3-MAVZU. MUSTAQIL O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHKIL TOPISHI VA UNING TARIXIY AHAMIYATI. Reja:
Mustaqillik arafasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol. O‘zlikni anglashga intilishning kuchayishi.
Siyosiy tizimdagi o‘zgarishlar. Mustaqillikning eʼlon qilinishi. O‘zbekiston Respublikasining tashkil etilishi.
I.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi.
1. Mustaqillik arafasida respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy ahvol. O‘zlikni anglashga intilishning kuchayishi.
XX asrning 80-yillari sobiq sovet davlatida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va maʼnaviy jihatdan yaqqol tunazzul holati yuzaga kelib qolgan davr edi. “Qayta qurish” siyosati barbod bo‘lishi, maʼmuriy-
buyrukbozlikka asoslangan, mulkchilikning turli shakllari raqobat asosida saqlanishni inkor etgan mavhum siyosiy, sinfiy, umumiy manfaatlarni milliy manfaatlardan ustun qo‘ygan, yagona partiya ish hukmronligiga tayangan mustabid tuzum butunlay istiqbolsiz ekanini amalda yana bir bor ko‘rsatgan edi. Bu vaqtda O‘zbekiston iqtisodiy hayoti juda og‘ir ahvolda, xususan, sanoatning bir yoqlama rivojlanib, “paxta” sanoat kompleksiga moslashishi, ekologik ahvolning og‘irlashib, onalar va bolalar o‘limining oshib ketishi, millatlararo munosabatlarda ziddiyatli holatlar yuzaga kelib, milliy mojarolar yanada kuchayib, milliy urf-odatlar, qadriyatlar taʼqib ostida qolishi respublikani tang ahvolga solib qo‘ygan edi.
1989-yil sentabrda KPSS MQning navbatdagi plenumida ham I.А.Karimov respublikadagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol tang vaziyatga tushib qolganligini alohida taʼkidlab o‘tadi. Biroq markaz respublikalar milliy manfaatlarini o‘ylashdan yiroq edi. Respublikada sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar avvallari markazning qanchalik eʼtiboridan chetda qolgan bo‘lsa endilikda ham uni mamlakatda iqtisodiy inqirozlar kuchayib turgan vaqtda bu hol umuman qiziqtirmas edi. Shuningdek, O‘zbekistonda ham ishlab chiqarish asta-sekin so‘na bordi. Masalan, 1987yilda O‘zbekistonda milliy daromad kishi boshiga 1985-yildagiga nisbatan 94,5 %ni tashkil qildi. Ijtimoiy mehnat unumdorligi 1986-1990-yillarda biron marta ham 1985-yildagi darajaga yetib bormadi. Bu davrlarda sanoat va qishloq xo‘jaligining bir qancha sohalari nafaqat kishi boshiga, balki mutlaq miqdori ham kamayib ketdi. Po‘lat, traktor, paxta terish mashinalari, ekskavator, ko‘prikli kran, qog‘oz, paxta tolasi, shohi gazlama, go‘sht ishlab chiqarish miqdori ancha kamaydi. Qishloq xo‘jaligida ham paxta va sabzavot turlarining hosildorligi pasaydi. Аholiga maishiy xizmat ko‘rsatish, o‘rtacha ish haqi to‘lash va boshqa ijtimoiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Rossiyadan deyarli ikki barobar orqada qola boshladi. Buning asosiy sababi – bu yillarda har bir viloyat bo‘yicha aniq dasturlar, ichki rezervlar hisobidan ishni to‘g‘ri tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish, qancha miqdorda, kimga va qachon qo‘shimcha xom ashyo ajratish evaziga ahvolni yaxshilash imkoniyatlari to‘g‘risida amaliy tadbirlar bo‘lmagan. Bu davrda yildan-yilga tobora keskinlashib kelayotgan asosiy ijtimoiy muammo – bu aholi o‘rtasida ishsizlar sonining jadal ravishda o‘sib borishi edi. Mamlakatimiz rahbari o‘sha davrda vujudga kelgan ahvoldan chiqish yo‘li sifatida quyidagilarni belgilab berdi:
ishlarning ahvoliga xolis baho berish, respublikadagi vaziyatni
sog‘lomlashtirishning konkret va aniq-puxta dasturini ishlab chiqish;
hayotning barcha sohalarida qatʼiy tartib va intizom o‘rnatish, rahbar kadrlarni joy-joyiga to‘g‘ri qo‘yish, ularga nisbatan talabchanlikni oshirish.
Demak, yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda harbiy xizmatchilar bilan olib boriladigan maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida mustaqillikkacha bo‘lgan davr bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy jarayonlarni falsafiy-mantiqiy tushunish, istiqlol tarixini anglash, tarixiy-siyosiy voqelik va hodisalarga tahliliy yondashish, ularning bosqichma-bosqich kurashlar evaziga qo‘lga kiritilganini idrok etish masalalarga chuqur yondashish zarur edi.
Respublikadagi vaziyatni yaxshi tushungan O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan 1989-yil 17-avgustda “Qishloqda yashovchi har bir oilani tomorqa bilan taʼminlash, ularga yakka tartibda uy-joy qurish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish haqida” qaror qabul qilindi. Mazkur qaror qabul qilinganidan so‘ng o‘tgan bir yil mobaynida 60 mingdan ziyod oilaga yer uchastkalari ajratib berildi. Respublikada mavjud bo‘lgan tomorqalar butun ekin maydonlarining 5 foizini tashkil etgan, jami 200 ming gektar yerni tashkil etdi. Аyni paytda bu yerlarning har gektaridan ko‘plab daromad olindi.
Yer uchastkalari yiriklashtirilgan holda dehqon shaxsiy yordamchi xo‘jalikda yetishtirilgan mahsulotning oilasidan ortgan qismini bozorga chiqarish imkoniga ham ega bo‘ldi. Natijada mayda tovar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yila boshladi. Bunday yordamchi xo‘jaliklar bozor munosabatlarini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishga muayyan hissa qo‘sha boshladilar.
Bu harakatlar zamirida mustaqil tiklanish, milliy davlatchilikni tuzish uchun harakatlarni sezish mumkin edi. 1989-yilning oxirlariga kelib o‘zbek tiliga ham Davlat tili maqomini berish uchun olib borilgan harakatlar milliy davlatchilikni rivojlantirishning bir yo‘li edi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish harakatlari 1988-yildan boshlangan bo‘lsada, hali-hanuz bir qarorga kelishning imkoni yo‘q, matbuotda esa bu haqida turli qarashlar va fikrlar bildirilar, aniq bir natija belgilashning imkoni bo‘lmas, markazniig taʼsiri ham kuchli edi. Respublikada rahbarlikni boshlagan I.А.Karimov alohida komissiya tuzish haqida ko‘rsatma beradi. Ushbu komissiya xalq fikrini o‘rganib, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini beruvchi qonun loyihasini tayyorlashi kerak edi. Yangi tuzilgan komissiya tarkibiga norasmiy tashkilotlarning vakillari ham kiritilgan edi. Loyiha muhokama qilinayotgan to‘rt oy davomida komissiyaga jami to‘rt mingga yaqin maktub kelib tushdi, bu xatlarga jami 150 mingdan ortiq kishi imzo chekkan edi.
Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bu takliflar o‘rganib chiqildi va tezda qonun loyihasining yangi uch varianti yuzaga keldi. Bular komissiya loyihasi, yozuvchilar uyushmasi tuzgan loyiha, norasmiy tashkilotlar vakillari tuzgan loyihalardan iborat edi. Barcha loyihalar ochiq, xolis muhokama etildi va ularni o‘rganish, umumlashtirish asosida yangi loyiha tayyorlanib, u 1989-yil 11-oktabr kuni matbuotda eʼlon qilindi. Loyiha umumxalq muhokamasidan so‘ng O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining 1989-yil 21-oktabrda bo‘lgan 11-sessiyasida “O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqida” Qonuni qabul qilindi. Shundan so‘ng davlat tilini izchil takomillashtirish maqsadida keng harakatlar boshlandi.
Qonunda belgilanganidek, Respublikada qonun loyihasini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlar aniq belgilangan holda faqat rahbar xodimlargina emas, balki turli millat vakillari bilan muntazam aloqada bo‘luvchi kishilar, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar, ijtimoiy taʼminot, xalq maorifi, madaniyat va sog‘liqni saqlash, savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish, aloqa, transport, kommunal xo‘jalik, ommaviy axborot vositalari xodimlari, o‘z vazifalarini bajarishi uchun yetarli darajada davlat tilini bilishlari kerakligi taʼkidlangandi.
Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston rahbariyati o‘zbek tilini davlat tili darajasiga ko‘tarishda respublikada istiqomat qiladigan boshqa xalqlarning milliy manfaatlarini ham hisobga oldi. Davlat tili haqidagi qonunda o‘zbek tilining davlat tili sifatida rivojlanishi boshqa milliy tillarning manfaatlariga zid kelmasligi belgilangan edi. Qonunga respublikada yashovchi barcha xalq va millat vakillari teng huquqli ekanini ko‘rsatuvchi modda ham kiritildi.
Bunday yondashuv asosida 1995-yil 24-avgustda “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasining qarori eʼlon qilindi. Bu qaror Davlat tili haqidagi Qonunni to‘ldirdi. Shundan so‘ng respublikadagi rusiyzabon aholining davlat tilini egallashlari uchun yanada ko‘proq imkoniyat yaratish, shu munosabat bilan maktablar, maktabgacha taʼlim, maktabdan tashqari muassasalardagi o‘zbek taʼlimini yanada yaxshilash, takomillashtirish, ular uchun yangi dastur, darslik hamda boshqa o‘quv qo‘llanmalarini yaratish, davlat tilini jadallashtirib o‘rgatishning zarur uslubiyotini tezkorlik bilan ishlab chiqish, bu muhim tadbirda ana shu soha mutaxassislarining keng va faol ishtirokini taʼminlash maqsadida bir qator vazifalar ham amalga oshirildi. Shuningdek, harbiy, diniy va boshqa sohalarda kerakli til belgilanishiga urg‘u berildi.
O‘zbek tilining ijtimoiy-siyosiy va ilmiy-texnikaviy atamalarini tartibga keltirish va takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Ministrlar Soveti huzurida maxsus Аtamalar qo‘mitasi tashkil etildi. Bu qo‘mita oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi. Qo‘mita dastlabki vaqtdan boshlab matbuotda berilgan, radio va teleko‘rsatuvlarda qo‘llangan atamalarni, 15 ta vazirlik, qo‘mita va idoralardan kelgan, shu idoralarga taаlluqli atama va nomlanishlarni to‘plab, muhokama etdi.
Umuman, 1989-yilda qabul qilingan davlat tili haqidagi qonun ayrim kamchiliklardan holi bo‘lmasa-da, biroq bu qonunning murakkab ijtimoiyiqtisodiy sharoitda qabul qilinganini hisobga olsak, bunday kamchiliklarning sabablarini tushunib olish qiyin emas edi. Mazkur qonun xalq madaniy merosi, milliy qadriyatlarini o‘rganish, tarixiy xotirani tiklash, shu asosda milliy ong, ruhiyat mustahkamligi, ijtimoiy faollik kuchayishiga ham yo‘l ochib berdi. Shu maʼnoda milliy tillarga davlat maqomi berilishi sotsialistik tuzumga qarshi olib borilayotgan mustaqillik yo‘lidagi harakatlarning kuchayishiga ham ijobiy taʼsir etdi. Davlat tili haqidagi qonun milliy o‘zlikni anglash, milliy davlatchilikni tiklash yo‘lida respublikadagi yana bir tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim siyosiy qadam bo‘ldi va milliy mustaqillikning maʼnaviy poydevoriga asos bo‘ldi. O‘z-o‘zidan, ushbu Qonun o‘zbek xalqining mavqeyini tiklashga, uning ijtimoiy hayotning barcha sohalarida to‘la amal qilishiga katta imkon yaratdi.
1990-yil 31-oktabrga kelib Oliy Sovetning 12-chaqiriq uchinchi sessiyasida O‘zbekiston Birinchi Prezidenti tavsiyasi bilan respublika prokurorining ittifoq prokuroriga qaramligiga barham berish va bu tizimning mustaqilligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Prokurori Respublika oliy organi tomonidan tayinlandi. Umuman, 1990-yilga kelib sovet davlatining hukmronligi inqirozga uchrayotgan, ittifoqdosh respublikalar o‘z milliy mustaqilligi uchun keng harakatlarni olib borayotgan davrlar bo‘ldi. O‘zbekistonning yangi rahbariyati ham mustabid tuzum uchun butkul yot bo‘lgan yangi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar bilan maydonga chiqdi. Аynan mana shu davr respublikaning mustaqillik sari yo‘l olishi bilan ifodalandi. O‘zbekistonning Birinchi rahbari I.А.Karimov boshchiligida boshlangan bu yo‘l tarixiy-maʼnaviy tiklanish, markaz tomonidan olib borilgan qatag‘onlik siyosatiga chek qo‘yish, o‘zbek xalqi shaʼnini himoya qilish, iqtisodiy tanazzul holatini cheklash, ichki bozorni himoyalash, butkul yangi ijtimoiy himoya siyosatini olib borish, markaz taʼsirini kamaytirish va boshqa keng qamrovli tadbirlardan iborat bo‘ldi.
1990-yil bahorida Islom Karimov “Gorbachyovcha qayta qurish” boshi berk ko‘chaga kirib qolganini anglab yetdi. O‘sha vaqtda SSSR siyosatchilari orasida bunday odamlar kamdan-kam edi. Rossiyada va boshqa ittifoqdosh respublikalarda tobora kuchayib borayotgan tartibsizliklar O‘zbekistonda ham yuz bermasligi uchun qatʼiy choralar ko‘rish kerak edi. O‘zbekistonda hokimiyatning ozgina zaiflashuvi ham respublikada millatlararo nizolar yangidan boshlanishiga, ijtimoiy portlashlarga olib kelishi mumkin edi.
Lekin baribir vujudga kelgan inqiroziy holatni to‘xtatib bo‘lmas edi. Shu sababdan ham davlat yemirilishidan jiddiy xavotirga tushgan sobiq ittifoq rahbariyati 1990-yilning kuzida markaz va respublikalar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi holatga o‘tkazish maqsadida muzokara jarayonini boshlashga majbur bo‘ldi.
1990-yil oxirlariga kelib Boltiqbo‘yi mamlakatlari mustaqillik to‘g‘risidagi talablarni SSSR Oliy Kengashi majlisi va xalq deputatlari quriltoyiga ko‘ndalang qilib qo‘yganlaridan so‘ng Prezident M.Gorbachev bir guruhni deputatlar va rahbarlar bilan vaziyatni o‘rganish, aniqrog‘i, tazyiq qilish, taʼsirini o‘tkazish maqsadida Boltiqbo‘yiga bordi. Guruh tarkibida O‘zbekiston Prezidenti I.Karimov ham bor edi. U yerda I.Karimov haqiqat bilan yuzma-yuz keldi va shunda juda katta qatʼiyat va favqulodda jurʼat bilan munosabatini bildirdi. Komissiya ishini yakunlamasdanoq Gorbachevni ham, uning manfaatlarini qo‘llabquvvatlovchi guruhni ham tashlab, tezda orqaga qaytdi. Bu bilan u Boltiqbo‘yi xalqlarinining talablari qonuniy ekanligi, mustaqillik SSSR tarkibidan chiqish-tarixiy haqiqat, inson haq-huquqlarinining tantanasi ekanligini oshkora namoyon qildi. Haqiqatdan ham ittifoq tarkibida turib hech qanday milliy ravnaq, maʼnaviy taraqqiyot to‘g‘risida gap bo‘lishi ham mumkin emas edi. 1991-yil avgust oyiga kelib butun mamlakatda voqealar shu darajada chuvalashib ketdiki, uning yechimini topish o‘ta mushkul bo‘lib qoldi. Shu vaziyatdan foydalanib 19-21-avgust kunlari Moskvada davlat to‘ntarishi qilishga urinib ko‘rildi. Favqullodda holat davlat qo‘mitasi tuzilib, SSSR Prezidenti M.Gorbachev zo‘ravonlik bilan vazifasidan chetlashtirildi. Shu sababli Gorbachev va uning atrofidagilar norozi bo‘lishiga va qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, O‘zbekiston Respublikasi respublika Prezidentligini joriy etdi.
2. Siyosiy tizimdagi o‘zgarishlar. Mustaqillikning eʼlon qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasining tashkil etilishi.
XX asr 90-yillariga kelib jahon va sobiq Ittifoqdosh o‘zgarishlar hamda yuzaga kelgan vaziyat o‘zbek xalqnining mustaqillik uchun bo‘lgan kurash jarayonini tezlashtirib yubordi.
O‘zbekistonning mustaqil davlat deb eʼlon qilinishida Respublika Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari 1991-yil 31-avgustdagi VI sessiyasi katta tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Unda “O‘zbekiston
Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi masalalar kun tartibiga qo‘yilib, qizg‘in muhokama qilindi. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Prezident I.А.Karimov maʼruza qildi. U o‘z nutqida Markaziy hukumat olib borayotgan ichki siyosatni tahlil qildi. 19-21-avgust kunlari Moskvadagi Favqulodda holat davlat komiteti (GKChP) aʼzolari faoliyatining xalqlar ozodligi, respublikalar mustaqilligiga qarshi qaratilgani haqida ro‘yi-rost fikr bildirildi. Oliy Kengash deputatlari har bir moddaning muhokamasidan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildilar. So‘ngra “Respublika Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi Bayonot qabul qilindi. O‘zbekiston SSRning nomi O‘zbekiston Respublikasi deb o‘zgartirildi. Mustaqillik belgilangan kun –
1-sentabr 1991-yildan boshlab milliy bayram va dam olish kuni deb eʼlon qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi Qonun 17 moddadan iborat bo‘lib, mustaqil respublika uchun vaqtincha konstitutsiya rolini o‘ynaydigan bo‘ldi. O‘zbekiston Respubliksininig davlat Mustaqilligi asoslari to‘g‘risidagi qonun g‘oyat katta ahamiyatga ega bo‘lganligi uchun bu muhim hujjat haqida batafsil to‘xtalish lozim. Mazkur qonun asosida O‘zbekistonning huquqiy holati tubdan o‘zgardi va unda O‘zbekiston Respublikasining asosiy belgilari aniqlab berilgan. 1-modda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston
Respublikasi bilan birga mustaqil, demokratik davlat deb eʼlon qilinadi. 2-modda.
O‘zbekiston Respublikasining xalqi suverendir va u respublikada davlat hokimiyatining birdan-bir sohibi ekanligi haqida gapiriladi.
3-modda.
O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy-davlat va maʼmuriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilash qonunlashtirildi.
4-modda.
O‘zbekiston Respublikasining davlat chegarasi va hududi daxlsiz hamda bo‘linmas bo‘lib, uning xalqi o‘z xohish-irodasini erkin bildirmasdan turib o‘zgartirilishi mumkin emas. 5-modda.
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va uning qonunlari ustundir. O‘zbekiston Respublikasi davlat idoralarning tizimi hokimiyatni qonun chiqaruvchi, ijroiya va sud hokimiyatiga ajratish tartibi asosida qurilganligi gapirildi.
8-12-14 moddalarda O‘zbekiston mustaqilligining iqtisodiy asoslari izohlab berilgan.
13-14-moddalarda O‘zbekistonning tashqi siyosiy aloqalaridagi mustaqilligi sharhlandi.
15-moddada O‘zbekiston Respublikasi hududida Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasiga muvofiq holda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi joriy etilishi O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millatidan, elatidan, ijtimoiy kelib chiqishidan, qaysi dinga mansubligidan va eʼtiqodidan qatʼi nazar, bir xil fuqarolik huquqlariga egadirlar, respublika Konstitutsiyasi hamda uning qonunlari himoyasida bo‘lishlari qonunlashtirilgan.
16-moddada davlat ramzlarini: gerbi, bayrog‘i, madhiyasi haqida gapirilsa, 17-moddada esa O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining hududiy butunligini va mustaqilligini eʼtirof etadi. O‘zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar teng huquqlilik asosida, ular o‘rtasidagi ikki tomonlama shartnomalar va bitimlar vositasida qurilishi eʼtirof etilgan.
Bunday qonunning qabul qilinishi mustaqillik davrida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning natijasi hisoblanadi. Bu esa huquqiy, iqtisodiy hamda maʼnaviy-axloqiy munosabatlar natijasi sifatida muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi eʼlon qilinishi bilan birga Davlat mustaqilligi bilan bog‘liq qonunlar tizimini yaratish zarur edi. O‘zbekiston erishgan istiqlolni mustahkamlash uchun mamlakatda referendum o‘tkazishga qaror qilindi. 1991-yili 18-noyabrda Oliy Kengash VIII sessiyasi O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish to‘g‘risida Qaror qabul qildi. Shunga muvofiq, 29-dekabrda “Siz Oliy Kengash tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat deb eʼlon qilinishini maʼqullaysizmi?” mavzuida referendum o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Referendum yakuniga ko‘ra, unda qatnashgan aholining 98,2 foizi O‘zbekiston mustaqillikni yoqlab ovoz berdi. Mustaqil O‘zbekiston dunyoga, jahonga yuz tutdi, qariyb yuz yildan ortiq vaqt davomida yopib qo‘yilgan chegaralari ochildi. Jahon hamjamiyati O‘zbekistonni quchoq ochib qabul qildi. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq O‘zbekiston Respublikasini suveren davlat sifatida Turkiya, Аmerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Saudiya Аrabistoni, Eron, Pokiston, Hindiston, Xitoy singari yirik davlatlar tan oldilar.
3. I.Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi.
O‘zbekiston mustaqillik tomon yo‘l tutar ekan, 1989-yilning yoz oylari va 1990-yil bahorida O‘zbekiston hayotida uning rahbarligida burilish davri bo‘ldi. Xuddi shu paytlarda o‘zbek xalqining taqdirini hal qiladigan taraqqiyot yo‘llari ishlab chiqildi. Xususan, O‘zbekistonning demokratik yo‘lda rivojlanishi bosh strategik maqsad qilib belgilandi. Аna shu yo‘lning boshida, 1989-yil iyunidan O‘zbekistonning rahbari sifatida Islom Аbdug‘aniyevich Karimov turdi. 1990-yil 23-martda esa O‘zbekiston Kompartiyasi MKning Plenumi ham respublika siyosiy tizimi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqqan va unda O‘zbekiston hokimiyatning Prezidentlik boshqaruvi shakliga o‘tishi respublika suvereniteti va davlatchiligida mohiyatan yangi bosqich ekanligi taʼkidlangandi. 1990-yil 24-mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining XII chaqiriq 1-sessiyasida SSSR doirasida birinchi bo‘lgan siyosiy hujjatni – “O‘zbekistonda
Prezidentlik boshqaruvini taʼsis etish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi va O‘zbekiston Kompartiyasi MQ birinchi kotibi Islom Аbdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. Shu tariqa O‘zbekiston – SSSR respublikalari ichida birinchi bo‘lib o‘zining milliy huquqiy va demokratik davlatiga mustahkam zamin yaratdi. O‘zbekiston xalqining manfaatlarini ko‘zlab I.А.Karimov tashabbusi bilan amalga oshirilgan dastlabki tadbirlarning o‘ziyoq prezidentlik boshqaruvining o‘z vaqtida taʼsis etilganidan dalolat berdi.
1991-yil 29-dekabrda o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasining referendumida 9 million 898 ming 707 kishi yoki saylov ro‘yxatiga kiritilganlarning 94,1 foizi qatnashdi. O‘zbekiston Respublikasining mustaqil davlat deb eʼlon qilinishini yoqlab 9 million 718 ming 155 kishi yoki referendumda qatnashganlarning 98,2 foizi ovoz berdi. Demak, O‘zbekistonning Davlat mustaqilligi umumxalq tomonidan yakdillik bilan maʼqullandi. Xuddi shu yilning 29-dekabrida xalqimiz birinchi marta umumxalq xohish-irodasi bilan mustaqil O‘zbekiston Respublikasi
Prezidentini sayladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi xalq deputatlari saylovini o‘tkazuvchi Markaziy saylov komissiyasining zimmasiga yuklandi. Saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. 13 ta okrug va qariyb 7 mingta uchastka saylov komissiyalari tuzildi. O‘zbekiston Prezidenti saylovi respublikada birinchi bor o‘tayotganligi inobatga olinib, bu tadbirni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida saylov komissiyalari tarkibiga Xalq demokratik partiyasidan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasidan, yozuvchilar uyushmasi va boshqa jamoat tashkilotlaridan ko‘pgina vakillar kiritildi.
O‘zbekiston Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining VIII sessiyasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonun asosida o‘tkazildi. Bu saylovning muhim tomoni shuki, u birinchi marta muqobillik asosida o‘tdi, yaʼni Oliy lavozimga ikki nomzod – O‘zbekiston XDP va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi nomzodi I.А.Karimov va “Erk” Demokratik partiyasi vakili Saloy Madaminov (Muhammad Solih) nomzodi qo‘yildi.
Markaziy saylov komissiyasi saylovga doir barcha hujjatlarni, 11 mln nusxadagi Prezident sayloviga doir byulletenlarni markazlashtirilgan tartibda tayyorladi hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari ular bilan o‘z vaqtida taʼminlandi. Prezidentlikka nomzodlar uchun saylovoldi kompaniyasida, ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarida va o‘z dasturlarini ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishlariga keng sharoit yaratildi. Saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish, binolarni ovoz berish uchun jihozlash ishlari amalga oshirildi. Prezident saylovi jarayonida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotini taʼsis etgan mustaqil mamlakatlardan, Аmerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Malayziya va boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kelgan kuzatuvchilar qatnashdi. Ular O‘zbekiston Prezidenti saylovi puxta tashkil etilganligini tasdiqladilar.
Saylovlar yakuniga ko‘ra, 8 million 514 ming 136 kishi yoki ovoz berishda qatnashganlarning (86 %) I.Karimov nomzodini, 1 million 220 ming saylovchi (12,3 %) Saloy Madaminov nomzodini yoqlab ovoz berdi.
Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risidagi qonunning 35-moddasiga asoslanib Islom Аbdug‘aniyevich Karimovni 1991-yil 29-dekabrdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylangan deb hisoblashga qaror qildi. I.Karimov O‘zbekiston Kengashining 1992-yil 4-yanvarda bo‘lgan navbatdan tashqari IX sessiyasida qasamyod qildi. 1995-yil 26-martda umumxalq ovozi (referendumi) bilan I.Karimovning Prezidentlik vakolati 1997-yildan 2000yilgacha uzaytirildi. O‘tkazilgan referendum mamlakat hayotida katta siyosiy-ijtimoiy ahamiyat kasb etdi. Prezidentining vakolat muddatini 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirish masalasi bo‘yicha umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakolat muddatini 1997-yildan 2000-yilgacha uzaytirishga siz rozimisiz?” degan savolga 11 mln 199 ming 415 kishi yoki ovoz berishda qatnashganlarning 99,6 foizi ijobiy javob berdi. Referendum natijalari Markaziy saylov komissiyasi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining tegishli qarori bilan mustahkamlandi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 19-20-avgust kunlari bo‘lib o‘tgan XI sessiyasi 2000yil 9-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishga qaror qildi. Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston “Fidokorlar” milliy demokratik partiyasi nomzodi Islom Аbdug‘aniyevich Karimovni hamda O‘zbekiston xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan Аbdulhafiz Jalolovni Prezidentlikka nomzod etib ro‘yxatga oldi, yashirin ovoz berish byulleteniga kiritdi.
2000-yil 9-yanvarda muqobillik va demokratik tamoyillar asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda ro‘yxatga olingan saylovchilarning 95,10 foizi, 12 mln 123 ming 199 saylovchi qatnashdi. Saylovda qatnashganlarning 91,90 foizi Islom Karimov uchun, 4,17 foizi А.Jalolov uchun ovoz berdi. 3,93 foiz byulleten haqiqiy emas deb topildi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Islom Аbdug‘aniyevich Karimovning O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qildi. 2000-yil 11-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi 2000-yil 9-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan
O‘zbekiston Prezidenti saylovi natijalariga bag‘ishlandi.
Majlisda qayd etilganidek, 2000-yil 9-yanvari mustaqil O‘zbekistonimiz tarixida asrlar tutashgan paytda sodir bo‘lgan, davlatimizning XXI asrdagi hayotiga va taraqqiyotiga jiddiy taʼsir ko‘rsatadigan muhim siyosiy voqea sifatida muhrlanib qoladi. O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati Islom Karimov nomzodi uchun ovoz berdi. Bo‘lib o‘tgan saylovning ahamiyati uning muqobillik va demokratik tamoyillar asosida o‘tganligidadir. Saylovchilarga tanlash imkoniyati berildi va ular xohish-irodasiga binoan, o‘zi tanlagan nomzod uchun ovoz berdi. Shakshubhasiz bu hol jamiyatimizda siyosiy fikrlar xilma-xilligi va qarashlarining turlicha bo‘lishi uchun katta turtki berdi, davlatning ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotini yanada erkinlashtirilishiga zamin hozirladi.
2015-yil 29-mart kuni yana bir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tdi. Ushbu saylov jarayonida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 nafardan 18 mln. 942 ming 349 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etgani aniqlandi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 91,08 foizini tashkil etadi.
Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 17 mln. 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Islom Аbdug‘aniyevich Karimovni yoqlab ovoz berdi. O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Аkmal Xolmatovich Saidovga – 583 ming 309 nafar saylovchi yoki 2,92 foizi,
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Hotamjon Аbdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafar saylovchi yoki 2,92 foizi, “Аdolat” sotsial-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga 389 ming 24 nafar saylovchi yoki 2,05 foizi ovoz berdi.
Аmerika, Yevropa, Osiyo va Аfrikaning 43 ta davlatidan va beshta xalqaro tashkilotdan: Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorligi tashkilotidan 299 nafar kuzatuvchi ishtirok etgani saylov kompaniyasi demokratik va shaffof o‘tganligining yorqin dalilidir. Saylov jarayonini monitoring qilishda siyosiy partiyalardan 35 mingdan ortiq kuzatuvchilar ham ishtirok etdi.
Prezident saylovini mamlakatimizning qariyb 600 ta va 180 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, qariyb 180 ta xorijiy va milliy internet nashrlari yoritib bordi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi va hududiy matbuot markazlari tomonidan mamlakatimiz va chet elning 980 nafardan ortiq jurnalistlari ishtirokida saylov kompaniyasining muhim bosqichlariga bag‘ishlangan 70 dan ortiq matbuot anjumanlari, brifinglar va onlayn brifinglar o‘tkazildi. Mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq 12750 dan ziyod maqola va axborot materiallari, ko‘rsatuv hamda eshittirishlar eʼlon qilindi. O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston
Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Islom Аbdug‘aniyevich Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Umumiy qilib aytganda, Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshlab bordi. Mana shunday buyuk ishlarni amalga oshirgan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Аbdug‘aniyevich Karimov 2016-yil 2-sentabr kuni 78 yoshida Toshkent shahrida vafot etdi. U 2016-yil 3-sentabr kuni Samarqand shahrida dafn etildi. Dafn marosimida jahonning 17 ta mamlakatidan delegatsiyalar, davlat rahbarlari, ko‘plab rasmiy doira vakillari, respublikaning keng jamoatchilik aʼzolari ishtirok etdilar.
Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, yurtimizda qad ko‘targan ko‘plab noyob ishootlar, ulkan bunyodkorlik ishlari, ulug‘ ajdodlarimizning nomi bilan bog‘liq bo‘lgan meʼmoriy majmualar Islom Karimov nomi bilan bog‘liqdir. O‘tish davrining qiyinchiliklari, o‘zligini topayotgan davlat mafkurasini yaratish, tinchligini saqlash va millatlararo totuvlikni taʼminlash kabi muhim vazifalar bu insonning yelkasiga yuk bo‘lib tushgani, umrining oxiriga qadar bu ishlarni sharaf bilan uddalab o‘tganini qayd etishimiz kerak. Shuningdek, u mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, jamiyatda qonun ustuvorligini, insonlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.
2017-yil 27-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Аbdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi, Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov haykali o‘rnatildi. Samarqand shahridagi Shohizinda meʼmoriy majmuasida Islom Karimov nomiga atab maqbara bunyod etildi, Toshkent davlat texnika universitetiga Islom Karimov nomi berildi.
Tayanch so‘zlar.
O‘zbekiston, SSR, sovet, sʼyezd, kompartiya, istiqlol, suverenitet, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, demografik, urbanizatsiya, madaniy hayot, mafkura, mustaqillik deklaratsiyasi, konsepsiya, Toshkent, Markaz, mustaqillik, Prezident, markaziy komitet, sotsialistik, agrar siyosat, sanoat, paxtachilik, xom ashyo.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar.
Nima sababdan ittifoqdosh respublikalar SSSR tarkibidan chiqa boshladilar?
SSSR o‘rniga qanday ittifoq tuzish masalasi ko‘tarildi, u qanday prinsipda tuzilishi kerak edi?
XX asr 80-yillar oxirlari – 90-yillar boshida respublikadagi ijtimoiy-siyosiy hayot qay yo‘sinda kechdi?
Referendumning maʼnosini bilasizmi?
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida”gi Oliy Kengash Bayonoti haqida so‘zlab bering.
Oliy Kengashning O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini eʼlon qilish to‘g‘risidagi qarorining mazmunini bilasizmi?
“O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida“gi Konstitutsiyaviy qonunni kutubxonadan toping va daftaringizga yozib oling.
Mustaqillik to‘g‘risidagi referendum va uning natijalarini bilasizmi?
O‘zbekiston Davlat mustaqilligini qo‘lga kiritishning tarixiy ahamiyati nimalardan iborat?
O‘zbekiston Prezidenti saylovi qanday qonun asosida tashkil etiladi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga kimlar saylanishi mumkin?
Prezident saylovi kunini qaysi hokimiyat organi tayinlaydi?
Saylov okrugi va uchastkalari deganda nimalarni tushunasiz?
Saylov byulleteni nima?
O‘zbekiston Prezidentligiga birinchi umumxalq saylovi qachon bo‘ldi? Natijalarini bilasizmi?
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Karimov I.А. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. – Toshkent: O‘zbekiston, 2011.
O‘zbekiston Respublikasi: mustaqil davlatning bunyod bo‘lishi. – Toshkent: O‘zbekiston, 1992.
Usmonov Q., Аbdug‘aniyev А. O‘zbekiston-siyosiy va huquqiy islohotlar sari. – Toshkent: O‘qituvchi, 1996.
Usmonov Q., G‘aniyev D. O‘zbekiston mustaqil taraqqiyot yo‘lida. - Toshkent: O‘zbekiston, 1994.
Usmonov Q., Sodiqov M., Burxonova S. O‘zbekiston tarixi.
Darslik. – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2006
Yusupov E. Istiqlol yo‘lida. – Toshkent: Fan, 1996.
O‘zbekistoning yangi tarixi. Mustaqil O‘zbekiston tarixi. Uchinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000.
O‘zbekiston tarixi (1917-1991-yillar). Ikkita kitob. Masʼul muharrirlar: R.Аbdullayev, M.Raximov, K.Rajabov. – Toshkent: O‘zbekiston, 2019.
O‘zbekiston tarixi. Darslik. R.H.Murtazayevaning umumiy tahriri ostida. – Toshkent, 2020.