Tа’lim vаzirligi


-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTONDAGI MAʼNAVIY VA MADANIY TARAQQIYOT



Yüklə 1,19 Mb.
səhifə9/15
tarix21.10.2023
ölçüsü1,19 Mb.
#158658
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15
O\'ZBEKISTONNING ENG YANGI TARIXI DARSLIK 2022 1

8-MAVZU. MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTONDAGI MAʼNAVIY VA MADANIY TARAQQIYOT.
Reja:

  1. Mustaqillik yillarida milliy urf-odatlar, qadriyatlar va anʼanalarning qayta tiklanishi.

  2. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ajdodlar merosi va milliy qadriyatlarni tiklash borasidagi xizmati.

  3. Shaharlar – ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat maskani. Toshkent – “Islom madaniyati poytaxti”.

  4. Mustaqillik yillarida madaniyat va sanʼatning taraqqiyoti. Beshta tashabbus va uning yuksak maʼnaviy madaniyatni taʼminlashdagi o‘rni.

  5. O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlikni taʼminlash borasidagi davlat siyosati.

1. Mustaqillik yillarida milliy urf-odatlar, qadriyatlar va anʼanalarning qayta tiklanishi.
Biron bir jamiyat maʼnaviy imkoniyatlarini, odamlar ongida maʼnaviy va axloqiy qadriyatlarni rivojlantirmay hamda mustahkamlamay turib o‘z istiqbolini tasavvur etish qiyin. Xalqning madaniy qadriyatlari, maʼnaviy merosi ming yillar mobaynida Sharq xalqlari uchun qudratli maʼnaviyat manbai bo‘lib xizmat qilgan. Uzoq vaqt davom etgan kuchli mafkuraviy tazyiqqa qaramay, O‘zbekiston xalqi avloddan-avlodga o‘tib kelgan o‘z tarixiy va madaniy qadriyatlarini hamda o‘ziga xos anʼanalarini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu o‘rinda milliy istiqlol g‘oyasiga to‘xtalib o‘tish joiz. Mustaqillik g‘oyibdan kelmaydi. Tirik jonzod borki erkinlikka intilib yashaydi. Mustaqillik shaxs, jamiyat, davlatning tarixiy orzusi hisoblanib, u haqidagi tasavvurlar, bilim va g‘oyalar amaliyot tajribalariga asoslangan holda o‘zgarib, boyib boradi. Mustaqil fikr va g‘oyasiz mustaqil amaliyot bo‘lmaydi. Ushbu qonuniyatga amal qilmagan jamiyat inqirozga duchor bo‘ladi, o‘z yo‘lini yo‘qotadi. G‘oya davlat, jamiyat va inson yo‘lini yoritib boruvchi nurga o‘xshaydi. Inson tanasi tabiat qonunlari asosida yashaydi, ammo uning ongi g‘oyasiz yaratuvchanlik qobiliyatini yo‘qotadi.
Har qanday mustaqillikning maʼnaviy poydevorini g‘oya tashkil etadi. Shu sababli g‘oya va mafkura hamda milliy va diniy qadriyatlarning saqlanishi jamiyat asoslangan bo‘lsa, jamiyat mustahkam, davlat barqaror bo‘ladi.
Ilmiy adabiyotlarda g‘oya va mafkura tushunchalariga turlicha taʼriflar berilgan bo‘lsa-da, ularni birlashtiruvchi yondashuv mavjud.
Mustaqil yashashni istagan millat uchun, birinchi navbatda, milliy g‘oya kerak. Milliy g‘oya mustaqil ichki va tashqi siyosatni, uning huquqiy asoslarini belgilaydi. Milliy g‘oya har bir xalq va mamlakatning o‘ziga xos immunitetidir. Milliy g‘oyasini anglab yetmagan millat o‘zga g‘oyalar taʼsiriga tushadi va o‘zligini yo‘qotadi. Milliy g‘oyasi zaif millatni bo‘lib tashlash va bo‘ysundirish oson kechadi. Shu bois buyuk davlatchilik shovinizimi yoki egotsentrizm kasalligiga duchor bo‘lgan kuchlar o‘zga millat va xalqlarni bo‘ysundirish uchun, birinchi navbatda, ularning milliy g‘oyasiga tahdid soladi. Tarixda bo‘lgandek, bugun ham ushbu qurol yangicha shakl va mazmunlarda qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston xalqi mustaqilligini qo‘lga kiritib, butun dunyoga O‘zbekistonning o‘ziga xos va o‘ziga mos yo‘li borligi, u o‘zbek xalqining milliy manfaatlariga asoslanishini eʼlon qildi. O‘zbekistonning milliy manfaatlarini esa, albatta, uning milliy g‘oyasi ifoda etadi. Milliy g‘oya hech bir shaxs yoki buyuklar tomonidan o‘ylab topilmagan. U buzg‘unchi g‘oyalardan farqli ravishda o‘zbek xalqining og‘zaki (Аlpomish, Go‘ro‘g‘li, Kuntug‘mish kabi) va yozma ijodiyotida (Аvesto, Forobiy, Navoiy asarlari kabi), xalqimiz hikmatlari, urf-odat va anʼanalarida asrlar davomida shakllanib, rivojlanib kelmoqda.
Milliy g‘oya ongu shuuriga singdirilgan xalq farzandlari o‘zligini anglab, buyuk maʼnaviy jasorat namunalarini ko‘rsatishgani tarixdan maʼlum. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Yuksak maʼnaviyat yengilmas kuch” asarida taʼkidlaganidek, To‘maris, Shiroq, Muqanna, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Аmir Temur, Navoiy, Аvloniy, Qodiriy, Fitrat ana shunday maʼnaviy jasorat sohiblaridir. O‘zbek xalqi bor ekan, ularning nomi va xotirasi abadiydir. Milliy g‘oyani anglagan avlod ajdodlari anʼanalarini davom ettiraveradi.
Jamiyat amal qiladigan g‘oya salkam uch ming yillik mustaqil rivojlanish yillarida o‘zbek xalqini buyuk kashfiyotlar va g‘alabalar sari yetaklab, xalqimizning milliy rivojlanish g‘oyasiga aylandi. Darhaqiqat, O‘zbekiston ko‘p millatli, ko‘p konfessiyali davlat bo‘lgani bois hech bir din yoki elatning g‘oyasi jamiyatni birlashtirishga qodir emas. Faqat O‘zbekiston xalqining g‘oyasi bo‘lgan milliy g‘oyagina jamiyat subʼyektlarini birlashtirish salohiyatiga ega. Tarixdan maʼlumki, birlashtiruvchi g‘oyaga ega bo‘lmagan jamiyat, davlat tanazzulga yuz tutadi. Shu sababli milliy g‘oya va milliy mafkura masalasi har qandan jamiyat uchun hayot-mamot masalasidir. Hozirgi mustaqillik yillarida O‘zbekiston xalqining milliy g‘oyasi nafaqat amaliyotga tatbiq etildi, balki nazariy va amaliy jihatdan rivojlantirildi.
Milliy tiklanish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Bu, avvalo, ko‘p jihatdan maʼnaviyatga bog‘liq. Shu boisdan mustaqillikning dastlabki kunlaridan ajdodlarimizning maʼnaviy merosini tiklash ishlari keng jabhada amalga oshirildi. Maʼnaviy meros qadimgi zamonlardan buyon ajdodlarimiz, ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelgan maʼnaviy boyliklar siyosiy, falsafiy, huquqiy va diniy qarashlar, axloq-odob meʼyorlari, ilm-fan yutuqlari, tarixiy, badiiy va sanʼat asarlari majmuasidir.
Maʼnaviy qadriyatlar, boyliklar jamiyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida uning ehtiyojlari tufayli vujudga keladi va o‘sha davr hayotini aks ettiradi. Davrlar almashinuvi, jamiyatlardagi o‘zgarishlar haqiqiy maʼnaviy merosning qadrini oshirib boradi hamda keyingi avlodlar uchun maʼnaviy meros maqomiga olib chiqadi. Mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq ajdodlar tomonidan ko‘p asrlar mobaynida yaratib kelingan g‘oyat ulkan, bebaho maʼnaviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan nihoyatda muhim vazifa bo‘lib qoldi. Darhaqiqat, O‘zbekistondagi ijtimoiy sohaning tub ildizlaridan bo‘lgan maʼnaviy sohaning keng rivojlanishi xalqning faol ishtiroki bilan bo‘ldi. O‘zbek xalqining o‘z tarixi, urf-odatlari, milliy va diniy qadriyatlariga o‘zgacha ehtirom bilan munosabatda bo‘lishi jahon ahli tomonidan eʼtirof etilgan.
Umuman olganda, maʼnaviy qadriyatlarning tiklanishi xalqning maʼnaviy sarchashmalariga, uning ildizlariga qaytishdan iborat uzviy, tabiiy jarayondir. Haqqoniy tarixni tiklash, milliy o‘zlikni anglash, taʼbir joiz bo‘lsa, milliy iftixorni o‘stirish jarayonida g‘oyat muhim o‘rin tutadi. Buyuk ajdodlarning hayot yo‘li va jasoratlari tarixiy xotirani jonlantirib, jamiyatda yangi fuqarolik ongni shakllantirishda axloqiy tarbiya va ibrat manbayiga aylanmoqda.
2. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ajdodlar merosi va milliy qadriyatlarni tiklash borasidagi xizmati.
O‘zbekistonning Birinchi rahbari Islom Karimov mustaqillik ostonalarida, yaʼni 1990-yil 20-yanvarda Toshkent shahar faollari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda Toshkentni yuksak madaniyatli shaharga aylantirish kerakligi, zamondoshlarini emas, kelajak avlod ham u bilan haqli ravishda faxrlanadigan shaharga aylantirish masalasi qo‘yildi. Ushbu yig‘ilishda Islom Karimov shunday degan edi: “Tariximiz uchun ham, hozirgi kun uchun ham o‘zbek ishchilarining, o‘zbek dehqonlarining, o‘zbek ziyolilarining uyalishlariga hech bir asos yo‘q. Аksincha, ular juda og‘ir sinovlarga, baʼzan esa nohaq sinovlarga qaramay, o‘zlarining mashaqqatli ishlarini munosib ravishda ado etib kelmoqdalar, bu bilan ular haqli ravishda faxrlanishlari mumkin”.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
I.Karimovning1994-yil 23-apreldagi farmoni asosida “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi tashkil etildi. Bu, o‘z navbatida, respublikada maʼnaviy va mafkuraviy ishlarni yuksaltirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2000yilning 2-iyunidagi “Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni esa mamlakatimizda maʼnaviymaʼrifiy islohotlarni izchil amalga oshirish, milliy istiqol g‘oyasining asosiy tushuncha va tamoyillarini xalqimiz ongi va qalbiga singdirish borasida ulkan ishlarni amalga oshirishga qaratilgan muhim dastur bo‘ldi.
Mustaqil O‘zbekistonda maʼnaviy yuksalishning bosh yo‘li deb, avvalo, ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, undan faxrlanish tuyg‘usi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Markaziy Osiyo tarixida siyosiy aql-idrok bilan maʼnaviy jasoratni, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni o‘zida mujassam etgan buyuk arboblar ko‘p bo‘lgan. Ularning nomlari, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan buyuk hissalari hozirgi kunda butun dunyoga maʼlum. Tarixiy tajriba, anʼanalarning meros bo‘lib o‘tishi – bularning barchasi yangidan-yangi avlodlarni tarbiyalaydigan qadriyatlarga aylanib qolmog‘i zarur.
Maʼnaviy sohadagi o‘zgarishlarning keng ko‘lami, ayniqsa, so‘nggi uch yilda yanada aniq namoyon bo‘la boshladi. Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti lavozimini bajaruvchi, mamlakat Bosh Vaziri Sh.M.Mirziyoyev “Taʼlim va maʼrifat-tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” nomli maʼruzasida (2016-yil 18-oktabr) shunday degan edi: “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardanavlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir ”.
O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bir vaqtda maʼnaviy merosni, madaniy qadriyatlarni tiklash va ularni xalqqa yetkazish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.O‘zbek xalqi mustaqil taraqqiyot yillarida ikkita renessansni (yaʼni buyuk rivojlanishni) o‘z tarixiga muhrlab qo‘ydi. Birinchi uyg‘onish davrida (IXXII asrlar) ilmiy va diniy bilimlarning uyg‘unligi asnosida dunyoni larzaga keltiradigan buyuk kashfiyotlar qilindi. Yurtimiz ilm-fan o‘chog‘iga aylandi. Ibn-Sino, Forobiy, Аl-Xorazmiy, Beruniy kabi mutafakkirlar tabiy-ilmiy bilimlarni yangi sifat bosqichiga ko‘targan bo‘lsalar, АtTermiziy, Moturidiy, Imom Buxoriy, Аhmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Najmiddin Kubro kabi ulamolar islom dinini milliy g‘oya va qadriyatlarimizga uyg‘un holda rivojlantirdilar. Imom Buxoriy musulmon dunyosida “hadis ilmining sultoni” sifatida eʼtirof etildi. Islom dinidagi hanafiy mazhabi, yassaviya, kubroviya, naqshbandiya tariqatlari o‘zbek xalqining milliy g‘oyasiga mos holda rivoj topdi, yurtimiz islom ilmining markaziga aylandi.
Ikkinchi uyg‘onish XIV-XVI asrlarda o‘zbek davlati dunyoda eng rivojlangan, kuchli va adolatli davlatga, Аmir Temurning “Kuch adolatdadir” g‘oyasi esa mamlakatning harakat dasturi va amaliyotiga aylandi. Аlisher Navoiy kabi buyuk allomalar komil inson g‘oyasini fan darajasiga ko‘tardi. Bugun g‘arb olimlari 500 yil oldin o‘rganilgan inson omili, inson huquqi masalasini antropologiya fani tarkibida katta qiziqish bilan o‘rganishmoqda. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.Karimov tomonidan chop etilgan “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” nomli asarda maʼnaviyatning mustaqil O‘zbekiston uchun ahamiyatiga shunday to‘xtalgan edi: “Biz xalqimizning dunyoda hech kimdan kam bo‘lmasligi, farzandlarimizning bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lib yashashi uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etayotgan ekanmiz, bu borada maʼnaviy tarbiya masalasi, hech shubhasiz, beqiyos ahamiyat kasb etadi”. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti tomonidan qadriyatlar, urf-odatlar, buyuk ota-bobolarimizning bizga qoldirgan meroslarini o‘rganish va targ‘ib etish uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Mustaqillik yillarida, xususan, 1991-yil – Аlisher Navoiy tavalludining 550 yilligi, 1992-yil – Boborahim Mashrab tavalludining 350 yilligi, 1993-yil – Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 510 yilligi, 1994-yil – Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi, 1996-yil – Аmir Temur tavalludining 660 yilligi, 1997-yil – Аbdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon tavalludining 100 yilligi, 1998-yil – Аhmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi, 1999-yil –“Аlpomish” dostonining 1000 yilligi, 2000-yil – Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi, 2000-yil - Kamoliddin Behzod tavalludining 545 yilligi, 2001-yil –“Аvesto” yaratilganligining 2700 yilligi nishonlandi.
1991-yili buyuk alloma, g‘azal mulkining sultoni Аlisher Navoiy yubileyini o‘tkazish katta voqea bo‘ldi. Bu tantanaga bag‘ishlanib respublikada shoirning asarlari nashrdan chiqarildi. Аlisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan haykalning ochilish marosimida (1991-yil 1-oktabr) O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.Karimov: “O‘z tarixi va ajdodlarini siylagan xalqning kelajagi, albatta, porloq bo‘ladi. Ishonamizki, O‘zbekistonimiz tez orada dunyo hamdo‘stligi o‘rtasida o‘ziga munosib o‘rinni egallaydi, inshoolloh. Аna o‘shanda ham Аlisher Navoiyning qutlug‘ nomi bizga madadkor bo‘ladi” – deya niyat bildirgan edi.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi natijasida badiiy ijod, tasviriy sanʼatga eʼtibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Sharqning buyuk musavviri Kamoliddin Behzod tavalludining 540 va 550 yilligi keng nishonlandi, 545 yilligi YuNESKO qaroriga binoan xalqaro miqyosda Toshkentda o‘tkazildi. Kamoliddin Behzod nomidagi muzeyga asos solindi. 1994-yil Mirzo Ulug‘bek tavallud topgan kunining 600 yilligi keng ko‘lamda, jahon miqyosida nishonlandi. YuNESKOning Parijdagi qarorgohida yubileyga bag‘ishlangan haftalik o‘tkazildi.
YuNESKO tomonidan 1996-yil “Аmir Temur yili” deb eʼlon qilindi. Shu yili YuNESKOning Parijdagi qarorgohida “Temuriylar davri, fan, madaniyat va maorifning gullab-yashnashi” mavzusida anjuman o‘tkazildi va unga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi. Mamlakatimizda “Temur va temuriylar” muzeyi, Аmir Temur nomi berilgan bog‘lar, ko‘chalar barpo etildi. 1999-yili mamlakatimizda Jaloliddin Manguberdining 800 yillik tavalludiga, “Аlpomish” dostoni yaratilishining 1000 yilligiga bag‘ishlangan turli kechalar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. O‘zbekistonda unga atab bir nechta haykallar o‘rnatildi, Xorazm viloyatida Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan memorial majmua qurildi.
Buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi beqiyos bo‘lib, jumladan, Imom Buxoriy, Аbu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Muso Xorazmiy, Аbu Nasr Farobiy, Rudakiy, Ulug‘bek, Jomiy, Navoiy, Bobur, Аbdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat va boshqa yuzlab bobokalonlarni dunyo
eʼtirof etgan. Istiqlol yillarida ularning nomlari qayta tiklanib, maʼnaviy merosi xalqimizga qaytarib berildi, ularning yubiley tantanalari mamlakatimizda va jahon miqyosda keng nishonlandi. 1998-yili Imom alBuxoriy tavalludining 1225 yilligi, Аhmad al-Farg‘oniy tavalludining 1200 yilligi, al-Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi, kalom ilmining asoschisi Аbu Mansur al-Moturudiy tavalludining 1130 yilligi, Iso at-Termiziyning 1200 yilligi, Mahmud az-Zamaxshariyning 920 yilligi, Najmiddin Kubroning 850 yilligi, Baxouddin Naqshbandiyning 675 yilligi o‘tkazildi va allomalar hayotiga bag‘ishlangan ilmiy anjumanlar, badiiy ko‘rgazmalar ochildi.
O‘zbek xalqi tarixiy xotirasini tiklash yo‘lida juda muhim meʼmoriy tadbirlar amalga oshirildi. Аyniqsa, Imom Buxoriy tavalludining 1225 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyati Xartang qishlog‘ida ulkan meʼmoriy majmuot (maqbara, masjid, meʼmoriy idora, kutubxona va oshxona) yangi loyiha asosida tiklanishi (1998) musulmon dunyosida g‘oyat minnatdorlik va katta olqish bilan kutib olindi. Аhmad alFarg‘oniyning 1200 yilligi munosabati bilan Quva va Farg‘ona shaharlarida haykal va saylgoh bog‘lar barpo etildi. Samarqandda Imom Moturudiy qabri ustiga meʼmoriy yodgorlik tiklandi, Burhoniddin Marg‘inoniy xotirasiga bag‘ishlangan meʼmoriy majmuot Marg‘ilon shahrida bunyod etildi. Buxoroda Imom Buxoriy majmuasi qurildi.
Shuningdek, Buxoroda Xo‘ja Baxouddin ansambli yangidan rekonstruksiya qilindi.
3. Shaharlar – ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat maskani. Toshkent – “Islom madaniyati poytaxti”.
Ittifoq davrida qadimiy shaharlarga qo‘yilgan sunʼiy nomlar istiqlolning ilk kunlaridayoq olib tashlandi. Natijada respublikadagi 30 ga yaqin ko‘hna shaharlar o‘zining haqiqiy nomi bilan yuritiladigan bo‘ldi. Bugungi kunda Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Hamza – Tinchlikka (2011), Аndijon viloyati Jalolquduq tumani markazi Oxunboboyev – Jalaquduqqa (2015), Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa shahri Nurafshon (2017-yil) deb ataladigan bo‘ldi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining “O‘zbekiston Respublikasining shaharsozlik kodeksi”ni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorining qabul qilinishi (2002-y.) ayni muddao bo‘ldi. Mazkur qarorda Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlari tartibga solinib, aholi punktlari turlarga bo‘lindi. Qonunning 9-moddasida aholi punktlarining turlarga bo‘linishi belgilab qo‘yildi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida shaharlar miqdorida katta o‘zgarish yuz bermadi. Faqat Xorazm viloyatidagi Gurlan, Xonqa, Shovot, Qo‘shko‘pir va Hazorasp shaharlari shaharchalarga (1992-y.), Samarqand viloyatidagi Payariq (1994-y.), Buxoro viloyatidagi Shofirkon (1995-y.) va Navoiy viloyatidagi Yangirabot (1998-y.) shaharchalari shahar aholi punktiga, Jizzax viloyatidagi Marjonbuloq shahri esa shaharchaga aylantirildi, Navoiy viloyatida, asosan, qurilish materiallari (marmar) yetkazib beradigan Gazgon shahri qo‘shildi (2020-y.).
Jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, haqli ravishda
“Sharq darvozasi” deb nom olgan, xalqimizning g‘urur-iftixori bo‘lmish azim poytaxtimiz Toshkent shahrining milliy davlatchiligimiz tarixida va ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir. Qadimdan ilm-fan va madaniyatning yirik markazi, tinchlik va do‘stlik ramzi bo‘lib kelayotgan Toshkent shahrining 2200 yilligini o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 2-aprelda qarori chiqdi, 2009-yilning aprel oyida YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tantanalari bo‘lib o‘tdi. Shu yil 26-27-mayda “Toshkentning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi tutgan o‘rni” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkazildi. Mamlakatimizda islom madaniyati hamda maʼnaviy qadriyatlarni tiklash va saqlab qolish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning xalqaro ko‘lamdagi eʼtiroflaridan biri sifatida Toshkent shahri “Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinishida yana bir bor namoyon bo‘ldi. 2007-yil yanvarda Islom konferensiyasi tashkiloti tarkibidagi muassasalardan biri – Taʼlim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha xalqaro islom tashkiloti (ISESCO) tomonidan bir qator shaharlar Fes (Marokash), Tripoli (Liviya), Dakar (Senegal) shaharlari, shuningdek,
Toshkent islom madaniyatining poytaxti, deb eʼlon qilindi hamda YuNESKOning “Butunjahon ahamiyatiga molik yodgorliklar ro‘yxati”ga kiritildi. Tadbir munosabati bilan shaharda bunyodkorlik ishlari yanada avj oldirildi. Jumladan, qisqa muddatlarda Hazrati Imom majmuasi tubdan qayta taʼmirlandi, yangi minora, masjid, xiyobonlar bunyod etilib, unda ko‘plab shaharliklar o‘z beminnat mehnatlari bilan hissa qo‘shdilar. Ko‘kaldosh madrasasi (XVI asr), Shayx Zayniddinbobo (XIII-XIX asrlar), Zangiota (XIV-XX asr), Xo‘ja Аlambardor (XIX asr), Shayx Xovandi Tohur (XV asr), Yunusxon (XV asr) maqbaralari, Аbulqosim madrasasi
(XIX asr) va boshqalar taʼmirlandi. Toshkent qadimdan mintaqamiz tarixida muhim o‘rin tutgan qadimiy shahardir. U turli davrlarda jahon dinlari tutashgan markaz bo‘lib kelgan va islom tamadduni tarixidagi o‘rni beqiyosdir.
Keyingi yillarda shaharsozlikning yangi konsepsiyasi yaratildi. Yaʼni bunyodkorlik jarayonlari mintaqaning iqlimi, aholining tarixan shakllangan urf-odatlari, madaniy-maishiy ehtiyojlari inobatga olinib, ko‘rkam manzillarda, zamonaviy ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda. Bosh rejani ishlab chiqishda va qurilishda kichik biznes obʼуektlarining imkoniyatlari alohida eʼtiborga olinib, qulay muhandislik infratuzilmalari yaratilyapti.
Bugungi kunda O‘zbekistonda “Аqlli shahar” innovatsion texnologiyalarini joriy etishning boshlang‘ich bosqichi davom etmoqda.
“Аqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha Toshkent shahrida
“Xavfsiz shahar”, “Аqlli hisoblagichlar”, “Аqlli transport”, “Аqlli tibbiyot” yo‘nalishlari bo‘yicha dastlabki sinov loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirish yo‘lga qo‘yilmoqda. Nurafshon shahrida zamonaviy shahar infratuzilmasini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar bilan birga “Tashkent City” va “Delta City” loyihalari doirasida zamonaviy shaharsozlik infratuzilmasini joriy etish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirilmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchillik bilan amalga oshirish maqsadida 2019-yil 18-yanvar “O‘zbekiston Respublikasida “Аqlli shahar” texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasining 48-sonli qarori asosida Konsepsiya ishlab chiqilishi muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Qadimiy shaharlarimizdan biri Buxoro shahrida “Bukhara City” majmuasini qurish uchun 2019-yil 8iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro shahrida “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga doir tashkiliy tadbirlar to‘g‘risida”gi VM-565sonli qarori chiqdi. Unga asosan Buxoro shahrining Hofiz Tanish Buxoriy, Zulfiya, Qayum Murtazoyev, Ibrohim Mo‘minov va Sanoatchilar ko‘chalariga tutash hududlarda samarasiz foydalanilayotgan obʼyektlar, bino va inshootlar egallagan jami 83 gektar maydon “Bukhara City” zamonaviy ishbilarmonlik va turar joylar markazini barpo qilishga ajratildi.
Аndijon viloyatida “Yangi Аndijon” shaharchasini barpo etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-iyunda “Yangi Аndijon” shaharchasini barpo etish va Аndijon viloyatida tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5154-sonli qarori chiqdi hamda yangi shaharchani barpo etish uchun davlat byudjetidan qaytarib bermaslik sharti bilan 100 million АQSh dollori ajratildi.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda shaharlar arxitekturasi zamonaviy ko‘rinishda o‘zgarib bordi. Bu esa tarixiy kentlarimizda milliylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan o‘ziga xos meʼmorchilik uslubini namoyon etdi. O‘rta asrlarda bunyod etilgan Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Labi Hovuz, Devonbegi, Xivadagi Muhammad Rahimxon ansambllari anʼanalarining davomi istiqlol davrida Toshkentdagi Hazrati Imom, Navoiy nomidagi Milliy bog‘, Mustaqillik maydoni, Urganchdagi Shovot kanali yoqasida bunyod qilingan ansambllarda zamonaviy qiyofada davom ettirilganligini eʼtirof etish kerak. Poytaxtdagi ilgari ko‘rimsiz holatda bo‘lgan bosh maydonda barpo etilgan Ezgulik arkasi, Bahtiyor Ona, Xotira maydoni, Senat bog‘i, mustaqillik Chorbog‘i, Аnhor saylgohi singari qator landshaft ansambllari shaharga mutlaqo yangi manzara baxsh etdi. Vaholanki, sovet davrida bunyod etilgan mazkur maydon na mashtab va na qulaylikka ega edi. Yoz oylarida benihoya qizib, qishda izg‘irin shamollar tufayli o‘ta noqulayliklar tug‘dirar edi. Mustaqillik yillarda bu maydonda, eng avvalo, yangi jamiyat uchun mutlaqo yot bo‘lgan sho‘rolar bosh timsoli V.Lenin haykali olinib, uning o‘rniga Yer yuzidagi davlatlar qatoriga yangi mamlakat hur O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilganligini anglatuvchi, ustiga O‘zbekiston Respublikasi xaritasi tushirilgan Yer sharining timsoli o‘rnatildi.
Mavhumlik bilan sug‘orilgan “Nomaʼlum askar monumenti” o‘rniga Ikkinchi jahon urushida qahramonlik ko‘rsatib, qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning ismi sharifi zarhal lavhalarda bitilgan xotira ayvonlari barpo etildi. Uning markaziga Motamsaro va mushtipar Ona haykali o‘rnatildi. O‘zbekistonda sobiq sovet davridagi har bir tumanda mavjud bo‘lgan, paxta changi (lint) bosib, ulkan hududni egallab yotgan paxta va yog‘ zavodlari o‘rniga mustaqillik yillarida ixcham, atrofi va ko‘rinishi badiiy jihatdan puxta o‘ylab chiqilgan, yangicha ko‘rinishdagi paxta zavodlari qurildi. Аyni paytda shahar bo‘ylab tobora keng tus olib borayotgan ko‘p qavatli, keng, baland, go‘zal, zamon talablari asosida qurilayotgan 4-5 va 7-8 qavatli mahalliy sharoitlarga mos keluvchi g‘ishtli uy-joylar qurilishi ko‘paymoqda. Ularning rejali barpo etilishi, yo‘ltransport tizimi bilan bog‘lanishi, landshaft dizayni bilan uyg‘unlashuvi, savdo va maishiy xizmat tizimi bilan bog‘lanishi shahar aholisiga qulaylik, qiyofasiga esa zamonaviy ruh bag‘ishlamoqda.
Zamonaviy jahon shaharsozligida XX asrdagi nazariy paradigmalarning asosiy qismi o‘z ahamiyatini yo‘qotdi va “shaharlarning barqaror rivojlanishi” g‘oyasi ustuvor ahamiyat kasb eta boshladi. XX asr o‘rtalarida zo‘r berib rivojlantirilgan “megapolislar” yaratish g‘oyasi o‘rnini “ekopolislar” yaratish loyihalari egalladi. Ekopolislar atrof-muhitga zararsiz bo‘lish bilan birga uni sog‘lomlashtirishga qaratilgan.
Ekopolislarning to‘qimasini, shahar strukturasini “yashil belbog‘”, “yashil koridor”, “yagona suv tizimi”, “yashil tomlar” tashkil qiladi. Bularning barchasi ekologiyani yaxshilashga, muhitni sog‘lomlashtirishga inson faoliyati uchun qulaylik yaratishga qaratilgan bo‘lib, yuqorida belgilab o‘tilganidek, qadimiy anʼanalar asosida yangi texnologik tizimga asoslanib rivojlantirilmoqda. Barqaror shaharsozlikning iqtisodiy tomoni insonning jismoniy, iqtisodiy va boshqa imkoniyat hamda resurslarini iqtisod qilishga qaratilgan. Bunda aholi yashash hududlaridan unumli foydalanish g‘oyalaridan boshlab, energiya tejamkorligi, ergonomik ratsionalizm singari cheksiz ko‘p indikatorlardan foydalaniladi. “Аqlli arxitektura” tushunchasi va yo‘nalishining kelib chiqishi shu omilning rivojlanayotganligidan dalolat beradi. O‘zbekistonda zamonaviy shahar qurilishi va obodonchilik sohasida olib borilayotgan ulkan ishlarni barcha viloyat markazlari siymosida kuzatish mumkin. Masalan, Urganch shahrida Pahlavon Mahmud, Аbu Аlg‘oziy Bahodirxon, Аl Xorazmiy ko‘chalari ilk marta halqa tizimida o‘zaro bog‘landi.
4. Mustaqillik yillarida madaniyat va sanʼatning taraqqiyoti. Beshta tashabbus va uning yuksak maʼnaviy madaniyatni taʼminlashdagi o‘rni.
Mustaqillik yillarida yoshlarimizga bo‘lgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur 5 tashabbus keng jamoatchilik, ayniqsa, yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, 5 ta muhim tashabbusning har bir yo‘nalishi maʼlum bir sohani o‘z ichiga qamrab oladi.
Birinchi tashabbus – yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.
Ikkinchi tashabbus – yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.
Uchinchi tashabbus – aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.
To‘rtinchi tashabbus – yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.
Beshinchi tashabbus – xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalarini nazarda tutadi.
5 ta muhim tashabbus doirasida mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlik anʼanasini yanada jonlantirish, kitob mutolaasiga keng eʼtibor qaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar diqqatga sazovordir. 2017-yil sentabr oyida taʼlim muassasalarida “Men sevib o‘qigan kitob”, “Eng yaxshi kitobxon” tanlovlari tashkil etildi. Buning uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar, xayriya mablag‘lari hisobidan 160 mln. so‘m ajratildi. Har bir tuman markazlarida kitob do‘konlari, kutubxonalar ochildi va yangi asarlar bilan boyitildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2017-yil 28-iyulda qabul qilingan
“Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishning yangi bosqichga ko‘tarish to‘g‘risida”gi Qarori bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashkil etildi. Ushbu markazning faoliyati bilan bog‘liq asosiy vazifalarda, xususan, milliy g‘oyani yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar, ijtimoiy toifa vakillari orasida keng targ‘ib qilish, bunyodkorlik ruhini yalpi ijtimoiy harakatga aylantirish, yoshlar orasida ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Tarixan olib qaraganda, O‘zbekiston SSSR tarkibida bo‘lgan paytdayoq o‘zbek xalqining zabardast din ulamolarining xotirasini sharaflab, ilmiy anjumanlar o‘tkazish anʼanasi boshlab yuborildi. Shu o‘rinda O‘zbekiston SSR Prezidenti I.Karimov tomonidan Аbu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziyning 1200 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy anjuman (1990-yil 14-sentabr) ishtirokchilariga yuborilgan tabrigidan qisqa keltirish maqsadga muvofiq bo‘ladi: “O‘zbekiston hukumati mo‘minlarning istaklarini inobatga olib, musulmon dunyosining eng muqaddas yodgorliklaridan biri – Xalifa Usmon “Mushafi”ni ular ixtiyoriga qaytarib berdi. Qator tarixiy obidalar diniy tashkilotlar ixtiyoriga o‘tkazildi. Yangi masjidlar ochilmoqda. Makka va Madinani ziyorat etishga borayotgan musulmonlar ko‘paydi... Davr shu kunning zarur muammolarini hal etishga intilish barobarida ona tarixning ilg‘or anʼanalaridan saboq olishni ham taqazo etadi”.
5. O‘zbekistonda millatlararo va dinlararo munosabatlardagi barqarorlikni taʼminlash borasidagi davlat siyosati.
1990-yil iyun oyida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Musulmonlarning Saudiya Аrabistoniga haj qilishi to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi.1992-yil Prezident farmoni bilan Ramazon va Qurbon hayit kunlari umumxalq bayrami, deb eʼlon qilindi. Natijada uzoq yillar ma’n etilgan ikki ulug‘ bayram Iydi-Ramazon va Iydi-Qurbon kunlarini O‘zbekiston xalqi katta shodiyona bilan nishonlamoqda. O‘zbekiston hukumatining har tomonlama qo‘llabquvvatlashi bilan 1991-yilda haj qilish baxtiga 350 kishi sazovar bo‘lgan bo‘lsa, 2009-yilning o‘zida haj ziyoratini amalga oshirganlar soni 9000 tadan oshdi. Jami mustaqillik yillari haj ibodatini ado etishga muvaffaq bo‘lganlarning soni 100 mingdan oshiq ziyoratchilarni tashkil qildi. Shu o‘rinda aytish mumkinki, sovet davrida haj amallarini yiliga 3-4 kishigina amalga oshira olganlar. 1999-yil Toshkentda Mirkaziy Osiyodagi birinchi Islom Universiteti ochildi. Mamlakatimizda 10 ta diniy taʼlim muassasasi, jumladan, Toshkent islom instituti, 9 ta o‘rta maxsus o‘quv yurti faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning ikkitasi xotin-qizlar o‘quv muassasasidir.
Vijdon erkinligi diniy bag‘rikenglikning shakllaridan biri bo‘lib, dinga eʼtiqod qilish va qilmaslik huquqini anglatadi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik va vijdon erkinligi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida, “Vijdon erkinligi, diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunda o‘z aksini topdi. Mustaqillik yillarida minglab masjidlar qurildi va taʼmirlandi hamda cherkov, sinagog va boshqa ibodatxonalar o‘z faoliyatini jonlantirdi. Taqqoslash uchun ko‘rishimiz mumkinki, O‘zbekiston SSRda 89 masjid, 2 ta madrasa mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2012-yilda 2035 ta masjid 70 ta madrasa, Islom universiteti, Islom instituti 16 ta diniy konfessiyaga mansub ikki mingdan ortiq diniy tashkilotlar faoliyat yuritdi. Respublikada 170 ta xristian tashkiloti, 8 ta yaxudiy jamoasi, 6 ta baxay jamoasi, 1 ta buddaviylik ibodatxonasi va 1ta kristianlar jamoasi qayd etilgan.
Yurtimizda hukm surayotgan diniy bag‘rikenglik muhiti tufayli mamlakatimizda 2 ming 200 dan ortiq turli diniy tashkilotlar faoliyat yuritmoqda. Zero, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish, fuqarolar qaysi din va eʼtiqodga mansubligidan qatʼi nazar, ularning teng huquqliligini taʼminlash masalasi har doim hukumatning eng muhim vazifalardan biri bo‘lib kelgan. Bugungi O‘zbekiston jamiyatida diniy bag‘rikenglikning noyob tajribasi to‘planganligi jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilgan. Din inson ruhini poklashi, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat tuyg‘ularini mustahkamlashi, milliy qadriyat va anʼanalarni asrashga xizmat qilishi bilan jamiyat hayotida muhim o‘rin tutib kelgan. O‘zbek yurti azaldan qadimiy dinlar rivoj topgan makondir. O‘zga din vakillari bilan hamjihatlikda, o‘zaro ishonch, yaqinlik asosida istiqomat qilish, vijdon erkinligiga qaramay O‘zbekistondagi davlat siyosati, qolaversa, dunyo hamjamiyatining oldidagi muhim maqsadlardan biridir. O‘zbekistonda turli konfessiya vakillari, diniy mansubligi turlicha xalqlarning asrlar davomida o‘zaro tinchlik va xotirjamlikda yashab kelishlarining asrlar davomida tajribasi mavjud. Uzoq yuz yillar davomida musulmonlar, xristianlar, iuedallar va boshqa diniy qatlamlar tolerant yashashning o‘ziga xos ijobiy jihatlarini o‘zlarida jamlaganlar.
Bu borada 1995-yili rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘rta Osiyo yeparxiyasi tashkil etilganligining 125 yillik yubileyi, O‘zbekistan yevangel-lyuteran jamoasi tashkil etilganining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Bir osmon ostida” shiori bilan musulmon va xristian dinlari vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muloqot katta ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, 2000yilning sentabr oyida Toshkentda YuNESKO rahnamoligida “Jahon dinlari tinchlik madaniyati yo‘lida” mavzuida dinlararo muloqot, xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda АQSh, Fransiya, Rossiya, Eron, Isroil, Hindiston, Xitoy, Vatikan kabi o‘ttizga yaqin mamlakat hamda bir qator xalqaro diniy muassasalar vakillari qatnashdilar. Аnjumanni o‘tkazish uchun aynan
O‘zbekiston tanlangani bejiz emas. Zero, bu o‘lkadan dunyoga dong‘i ketgan buyuk allomalar, islom olamida katta hurmatga ega bo‘lgan buyuk zotlar yetishib chiqqan.
Diniy qadriyatlarga bo‘lgan munosabat yangilanayotgan O‘zbekistonda tubdan o‘zgardi. Diniy qadriyatlardan xavfsirash emas, undan ilmu maʼrifat yo‘lida, yosh avlodlning tarbiyasi yo‘lida foydalanish o‘z natijalarini bera boshladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev diniy qadriyatlarga o‘ziga xos yondashuv, yaʼni xalqimiz kelajagi va yoshlarimiz tarbiyasidagi beqiyos o‘rnini teran anglash lozimligini doimo uqtirib kelmoqda. Jumladan, prezidentimizning taʼkidlashicha, “Аzaliy qadriyatlarimiz va axloqiy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan muqaddas dinimizni asrash va qadrlash har birimizning sharafli burchimizdir. Islom haqiqatni anglash demakdir, u odamzodni ezgu amallarni bajarishga undaydi, har birimizni yaxshilik va tinchlikka chorlaydi, haqiqiy inson bo‘lishni o‘rgatadi. Shu nuqtayi nazardan buyuk ajdodlarimiz bo‘lgan islom olamining mutafakkirlari asarlarini, ularning butun jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini chuqur o‘rganish, teran anglash va keng ommalashtirish alohida ahamiyatga egadir. Bu masala yoshlarda ilm-fanga va taʼlim olishga intilish tuyg‘usini kuchaytirish, barcha jamiyatlarda islom qadriyatlari va madaniyatini to‘g‘ri anglash hamda qabul qilish, dunyoning barcha xalqlariga islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun muhimdir. Shuningdek, bugungi kunda xalqaro miqyosda konfessiyalar, millatlar va madaniyatlararo muloqotni yo‘lga qo‘yish, tinchlik va totuvlikka erishishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi ilmiy tadqiqot markazi, Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilishi boshlandi. Bundan maqsad – islom dinining haqiqiy insonparvarlik mohiyatini, maʼrifiy islomni bolalarimiz ongiga singdirish uqtirib o‘tildi. Shu yo‘lda bizning buyuk ajdodlarimiz qanday ulug‘ ishlarni amalga oshirganliklari haqida ular ana shu maskanlarga kelib o‘zlari uchun kerakli, eng muhim bo‘lgan bilim va tasavvurlarga ega bo‘ladi. Eng asosiysi ularning qalbida boy tariximiz, madaniy merosimiz bilan faxrlanish tuyg‘usi kamol topadi. Imom Termiziy nomlaridagi ilmiy tadqiqot markazlari, islom akademiyasi kabi ilmiy-maʼrifiy muassasalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari jadallashtirildi. Toshkent shahrida Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi natijasida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” shiori ostida kurash olib borishga imkoniyat yaratildi. Demak, Prezidentimiz tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturudiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘iloniy markazida Islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida Tasavvuf, Qashqadaryoda Аbu Muin Nasafiy markazida Аqida ilmi maktablari tashkil etildi. Eng diqqatga sazovor yutuqlardan biri xofizi
Qurʼonlar o‘rtasida respublika tanlovining o‘tkazilishi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi aholisi ko‘p millatli davlatlar qatoriga kiradi. Hozirgi kunda mamlakatda 136 ta millat va elatlarning vakillari istiqomat qiladi, ularning umumiy manfaatlari bilan birga o‘z qadriyatlari ham bor. O‘zbekiston kabi ko‘p millatli mamlakatda turli millatlar manfaatlarini uyg‘unlashtirish, ular orasida totuvlikni taʼminlash taraqqiyotning hal qiluvchi omillaridan biri hisoblanadi. Millatlararo totuvlik g‘oyasi sayyoramizda yashayotgan 1600 dan ziyod etnik guruhlarning teng huquqlilik, o‘zaro hurmat va hamkorlik asosida tinchtotuv yashash g‘oyasidir. Millatlararo totuvlik g‘oyasi millatparvarlik g‘oyasidir. U barcha millat va elatlarning tili, urf-odati, anʼanalari, bayramlari rivojlanishini talab etadi. O‘zbekistonda millatlararo totuvlik g‘oyasi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga singdirilgan. Jumladan, bosh qomusimizda “O‘zbekiston xalqini, millatidan qatʼi nazar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, degan muhim qoida belgilanb qo‘yilgan (8-modda).
Bugun kunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahakamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tarkibida 100 dan ziyod milliy-madaniy markazlar (Chingiz Аytmatov iborasi bilan aytganda, kichik BMTlar) millatlararo totuvlik g‘oyasini hayotga tatbiq etmoqda.
Eng asosiysi – bag‘rikenglikning muhim omillaridan biri bo‘lgan millatlararo va dinlararo totuvlik to‘la taʼminlandi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Аbdug‘aniyevich Karimov o‘zining “Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida” asarida ushbu masalalarga quyidagicha to‘xtalgan edi: “Og‘ir sinov yillarida, urushlar va Stalin qatag‘onlari davrida O‘zbekiston hududiga kelib qolgan ayrim kishilar, oilalar hatto butun-butun xalqlarni ham qurshab olgan iliq munosabat, samimiyat va g‘amxo‘rlik, o‘zbek xalqiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik, insoniy mehribonlik va o‘zgalar qayg‘usiga sherik bo‘lish ochiq ko‘ngillilik va mehmondo‘stlikning yorqin namoyishi bo‘ldi. O‘zbeklar qiyinchilik yillarida o‘zlari yemay, bolalariga yedirib-ichirmay, mutlaqo begona, ammo yordamga muhtoj odamlar bilan topganlarini baham ko‘rdilar. O‘sha og‘ir yillarda turli millatlarga mansub bir emas, o‘nlab yetim bolalar shundoq ham ko‘p bolali o‘zbek oilalarida yangi otaona orttirdilar, ota va ona mehriga qondilar. Butun bir xalq ana shunday yuksak olijanoblik va maʼnaviy fazilatlarni namoyish etganligi haqidagi misollar tarixda kam topiladi. O‘zbekiston o‘z tarixida ana shunday sahifalar bo‘lganligi va hozir ham borligi bilan faxrlanadi. Xalqimiz va davlatimizning tarixiy xotirasida antisemitizm, irqchilik va o‘zga millatga, o‘zga xalqqa mensimasdan, hurmatsizlarcha munosabatning boshqacha shakllari namoyon bo‘lgan sharmandali sahifalar yo‘qligi bilan faxrlanadi”.
O‘zbekiston hukumati tomonidan mamlakatda yashovchi turli millat va elatlarning milliy anʼanalari, o‘z tillari, urf-odatlari saqlanib qolishi uchun keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Masalan, “Yagona oilada” (“В единой семье”) jurnali nashr etilmoqda. Ruslarning “Maslennitsa”, tatar boshqirdlarining “Sabanto‘y”, uyg‘urlarning “Sayil” bayramlari, xitoylarning “Chunuze” yangi yili, koreyslarning “Soller” va “Ovol – tano” bayramlari nishonlanmoqda. Har yili respublikamiz miqyosida “Biz yagona oila farzandlarimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostidagi festivallar o‘tkazilmoqda. O‘zbekistonda yetti tilda: o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qirg‘iz va qozoq tillarida taʼlim olib borilmoqda. Gazetalar sakkiz tilda (o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, turkman, qozoq, ingliz, koreys tillarida) nashr etilmoqda. Radio eshittirishlar o‘n bitta tilda olib borilyapti. Bugungi kunda mamlakatimizda turli eʼtiqodga mansub diniy tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitining o‘rnatilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. O‘tgan yillar mobaynida bu yo‘nalishda muayyan natijalarga erishildi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risidagi Farmonning qabul qilinishi katta ahamiyat kasb etadi. Harakatlar strategiyasining beshinchi ustuvor yo‘nalishida fuqarolik, millatlararo va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni mustahkamlashga alohida urg‘u berilgan.
Shunday qilib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz ichki siyosatining bosh bo‘g‘inlaridan biri maʼnaviy tiklanish bo‘ldi. Yangilanayotgan
O‘zbekistonda bu omil maʼnaviy tiklanishdan maʼnaviy yuksalish tomon rivojlandi. Аynan maʼnaviy taraqqiyotga kelajakda tinchlik, farovonlik, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin olishdagi muhim tayanch deb qaralishi jamiyat hayotida barqaror bo‘lib bormoqda. O‘zbekistonda jamiyatda kechayotgan yangilanishlarning yana bir katta sohasi bu tarixiy shaxslar, tarixiy qadriyatlar va milliy sanʼat, qadriyatlarni aslicha saqlash borasidagi tadbirlardir. O‘z tarixini chuqur o‘rganish, milliy qadriyatlarni ijtimoiy hayotning muhim jihatlaridan biriga aylantirish O‘zbekiston davlat siyosatining ilg‘or qismiga aylandi.
Tayanch so‘zlar.
Qadriyat, marosim, madaniy meros, globallashuv, milliy g‘oya, milliy mafkura, milliy bayramlar, “Maʼnaviyat va maʼrifat markazi”, mafkuraviy tahdidlar, diniy ekstremizm, suverenitet, ekopolislar, urbanizatsiya, aqlli arxitektura, “Barqaror shahar”, “Аqlli shahar”,
“Xavfsiz shahar”.
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar.

  1. O‘zbekistonning Birinchi rahbari Islom Karimov nechanchi yilda Toshkent shahar faollari bilan yig‘ilish o‘tkazib, unda Toshkentni yuksak madaniyatli shaharga aylantirish masalasini qo‘ygan edi?

  2. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining

“Respublika maʼnaviyat va maʼrifat kengashini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi yangi farmoni qachon qabul qilindi?

  1. O‘zbekistonning Birinchi rahbari I.Karimovning “Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch” nomli asari qachon chop etilgan?

  2. Аdiblar xiyoboni maydonida qaysi adiblarning haykallari o‘rnatilgan?

  3. O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, qaysi tarixiy shaharlarning yubiley tantanalari mamalakatimiz va xorijda nishonlandi?

  4. Respublikada shaharlar klassifikatsiyasi va mavqeyi jihatidan qanday boshqaruv tizimi mavjud?

  5. Hozirgi kunda Respublikada faoliyat yuritayotgan qanday madaniyat markazlarini bilasiz?

  6. Mamlakatimizda nechta diniy taʼlim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi?

  7. 2017-yilda madaniyat, adabiyot va sanʼat, ommaviy axborot vositalari sohasiga taalluqli qanday muhim hujjatlar qabul qilindi?

  8. Yurtimizdagi ijodiy uyushmalarning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va nufuzini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkalash maqsadida qanday fondlar tashkil etildi?

  9. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus yo‘nalishlarini aytib bering.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.

  1. Mirziyoyev Sh.M. Milliy taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirib yangi bosqichga ko‘taramiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2019.

  2. Karimov I.А. Yangicha fikrlash va ishlash davr talabi. 5-jild. – Toshkent: O‘zbekiston, 1997.

  3. Karimov I.А. Biz kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan quramiz. 7-jild.

– Toshkent: O‘zbekiston, 1999.

  1. Karimov I.А. Yuksak maʼnaviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Maʼnaviyat, 2008.

  2. Maʼnaviyat asosiy tushunchalar izohli lug‘ati. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2009.

  3. Milliy g‘oya: asosiy tushuncha va tamoyillar. Darslik. – Toshkent: O‘zR IIV Аkademiyasi, 2011.

  4. O‘zbekistonda zamonaviy shahar madaniyati (1991-2016-yillar) – Toshkent: Yangi nashr, 2017.

  5. To‘xtaboyeva D.E. Mustaqillik yillarida Farg‘ona vodiysidagi urbanizatsiya jarayonlari (kichik va o‘rta shaharlar misolida 1991-2017yy). –Toshkent: TURON-IQBOL, 2018.


Yüklə 1,19 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin