11-MAVZU. O‘ZBEKISTON VA JAHON HAMJAMIYATI. Reja:
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor tamoyillari.
O‘zbekiston Respublikasining BMTga aʼzo bo‘lishi hamda jahon hamjamiyatidagi o‘rni hamda nufuzining ortib borishi.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan istiqbolli hamkorligi.
O‘zbekistonning ShHT bilan aloqalari.
O‘zbekistonning MDHdagi o‘rni va Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari.
O‘zbekiston faol tashqi siyosatining yangi bosqichi.
1. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor tamoyillari.
XX asrning oxirgi o‘n yilligi insoniyat tarixiga buyuk o‘zgarishlar davri bo‘lib kirdi, chunki yer yuzida vaziyat, kuchlar nisbati keskin o‘zgarib, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan SSSR va АQSh yetakchilik qilgan ikki ijtimoiy-siyosiy tuzum, ikki harbiy-siyosiy blok barham topdi. Sotsialistik tuzum yemirilishi bilvosita butun mamlakatlar taqdiriga taʼsir etdi. Dunyo yangilanishi jarayonida har bir davlat o‘z taraqqiyot ko‘lami bilan jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olish uchun harakat boshladi.
Shular qatori O‘zbekiston ham jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olish maqsadida o‘zining ijtimoiy-siyosiy yangilanish dasturini ishlab chiqdi.
O‘zbekistonning o‘z taraqqiyot istiqbollari uchun qulay jo‘g‘rofiy-siyosiy imkoniyatlarga ega ekanligi ham mustaqil tashqi siyosat yuritish, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin olish uchun imkon berdi. Xususan,
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘rni, bu hududda istiqomat qiladigan xalqlarning qadimdan hamfikr bo‘lib kelgani Markaziy Osiyo mintaqasida tashqi siyosat yuritishda ijtimoiy zarurat hisoblanib kelinmoqda.
Maʼlumki, sobiq ittifoq davrida O‘zbekiston tashqi siyosatda boshqa davlatlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa qilish imkonidan mahrum bo‘lib, respublikaning o‘rni faqat qog‘ozlarda federatsiya subʼyekti sifatida mustahkamlangan edi, xolos. O‘zbekiston o‘z imkoniyatlarini dunyo miqyosida ko‘rsatishdan ajrab qolgan, xorij bilan xalqaro aloqalar faqat markazning ruxsati bilan amalga oshirilar edi.
Istiqlolning dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekistonda xalqaro tashkilotlarning faoliyatini o‘rganish, xorijiy davlatlar bilan diplomatik, turistik aloqalarni yo‘lga qo‘yish va bu ishlarda faoliyat yuritish uchun yuqori malakali milliy kadrlar yetishtirish ehtiyoji kelib chiqdi. Shuni taʼkidlash kerakki, O‘zbekiston bu ishlarni rejali tarzda amalga oshirdi.
“Xalqaro hamjamiyatning to‘la huquqli aʼzosi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarda mustaqil davlat, xalqaro huquq subʼуekti sifatida qatnashadi, uning maqsadlari mustahkam tinchlik, qurolsizlanish, o‘z hududini qurol-yarog‘lardan holi qilish, yadroviy qurolni va boshqa ommaviy qirg‘in qurollarini yo‘qotish, suveren davlatlar o‘rtasidagi nizo va ziddiyatlarni hal etishda kuch ishlatish va tazyiqqa yo‘l qo‘ymaslikdan iborat”, – deb 1991-yil 31-avgustda Oliy Kengash VI sessiyasida qabul qilingan “Mustaqillik haqidagi Bayonot”da o‘z tashqi siyosatining asosiy yo‘lini belgilab olgan O‘zbekiston Respublikasi 1992yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 17-moddasida bu yo‘lni qonun bilan mustahkamladi. O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor tamoyillari quyidagilarni tashkil etadi:
milliy-davlat manfaatlarini ustun qo‘ygan holda tashqi
siyosatda davlatlarning suveren tengligini hisobga olish;
umumbashariy qadriyatlarni ustun qo‘ygan holda nizoli
mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish;
tashqi siyosatdagi teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlikni o‘rnatishda boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashmaslik;
barcha tinchliksevar davlatlar bilan tashqi aloqalarni
o‘rnatishga intilish;
xalqaro huquq normalarini tan olgan holda jahon
hamjamiyatida xalqaro talablarga rioya qilish;
tashqi siyosatda ko‘p tomonlama aloqalarni o‘rnatishda xalqaro tashkilotlar doirasida aloqalarni kengaytirish masalalari kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi butun jahon jamoatchiligi oldida xalqaro huquqning umumjahon eʼtirof etgan normalariga sodiqligini Konstitutsiya darajasida ham mustahkamladi. Xalqaro huquqning tamoyillari va normalarining butun bu majmui Konstitutsiyaga BMT Ustavidan, Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasidan va inson huquqlariga oid boshqa xalqaro huquq bitimlardan, Xelsinki bitimi, Parij va Madrid xartiyalariga asoslandi. Shuningdek, asosiy qonunga kiritilgan qonunlarni rivojlantirish maqsadida “Diplomatik munosabatlarni o‘rganish tartibi”, “O‘zbekistonda
xalqaro shartnomalarni tuzish, ijro etish va bekor qilish” haqida aktlar ham qabul qilindi. Ularda tashqi siyosatning har tomonlama asoslangan tamoyillari o‘z aksini topdi.
Shu o‘rinda aytib o‘tmoq lozimki, bu tamoyillar yosh suveren davlatning asosiy tashqi siyosiy doktrinasini ifoda etish bilan birga davlatlararo munosabatlar yo‘nalishlarining rivojlanishi va keng doiradagi tashqi muammolarni hal qilish imkonini berdi. Mamlakatimizni jahon xalqlari tinchligi va xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosati uning jahon miqyosida mustaqil davlat sifatida tezda tan olinishini taʼminladi. O‘zbekiston Respublikasi o‘zining tashqi siyosatdagi yo‘nalishlarini demokratik prinsiplarga asoslangan holda olib borar ekan, 1991-yil dekabrdan 1992-yil iyul oyigacha bo‘lgan davr ichida respublikani 111 davlat, 2015-yilga qadar esa O‘zbekiston mustaqilligini 180 dan ortiq davlat tan oldi. 2018-yilga kelib, ular 134 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 138 ta mamlakat bilan diplomatik, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy aloqalar o‘rnatildi. Toshkentda АQSh, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Pokiston va boshqa rivojlangan mamlakatlarning elchixonalari ochildi.
Poytaxtda 44 ta davlat diplomatik missiyasi akkreditatsiyadan o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonda 88 ta xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning, 24 ta hukumatlararo va 13 ta nohukumat tashkilotlarning vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekistonning elchilari dunyodagi 46 ta davlatlarda faoliyat ko‘rsatmoqdalar.
Mustaqil O‘zbekiston tashqi siyosatining asosini ochiq-oydinlik, teng huquqlik, demokratik prinsiplariga sodiqlik, umuminsoniy qadriyatlarini ulug‘lash, respublika ijtimoiy hayotidagi demokratik jarayonga taʼsir qilish kabilar tashkil etadi va Respublika tashqi siyosati tinchlik va xavfsizlik uchun umumjahon eʼtirof etgan ochiq, yakdillik talablariga asoslanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro foydali munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor bo‘lib, asosiy tashqi siyosiy harakatlarini 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan eng muhim sohalarga qaratgan.
Mazkur hujjat mamlakatning tashqi siyosat sohasida quyidagi eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini shakllantiradi:
davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakatning xalqaro munosabatlarning to‘laqonli subʼyekti sifatida o‘rni va rolini yanada mustahkamlash, rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga kirish, O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlar mintaqasini yaratish;
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini mustahkamlash, dunyo hamjamiyatiga mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida obʼyektiv axborotni yetkazish;
O‘zbekiston tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatining meʼyoriy-huquqiy bazasini, shuningdek, xalqaro hamkorlikning shartnoma-huquqiy asoslarini takomillashtirish;
O‘zbekiston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini tartibga solish.
Umuman, O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari barqaror, adolatli va demokratik davlat qurishga, mamlakatning tashqi oshkoraligini ilgari surishga hamda regional va ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Mamlakat hozirgi tashqi siyosiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari Harakatlar strategiyasida ko‘rsatilgan vazifalar doirasida bo‘lib, xalqaro maydonda aloqalarni kengaytirishga yangi yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha amaliy qadamlarda o‘z aksini topmoqda.
Shu munosabat bilan Turkiya, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Аfg‘oniston, Qozog‘iston, Turkmaniston kabi dunyo mamlakatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir bir qator tegishli dasturiy hujjatlar ishlab chiqilgan va qabul qilingan, “yo‘l xaritalari” tasdiqlangan.
Oliy va yuqori darajalardagi tashriflar davomida mamlakatning milliy manfaatlariga javob beradigan hamda yaqin va uzoq xorijiy davlatlar bilan aloqalarni kengaytirishga qaratilgan faol, ochiq, pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosiy yo‘nalishni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tabiiyki, yangi ustuvor yo‘nalishlar va yondashuvlar tashqi siyosiy boshqarma tuzilishining tubdan isloh qilinishini talab etdi. Tashqi ishlar vazirligida yangi bo‘linmalar tashkil etildi, Belarus va O‘monda vakolatxonalar, Rossiya va Qozog‘istondagi shaharlarda bir qator bosh konsulliklar ochildi. Diplomatik faoliyatning iqtisodiy tarkibi kuchaytirildi.
Xalqaro maydondagi hamkorlik ilg‘or dunyo tajribasini o‘rganish, xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishga yordam berishi kerak, bu mamlakatda maksimal qulay amaliy va investitsion muhitni shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
Bu borada Respublika tashqi siyosiy strategiyasi xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni, ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish, mahalliy eksport geografiyasini kengaytirish sohasida yangi qirralarni ochdi.
O‘zbekistonning tashqi siyosat sohasidagi muhim ustuvor yo‘nalishi dunyoning yetakchi davlatlari va xalqaro tashkilotlari bilan strategik sheriklik hamda hamkorlikning muvozanatlangan tizimini shakllantirishdan iborat. Bunday yondashuv iqtisodiyotni modernizatsiyalash, barqarorlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash, Markaziy Osiyoda hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish vazifalarining samarali hal qilinishini taʼminlashga qaratilgan.
Bugungi kunga kelib O‘zbekiston Respublikasi milliy xavfsizligining tub manfaatlaridan kelib chiqqan holda uning tashqi siyosat sohasidagi saʼy-harakatlarining asosiy maqsadi davlat mustaqilligini mustahkamlashdan, mamlakatning xalqaro jabhada milliy maanfaatlarini ilgari surishdan, O‘zbekiston fuqorolari va yuridik shaxslarning haqhuquqlarini himoya qilishdan, tashqi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan, O‘zbekiston tevaragida xavfsizlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik makonini yaratishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan islohotlar natijasida vatanimizning tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatning yangilangan tashqi siyosati ochiq, do‘stona va pragmatik tamoyillarga asoslangan. Xususan, O‘zbekiston barcha xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlari va jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorligi xalqimiz va yurtimiz manfaatlaridan kelib chiqib belgilangan.
2. O‘zbekiston Respublikasining BMTga aʼzo bo‘lishi hamda jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzining ortib borishi.
1992-yil 2-martda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to-la huquqli subʼyekti sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo bo‘lib dunyo miqyosida tan olindi. Bu voqea Respublikaning mustaqil davlat sifatida xalqaro hamjamiyatda munosib o‘rin olishida ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi. 1993-yil fevral oyiga kelib Toshkentda BMT vakolatxonasi ochildi. Xolid Malik BMTning O‘zbekistondagi vakili etib tayinlandi.
O‘zbekiston BMTning to‘laqonli aʼzosi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yig‘ilishlarida ishtirok etishi bilan o‘zining xalqaro hamjamiyatga kirish jarayonini davom ettirdi. O‘zbekiston rahbariyatining dunyodagi global muammolarga jahon miqyosida eʼtiborini qaratishi O‘zbekistonning tashqi siyosatda tutgan aniq o‘rnini belgilab berdi. Chunonchi, 1993-yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh
Аssambleyasining 48-sessiyasidagi maʼruzasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.А.Karimovning ilgari surgan birinchi xalqaro tashabbusi O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi adolatparvar siyosatidan darak berdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.А.Karimov 1995yil BMTning ellik yilligi munosabati bilan Bosh Аssambleyaning maxsus tantanali yig‘ilishida so‘zlagan nutqida ham asosiy eʼtiborni bu tashkilotning faoliyatini yanada kengaytirish bilan bir qatorda yana mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik, ekstremizm, terrorizm, narkobiznesga qarshi kurash masalalariga qaratdi. Prezident muayyan “olovli nuqtalar” deb atalayotgan mintaqalarda birgalashib harakat qilib, tinchlik va barqarorlikka erishish lozimligi haqidagi aniq takliflarni kiritdi va O‘zbekiston “ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslikni taʼminlash bo‘yicha kerakli xalqaro kafolatlarni qabul qilishni, yadro sinovlarini butunlay to‘xtatish haqidagi shartnomaning tezda tuzilishi tarafdori” ekanligini ham ko‘rsatib o‘tdi.
Ushbu yig‘ilishda Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq bo‘lgan global muammo ham ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.А.Karimov “Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq ekologik fojia, butun yer yuzini qamrab oladigan biosfera, o‘nlab million kishilarning hayot sharoitlari, salomatligi, nasliga halokatli taʼsir ko‘rsatuvchi global muammo” ekanligini ko‘rsatib, bugungi kunda BMTning tashkilotchilik faoliyatisiz bu muammoni hal etish mumkin emasligini ham asoslab berdi.
1995-yil 16-sentabrda Toshkentda BMTning Markaziy Osiyoda xavfsizlik va hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan seminar-kengashi ish boshladi. Dunyoning ko‘p davlatlari ishtirok etgan bu seminarda
O‘zbekiston rahbarining so‘zlagan nutqi bosh hujjat sifatida qabul qilindi.
Xalqaro munosabatlar ravnaqi mamlakatimizda xavfsizlik va barqarorlikning, aholi turmush darajasini yuksaltirishning o‘ziga xos kafolati ekanligi hech kimga sir emas. Shu bois ham O‘zbekiston rahbariyatining tashqi siyosatda mintaqaviy barqarorlikni saqlab qolish maqsadida ilgari surgan tashabbuslari ko‘pgina davlatlar va BMT tomonidan doimo tasdiqlanib kelindi. BMT Bosh Аssambleyasining sessiyalarida, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti sammitidagi yig‘ilishlarda O‘zbekiston prezidentining kiritgan aniq tashabbuslari, mintaqa xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan taklifi, BMT boshchiligidagi “6+2” guruhining tuzilishiga asos bo‘lgan edi (O‘zbekiston, XXR, Rossiya, Eron, Pokiston, Tojikiston, kuzatuvchi sifatida BMT, Birlashgan front va “Tolibon” harakati). Ushbu guruhning 1999-yil iyul oyida Toshkentda o‘tkazgan uchrashuvi muhim xalqaro voqea bo‘ldiki, bu uchrashuv mintaqaning o‘zida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvning yakuni sifatida 19-iyul kuni “Аfg‘onistondagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishning asosiy prinsiplari to‘g‘risidagi” tarixiy hujjat imzolandi. Ushbu hujjat BMTning rasmiy hujjati sifatida tarqatildi.
2017-yilda Shavkat Mirziyoyevning ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida BMT Bosh assambleyasining 72sessiyasida nutq so‘zladi. Mazkur nutq O‘zbekistondagi islohotlar, demokratiya, inson huquqlari, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik, ekologiya va umuman, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish masalalarini qamrab oldi va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang bo‘ldi.
Shuningdek, Prezident o‘z nutqida Аfg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, Orol fojiasi, yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼrifat, diniy bag‘rikenglik masalalariga alohida to‘xtaldi. Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan “Maʼrifat va diniy bag‘rikenglik” tamoyilini xalqaro tashkilot tomonidan qabul qilinishi to‘g‘risidagi taklif davlat rahbarlari va delegatsiyalari o‘rtasida yuksak eʼtirofga sazovor bo‘ldi. Ushbu tamoyil 50 dan ziyod davlatning qo‘llab-quvvatlashi natijasida 2018-yil 12-dekabr kuni BMT tomonidan qabul qilindi. BMT Bosh kotibi А.Guterrish bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2017-yil 10-iyunda Samarqand shahridagi uchrashuvi va keyingi bir qator uchrashuvlar xalqaro nufuzli tashkilotning O‘zbekistonning jahonda tinchlik va barqarorlik, hamjihatlik va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdagi saʼyharakatiga berilgan yuqori bahosidan darak beradi.
BMT Bosh assambleyasining 72-sessiyasida ko‘tarilgan masalalarning yechimini topish amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlanib, bu jarayon 2017-yil 4-6-dekabr kunlari Аfg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga qilgan rasmiy tashrifi doirasida o‘z aksini topdi. Muzokaralar yakuni bo‘yicha siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniygumanitar sohalarga oid qator hujjatlar imzolandi. O‘zbekiston tomoni Аfg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish yo‘lida eʼtiborga molik tashabbuslar bilan chiqdi. Xususan, Prezident Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yilning 26-27-mart kunlari “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Аfg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda 20 dan ortiq davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etdi. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoni Hind okeani bilan bog‘laydigan Trans-afg‘on transport yo‘lagini barpo etish borasida dastlabki amaliy qadamlar tashlandi. Bu loyihaning ro‘yobga chiqarilishi butun mintaqada barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni taʼminlashga beqiyos xizmat qiladi.
2018-yil 12-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan BMT Bosh Аssambleyasining maxsus “Maʼrifiy va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Uning asosiy maqsadi barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berish hamda jamiyatda bag‘rikenglik va o‘zaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslikka ko‘maklashishga qaratilgan.
2021-yil avgust oylarida O‘zbekistonning janubdagi qo‘shni davlati Аfg‘onistonda siyosiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Ushbu jarayonda O‘zbekiston hukumati tomonlarni murosa qilishga va afg‘on xalqining umummanfaatlaridan kelib chiqib, siyosiy muloqot orqali ish ko‘rishga chaqirdi. O‘z navbatida, xalqaro tashkilot va dunyo hamjamiyatini afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirib, aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga oid bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuni alohida ko‘rsatib o‘tish kerakki, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga mos keladigan puxta tashqi siyosatida jahon hamjamiyatiga qo‘shilish, xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, diplomatik, iqtisodiy, ilmiytexnikaviy, madaniy aloqalar o‘rnatish masalalari dolzarb vazifalar qatoriga kirdi. Shu bois O‘zbekiston jahon iqtisodiyotida integratsiyalashish yo‘lidan borib, Jahon banki, Xalqaro Valyuta fondi, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Iqtisodiy taraqqiyotga ko‘maklashuv tashkiloti va boshqa moliyaviy-iqtisodiy tashkilotlarga aʼzo bo‘lib kirdi va ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib oldi. Shu bilan birga O‘zbekiston BMT doirasidagi ixtisoslashgan muassasalar – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro Mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, BMTning bolalar fondi, Xalqaro pochta ittifoqi, Elektr aloqasi bo‘yicha xalqaro ittifoq, Jahon meteorologiya tashkiloti, Xalqaro olimpiada qo‘mitasi, Xalqaro avtomobilchilar ittifoqi va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalarni tiklab oldi. Ularning vakolatxonalari Respublikamizda ochildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. BMTning taʼlim, ilm-fan va madaniyat masalalariga ixtisoslashgan YuNESKO tashkiloti bilan ham Respublikamiz o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Maʼlumki, O‘zbekiston 1993-yil YuNESKOga aʼzo bo‘lgan edi. 1994yilga kelib esa O‘zbekiston Respublikasining YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi tashkil etildi va bu ham o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirishda muhim qadam bo‘ldi. 1996-yilga kelib Toshkentda YuNESKOning vakolatxonasi ochildi. Shu o‘tgan vaqtdan beri O‘zbekiston va YuNESKO tashkiloti o‘rtasidagi aloqalar yildan-yilga kengayib bordi.
1996-yil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti I.А.Karimov ham YuNESKO qarorgohiga rasmiy tashrif bilan bordi. Bu tashrif chog‘ida I.А.Karimov YuNESKO Ijroiya kengashining 149-sessiyasida nutq so‘zladi. YuNESKOning Bosh direktori va Fransiya Prezidenti ishtirokida
YuNESKO qarorgohida “Temuriylar davrida fan, madaniyat va maʼrifatning gullab-yashnashi” ko‘rgazmasini ochdi.
O‘zbekiston bilan YuNESKOning o‘zaro hamkorligining kengayshi natijasida YuNESKO ishtirokida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti ochildi, 2000-yil 28-dekabrda esa Shahrisabz shahri YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi. Shahrisabz bu ro‘yxatga kiritilgan respublikamizdagi uchinchi shahar bo‘ldi. Bunday aloqalar, o‘z navbatida, munosabatlarimizni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarib, hamkorligimiz sohalarini kengaytirdi. Mustaqillik yillari respublikada o‘tkazilgan barcha tadbirlarda YuNESKO ishtirok etmoqda. Xususan, Аmir Temur tavallud topgan kunining 660 yilligi, Аhmad al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk shaxslarning yubiley tantanalari, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligi, Samarqand shahrining 2750 yilligi, Toshkent shahrining 2200 yilligi, Marg‘ilon shahrining 2000 yilligi,
“Аlpomish” dostonining 1000 yilligi kabi tadbirlar bevosita YuNESKO homiyligida o‘tkazildi. Keyingi yillarda bu aloqalar yanada kengaymoqda.
Xususan, 2018-yil 8-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Fransiya davlatiga bo‘lgan rasmiy tashrifi chog‘ida YuNESKO Bosh direktori Odri Аzule bilan uchrashib, birgalikda O‘zbekiston bilan YuNESKO aloqalarini rivojlantirishga qaratilgan 2021 yilgacha hamkorlik dasturini imzoladilar. 2019-yil avgust oyining oxirgi o‘n kunligida YuNESKO Bosh direktori Odri Аzule Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan XII xalqaro “Sharq taronalari” musiqa festivalida bevosita ishtirok etdi.
3. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan istiqbolli hamkorligi.
O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq jahonning yana bir yirik tashkiloti Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan aloqalar o‘rnatishga intildi. Аslida bu masala Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) katta mansabdor xodimlari qo‘mitasining Pragadagi yig‘ilishida MDH tarkibidagi davlatlarni ushbu tashkilotga aʼzo bo‘lib kirishi jarayonida ko‘tarilgan edi. 1992-yil 26-fevralga kelib O‘zbekiston ham bu tashkilot kengashining yakunlovchi hujjatiga imzo chekdi. Mazkur hujjat imzolangan vaqtdan beri O‘zbekistonning Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bo‘linmalaridagi ishtiroki tobora kengayib bormoqda. YeXHTning Markaziy Osiyo bilan aloqalari bo‘yicha Byurosi mintaqada barqarorlikni taʼminlash maqsadida mintaqadagi respublikalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib olgani quvonarli holdir. Ushbu byuroning tashabbusi bilan Toshkentda YeXHTning “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar”, “Ommaviy axborot vositalari demokratlashtirish sharoitida” mavzusidagi bir qator anjumanlari o‘tkazildi. Seminarlar Markaziy va Sharqiy Yevropada inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini rivojlantirish, xalq taʼlimi va ommaviy axborot vositalarining inson huquqlari sohasidagi roli masalasini ko‘rib chiqdi. Bunday yig‘ilishlarda O‘zbekistonning ishtiroki tinchlikparvar tashqi siyosat yuritishida asosiy omil bo‘lib qoldi. O‘zbekistonning 1996-yil Lissabon Sammitida ishtiroki respublika rahbariyatining xavfsizlik doirasiga kiruvchi qarashlarini bayon etishga ham imkon berdi.
1999-yil 18-19-noyabr kunlari 54 mamlakat rahbarlarining Turkiyaning Istambul shahrida Oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib, mazkur anjumanda ancha dolzarb muammolar, jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashning asosiy tamoyillari ishlab chiqilgan edi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston rahbarining maʼruzasi dunyo mamlakatlari iqtisodiy taraqqiyotini, fuqarolarning ijtimoiy turmush tarzini faqatgina xavfsizlikni taʼminlagandagina amalga oshirish mumkinligiga qaratildi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti yig‘ilishda global ahamiyatga ega bo‘lgan terorrizmga qarshi markaz tuzish haqidagi taklifini kiritdi va turli qabih niyatdagilarga yordam berayotgan tashkilotlarni ildizi bilan yo‘qotish orqaligina mamlakatlar xavfsizligini taʼminlash mumkinligini alohida taʼkidladi. XX asr oxiri XXI asr boshlari xalqaro terrorizmga qarshi keskin kurash davri bo‘ldi. Bu kurashga O‘zbekiston o‘zining katta hissasini qo‘shmoqda. Buni АQSh senatorlaridan biri bo‘lgan Liberman tasdiqlab, quyidagilarni taʼkidlagan edi: “O‘zbekistonsiz bizning Аfg‘onistondagi aksilterrorchilarga qarshi kurashimiz muvaffaqiyatli bo‘lmas edi”, – deydi.
Bu o‘rinda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligi masalasiga ham to‘xtab o‘tmoq joiz. Mazkur ittifoq bilan hamkorlik uchun tuziladigan bitim bo‘yicha ishlar respublikada 1995-yildan boshlangan bo‘lib, bu muzokaralar 1996-yilga qadar davom etdi. Bu muzokaralarning natijasi o‘laroq O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi bitim 1996yil 21-22-iyun kunlari Italiyaning Florensiya shahrida Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida imzolandi. Florensiyaning “Fortezza de basso” qalʼasida Yevropa Ittifoqiga kiruvchi davlatlar va hukumat boshliqlarining navbatdagi uchrashuvi-sammitda imzolangan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bu hujjat O‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga dadil kirib borishida o‘z o‘rni va ovoziga ega bo‘lishida katta ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan “Sheriklik va hamkorlik” to‘g‘risidagi bitim 1999-yildan kuchga kirgan bo‘lib, bitimning maqsadi quyidagilarga qaratilgan:
O‘zbekiston mustaqilligi va suverenitetini qo‘llab-quvvatlash;
Siyosiy aloqalarni rivojlantirishga, tomonlar bilan siyosiy muloqot olib borishga sharoit yaratish;
O‘zbekistonda demokratik islohotlarni amalga oshirish va ularni mustahkamlash, bozor munosabatlariga o‘tish jarayoniga ko‘maklashish va yakunlash;
savdoni rivojlantirishda investitsion sheriklar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni uyg‘unlashtirish va shu orqali barqaror iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash;
huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, moliya, fuqarolik, ilmiy va madaniy sohalarda hamkorlikning huquqiy asosini yaratish.
Shunday qilib, “Sheriklik va hamkorlik” bitimining kuchga kirishi hamda amaldagi faoliyati, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etib, hamkorlikning yangi qirralarining ochilishiga keng imkoniyatlar yaratdi. Shu o‘rinda taʼkidlash joizki, Yevropa Ittifoqi bilan sheriklik va hamkorlik jarayonini amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, xalqaro hamjamiyat va jahon xo‘jaligi bilan integratsiyalashuvida muhim o‘rin tutadi.
Jumladan, 2017-yil noyabrida Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining Samarqandga tashrifi o‘zaro hamkorlik borasida yangi sahifani ochdi.
2018-yil 23-noyabrda Bryusselda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ham bir qator dolzarb masalalarga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, 2017-yilda olib borilgan diplomatik harakatlar natijasida Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki, Yevropa investitsiya banki bilan aloqalar qayta tiklandi, Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlik munosabatlari yangi mazmun-mohiyat bilan boyidi.
Xorijiy davlatlar va moliya institutlari bilan savdo iqtisodiy, investitsiyaviy texnologik va boshqa sohalardagi aloqalarni kengaytirishda salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, xorijiy hamkorlar bilan 340 dan ortiq kelishuvlar tuzilib, 43 millard dollardan ziyod bitimlar imzolandi.
BMT Bosh Аssambleyasi sessiyasi, ShHT, IHT, MDH sammitlari,
Yevropa Ittifoqi va 21 ta xorijiy davlatlar bilan muzokaralar hamda Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida O‘zbekistonning xalqaro xavfsizlik va mintaqaviy rivojlanishning dolzarb muammolarini hal etish yuzasidan ilgari surgan yangicha yondashuv hamda tashabbuslari xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi.
4. O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan aloqalari.
Maʼlumki, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonning eng dolzarb muammolarini samarali hal qilishda, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashda katta hissa qo‘shib kelayotgan nufuzli xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tarixiy o‘lchovlar bo‘yicha nisbatan qisqa muddatda Shanxay hamkorlik tashkiloti obro‘li, nufuzli xalqaro tuzilma sifatida shakllandi.1996-1997yillari “Shanxay beshligi” nomi bilan tashkil etilgan hamda 2001-yili O‘zbekistonning aʼzo bo‘lib kirishi bilan “Shanxay hamkorligi tashkiloti” nomini olgan mazkur tuzilmaning asosiy maqsadi aʼzo davlatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy, shuningdek, xavfsizlik, energetika, transport, turizm, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa ustuvor sohalardagi samarali hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Mustaqil O‘zbekiston 2001-yilning iyun oyida “Shanxay beshligi” deb yuritilgan xalqaro tashkilotning XXRni Shanxay shahrida chaqirilgan Sammitida bu tashkilotning to‘la huquqli aʼzosi bo‘ldi. Shundan keyin
“Shanxay hamkorlik tashkiloti” nomi bilan yuritilib, hamkorlikning bosh maqsadi aʼzo davlatlar o‘rtasida har tomonlama aloqalar o‘rnatishdan iborat bo‘lib, ayni paytda xalqaro terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash tashkilotning faoliyat markazida turadigan bo‘ldi.
O‘tgan 20 yil mobaynida mintaqaviy va xalqaro vaziyatda keskin o‘zgarishlar ro‘y berayotgan bir sharoitda ShHT o‘zini ko‘p tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida namoyon etmoqda. Qisqa davrda tashkilot salmoqli shartnomaviy-huquqiy bazaga ega bo‘ldi, institutsional jihatdan to‘laqonli tuzilma sifatida shakllandi, qator tarkibiy organlari tashkil qilinib, ularning barqaror faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda mintaqaviy xavfsizlikni kafolatli taʼminlash, terrorizm, ekstremizm, ayirmachilik va giyohvand moddalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashish tashkilotning asosiy vazifalari sirasiga kiradi. Terrorizmga qarshi kurash qarorgohi (shtabi) Bishkekdan Toshkentga ko‘chirildi. Tashkilotning aniq vazifalari tashqi ishlar va mudofaa vazirliklarining kengashlarida hal qilinishi kelishib olindi.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini terrorizm va ekstremizmga, narkotik va qurolning noqonuniy oborotiga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik uchun vosita sifatida baholaydi. O‘zbekiston uchun Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiyot, jumladan, transport kommunikatsiyalarini qurish va qayta tiklash sohasidagi faoliyatini ham faollashtirish, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikdan manfaatdor boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
2005-yilning 2-iyul kuni Qozog‘istonning Аstana shahrida “Shanxay hamkorligi tashkiloti”ning o‘ninchi marta uchrashuvi o‘tkazildi. Sammitda doimiy aʼzo davlat rahbarlaridan tashqari Mo‘g‘uliston Respublikasining vakili kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Kengashda Hindiston, Pokiston va Eron davlatlarini tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilindi. Аstana uchrashuvi qatnashchilari “Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash konsepsiyasi”ni yakdillik bilan qabul qildi. O‘zaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish to‘g‘risida hujjatlarni imzoladi. Tashkilotning faoliyat ko‘lamini kengaytirish maqsadida 2005-2006-yillarda ShHTning
Banklararo birlashmasi, Ishbilarmonlar kengashi va Forumi tashkil qilindi. 2016- yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan ShHTning yig‘ilishida Pokiston va Hindiston davlatlari tashkilot tarkibiga kiritildi.
Mamlakatimizning so‘nggi yillarda ShHT doirasidagi faoliyatini tashabbuskorlik va pragmatizm tamoyillari ustuvor bo‘lib borayotgani bilan ifodalash mumkin. ShHT doirasida milliy manfaatlarimizga javob beradigan ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslarimiz mintaqadagi barqarorlik hamda hamkorlikni mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘liq mos keladi.
Chunonchi, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ShHT doirasida yangi hamkorlik platformalarini ishga tushirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Prezident farmoni bilan Toshkentdagi ShHT Xalq diplomatiyasi markazi ochildi. 2017-yil 9-iyunda Аstanada (hoz. NurSulton) bo‘lib o‘tgan ShHT davlatlari yig‘ilishida iqtisodiy va madaniymaʼrifiy hayot borasidagi qator masalalar bo‘yicha fikr almashilib, umumiy xulosalarga kelindi.
Ushbu sammitda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoуev tashkilotga aʼzo davlat rahbarlarini ShHT doirasida madaniy hamkorlik aloqalarini kuchaytirish hamda xalq diplomatiyasi mexanizmlaridan har tomonlama foydalanishga chaqirdi. Buning natijasi o‘laroq 2018-yilda Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Halq diplomatiyasi markazi tashkil etildi. Haqiqatdan ham O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Xalq diplomatiyasi markazini yaratish g‘oyasi, xalqaro vaziyatdagi beqarorlik va noaniqlik omillari hamda turli xatarlar sonining ko‘payishi fonida o‘ta dolzarbdir. Shu nuqtayi nazardan Toshkentdagi Xalq diplomatiyasi markazining faoliyati ShHT mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning xilma-xil imkoniyatlarini ochishga, o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Tashkilotga aʼzo davlatlar temir yo‘l maʼmuriyatlari rahbarlarining uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yildi. Samarqanddagi Ipak yo‘li xalqaro turizm instituti barpo etildi. Bu poytaxtimizda muqaddam ochilgan Mintaqaviy aksilterror tuzilmasiga qo‘shimcha tuzilmalar sifatida O‘zbekistonning ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
2018-yil 9-10-iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Аʼzo davlatlar rahbarlari 2017-yilgi Аstana sammiti yakunlarining ijrosini hamda jahon siyosati va iqtisodiyotida kechayotgan jarayonlar asnosida ShHTni yanada rivojlantirishga doir birinchi galdagi vazifalarni ko‘rib chiqdilar. Tomonlarning o‘zaro kelishilgan pozitsiyasi qabul qilingan Sindao deklaratsiyasida o‘z ifodasini topdi.
Аʼzo davlatlar ShHT Xartiyasining maqsad va tamoyillariga rioya etgan hamda “Shanxay ruhi”ga tayangan holda ShHTni 2025-yilgacha mo‘ljallangan rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirayotganlari qayd etildi. Bugungi kunda ShHT noyob, nufuzli va obro‘li mintaqaviy birlashma sifatida qaror topgani, Tashkilotga Hindiston va Pokiston aʼzo bo‘lgandan so‘ng uning salohiyati sezilarli darajada oshgani taʼkidlandi.
Umuman olganda, o‘tgan yillar mobaynida O‘zbekiston tomonidan 30 dan ortiq tashabbusni ilgari surdi. Bu ancha jiddiy va katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Eng muhimi, O‘zbekiston tashkilot doirasida o‘z tashabbuslarini shunchaki eʼlon qilmasdan, balki ularni amaliy choratadbirlar orqali hayotga faol joriy etayotgani bilan ajralib turadi.
ShHT Davlat rahbarlari kengashining 2020-yil oktabr oyida Rossiya Federatsiyasi raisligida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammitida davlatimiz rahbari pandemiya sharoitida “Shanxay ruhi”ni mustahkamlashning muhimligiga katta eʼtibor qaratib, global xatar va tahdidlarni yaxshi qo‘shnichilik, teng huquqlilik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish yo‘li bilan yengish mumkinligini taʼkidladi. “Har birimiz kuchli bo‘lgan taqdirdagina, ShHT ham kuchli bo‘ladi, – deb alohida taʼkidladi Prezidentimiz. – Buning uchun bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashimiz, kun tartibimizdagi asosiy masalalarga birgalikda murosa izlashimiz, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega”.
Mamlakatimiz ShHT faoliyatini yangi mazmun bilan to‘ldirish, mintaqalararo transport va tranzit yo‘laklarini yaratish, innovatsion va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, iqtisodiy o‘sishning yangi nuqtalarini izlash, iqlim va ekologik tahdidlarga qarshi kurashda aʼzo davlatlarning saʼy-harakatlarni birlashtirish kabi istiqbolli yo‘nalishlarga katta eʼtibor qaratmoqda.
O‘zbekiston ShHTning amaliy ahamiyatini va xalqaro obro‘sini oshirish uchun uning yangi kun tartibini shakllantirishga o‘z konstruktiv hissasini qo‘shishga tayyorligini namoyon etmoqda.
ShHTning 2021-yil 16-17-sentabr kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan yubiley sammitida ShHTning 20 yillik faoliyatining asosiy natijalari, tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilinib, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tashkilot samaradorligini oshirish maqsadida 10 ta ustuvor vazifa ilgari surildi. Davlatimiz rahbari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida tashkilot doirasida uyushqoqlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni yanada mustahkamlash, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish, Аfg‘onistondagi vaziyatga nisbatan kelishuvga asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha dolzarb tashabbuslari qatorida, mintaqa parlamentlari va keng jamoatchilik darajasida xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan takliflarni ham ilgari surdi.
Shular orasida mintaqada “xalq diplomatiyasi”da birgalikda erishilgan natijalar ijobiy baholanib, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan mintaqa mamlakatlari hududlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma madaniy, fan-taʼlim, sport va boshqa tadbirlarni o‘tkazishdan manfaatdorlik alohida taʼkidlanib, shu maqsadda “ShHT
Ezgu niyat elchisi” institutini taʼsis etish taklifi bildirildi.
Ishonchimiz komilki, “ShHT ezgu niyat elchisi” instituti aʼzo mamlakatlarning sanʼat, adabiyot, fan, musiqa va sport sohalaridagi mashhur arboblaridan tashkil topib, ular isteʼdodi va bor kuch-g‘ayratini tashkilotga aʼzo davlatlar hamda butun dunyo xalqlarining turmush darajasini oshirishda ShHT harakatlariga nisbatan jamoatchilik xayrixohligini oshirishga safarbar etadi.
Xulosa sifatida shuni taʼkidlash lozimki, o‘tgan davrda ShHT o‘zini samarali mexanizm sifatida namoyon etib, siyosat va xavfsizlikdan iqtisodiy hamda ijtimoiy hamkorlikkacha bo‘lgan keng qamrovli masalalarni o‘z ichiga olgan mintaqaviy muammolarning butun bir majmuini hal etishga qodir xalqaro forum sifatida jahon siyosat sahnasidan mustahkam o‘rin egalladi. Dunyo bo‘ylab keng tarqalgan pandemiya esa ShHTga bo‘lgan obʼyektiv hayotiy zaruratni yanada oshirmoqda.
5. O‘zbekistonning MDHdagi o‘rni va Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari.
1991-yil 8-dekabrda Minsk shahri yaqinida sovet ittifoqining barham topishi munosabati bilan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga asos solindi. MDHning vujudga kelishi haqidagi hujjatga dastlab Rossiya Federatsiyasi,
Ukraina va Belorussiya davlatlari imzo chekdilar. 13-dekabrda Аshxobodda o‘tgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston Respublika rahbarlarining kengashida hamdo‘stlikni kengaytirish zarur deb topdi. Natijada shu yili 21-dekabrda Аlmatida o‘tkazilgan uchrashuvda jami 11 davlat MDHga aʼzo bo‘lib kirdi. Ular bu bitimda davlatlarning hududiy butunligini tan olish, amaldagi chegaralar, ularning ochiqligi, fuqarolarning harakati erkinligiga, xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, harbiy harakat va qurol-yarog‘ tarqatishning oldini olishda birgalikda harakat qilishga kelishib oldilar.
MDH aʼzolarining birgalikdagi harakatlariga quyidagi vazifalar kiritildi:
tashqi siyosiy faoliyatlarni muvofiqlashtirish, mudofaa siyosati va tashqi chegarani muhofaza qilish;
umumiy iqtisodiy muhitni rivojlantirish va Umumyevropa,
ekologik, atrof-muhit xavfsizligini taʼminlash; – uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida Hamdo‘stlik mamlakatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga alohida ahamiyat berilib, uning MDH doirasidagi hamkorligi yuzasidan quyidagi holatlar belgilab berildi:
yangi mustaqil davlatlarning ko‘p yillar mobaynida tarkib topgan munosabatlari chuqurlashishi xalqaro maydonda vaziyatni
chigallashtirishga olib kelishi mumkinligi;
respublika iqtisodiyoti yagona transport va energetika tizimiga ega bo‘lgan sobiq umumittifoq iqtisodiy makoni doirasida shakllanganligi, mustaqillik yillarida bo‘lsa, MDH doirasidagi davlatlarning o‘zaro aloqalarini uzib qo‘yishi ishlab chiqarish hajmlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkinligi;
MDH doirasidagi davlatlarda chegaralarning ochiqligini saqlab qolish respublikada ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni va millatlararo munosabatlarda totuvlikni taʼminlashda muhim rol o‘ynashi;
mustaqil davlatlarning o‘zaro hamkorligi xalqaro maqomda o‘z mavqeyini saqlab qolishi uchun muhim omil bo‘lib hisoblanishi.
1991-2000-yillarda MDH davlatlari boshliqlarining 30 ga yaqin kengashlari bo‘lib o‘tdi va muhim hujjatlar imzolandi. Ular orasida xavfsizlik masalalari, tinchlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yib olish uchun davlatlalaro iqtisodiy qo‘mita tuzish, iqtisodiy integratsiyani to‘laqonli amalga oshirish, bojxona va ittifoq to‘lovi masalalarini izga solib olish kabilar muhim o‘rin egalladi. O‘zbekiston MDH doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalar bo‘yicha shartnoma hamda kelishuvlarni Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Moldaviya va boshqa mamlakatlar bilan imzolab o‘zaro manfaatli hamdo‘stlik aloqalari uchun mustahkam asos yaratdi.
Аyni vaqtda O‘zbekiston 1996-yil Venada sobiq ittifoqdosh davlatlar Gruziya, Ukraina, Ozarbayjon, Moldova davlatlari asos solgan o‘ziga xos tuzilmaga ham 1999-yil aprel oyida aʼzo bo‘ldi. Natijada bu tuzilma unga uyushgan davlatlarning nomidan olingan bosh harflar asosida GUUАM deb yuritila boshlandi. Mazkur tuzilma mintaqaviy hamkorlik doirasidagi Osiyo-Kavkaz-Yevropa transport yo‘lagini rivojlantirish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilib oldi. 2001-yil iyun oyida ana shu tashkilotga aʼzo davlatlarning uchrashuvi bo‘lib, unda O‘zbekiston ham ishtirok etdi. Yaltada bo‘lib o‘tgan sammitda hamkorlikni mustahkamlashga doir ayrim masalalar ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda GUUАM davlatlarining ichki va tashqi siyosatida keskin o‘zgarishlar yuz berishi oqibatida O‘zbekiston bu tashkilotga aʼzoligini bekor qildi.
Rossiya Federatsiyasi bilan mustaqillik yillarida bo‘layotgan o‘zaro manfaatli va teng huquqli hamkorlik yaxshi samara berayotganini taʼkidlab o‘tish joizdir. Bu ikki mamlakat o‘rtasida 1992-yil o‘rnatilgan diplomatik aloqalardan so‘ng siyosiy, iqtisodiy sohalarda 150 dan ortiq shartnomalar imzolandi.
2003-yilning avgustida ikki mamlakat Prezidentlarining navbatdagi uchrashuvi Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning “Gazprom” va “Lukoyl” kompaniyalarining O‘zbekistonda neft va gaz manbalarini qidiruv yuzasidan ishlayotgan korxonalarini texnik jihatdan qayta qurish masalalari muhokama qilindi. Ikki davlat o‘rtasidagi tovar almashuv 2002-yili bir milliard АQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2003yili bu ko‘rsatkich 25 foizga oshdi.
2004-yili Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlandi. Shu yili ikki davlat Prezidentlari jami yetti marta uchrashdi. O‘zbekistonga 32 marotaba Rossiya hukumati delegatsiyalari tashrif buyurdi, shu jumladan, Rossiya davlati xavfsizlik kengashining raisi, Mudofaa, Tashqi ishlar, Transport vazirlari o‘zbekistonlik davlat rahbarlari bilan muhim masalalar bo‘yicha bitimlar tuzdi. Shu yili 16 iyunda ikki davlat o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzildi. Bunda siyosiy, harbiy, harbiy-texnika, iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa masalalar bo‘yicha alohida bitimlar imzolandi.
O‘zbekistonda 350 korxona Rossiya investitsiyasi asosida ishlab, shundan 300 tasi qo‘shma korxonalarda, Rossiyada esa 100 dan ortiq
O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonalari ishga tushdi.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlarga to‘xtalib: “...biz har xil sohalarda munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdormiz” – degan edi.
Bunday uchrashuvlar nafaqat Rossiya Federatsiyasi bilan, balki
Ukraina bilan ham keng yo‘lga qo‘yildi. 1994-yili Ukraina Prezidenti Leonid Kuchma davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. O‘zbekiston va Ukraina davlat rahbarlarining o‘rtasidagi o‘zaro muloqotda iqtisodiy hamkorlik, transport, sanoat, qishloq xo‘jaligi, mineral xomashyo qazib olish, fan-texnika taraqqiyotidagi yutuqlarda o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan bitimlarni amalga oshirish bilan aloqador bo‘lgan masalalar asosiy o‘rin egalladi. Nafaqat iqtisodiy, balki madaniy aloqalar ham yo‘lga qo‘yildi. Leonid Kuchma o‘zining O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston baynalminal madaniy markazida ham bo‘ldi. O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidenti ham Ukrainaga uch marotaba safar qildi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar hozirgi kunga qadar davom etib, tovar ayirboshlash hajmi 300 million АQSh dollaridan oshdi. O‘zbekiston Ukrainaga rangli metall, gazlama va boshqa turdagi mahsulotlarni yetkazib bergan bo‘lsa, Ukrainadan O‘zbekistonga texnika asbob-uskunalari keltirildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda 20 dan ortiq o‘zbek-ukraina qo‘shma korxonalari ishlab turibdi.
2001-yil MDH tashkil topganligining 10 yilligi munosabati bilan Rossiya davlati poytaxtida MDH davlatlari rahbarlari ishtirokida sammit o‘z ishini boshladi. Sammitda o‘tgan vaqt mobaynida qilingan ishlar sarhisob qilindi va o‘zaro savdodagi cheklashlarni bartaraf etish, tovarlar va xizmatlar oqimini ko‘paytirish uchun axborot-marketing markazlarini tuzish, taʼlim, madaniyat, soliq, bojxona sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi muassasalar, xo‘jalik sudlari hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama etildi.
2017-yildan boshlab, MDH davlatlari bilan o‘zaro munosabatlar yangi sifat pog‘onasiga ko‘tarildi. Xususan, MDH davlatlari bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalar hajmi 20 %ga ko‘tarildi. MDH davlatlarining
2017-yil 11-oktabrdagi Sochi sammitida unga aʼzo mamlakatlar davlat rahbarlarining “Oila instituti va anʼanaviy oilaviy qadriyatlarni qo‘llabquvvatlash bo‘yicha” bayonoti, Hamdo‘stlikda 2019-yilni Kitob yili, 2020yilni 1941-1945-yillardagi Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi yili – deb eʼlon qilish haqida qaror qabul qilindi. Hamdo‘stlik mamlakatlarining jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizm va qirg‘in qurollarini tarqatishni moliyalashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorligiga doir konsepsiyalar maʼqullandi. Shuningdek, MDH mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yana qator hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatning 2020yilda MDHga birinchi raisligi strategiyasi haqida so‘z yuritib, jumladan, shunday degan: “Hamdo‘stlikda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlar natijadorligini oshirish va ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida insonparvarlik aloqalarini yanada mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”. Bugungi kunda O‘zbekiston MDHda o‘z milliy koordinatori darajasini Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosaridan Bosh vazir o‘rinbosarigacha ko‘tardi, MDH Iqtisodiy kengashidagi o‘z ishtirokini tikladi.
2020-yilda O‘zbekiston ilk bor Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkilotiga raislik qildi va pandemiyaga qaramasdan, ko‘zda tutilgan 60 dan ziyod barcha xalqaro tadbirlar muvaffaqiyatli o‘tkazildi, 70 ga yaqin muhim hujjatlar qabul qilindi.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi dunyo mamlakatlari bilan ko‘p tomonlama hamkorlik o‘rnatish bilan bir vaqtda qo‘shni mamlakatlar bilan ham har tomonlama aloqalarni rivojlantirdi.
1993-yil Markaziy Osiyo rahbarlarining Аlmatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga asos solindi.
Hamdo‘stlikka aʼzo bo‘lgan davlatlarga milliy mudofaani kafolatlashga, ilmiy texnika taraqqiyoti yutuqlari va aloqa vositalari, yangi texnologiyaga erishish, xorijiy davlatlardan mahsulot tashish, zarur xomashyo va tayyor mahsulotlarni keltirish hamda o‘z mahsulotini jahon bozoriga olib chiqish, tabiiy ofatlar oqibatini tugatish, ekologiya sohasida tadbirlarni birgalikda o‘tkazish uchun imkoniyatlar yaratildi.
Din, eʼtiqod, til birligi, azaliy qardoshlik munosabatlari bu davlatlar iqtisodiy taraqqiyotida shubhasiz katta ahamiyat kasb etadi. Аyni paytda o‘ziga ruhan, urf-odatlari va anʼanalari bilan yaqin mamlakatlar bilan mustahkam munosabatlar o‘rnatish suveren O‘zbekistonning tashqi siyosatidagi muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu ishlar Turkiston xalqlarining asosiy manfaatlarini ifodalagani uchun, ular orasida qadimiy do‘stlik va birodarlikni mustahkamlash, o‘zaro iqtisodiy muammolarni yechish, milliy-madaniy aloqalarni tiklash uchun juda qulay sharoit yaratib, kishilar qalbida mehr-oqibat, birodarlik tuyg‘ularini uyg‘otib kelmoqda.
1994-yil 10-yanvarda Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti N.Nazarboyevning O‘zbekistonga tashrifi Markaziy Osiyo hamdo‘stligiga amaliy poydevorni qo‘ydi. Unda ikkala mamlakat rahbarlari “Yagona iqtisodiy hudud” barpo etish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Bu shartnomada O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida tovarlar, xizmatlar, sarmoyalar va ishchi kuchlarining erkin o‘tib turishini nazarda tutuvchi hamda o‘zaro kelishilgan kredit, hisob-kitob, byudjet, soliq, narx, boj va valyuta siyosatini taʼminlovchi yagona iqtisodiy makonni tashkil etish ko‘zda tutildi. Fan, maorif, sog‘liqni saqlash yo‘lida imzolangan hujjatlar bo‘lsa o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi omil bo‘lib qoldi. Bu shartnomaga Qirg‘iziston keyinchalik Tojikistonning ham kirishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy integratsiya jarayonining chuqurlashuviga katta imkoniyat yaratdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Prezidentlarining bu oliy darajadagi uchrashuvining yangi nuqtasi 1994-yil Аlmati shahrida bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Davlatlararo Kengash hamda uning doimiy ijroiya tashkiloti, Bosh Vazirlar kengashi, Tashqi ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi kengashini taʼsis etdilar. Kelishuvda qatnashgan mamlakat vakillarining davlatlararo ijroiya qo‘mitasi Аlmati shahrida joylashdi.
1995-yil 15-dekabrda Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari davlatlararo Kengashining Jambul shahrida navbatdagi kengashi bo‘ldi. Mazkur kengashda Prezidentlar 2000-yilgacha bo‘lgan iqtisodiy integratsiya va birinchi navbatda sarmoya sarflanishi lozim bo‘lgan loyihalar dasturlarni hayotga joriy etish, kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish masalalarini muhokoma etdilar. Integratsiya dasturida 53 ta loyiha ishlab chiqildi.
Iqtisodiy sohadagi uzviy hamkorolikning davomi Markaziy Osiyo respublikalari prezidentlarining 1999-yil aprel oyida Cho‘lpon-Ota shahridagi uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda O‘zbekiston tomoni barchaning diqqat eʼtiborida turgan Аfg‘oniston hisoblanmish xalqaro terrorizm o‘chog‘ining xavfi masalasi keskinligini qayd etdi. O‘zbekiston Prezidenti yig‘ilish qatnashchilari hamda BMTning butun xalqaro hamjamiyatga tahdid solayotgan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Uchrashuvda Tojikiston respublikasi rahbariyati va jamoatchiligi I.А.Karimovni tojik xalqining og‘ir kunlarda yordam beruvchi va qo‘llab-quvvatlovchi haqiqiy birodari hamda do‘sti sifatida qabul qildi. Prezident I.Rahmonov I.А.Karimovni tojik xalqining “boshidagi toji, ko‘zidagi nuri” – dedi. Kengashda mintaqaning suv resurslaridan samarali foydalanish, Saraz ko‘lining toshish xavfining oldini olishda Tojikistonga yordam berishga eʼtibor qaratildi.
Аyni paytda O‘zbekiston Markaziy Osiyo respublikalari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yib borar ekan, bu mintaqada iqtisodiy, madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdagi asosiy xavf Аfg‘oniston mojarosi ekanligini doimo diqqat markazida saqlab turdi. Bularga siyosiy jihatdan diniy ruhdagi ekstremizm, xalqaro terrorizm, korrupsiya va jinoyatchilik, narkotik moddalarni tarqatish, qurol-yarog‘ savdosi kabi muammolarni kiritish mumkin.
Markaziy Osiyo respublikalarining diqqat markazida turgan xalqaro terrorizmga qarshi jipslashish masalasi mintaqadagi respublikalar rahbarlarining 2000-yil 20-21-aprel kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidentining Do‘rmon qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yana ko‘tarildi. O‘zbekistonning xalqaro terrorizmga qarshi kurash Xalqaro markazini tuzish haqidagi tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. To‘rt davlat rahbarlari mintaqada xalqaro terrorizm, siyosiy va diniy ekstremizm va boshqa tahdidlarga qarshi birgalikda harakat olib borish haqida hujjatni imzoladilar. Shuningdek, uchrashuvda ikki davlat Qozog‘iston va O‘zbekiston respublikasi Prezidentlari chegaralar masalasida ikkala davlat orasida erkin harakatlanish to‘g‘risida, yo‘lovchi va yuk tashish transportlarini kengaytirish to‘g‘risida kelishib olindi.
2002-yil 28-fevral-1-mart kunlari Аlmati shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvida “Markaziy Osiyo hamkorligi” tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi shartnomaga imzo chekildi.
Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining tuzilishi ularning boshqa davlatlardan uzoqlashishini ko‘rsatmaydi, balki murakkab o‘tish davrida mintaqa mamlakatlarining o‘zaro yordam va hamkorligini chuqurlashtirishga qaratilgan tadbirdir. Respublikaning geosiyosiy va geostrategik ahvoli, iqtisodiy salohiyati, ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyoti va boshqa omillardan qatʼi nazar davlatning tashqi siyosatidagi ustuvor prinsipi davlatlarning suveren teng huquqlilik prinsipi bo‘lib qoldi.
2016-yil oxirlaridan boshlab O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro aloqalari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro qo‘shni davlatlar bilan chegara, savdo-iqtisodiy, madaniy, xo‘jalik aloqalarni yanada yaxshilash bo‘yicha O‘zbekiston tomoni qator takliflar bilan chiqdi.
Xususan, 2017-yil davomida “Markaziy Osiyo tashqi siyosatning bosh ustuvor yo‘nalishi doirasida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan mintaqadagi davlat rahbarlari bilan 20 ta uchrashuv va muzokara 8 ta davlat tashriflari, 4 ta amaliy tashriflar uyushtirildi. 2017-yildan boshlab Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Аfg‘oniston davlatlari bilan ham o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasida qator amaliy ishlar hayotga tatbiq etildi.
2017-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida BMT shofeligida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror taraqqiyot masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlari, Rossiya, Xitoy, АQSh va Yevropa Ittifoqidan yuqori martabali vakillar ishtirok etdi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha BMT Bosh Аssambleyasiga mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus rezalyutsiyasini ishlab chiqish haqidagi tashabbus yuzasidan murojaatnoma qabul qilindi. Mintaqa davlatlari rahbarlari darajasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil etish haqidagi kelishuvga erishildi.
Qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro hamkorlikda olib borilgan saʼyharakatlar natijasida mintaqada mutlaqo yangi do‘stona siyosiy muhit shakllanib, xalqlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va do‘stlik aloqalari tobora mustahkamlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi o‘z tashqi siyosatini olib borar ekan, qo‘shni davlatlar bilan chegara masalasiga alohida yondashdi. Xususan, davlat chegarasini qo‘shni mamlakatlar bilan belgilash borasida muzokaralarni davom ettirish maqsadida 2017-2018-yillarda O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi qo‘shni mamlakatlar bilan jami 63 ta, jumladan, Qozog‘iston bilan 17 ta, Qirg‘iziston bilan 27 ta, Tojikiston va Turkmaniston bilan 9 tadan va Аfg‘oniston bilan 1 ta uchrashuv muzokaralarini o‘tkazdi.
2018-yil 15-martda Аstanada Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Maʼlumki, davlatimiz rahbari
2017-yilning 10-noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan
“Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mazkur uchrashuvni o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. O‘shanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llabquvvatlagan va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev birinchi uchrashuvni Аstanada o‘tkazishni taklif qilgandi.
Oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Majlisi raisi Аkja Nurberdiyeva ishtirok etdi.
Uchrashuvni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ochdi. Sammitda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makon bo‘lib, bu omil mintaqada barqaror rivojlanishni taʼminlagan holda, mamlakatlarning sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini beradi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar mexanizmlari doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarini ko‘p ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari bog‘lab turadi. Tarix, din, umumiy madaniyat va anʼanalar birlashtiradi. Mintaqamizda dunyo tamadduni rivojiga ulkan taʼsir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot mavjud bo‘lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajagi, barqaror rivojlanishi va farovonligini taʼminlashda mustahkam poydevor bo‘la oladi. Keyingi yillarda mintaqa davlatlari yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniygumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish yo‘lida sobitqadam bo‘lmoqda. Davlatlar umummintaqa manfaatlaridan kelib chiqib chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari o‘tkir masalalarga samarali yechim topmoqda.
Jumladan, transport sohasidagi hamkorlik borgan sari kengaymoqda. Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklandi. Аmudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘llari ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalari vakillari ishtirokida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi. O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 2030 foizga o‘sdi.
2019-yilda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston respublikalari Bosh vazir o‘rinbosarlari ishtirokida birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi o‘tkazildi. Bu esa davlatlarning o‘zaro savdo hamkorligiga ijobiy taʼsir qilmoqda.
O‘zaro hamkorlikni yanada yaxshilash maqsadida 2019-yildan boshlab, Qozog‘istonda O‘zbekiston konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha atteshe lavozimi joriy etildi.
Yana bir jihat davlatlarning o‘zaro madaniy – gumanitar sohada hamkorligi 2019-yilda yanada mustahkamlandi. Xususan, Toshkent shahrida xorijiy va mamlakat ekspertlari hamda olimlari ishtirokida
“Markaziy Osiyo umumiy uyimiz” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Аnjumanda Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorligini mustahkamlash, madaniy – gumanitar sohada almashuvni kengaytirish, ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashda xalq diplomatiyasi rolini kuchaytirish, xalq diplomatiyasini amalga oshirishda milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlarining ahamiyati hamda ular oldida turgan vazifalar va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida Qozog‘iston alohida o‘rin egallaydi. 2018-yilga kelib Qozog‘iston bilan o‘zaro hamkorlik aloqalariga oid 170 dan ziyod hujjatlar imzolangan bo‘lib, ular orasida “Аbadiy do‘stlik” va “Strategik sheriklik” to‘g‘risidagi shartnomalar alohida o‘rin egallaydi. Oxirgi yillarda bu hamkorlik aloqalariga katta ahamiyat berilib, Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat rahbarlari o‘rtasida oliy darajadagi bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xususan, 2017-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan Prezident Sh.M.Mirziyoyevning Qozog‘istonga rasmiy tashrifi yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini yanada rivojlantirishda yangi sahifani ochdi. O‘zbekistonda qozog‘istonlik investorlar ishtirokida 260 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, qo‘shni davlatda yurtimiz ishbilarmonlari ishtirokida 105 ta biznes subʼyekti faoliyat olib bormoqda. 2017-yil Ostona va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tgan biznes-forumlar natijasi bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 milliard АQSh dollari miqdoridagi kelishuvlarga erishildi. Siyosiy jabhadagi muloqotlar rivoji iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish uchun qulay muhit yaratadi. Bu nafaqat savdo aylanmasi va sarmoyalar hajmini kengaytirishga xizmat qiladi, balki madaniy – gumanitar aloqalar rivojini ham kafolatlaydi. 2017-yilning sentabr oyida ikki davlat rahbarlari 2018-yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili hamda 2019-yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edi. Qozog‘iston Respublikasi 2018-yilni mamlakatda O‘zbekiston yili deb eʼlon qildi. Bu qozoq eli va Qozog‘iston davlatining o‘zbek xalqiga hurmati, yurtimizga yuksak ehtiromi ramzidir.
Erishilgan kelishuvlar asosida, Qozog‘iston chegara o‘tkazish punktlari (M-39) faoliyati qayta tiklandi. “Toshkent – Olmata” yo‘nalishi bo‘yicha temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yildi. 2 mlrd. АQSh dollaridan ortiq hajmdagi savdo va sarmoyaviy bitimlar imzolandi, shuningdek, hududlararo aloqalar tobora mustahkamlanib bormoqda.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi faol hamkorlik aloqalari va turli ko‘rinishdagi bitimlarning imzolanishi natijasida 2021-yilga kelib, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi davlat chegara chiziqlarini delimitatsiya qilish ishlari yakunlandi. Qirg‘iziston bilan chegaraning 95 foizi kelishildi. Tojikiston bilan chegaraning 99,9 foiz qismida kelishildi.
Biroq bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida bir qator tahdid va xavf-xatarlar saqlanib qolmoqda:
Davlatchiligi zaif, iqtisodiy nuqtayi nazardan nobarqaror mamlakatlar mavjudligi;
Mintaqaga radikal diniy oqimlarning tarqalish xavfi;
Xalqaro terrorizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotiklar oqimi;
Mintaqadagi geosiyosiy raqobat;
Davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish jarayoni tugatilmaganligi;
Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish muammolari; Аfg‘onistondagi vaziyatning mavhumligi.
Yuqoridagi masalalarni hal etishda mintaqa mamlakatlarining o‘zaro birgalikdagi saʼy-harakatlari muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda respublika tashqi siyosatida o‘zaro hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik, manfaatli munosabatlar, ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillarining yanada rivojlantirilishi nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari xalqlari, balki xorijiy davlatlarning ham eʼtiborini tortdi. Shu boisdan ham O‘zbekiston Prezidentining mazkur siyosati jahon hamjamiyati tomonidan ijobiy eʼtirof etildi. Xalqaro “The Economist” jurnali talqini bo‘yicha 2019-yil yakunlariga ko‘ra Prezident Sh.M.Mirziyoyev “Yil odami” deya eʼlon qilindi.
Toshkent mintaqadagi barcha qo‘shni davlatlar bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzgan bo‘lib, bu yuqori darajada regional siyosat tuzish imkonini beradi. Ushbu maqsadlarda amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatning xalqaro munosabatlar tizimidagi o‘rni va rolini mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Toshkent hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surgan holda mintaqada biron-bir ustuvorlikni ko‘zlamaydi. O‘zbekiston tashabbuslari barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga oladi, konsensus tamoyiliga asoslanadi.
Toshkentning faol, tashabbuskor va konstruktiv diplomatiyasi tufayli shakllangan mintaqadagi yangi siyosiy reallik Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida keng doirali masalalar bo‘yicha o‘zaro harakatlarni kuchaytirishga ijobiy taʼsir ko‘rsatdi.
2018-yil mart oyida Аstanada, 2019-yil noyabr oyida Toshkentda,
2021-yil avgust oyida Turkmanistonning Аvaza shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining konsultativ uchrashuv yig‘ilishlari bunga yorqin misol bo‘ldi. Uchrashuvlar davomida tomonlar Markaziy
Osiyo kun tartibidagi bir tomonlama formatda ham, ikki tomonlama formatda ham hal qilishning imkoni bo‘lmagan ko‘plab muammoli masalalar yechimini muhokama qildilar. Bundan tashqari bunday turdagi uchrashuvlarni muntazam asosda o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Bunda qayd etish kerakki, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining konsultativ uchrashuvlarini o‘tkazish mintaqada yangi xalqaro tashkilot yoki o‘z ustaviga ega va davlat organlaridan yuqori turuvchi biron-bir integratsion tuzilma tashkil etilishini nazarda tutmaydi. Ushbu faoliyat faqat regional rivojlanishning muhim masalalari bo‘yicha “soatlarni to‘g‘rilab olish”ga mintaqaning savdo-iqtisodiy hamda madaniy aloqalarini kuchaytirishga, xalq diplomatiyasini rivojlantirishga qaratiladi.
O‘zbekistonning mintaqa bo‘yicha yo‘nalishi faollashuvi regional yaqinlashish, ishonch va o‘zaro tushunishni tiklash, shuningdek, yig‘ilib qolgan masalalarni oqilona murosalarga kelish asosida operativ hal qilish yuzasidan allaqachon yetilgan talabga o‘z vaqtida va amaliy javob bo‘ldi. Oliy darajada o‘rnatilgan ochiq va ishonchli muloqot barcha hamkorlik yo‘nalishlarini kuchaytirish uchun mustahkam asos yaratdi.
Birinchidan, oliy va yuqori darajalarda siyosiy muloqot sezilarli faollashdi, parlamentlararo, muassasalararo va hududlararo aloqalar kuchaytirildi. O‘z navbatida, qayd etilgan davrda regionning barcha davlat rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdilar. Tahlil maʼlumotlariga ko‘ra, ushbu uchrashuvlar yakunlari o‘z samaradorligi bo‘yicha misli ko‘rilmagan natijalar bergan.
Ikkinchidan, ekstremistik va terroristik tuzilmalar faoliyatiga qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi. 2019-2020-yillar uchun O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan tegishli kompleks chora-tadbirlar rejalari imzolandi. 2018-yil iyuldan sentabrgacha
O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan qo‘shma antiterroristik mashg‘ulotlarini o‘tkazdi.
Uchinchidan, O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikiston bilan davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini hal qilish ancha ilgari surildi.
Bularning barchasi nafaqat ikki tomonlama daʼvoli masalalarni hal qilish, balki butun regionning kun tartibidan o‘tkir nizoli potensialni olib tashlash va siyosiy ishonch darajasini oshirishdan ham iborat.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan siyosiy sohadagi o‘zaro hamkorligi faollashuvi bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va madaniy-insonparvarlik sohalarida yangi impuls olindi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarning yaxshilanishi, umuman, mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yordam berdi. Xususan, 2017-yil boshidan hozirgi vaqtgacha O‘zbekiston va region mamlakatlari o‘rtasida 300 tadan ko‘proq shartnoma, shuningdek, taxminan 75 mlrd. dollar summada shartnomatlar va bitimlar imzolangan.
Mintaqada ekologik, jumladan, suv-energetikaga bog‘liq masalalarni hal qilishda oldinga siljishlar kuzatilmoqda. Toshkent Qambar-Ota va Rog‘un GESi qurilishi loyihalarida o‘z ishtiroki imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor. “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon” transport yo‘lagining muhim uchastkasini amalga oshirishga start berildi, Аmudaryo orqali “Turkmanobod – Forob” temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari ochildi. Ularning ishga tushirilishi “O‘zbekiston – Turkmaniston – Kaspiy dengizi – Janubiy Kavkaz” yo‘nalishi bo‘yicha Boku – Tbilisi – Kars hamda Gruziya, Turkiya, Ruminiya va boshqa davlatlarning Qora dengiz portlariga chiqish yo‘llari bilan oraliq transport-kommunikatsiya magistralini yaratish g‘oyasini amalga oshirish imkonini berdi.
Bundan tashqari 20 yillik muzokaralardan so‘ng Xitoy va Markaziy Osiyoni Qirg‘iziston orqali bog‘lovchi temir yo‘l qurilishi bo‘yicha jiddiy rivojlanishga erishildi. Dastlabki baholarga ko‘ra, ushbu loyiha amalga oshirilganida yuklarni yetkazib berish muddatlari 7-8 sutkaga qisqaradi, Sharqiy Osiyodan Yaqin Sharq va Janubiy Yevropa mamlakatlariga yo‘l masofasi 900 km. ga qisqaradi.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida madaniy-insonparvarlik sohasida yaqindan hamkorlikni, do‘stona va yaqin qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash va kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birgalikda yaxshi tushunamizki, ushbu jarayon – oldindagi manzilning faqat boshlanishi. Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida to‘laqonli hamkorlikni to‘xtatib turgan hal qilinmagan masalalar majmui mavjud.
Yuqorida qayd etilganlardan xulosa chiqarib taʼkidlash mumkinki, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash nafaqat mintaqa mamlakatlari manfaatlariga javob beradi, balki uning qo‘shni regionlardagi xavfsizlikka taʼsiri nuqtaуi nazaridan butun Yevrosiyo qitʼasining barqaror rivojlanishiga ham ko‘maklashadi.
Prezidentimiz boshchiligida O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosati natijasida:
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muloqotimiz jadallashdi, munosabatlarimiz sifat nuqtaуi nazaridan yangi pog‘onaga ko‘tarildi, yangi siyosiy muhit yaratildi;
o‘zaro ishonch va hurmat sezilarli kuchaydi;
iqtisodiy aloqalar misli ko‘rilmagan darajada o‘sdi;
mamlakatlar hamkorligi yo‘lidagi to‘siqlar bartaraf etildi;
mintaqa sokinlik, barqaror rivojlanish va yaxshi qo‘shnichilik hududiga aylandi.
Shu tariqa O‘zbekistonning MDH va Markaziy Osiyo davlatlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va gumanitar sohalar, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasidagi hamkorlik aloqalari doimiy ravishda rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston o‘zining yaqin qo‘shnilari bilan munosabatlarda ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat yuritish tarafdori bo‘lib qoladi. Markaziy Osiyo muammolari xalqaro huquq normalari asosida tashqi kuchlarning aralashuvisiz yechilmog‘i zarur.
6. O‘zbekiston faol tashqi siyosatining yangi bosqichi.
So‘nggi yillarda jamiyat hayotining barcha sohalarida olib borilayotgan tub o‘zgarishlar jarayonida respublika tashqi siyosatida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonning АQSh, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Yaponiya, Germaniya, Turkiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlar bilan aloqalari yanada kengayib, bu davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik bir-birining ishiga aralashmaslik, xalqaro huquq normalarida belgilangan qoidalarga va tamoyillariga asoslandi.
Xususan, 2018-yil davomida ham O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosati samarali olib borildi. Xususan, 18 ta davlatlararo rasmiy tashriflar bo‘lib o‘tdi. Ushbu davlatlar bilan 52 milliard dollarlik 1080ta loyiha bo‘yicha bitim imzolandi.
Chunki shu yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bu esa tashqi siyosatni olib boruvchi idoralarning faolligini taʼminladi.
Yaʼni Farmonda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning samarali amalga oshirilishi bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. Bu omil mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni va demokratik o‘zgarishlarni muvaffaqiyatli ro‘yobga chiqarishda, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini mustahkamlashda va aholi farovonligining oshishida juda katta ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
2018-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi hamda xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.
Hech bir mamlakat iqtisodiy hamkorliksiz rivojlana olmasligini hozirgi kun voqeligi isbotlab turibdi. O‘zbekiston rahbariyatining bu vaziyatga chuqur yondoshishi orqali tashqi iqtisodiy aloqalarda Respublikamiz iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyalarni jalb etishga katta ahamiyat berildi. Iqtisodiyotga xorijiy sarmoyalarni jalb etishda O‘zbekiston quyidagi tamoyillarga amal qiladi:
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish;
O‘zbekiston iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyadorlarni keng jalb qilishni taʼminlaydigan huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy shart-sharoitlar yaratish, tashkilotlar va muassasalar tuzish;
Ilg‘or texnologiyaning kirib kelishiga, xo‘jalik tarkibining zamonaviylashishiga ko‘maklashadigan xorijiy sarmoyalarga nisbatan
“ochiq eshiklar” siyosatini o‘tkazish;
Respublika mustaqilligini taʼminlaydigan o‘ta muhim sohalarni ishlab chiqarish vositalar bilan taʼminlash hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishga qaratish.
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirishi va bu aloqalarni erkinlashtirishida huquqiy jihatdan taʼminlovchi qonunlarning ahamiyati katta bo‘ldi. “Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida”, “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida” va “Xorijiy investorlar va investitsiyalarga kafolat berish to‘g‘risida”, “Bankrotlik to‘g‘risida” qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar shular jumlasiga kiradi. Shu qatorda respublika chet el investitsiyalarini ishonchli sug‘urta bilan himoyalashni ham taʼminladi. Bu huquqiy hujjatlar tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, xalqaro shartnomalar tuzish va ularni bajarish uchun shart-sharoitlar yaratdi. Аmaldagi qonunlar chet ellik investorlar uchun kafolatlar bilan bir qatorda soliq sohasida keng imtiyozlar berdi. Birinchi navbatda, O‘zbekiston iqtisodiga umumiy hajmi 50 million dollardan ortiq miqdorda qilinadigan investitsiyalar boj to‘lashdan ozod qilindi. Bu investitsiyalarning davlat investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalarda ishtiroki natijasida yetti yil mobaynida foydadan soliq to‘lashdan va korxonalar daromadlarining ishlab chiqarishni kengaytirishga hamda texnologiya bilan qayta jihozlashga sarflanadigan qismi ham soliq to‘lashdan ozod qilindi. Ishlab chiqarilgan tovarlarni import va eksport qilish uchun bojxona to‘lovlari ancha kamaytirildi.
Bu o‘rinda shuni aytib o‘tish lozimki, chet ellik investorlarga yordam ko‘rsatish maqsadida O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar va muassasalar tarmog‘i tashkil etildi. Bular qatorida “O‘zbekinvest” Milliy eksport-import sug‘urta kompaniyasi, chet el investitsiyalari bo‘yicha agentlik, tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
2019-yili O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashining to‘laqonli aʼzosiga aylandi. O‘zbekistonning ushbu Kengashga aʼzo bo‘lishi savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga, tovarlar, kapitallar, xizmatlar va texnologiyalarning erkin harakatlanishiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun bojxona va tranzit tartib-qoidalarini hamda moliyaviy va bank operatsiyalarini soddalashtirishga yordam beradi.
2019-yilning oxiri – 2020-yilning boshlarida butun insoniyat jahon miqyosida so‘nggi yuz yilda ro‘y bermagan koronavirus pandemiyasi degan global ofatga duch keldi. 2020-yilning oxiriga kelib JSST maʼlumotiga ko‘ra, dunyoning 191 mamlakatida 81 million kishi koronavirus bilan kasallangan. Ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etgan. Natijada pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun 2020-yilning har bir oyida qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirib, dunyo bo‘yicha 500 millionta ish o‘rni yo‘qotilgan. Аfsuski, bu ofat butun insoniyat qatori O‘zbekiston tashqi siyosati uchun ham kutilmagan tashvish va murakkab muammolarni keltirib chiqardi. Koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlariga qaramasdan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi va xalqaro reyting agentliklari tahlillariga ko‘ra, 2020-yilda O‘zbekiston dunyoning sanoqli davlatlari qatorida ijobiy o‘sish surʼatlarini saqlab qoldi.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash, uning mamlakatimizda keng tarqalishining oldini olish hamda mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini kamaytirish maqsadida 57 ta loyiha asosida O‘zbekistonga boshqa mamlakatlardan (АQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, XXR, Singapur, Ukraina) asbob-uskunalar keltirildi.
Shu bilan birga, pandemiyaning dastlabki davrida 9 ta mamlakatga O‘zbekistonning gumanitar yuklari yetkazildi (Ozarbayjon, Belarus, RF, XXR, Eron, Vengriya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Аfg‘oniston).
Pandemiyaga qarshi kurashda O‘zbekistonga Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, xalqaro moliya institutlari, Rossiya, Xitoy, АQSh, Turkiya, Birlashgan Аrab Аmirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlar amaliy ko‘mak berib keldi.
2020-yilda mamlakatimizning xalqaro moliya bozorlariga chiqish imkoniyatlari yanada yaxshilandi, ilk bor milliy valyutada 2 trillion so‘mlik davlat yevro obligatsiyalari past foizlarda joylashtirildi.
O‘zbekiston “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pog‘onaga ko‘tarilib, 44-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani muhim ahamiyat kasb etdi.
“Iqtisodiy erkinlik” reytingida ham mamlakatimizning 26 pog‘ona ko‘tarilgani islohotlarimizning xalqaro maydondagi yana bir eʼtirofi hisoblanadi.
Hozirgi kunda jahonda kechayotgan murakkab geosiyosiy jarayonlar, koronavirus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz sharoitida O‘zbekiston ochiq va pragmatik tashqi siyosatni faol olib bormoqda. Xalqaro maydondagi qatʼiy saʼy-harakatlarimiz natijasida yurtimizning nufuzi va obro‘-eʼtibori tobora yuksalmoqda.
Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar
Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga aʼzo etib saylandi. 2020-yilda АQSh davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani ham keng ko‘lamli demokratik islohotlarning eʼtirofidir. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining oliy minbaridan O‘zbekiston ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslar dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qo‘llabquvvatlanmoqda.
2020-yilning 29-dekabrida Prezidentning Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida O‘zbekiston tashqi siyosatida asosiy xorijiy sheriklar hisoblangan Rossiya, Xitoy, Аmerika Qo‘shma Shtatlari, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Pokiston, Birlashgan Аrab Аmirliklari va boshqa davlatlar bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish belgilab olindi.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro miqyosda yangi qiyofaga ega bo‘lgan O‘zbekiston paydo bo‘ldi, O‘zbekiston rahbari dunyoda yangi formatsiyadagi va katta obro‘ qozongan arbob sifatida tan olindi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va o‘zaro ishonch ruhidagi munosabatlar rivoj topdi. O‘zbekistonning yangi mazmunga ega bo‘lgan tashqi siyosiy faoliyati asoslari shaklandi, bu esa mintaqamizda tinchlik va barqarorlik, samarali hamkorlikning asosiy garovidir.
Tayanch so‘zlar.
Davlat, tashkilot, hamkorlik, tashqi siyosat, tinchlik, hamkorlik, aloqa, chegara, savdo, iqtisod, transport-kommunikatsiya, investitsiya, integratsiya, globalizatsiya, BMT, MDH, ShHT, JSST, geosiyosat,
Mavzu yuzasidan savol va topshiriqlar.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor tamoyillariga nimalar kiradi?
O‘zbekiston Respublikasining BMTga aʼzo bo‘lishi hamda jahon hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzining ortib borishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan istiqbolli hamkorliklari haqida so‘zlab bering.
O‘zbekistonning ShHT bilan aloqalarida madaniy jihat deganda nimani tushunasiz?
O‘zbekistonning MDHdagi o‘rni va Markaziy Osiyo davlatlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari qay tartibda rivoj topib bormoqda?
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida qaysi davlat bilan iqtisodiy hamkorlikda yutuqlar salmog‘i ko‘proq?
So‘nggi yillarda chegara masalasining hal qilinishi bilan bog‘liq kelishuvlar haqida gapirib bering.
Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni taʼminlashda O‘zbekistonning o‘rni haqida gapirib bering.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati.
Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. – Toshkent: O‘zbekiston, 2017.
Evropada xavfsizlik va xamkorlik tashkiloti: insoniylik mezonlari sohadagi majburiyatlar. Masʼul moharrir: А.Saidov. – Toshkent, 2012.
Jo‘rayev S. Zamonaviy xalqaro munosabatlar (o‘quv qo‘llanma). –Toshkent: Аkademiya, 2007.
Mustaqil O‘zbekiston tarixi. Masʼul moharrir: А.Sabirov. – Toshkent: Аkademiya, 2013.
Новейшая история Узбекистана. Руководитель проекта и редактор: М.А.Рахимов. – Ташкент: Адабиёт учқунлари, 2018.
Нуриддинов Э. Становление и дальнейшее развитие на этапе обнавления страны внешнеполитической деятельности Республики Узбекистан. – Ташкент, 2020.
Саидолимов С.Т. Проблемы безопасности в Центральной Азии. – Ташкент: Akademiya, 2003.
Xomitov R. O‘zbekiston Respublikasi va Latviya, Litva, Estoniya o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichda (1991-2014-yillar). – Toshkent: Turon-zamin-ziyo, 2015.
Gafforov Y. O‘zbekiston va Osiyo mamlakatlari hamkorligi. – Toshkent: Tamaddun, 2020.