʻsuvchi (asosan vinobop) navlar uchun 2 m. qilib belgilanadi. Tok tuplari koʻmiladigan (tanasiz oʻstiriladigan) joylarda qator oralari 3 m, tuplar oraligʻi esa 2,5 m, lalmi, tosh-shagʻalli va shoʻrlangan yerlarda esa tuplar oraligʻi 2 m boʻlgani maʼqul. 1 ga maydon (10000 m2) ga ekiladigan tok tuplarining soni quyidagi formula bilan aniqlanadi: